Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligi oshirilishi davlat organlarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarni kamaytirishga yo‘l ochib berdi. Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud- huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining tarkibida qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyalar tashkil etildi. Davlat organlari va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens- nazorat)ni joriy etish yo‘lga qo‘yildi.
Korrupsiyaga oid islohotlarni amalga oshirishda sud-huquq tizimi ham e’tibordan chetda qolmadi. Avvalo, 2017 yildan boshlab sudyalarni dastlabki besh yillik, keyingi o‘n yillik muddatga tayinlash tartibi va keyinchalik muddatsiz (umrbod) lavozimda bo‘lish muddati belgilandi. Sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyatini samaradorligini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi va Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi va budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Sud huquq tizimida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan yana bir muhim voqea O‘zbekiston oliy sudi yangi interaktiv veb-saytini ishga tushirilganligi bo‘ldi. Veb-saytga E-SUD elektron sud tizimi va E-XSUD hujjat almashish tizimi ulangan bo‘lib, bu fuqarolarga hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkonini beradi. Jinoiy ishlar bo‘yicha tergov va sud jarayonlarini osonlashtirish maqsadida 2018 yil sentabr oyidan boshlab "onlayn translyatsiya" interaktiv xizmatining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Harakatlar strategiyasi bilan bog‘liq islohotlar doirasida Prokuratura tizimida ham bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi bir qancha prezident farmonlari va qarorlar qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashda prokuratura organlari faoliyatini ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida, 2018 yil iyun oyida Bosh prokuratura rasmiy veb-sayti (prokuratura.uz) ishga tushirildi. Saytda fuqarolarni Bosh prokuraturaga qabul qilish jadvali, O‘zbekiston murojaatlari to‘g‘risidagi Qonun hujjatlari, Bosh prokuratura murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi xodimlari ro‘yxati, shuningdek, viloyat prokurorlari va unga tenglashtirilgan prokurorlarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha katta yordamchilari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining sud hujjatlarini ijro etishda mulkni elektron onlayn savdolar orqali sotish jarayonini maksimal avtomatlashtirish, inson omilini va auksionlarni o‘tkazishda tashqi aralashuvni bartaraf etish maqsadida "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasi joriy qilindi.
Yana bir e’tirofga loyiq jihat shundaki, harakatlar strategiyasi davrida eng katta qadamlardan biri Davlat organlari, jamoat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi aloqa tizimiga aloxida e’tibor qaratilgani bo‘ldi. Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarida yuqori axloqiy me’yorlarni shakllantirish maqsadida kadrlar tayyorlash va ularni malakasini oshirish yuzasidan ham bir qator qonuniy hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil qilindi. U davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi[18].
Agentlikka milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrini yuritish, vakant lavozimlarning yagona ochiq portalini tashkil etish va yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning o‘lchanadigan indikatorlari tizimini joriy etish kabi vazifalar yuklatildi. Bundan tashqari, ushbu agentlik huzurida Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi.
Bundan tashqari, Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish maqsadida, Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklarning oldini olish Bosh boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tarkibida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi tuzildi.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramay, bugungi kunda O‘zbekistonda davlat yoki davlat xizmati sohasida amalda bo‘lgan yagona qonun yo‘q.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni oldini olish mexanizmini yanada takomillashtirish uchun 2017-2018 yillarda Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturining 2- bandi 2017 yil oktabrigacha «Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishni ko‘zda tutgan edi. Qonun konsepsiyasi 2017 yil dekabrida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi, tegishli qonun loyihasi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi, 2018 yilda qonun konsepsiyasi va loyihasi Adliya vazirligi tomonidan takomilga yetkazilib, Prezident administratsiyasiga kiritilishi, Prezident administratsiyasida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan edi. Mazkur loyiha davlat xizmatlari organlari faoliyatining barcha sohalariga taalluqli bo‘lib, u hamon muhokamalar jarayonida.
Shuningdek, Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik Konvensiyasiga (Strasburg, 1999 yil 27 yanvar), Korrupsiya uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik Konvensiyasiga (Strasburg, 1999 yil 4 noyabr) va Xalqaro tijorat bitimlarini amalga oshirishda xorijiy mansabdor shaxslarni pora berib sotib olishga qarshi kurashish Konvensiyasiga (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyoti tashkiloti, 1997 yil 17 dekabr) qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida belgilangan xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslariga pora berish, yuridik shaxslarning javobgarligi va boshqa korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish choralarini ta’minlash bo‘yicha tegishli normalarga milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqish kiritilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, 2010 yildan buyon O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasida ishtirok etmoqda. 2019 yil 21 mart Parijda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi monitoringining to‘rtinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, uning natijalariga ko‘ra xalqaro ekspertlar O‘zbekiston ushbu tashkilotning avvalgi barcha tavsiyalari bo‘yicha yutuqlarga erishganligini ta’kidlashdi. Mazkur monitoring yakunlari bo‘yicha berilgan 47 ta tavsiyalarni bajarish yuzasidan 31.07.2019 yilda «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi[19].
Xususan, mazkur tavsiyalar asosida O‘zbekiston Respublikasi 2019 yilda Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi MDHning Kishinev konvensiyasiga (Kishinyov sh., 2002 yil 7 oktabr) qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi asosida respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashishda bir qator qonun hujjatlari yaratilib, ommaviy axborot vositalari orqali, turli uchrashuvlar, davra suxbatlari, tadbirlarda aloxida tushuntirilayotgan bo‘lsada, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchiligimizda mavjud kamchiliklar bartaraf etilmasligi oqibatida afsuski hali korrupsiyaning keskin kamayishiga erishganimiz yo‘q.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasida “Yuridik shaxslar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi” deb ko‘rsatilgan bo‘lsada[23], O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining VI bobi, 17-moddasida “Jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar javobgarlikka tortiladilar” deb ko‘rsatib o‘tilgan yoki Jinoyat kodeksida Yuridik shaxslar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida aniq ko‘rsatmalar belgilanmagan[20].
Shuningdek, huquqiy atamalar borasida Konvensiya mansabdor shaxs (public official) atamasini ishlatadi. Konvensiyaning o‘zbek tiliga tarjima qilingan hamda Bosh Prokuratura veb-saytida e’lon qilingan variantida mazkur atama ommaviy mansabdor shaxs sifatida tarjima qilingan. Ammo O‘zbekiston qonunchiligida ommaviy mansabdor shaxs tushunchasi mavjud emas. Qonunchilikda mansabdor shaxs tushunchasiga ta’rif berilmagan bo‘lib, Rustamboyevning «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga sharhlar» (Maxsus qism) kitobida mansabdor shaxs, uning tarkibiga kiruvchi mas’ul mansabdor shaxs, hokimiyati vakillari va boshqa toifalariga ta’rif berilgan[21, 553-bet]. Jinoyat kodeksi moddalarini talqin qilishda mazkur sharhdagi tavsiflarga amal qilinib kelinsada, O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra u rasmiy sharh hisoblanmaydi va normativ xarakterga ega emas. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining (JK) pora berish va pora olish moddalarida mansabdor shaxs atamasi ishlatilgan bo‘lib, mansabdor shaxs atamasiga sharhda berilgan tavsif va Konvensiya talab qilgan atama tavsifi o‘rtasida tushunmovchiliklar barataraf etilmagan.
E’tiborga loyiq yana bir jihat shundaki, xalqaro standartlarga muvofiq poraxo‘rlik jinoyati tarkibining muhim elementlariga aniq ta’rif berib o‘tilgan bo‘lsada, milliy qonunchiligimizda ushbu elementlar kengroq talqin etilmaganligi korrupsiyaga oid jinoyatlarga xolis baho berishda bir muncha qiyinchiliklar tug‘diradi.
Ana shunday korrupsiya jinoyati tarkibining asosiy elementlaridan biri nomoddiy bo‘lmagan foydani (moddiy ob’ekt bo‘lmagan va aniq o‘lchovga ega bo‘lmagan qimmatlikni) yoki pul bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki ulardan iborat bo‘lmagan foydani ham o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston jinoyat qonunchiligiga esa hali ham poraning predmeti sifatida nomoddiy qimmatliklar kiritilmagan.
Poraxo‘rlik jinoyatlari tarkibining navbatdagi zaruriy elementi bu jinoyatlarning uchinchi shaxslar manfaatlari yo‘lida sodir etilishidir. Bunda jinoyatni kriminalizatsiya qilishda faqat mansabdor shaxs uchun emas, balki boshqa har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs uchun ham moddiy yoki moddiy bo‘lmagan qimmatliklarni olishini anglatadi. Xalqaro standartlarga ko‘ra, uchinchi tomon har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksi, poraxo‘rlikni uchinchi shaxslar manfaatlari foydasiga kriminalizatsiya qilmaydi, faqat mansabdor shaxsning o‘zi porani olishi yoki bunday shaxsga pora berishini jinoyat deb tan oladi.
Shuningdek, Oliy sud plenumining "poraxo‘rlik holatlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi qarorida ham poraxo‘rlikni uchinchi shaxslar foydasiga jinoiy javobgarlikka tortish masalasiga tegishli emasligi ta’kidlangan[22].
Do'stlaringiz bilan baham: |