Bog'liq Transmilliy korporatsiyalar va ularning xalqaro moliya taraqqiyotidagi o\'rni
Korporatsiyalarning yuzaga kelishi va ular faoliyatining mohiyati.
Transmilliy korporatsiyalarning huquqiy tuzilmasi sho‘ba kompaniyalar va filiallarni tashkil etish orqali turli mamlakatlarda amalga oshiriladigan ish faolligini talab qiladi. Ushbu kompaniyalar nisbatan mustaqil ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni sotish, ilmiy-tadqiqot ishlanmalari va boshqa xizmatlarga egadirlar. Umuman olganda, ular yagona yirik ishlab chiqarish majmuini tashkil etgan holda aksionerlik kapitaliga faqat ta'sischi davlat vakillari egalik qilishadi. Ayni vaqtda filial va sho'ba kompaniyalar tashkil etilgan mamlakat kapitali ustunligida aralash korxonalar bo'lishi ham mumkin.
Ko‘p millatli korporatsiyalar —ishlab chiqarish va ilmiy-texnik asosda bir qator davlatlarning milliy kompaniyalari birlashishidan yuzaga kelgan xalqaro korporatsiyalardir. Mazkur korporatsiyaga misol sifatida 1907-yildan o‘z faoliyatini boshlagan Angliya-Gollandiya konserni hisoblangan «Royal Datch Shell»ni keltirish mumkin. Mazkur kompaniyaning kapitali 60:40 nisbatda taqsimlangan. Ko‘p millatli korporatsiyaga misol bo'lib, Yevropada birmuncha taniqli bo‘lgan mashinasozlik, elektrotexnika injeneriyasi sohasiga ixtisoslashgan Shveysariya-Shvetsiya kompaniyasi ABB (Asea Brown Bovery) ni keltirish mumkin.
Xalqaro huquqiy normalar nuqtayi nazaridan ko‘p millatli korporatsiyalarning o‘ziga xos belgilari quyidagilardan iborat:
ko‘p millatli aksiyadorlik kapitalining mavjudligi;
ko‘p millatli boshqaruv markazining mavjudligi;
xorijiy filiallar ma’muriyatini mahalliy sharoitlarni biladigan kadrlar bilan to‘ldirish.
Oxirgisi, ko'pgina transmilliy korporatsiyalarga xos bo‘lgan xususiyat hisoblanadi.
Xalqaro korporatsiyalar yuzaga kelishidan buyon bir qancha bosqichlarni boshdan kechirishgan. Zamonaviy xalqaro korporatsiyalarning birinchi avlodi, umumiy tarzda xom-ashyo transmilliy korporatsiyalari sifatida namoyon bo‘lgan. Birinchi jahon urushi va urushdan keyingi davrda TMKlar qurol-yarog‘ ishlab chiqarishga ixtisoslashgan holda o‘z faoliyatlarini rivojlantirishdi.
Ushbu bosqichda TMKlarning rivojlanishi jahon iqtisodiyotiga va jahon xo‘jalik aloqalariga unchalik ahamiyatli ta'sir ko‘rsatmadi. XX asrning 40-yillari boshlarida xalqaro monopoliyalarning umumiy soni 300 tadan oshmasdi.
Xalqaro korporatsiyalar yuzaga kelgan davrdan boshlab asta-sekinlik bilan o‘z faoliyatlarining istiqboldagi strategiyasini ishlab chiqishdi. Ularning asosiy belgilariga quyidagilarni kiritish mumkin:
o‘zining ishlab chiqarishini xorijiy xomashyo bilan ta’minlash;
filiallari tarmog‘i orqali xorijiy bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash;
asosiy mamlakatdagiga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlari past mamlakatlarda ishlab chiqarishni joylashtirish;
tabaqalashtirilgan ishlab chiqarish-savdo-moliya faoliyatiga yo‘naltirilganlik.
50-yillarning boshlarida xalqaro korporatsiyalar jahon bozorlarini egallash bo‘yicha faol harakatlarini boshladilar. Bunga xalqaro iqtisodiy aloqalarning erkinlashtirilishi, jahon maydonida ko'plab mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi, jahon iste'mol talabining o‘sishi va boshqa shu kabi omillar imkon yaratdi. Xalqaro korporatsiyalarning miqdori bo‘yicha ham, faoliyatining hajmi va ko‘lami bo'yicha ham jadal rivojlanishi ularning jahon iqtisodiyotida muhim o‘rin egallashiga sabab bo‘ldi.
Milliy kompaniyalarning xalqaro kompaniyaga aylanishi bir qator bosqichlarda sodir bo‘ladi.
Birinchi bosqichda xorijiy xo‘jalik faoliyati amalda butun kompaniya holatiga kam ta’sir ko‘rsatadi. U faqat xorijiy iqtisodiy faoliyatni eksport shaklida rivojlantirishdan boshlanadi. Ushbu bosqichda kompaniya yuridik jihatdan bitta davlatga tegishli bo'ladi.
Ikkinchi bosqichda xorijiy xo‘jalik faoliyati nisbiy mustaqiliikka ega bo‘ldi. Kompaniyaning xorijdagi faoliyati kompaniya faoliyatining boshqa barcha tomonlari bilan o‘zaro bogliqlikning murakkab tizimiga kiradi. Xalqaro faoliyat markazi eksportdan xorijiy ishlab chiqarishga o‘tadi. Xorijiy faoliyatni ichki bozordagi faoliyatdan ajralishi sodir bo‘ladi. Bu esa, kompaniyaning tashkiliy tuzilmasiga ta’sirni yuzaga keltiradi. Kompaniya xalqaro xususiyatga ega bo’ladi. Uchinchi bosqichda kompaniya xorijiy faoliyatning roli oshadi. Ichki bozor ustuvorligi yo‘qolgan holda bir qator tashqi bozorlarda faoliyat shakllanadi. Aynan mazkur bosqichda kompaniya yuqorida qayd etilgan belgilar bilan haqiqatda xalqaro kompaniya bo’ladi.
Qayd etilgan uchta bosqich barcha mamlakatlarda biznesni baynalminallashuv jarayonlari uchun taalluqli hisoblanadi.
Mamlakatlar iqtisodiyotiga kapital kiritishiga muvofiq xalqaro korporatsiyalar bir nechta shaklda namoyon bo’ladi:
xorijiy korxona shaklida, bunda ushbu norezident korxona jami kapitalning 50 foizidan kam bo’lgan qismiga egalik qiladi;
xorijiy bo’linmalar shaklida, bunda korxona to’liq TTXI hisobidan tashkil etilishi mumkin.
Xalqaro korporatsiyalarning tashkiliy qobig’i, ularning milliy negizi va ko‘p miqdordagi sho‘ba va boshqa tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanishining zamonaviy xalqaro mehnat taqsimoti uchun muvofiq shakl sifatida namoyon bo‘ldi.
Yetakchi xalqaro korporatsiyalar jahon miqyosida kapital va mehnat kuchlarini umumlashtirib, ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirgan va raqobatbardoshlikni oshirgan holda xalqaro ishlab chiqarishni tashkil etadi. Natijada ular o‘zlarining global korporatsiyalar shaklidagi yangi darajasiga aylanishadi.
Global korporatsiyalar o‘zida yirik moliya-sanoat, ilmiy-texnikaviy va savdo birlashmalarni ifodalaydi. Global korporatsiyalar zamonaviy jahon moliya kapitalining butun qudratini jamlaydi. Xalqaro ishlab chiqarishning yirik salmog‘i, shu jumladan, asosiy ilmiy sig'imli qismi, global korporatsiyalar tomonidan nazorat qilinadi. Globallashuvda nisbatan yuqori darajada kimyo, elektrotexnika, neft sanoati, avtomobilsozlik va bank tarmoqlari faol ishtirok etmoqda.
Mazkur bosqichning xarakterli xususiyati bo‘lib nafaqat xo‘jalik yuritishning baynalminallashuvi balki, mulkchilikning baynalminallashuvi ham hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida uchinchi jihatning, ya’ni boshqarishning baynalminallashuvi ham yuzaga keladi.
Xalqaro korporatsiyalar faoliyati orqali iqtisodiyotda quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
ishlab chiqarishning yirik hajmi va ko‘lami hisobiga mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan xarajatlarni kamaytirish;
ishlab chiqarishning samarali tashkil etilishi hisobiga mehnat taqsimoti va ixtisoslashuvni yanada chuqurlashtirish;
tashqi muhit o‘zgarishlariga tezda moslashish;
xorijiy bo‘linmalar orqali ular joylashgan mamlakatlardagi bozorlar holatining va mahsulotlarga bo‘lgan talab darajasining o‘zgarishiga tegishli ma’lumotlarni to'plash hamda tahlil etib borish;
Agar kompaniya jahon bozorlarida faoliyat yuritishning quyidagi talablarini kompleks tarzda hisobga olsa, xalqaro korporatsiyalarning strategiyasi global bo‘lib hisoblanadi:
raqobat va bozorlarning umumjahon holatini doimiy muhokama qilish;
o‘zining raqobatchilarini va global raqobat kurashida faoliyat yuritish usullarini yaxshi bilishi;
o‘z faoliyatini umumjahon yoki yirik mintaqaviy ko‘lamda amalga oshirishi;
o‘z foydasining ma’lum qismini ilmiy tadqiqot ishlariga yo'naltirishi va yuqori texnologiyali tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatishi;
— tez moslashuvchan axborot, ishlab chiqarish, moliyaviy texnologiyalar yordamida o‘z faoliyatini muvofiqlashtirishi;
o‘zining korxona va ishlab chiqarish filiallarini yagona xalqaro boshqaruv tarmog‘iga birlashtirish va boshqa transmilliy korporatsiyalar bilan o‘zaro yaqin aloqalar o'rnatishi.
Hozirgi davrda xalqaro korporatsiyalar faoliyati rivojlanishiga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlar quyidagilardan iborat:
— jahon bozoridagi talabning o‘zgarishiga tezda moslashishi;
umumjahon global strategiyasi doirasida faoliyat ko‘rsatib jahon bozorining barcha tarkibiy qismlariga ta’sir o‘tkazish imkoniga egaligi;
ishlab chiqarishning global omillaridan keng tarzda foydalanishi;
— xalqaro korporatsiyalar deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida xalqaro ishlab chiqarishning global tizimini yarata olishganligi.
Zamonaviy transmilliy korporatsiyalarning faoliyat yuritish mexanizmida bank va moliya institutlari juda muhim rol o‘ynaydi. Jahon iqtisodiyotining globallashuvi va baynalminallashuvi jarayonlari, moliya sohasidagi kuchli raqobatlashuv kurashi transmilliy banklarning shakllanishiga va faoliyatining kengayishiga imkon yaratdi.
Transmilliy banklarning xususiyati, birinchidan, o‘zlarining milliy bozorlarida yetakchi rol o‘ynovchi yirik banklarning faoliyati bilan belgilanadi. lkkinchidan, ularning faoliyatida xalqaro operatsiyalarning ulushi yuqori bo‘ladi. Shuningdek, ular tomonidan xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish xorijdagi bo‘limlarining bir-biri bilan o‘zaro aloqador tarmog‘i orqali sodir bo‘ladi. Uchinchidan, transmilliy banklar turli xildagi xizmatlarni ko‘rsatish qobiliyatiga va yirik moliyaviy kapitalga ega bo‘lgan moliyaviy institut hisoblanadi.