12-modda. Xususiy sektor
1. Har bir ishtirokchi Davlat, o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish, buxgalteriya hisoboti va auditi standartlarini kuchaytirish va, tegishli hollarda, bunday choralarga rioya qilinmasligi uchun samarali, mutanosib va tiyib turuvchi ta’sir ko‘rsatadigan fuqarolik-huquqiy, ma’muriy yoki jinoiy jazolarni belgilash choralarini ko‘radi.
2. Bunday maqsadlarga erishishga qaratilgan choralar, boshqalar qatori, quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
a) huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tegishli xususiy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikka ko‘maklashish;
b) tegishli xususiy tashkilotlar faoliyatida halollikni ta’minlash uchun mo‘ljallangan standart va taomillarni, shu jumladan tadbirkorlar va barcha tegishli kasb-hunarlar sohiblari o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri, vijdonan va tegishli darajada amalga oshirishlari uchun va manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini olish hamda tijorat korxonalar o‘rtasidagi munosabatlarda va bunday korxonalar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda halol tijorat amaliyoti qo‘llanilishini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan standart va taomillarni ishlab chiqishda ko‘maklashish;
c) xususiy tashkilotlar faoliyatida oshkoralikni ta’minlashga ko‘maklashish, shu jumladan, tegishli hollarda, korporativ tashkilotlarni yaratish va ularni boshqarishga daxldor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarni solishtirish choralarini ko‘rish;
d) xususiy tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi, shu jumladan, ommaviy organlar tomonidan tijorat faoliyatini yuritish uchun taqdim etiladigan subsidiya va litsenziyalarga oid taomillar suiiste’mol qilinishining oldini olish;
e) sobiq ommaviy mansabdor shaxslarning professional faoliyatiga nisbatan yoki bunday ommaviy mansabdor shaxslar xususiy sektordan iste’foga yoki pensiyaga chiqqanlaridan keyin ularning ishiga nisbatan (qachonki bu kabi faoliyat yoki ish shunday ommaviy mansabdor shaxslar o‘z lavozimlarini egallab turganda yoki bunday ishlar ustidan nazorat olib borganlarida ularning funksiyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lganda), tegishli vaziyatlarda va oqilona muddatga cheklovlar belgilash yo‘li bilan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini olish;
f) korrupsion harakatlarning oldini olish va aniqlashda yordam berish hamda bunday xususiy tashkilotlarning hisob raqamlari va kerakli moliyaviy hujjatlarini tegishli audit va sertifikatlashtirish taomillaridan o‘tkazish mumkin bo‘lishi uchun xususiy tashkilotlar, ularning tuzilishi va katta-kichikligini hisobga olgan holda, ichki audit nazoratini yuritish uchun yetarli mexanizmlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash.
3. Korrupsiyaning oldini olish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, o‘z ichki qonunchiligi va buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobotlar hamda buxgalteriya hisoblari va standartlarini taqdim etishni tartibga soluvchi qoidalarga muvofiq, quyida ko‘rsatilgan va mazkur Konvensiya bilan e’tirof etilgan har qanday jinoyatni sodir etish uchun qo‘llaniladigan harakatlarni taqiqlash uchun talab etilishi mumkin bo‘lgan choralarni ko‘radi:
a) norasmiy hisobdorlikni tashkil etish;
b) hisobga olinmagan yoki noto‘g‘ri ro‘yxatga olingan amaliyotlarni o‘tkazish;
c) mavjud bo‘lmagan xarajatlar hisobini yuritish;
d) obyekti noto‘g‘ri identifikatsiya qilingan majburiyatlarni aks ettirish;
e) soxta hujjatlardan foydalanish; va
f) buxgalteriya hujjatlarini qonunchilikda belgilangan muddatlardan avval ataylab yo‘q qilish;
4. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur Konvensiyaning 15 va 16 moddalariga muvofiq jinoyat tarkibining elementlaridan biri bo‘lib, porani ifodalaydigan xarajatlar va, tegishli hollarda, korrupsion harakatlarga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilgan boshqa xarajatlar soliq solinishidan ozod etilishini rad etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |