Aqliy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalarni o’qitish. Ruhiy rivojlanishi ortda qolgan bolalar predmetlarni o’zlashtira olmaydigan o’quvchilarning taxminan 50 foizini tashkil etadi. Ruhiy rivojlanishda ortda qolish bolalar rivojlanishining anomal ko’rsatgichi sifatida XIX asrning 50-yillardan o’rganila boshlandi.
Ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar o’ziga xos xususiyatlarga ega. Ular maktabda ta’lim olishga to’la tayyor bo’lmaydilar, mustaqil ravishda hisoblashni, o’qishni, yozishni va maktab tartib-qoidalariga amal qilishni o’rgana olmaydilar. Bunday bolalarda ruhiy toliqish kuzatilib, tez charchash, ish bajarish qobiliyatining pasayishi, boshlagan ishini oxiriga yetkazmaslik holatlari kuzatiladi. Ko’pincha boshlari og’riydi.
Ruhiy rivojlanishi ortda qolgan bolalarning xulqi ham o’ziga xos. O’zlarini maktabgacha yoshdagi bolalar kabi tutishadi. Ularda o’qishga nisbatan qiziqish yo’q yoki juda past. O’yin ular uchun asosiy faoliyat turi sanaladi.
Ba’zan ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar “aqli zaif” sifatida qabul qilinadilar. Bu to’g’ri emas. CHunki ular oddiy bilimlarni o’zlashtirish, hisoblash ko’nikmalarini egallashda qiyinchiliklarga duch kelish bilan birga she’r, ertaklarni eslab qoladilar. Bunday xususiyat aqli zaif bolalarda kuzatilmaydi.
Ko’pchilik hollarda ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo’lgan bolalar ommaviy umumiy o’rta ta’lim maktablarida o’qitiladilar. Ular bilan individual korrektsion ishlar olib borilmaydi. Natijada ular predmetlarni o’zlashtira olmaydilar.
O’zbekistonda XX asrning 60-yillarida ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo’lgan bolalar bilan maxsus pedagogik ishlar amalga oshirila boshlandi. Hozirgi kunda bunday bolalar uchun maktab internatlar va maxsus ta’lim muassasalari faoliyat ko’rsatmoqda. SHu bilan birga ularni ommaviy umumiy o’rta ta’lim maktablarda tashkil etilgan korrektsion-rivojlantiruvchi sinflardao’qitish yo’lga qo’yilgan.
Bolalarni maxsus ta’lim muassasalariga qabul qilish psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning xulosasi bo’yicha ota-onalari yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslarning roziligiga ko’ra amalga oshiriladi. Sinflar 12 nafar o’quvchidan iborat bo’ladi.
Ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalarni o’qitish, tarbiyalash, ijtimoiy moslashtirish va o’rganish muammolari korrektsion (maxsus) pedagogikaning muhim sohasi – oligofrenopedagogika (yunoncha “olygos” – kam, “phren” – aql) tomonidan o’rganiladi.
Ruhiy rivojlanishda nuqsonning kelib chiqishi bosh miya faoliyatini ishdan chiqaradigan ekzogen (tashqi) va endogen (ichki) omillar bilan bog’liq.
Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti (BSST) tomonidan aqli zaiflikning to’rt darajasi ko’rsatilgan. Ya’ni: sezilmas (kam), o’rtacha, og’ir va chuqur darajalar.
Aqli zaif bolalar oila yoki sog’liqni saqlash tizimiga qarashli maxsus yaslilarda tarbiyalanadilar. Ularda o’qitish maxsus bolalar bog’chasidagi kabi maxsus dastur bo’yicha olib boriladi. Maktab yoshidagi aqli zaif bolalar maxsus maktablarda o’qitiladilar, bu yerda o’qitish DTSga muvofiq maxsus dastur bo’yicha tashkil etiladi. Bunday maktablarda umumiy o’rta ta’lim fanlari (ona tili, o’qish, matematika, geografiya, tarix, tabiat, fizkulьtura, rasm, musiqa, chizmachilik) bilan birga maxsus korrektsion fanlarni ham o’qitiladi. Maxsus maktablarda mehnat ta’limi muhim o’rin egallab, IV sinfdayoq kasbiy xususiyatni namoyon qiladi. Tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga ham katta e’tibor qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |