Keltirilgan uch sinonimik qatordan ko’rinib turibdiki, faqat bitirmoq fe’li emas, shuningdek, tugatmoq, tamomlamoq fe’llari ham ikki ma’nosi bilan ikki sinonimik qatorda kelyapti.
Sinonimlar ma’nosining bir xilligi ularning o’zaro farqli xususiyatlarga ega bo’lishini inkor etmaydi. Aksincha, tilda bir ma’noni ifodalash uchun bir necha so’zning mavjudligi sinonimlarning bir-biriga har jihatdan to’la mos kelmasligini, ulardan har biri o’ziga xos belgi-xususiyatlarga egaligini ko’rsatadi. Sinonimik qatorni tashkil etuvchi so’zlar qaysidir jihatlari bilan bir-birlaridan farqlangani uchun tilda alohida leksik birlik sifatida yashash imkoniyatiga ega bo’ladi.
Sinonimik qatordagi so’zlar asosan quyidagi hodisalar nuqtai nazaridan o’zaro farqlanadilar:
Emotsional-ekspressiv bo’yoq nuqtai nazaridan. Sinonimik qatordagi so’z emotsional-ekspressiv bo’yoqsiz (neytral) yoki emotsional-ekspressiv bo’yoqdor bo’lishi mumkin: xunuk (neytral)—badbashara (emotsional bo’yoqdor).
Emotsional bo’yoqdor so’zlar ijobiy yoki salbiy munosabatni ifodalashiga ko’ra ikki turga bo’linadi: 1) ijobiy emotsional bo’yoqli; 2) salbiy emotsional bo’yoqli so’zlar. Masalan: yuz — bet — aft — bashara — turq — chehra — jamol sinonimik qatorida chehra, jamol so’zlari ijobiy emotsional bo’yoqli; bashara, turq esa salbiy emotsional bo’yoqli so’zlardir.
Sinonimik qatordagi so’zlar uslubga (stilga) farqli munosabatda bo’ladi. Masalan, odam — kishi — inson — bashar sinonimik qatorida bashar so’zi, ko’krak — ko’ks — bag`ir — to’sh — siyna sinonimik qatorida siyna so’zi poetik uslubga xos. Pul — aqcha — mullajiring — yakan sinonimik qatoridagi mullajiring so’zi, yarashmoq — kelishmoq. — ketmoq sinonimik qatoriga oid ketmoq so’zi va o’lmoq— vafot etmoq — qazo qilmoq — qurbon bo’lmoq — halok bo’lmoq. — qulamoq — uzilmoq sinonimik qatoridagi qulamoq so’zi oddiy so’zlashuvga xos: Uylanish vaqti-ya, lekin mullajiring qurg’ur yo’q,— dedi Abdulvohid piyolani bo’shatib. (O.) Shunday ketiptiki, lovillaydi-ya, lovillaydi. (Ya.) Chol qulamay turibdi. Qulagan kuni ularning yoqasini bo’g’aman, merosimni da’vo qilaman! (O.)
Sinonimik qatordagi so’zlar hozirgi adabiy tilga munosabati nuqtai nazaridan o’zaro farqlanishi mumkin, ya’ni sinonimik qatordagi so’z hozirgi adabiy til normasi doirasida yoki undan tashqarida turishi mumkin. Keyingi holatda: 1) sinonimik qatordagi so’z dialektal xususiyatga yoki 2) eskilik belgisiga ega bo’ladi. Masalan: qidirmoq — axtarmoq — izlamoq — istamoq sinonimik qatorida istamoq so’zi dialektal xususiyatga ega. O`qituvchi— pedagog — muallim — domla — afandi sinonimik qatorida afandi eskirgan so’z.
Sinonimik qatordagi so’zlar ma’noni qay darajada ifodalashi jihatidan ham o’zaro farqlanadi. Ba’zi so’zlar belgini normal (neytral) darajada ifodalasa, boshqalari kuchli yoki kuchsiz daraja bilan ifodalaydi. Masalan: qiziq — g’alati — ajoyib — alomat — antiqa sinonimik qatorida qiziq so’zi belgini neytral holatda; ajoyib, alomat, antiqa so’zlari esa belgini kuchli darajada; yaxshi— durust — tuzuk sinonimik satorida esa durust va tuzuk so’zlari belgini kuchsiz daraja bilan ifodalaydi.
Yuqoridagi to’rt punktda keltirilgan faktlarning o’ziyoq sinonimlar bir xil ma’noga ega bo’lishdan tashqari, ularning har biri o’ziga xos farqli xususiyatlarga ham ega ekanligini ko’rsatadi. So’zlovchi o’z fikrini maqsadga muvofiq ifodalash uchun sinonimlarning ana shu xususiyatlaridan foydalanadi va sinonimik qatordagi so’zlardan keraklisini saylab ishlatadi.
Ayrim ishlarda sinonimlar ko’rib o’tilgan xususiyatlari asosida ideografik sinonimlar va stilistik sinonimlar kabi ikki turga ajratiladi. Ayrim ishlarda esa uchinchi tur sifatida nutqiy sinonimlar ham ko’rsatiladi va h. Avvalo, sinonimlarni bunday guruhlashning nazariy asosi yo’q. Bundan tashqari, «ideografik sinonim», «stilistik sinonim» yoki «nutqiy sinonim» terminlarining qo’llanishi ham to’g’ri emas. Chunki, masalan, «stilistik sinonim» birikmasi birdan ortiq so’zning stil jihatdan sinonimligini (stil jihatdan birlik hosil etishini) bildiradi. Vaholanki, birdan ortiq so’zning sinonimligi stilistik bo’yoqdorligi yoki nutqning ma’lum turiga xoslanganligi bilan emas, balki, yuqorida ko’rib o’tganimizdek, birdan ortiq so’zning bir xil ma’noga egaligi bilan belgilanadi.
Birdan ortiq so’zning o’zaro sinonimligi ularning bir xil ma’noga egaligiga asoslanar ekan, tabiiy ravishda, faqat bir turkumga oid so’zlargina o’zaro sinonimik munosabatda bo’la oladi. Masalan: otlar: odam — inson — kishi —kimsa — bashar; sifatlar: uyatsiz — benomus — behayo — hayosiz — surbet — bezbet — beandisha — sharmanda — beibo — ibosiz; olmoshlar: hamma — barcha — bari — butun — bor — jami — butkul — tamom — bor-yo’q; fe’llar: yordamlashmoq — ko’maklashmoq — yordam qilmoq — qarashmoq — boqishmoq; ravishlar: avval — ilgari — oldin — burun — qadim va b.
Sinonimik qator ikki va undan ortiq so’zdan tashkil topishi mumkinligi aytildi. Lekin sinonimik qatorning chegarasini biror ma’noda necha so’z o’zaro sinonim bo’la olish yoki bo’la olmasligini belgilash ko’p hollarda ancha qiyin bo’ladi. Bu hol o’zaro sinonim bo’lgan so’zlar miqdori ko’p bo’lganda ayniqsa aniq seziladi.
Sinonimlar qatorining chegarasini, demak, sinonim so’zlar miqdorini aniqlashda shu qatordagi bosh so’zni aniq belgilash muhimdir. Bunday bosh so’z lingvistikada dominanta termini bilan yuritiladi.
Yuqorida sinonimlarning emotsional-ekspressiv bo’yoq va stil, hozirgi adabiy tilga munosabati va belgi darajasini qaytarzda ifodalashiga ko’ra o’zaro farqlanishini ko’rdik. Sinonimik qatorda dominanta bo’ladigan so’z hozirgi adabiy tilga mansubligi, emotsional-ekspressiv bo’yoq va uslubga nisbatan neytralligi bilan xarakterlanadi. Xullas, dominanta turli qo’shimcha belgi-xususiyatlarga nisbatan neytral holatda bo’ladi. Shuning uchun ham u sinonimik qatordagi boshqa so’zlarga nisbatan keng qo’llanadi, umumiste’moldagi so’z bo’ladi. Masalan: chiroyli — go’zal — husndor — husnli — xushro’y — ko’hlik — ko’rkam — barno — zebo — suluv — latofatli — sohibjamol sinonimik qatorida chiroyli so’zi xuddi shunday xususiyatga ega. Qolgan so’zlarning har biri esa o’ziga xos qandaydir belgi-xususiyatga ega. Ularning qaysi ma’nosi bilan sinonim ekani dominanta bo’lmish chiroyli so’ziga qiyosan aniqlanadi. Shuningdek, juda — g’oyat— g’oyatda — bag’oyat — nihoyatda — benihoyat — ashaddiy — o’taketgan — toza — rosa — xo’p — biram — chunon — beqiyos — mislsiz — obdan — chandon — zap — ko’p — o’ta — uvvalo — bisyor — yomon — kamoli — kiroyi — o’lgu(n)day — o’larcha — o’larday — qattiq so’zlarining o’zaro sinonimligi ular uchun umumiy bo’lgan juda so’ziga qiyosan olinganda aniq seziladi. Shuning uchun ham u so’z sinonimik qator chegarasini belgilashda asos vazifasini o’taydi.
Sinonimlarning fikrni aniq, maqsadga muvofiq ifodalash uchun xizmat qilishi ko’rsatib o’tildi. Xuddi mana shu omil sinonimlarning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Ularning paydo bo’lish yo’llari esa turlicha1.
Ikki asosiy hodisa natijasida sinonimlar paydo bo’lishi mumkin: 1) tilda yangi so’z paydo bo’lishi natijasida; 2) tilda mavjud bo’lgan so’zlarning yangi ma’no kasb etishi natijasida.
Tilda yangi so’zlar ikki asosiy yo’l bilan: 1) so’z o’zlashtirish orqali; 2) tilda bor so’zlar asosida so’z yasash orqali hosil bo’ladi.
Quyidagi sinonimlar o’zga tildan so’z o’zlashtirish natijasida yuzaga kelgan: sevgi (o’zbekcha)—muhabbat (arabcha), kuch (o’zbekcha)—qudrat (arabcha), buyruq (o’zbekcha)—amr (arabcha), ot (o’zbekcha)—ism (arabcha), yozuvchi (o’zbekcha)—adib (arabcha), manglay (o’zbekcha)—peshana (tojikcha), ko`klam (o’zbekcha)—bahor (tojikcha), qo’shin (o’zbekcha)—armiya (ruscha), aldamchi (o’zbekcha)—aferist (ruscha), ilg’or (o’zbekcha)—udarnik (ruscha) va b.
O’zlashma so’zlar o’zbekcha so’zlar bilangina emas, balki o’zaro ham sinonim bo’lishi mumkin. Masalan: quyidagi sinonimik qatorlar arab, fors-tojik va rus tilidan (yoki rus tili orqali) qabul qilingan so’zlardan tuzilgan: hujum — ataka, josus — agent, mavzu — tema, muallif — avtor, sozanda — muzikant, muharrir — redaktor, harorat — temperatura, aktiv — faol, xudbin — egoist, aktyor — artist, shtraf — jarima, ma’no — mazmun, umr — hayot va b.
Tilda bor so’zlar asosida yaratilgan so’zlar boshqa so’zlar bilan sinonimik munosabat hosil etishi, yangi sinonimik qator yuzaga keltirishi mumkin. Masalan: vazifa — topshiriq, xotira — yodgor — esdalik, farq — ayirma, maosh — moyana oylik kabi.
So’z yasalishi bilan sinonim hosil bo’lishi turli ko’rinishlarga ega. Masalan: yasama so’z tub so’z bilan sinonim bo’ladi. his — sezgi, savol — so’roq kabi; bir o’zakdan yoki turli o’zakdan yasalgan so’zlar o’zaro sinonimik munosabatda bo’ladi: chopqir— chopag’on — yugurik — uchqur; o’zaro sinonim bo’lgan so’zlardan bir xil yasovchi vositasida so’z yasalishi natijasida yangi sinonimik qator (sinonimlar) yuzaga keladi: chidamli — bardoshli — toqatli — to’zimli — matonatli (chidam — bardosh — toqat — to’zim — matonat), rohatlanmoq — huzurlanmoq — lazzatlanmoq (rohat — huzur — lazzat), avvalgi — oldingi — ilgarigi — burungi — qadimgi (avval — oldin — ilgari — burun — qadim).
So’zning yangi ma’no kasb etishi — ma’no taraqqiyoti ham sinonimlar paydo bo’lishiga olib keluvchi asosiy faktorlardandir. Masalan: o’rin so’zi ikkita so’z bilan ikkita sinonimik qator tashkil etsa (o’rin — joy, o’rin — lavozim), o’ramoq so’zi uch sinonimik qatorda ishtirok etadi (o’ramoq — chirmamoq, o’ramoq — qoplamoq — egallamoq — qurshamoq — chulg’amoq — bosmoq — tutmoq — chalmoq — qamramoq, o’ramoq — qurshamoq). O`rin va o’ramoq so’zlarining birdan ortiq sinonimik qatorda ishtirok etishi ular ma’nosining taraqqiyoti natijasidir. Bir ma’noli so’z esa faqat bir sinonimik qatorda qatnashishi mumkin.
O’zaro qarama-qarshi (zid) ma’noli so’zlar antonimlar deyiladi. So’zlarning bunday munosabatda bo’lish hodisasi antonimiya deyiladi: yaxshi — yomon, baland — past, oz — ko’p, yoz — qish, xursand — xafa, olmoq — bermoq, kelmoq — ketmoq kabi.
Birdan ortiq so’zning o’zaro antonimik munosabati ma’nodagi ziddlikka asoslanar ekan, ko’p ma’noli so’z har bir ma’nosi bilan ayrim-ayrim so’zlarga antonim bo’lishi mumkin. Masalan: qattiq so’zi bir ma’nosida yumshoq so’ziga, boshqa bir ma’nosida saxiy so’ziga antonim bo’ladi. Misollar: Qo’lda kichik ketmoning, Qattiq yerni tilarding. (Zafar Diyor.) Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak. («Qo’shiq».) Og’ziga kuchi yetmaganlar... Zariqqanov lapashang yigit... O`zi ham o’lgudek qattiq bo’lsa kerak,— deyshibdi. (G’ayratiy.) Mirzo ko’p saxiy tabiat ko’rinadi. Qachon. kelsangiz: Ziyofatimiz tayyor, eshon pochcha,— deydi. (A. Q.)
Bir so’z o’zaro sinonim so’zlar bilan yoki o’zaro sinonim so’zlar boshqa sinonimlar bilan antonimik munosabat hosil qiladi. Shunga ko’ra bunday munosabatdagi so’zlarning miqdori turlicha bo’lishi mumkin. Masalan: xafa so’zi o’zaro sinonim bo’lgan xursand — xushvaqt — shod — xurram — xushnud so’zlariga antonimdir; chiroyli — go’zal — husndor — husnli — xushro’y — ko’hli — ko’rkam — barno — suluv — zebo — latofatli — sohibjamol sinonimik qatoridagi har bir so’z xunuk — badbashara — badburush — badqovoq — tasqara — bedavo — ta’viya — beo’xshov — beso’naqay — sovuq — badsurat — nadomat sinonimik qatoridagi har bir so’zga antonimik munosabatda bo’la oladi.
Lekin antonimiyada bir so’zning necha so’z bilan antonimik munosabat hosil etishi emas, balki o’zaro qarama-qarshi (zid) bo’lgan ikki komponentning birligi (juftligi) muhimdir. Ana shu ikki (leksik birlik) biri ikkinchisiga nisbatan antonim bo’ladi. Demak, sinonimiyada so’zlarning bir xil ma’nosi asosidagi birligi sinonimik qatorni hosil qilsa, so’zlarning o’zaro zid ma’nosi asosidagi birligi antonimik juftligini yuzaga keltiradi.
So’zlarning o’zaro antonimik munosabat hosil qilishi ma’nodagi zidlik asosida bo’lar ekan, bu hodisa, sinonimlardagi kabi, faqat bir turkumga oid so’zlar doirasi bilan cheklanadi: kun — tun, qish — yoz, do’st — dushman, ilg’or — qoloq, katta — kichik, bosh, — oxir, boshlamoq — tugatmoq, kirmoq — chiqmoq, uzoq — yaqin, tez — sekin va b.
Har qanday so’z o’zaro antonimik munosabatga kirishavermaydi. Shunday bo’lishi tabiiy, chunki juda ko’pgina narsa-hodisalar o’zining ziddiga ega emas. Qarama-qarshi (zid) juftiga egalik hodisasi ko’proq narsa-hodisalarnnng belgisida kuzatiladi. Shuning uchun ham antonimiya asosan belgi bildiruvchi so’z (sifat va ravishlar)da uchraydi. Ot va fe’l turkumidagi sanoqli darajadagi antonimlar ham ularning belgilaridagi zidlikka asosi yuzaga keladi. Masalan: kun — tun (yorug’ va qorong’ilik belgisi), orqa — old (makondagi qarama-qarshi tomon belgisi), kelmoq-ketmoq (yo’nalishdagi qarama-qarshi tomon belgisi) kabi.
Antonimlar tub, yasama bo’ladi. Hatto odobli — beodob, baxtli — baxtsiz kabi bir o’zak (asos)dan qarama-qarshi ma’noli affikslar yordamida yasalgan so’zlar ham antonim hisoblanadi.
Antonimiyada o’zaro zidlik bo’lishi aytildi. O’zaro zidlikda esa biri ikkinchisini inkor etish hodisasi ham seziladi. Lekin bu ikki hodisa tamoman bir-biridan farq qiladi. Tasdiq va inkor etish tilda bor hodisa. Lekin u antonimiyani yuzaga keltirmaydi. Chunki antonimiya asosida o’zaro zid bo’lgan, lekin bir-birini inkor etmaydigan ikki narsa-hodisa yotadi. Masalan: kelmoq va ketmoq, — antonim. Lekin keldi deyilganda ketish harakati inkor etilmaydi, bu harakatga umuman munosabat ifodalanmaydi. Inkorda esa o’zaro aloqadagi ikki narsa, belgi yoki harakat emas, aynan bir predmet, belgi yoki harakatning o’zi inkor etiladi. Masalan: olmadi deyilganda berganlik ifodalanmaydi, balki shu harakat (olish)ning o’zi inkor etiladi. Bu esa antonimiyani yuzaga keltirmaydi.
Xullas, antonimiyada uch xil belgi bor: 1) shakliy (fonetik strukturasi) jihatdan har xillik; 2) ma’nosi jihatdan har xillik; 3) ma’nodagi o’zaro zidlik. Ana shu oxirgi belgi antonim so’zni o’zaro birlashtiradi, ya’ni qarama-qarshi ma’noli birlik qiladi.
So’zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko’ra tahlilidan ma’lum bo’ldiki, birdan ortiq so’zning o’zaro omonim, omofon, omograf yoki paronimligi shakliy tomon (fonetik struktura, talaffuz)ga ko’ra bo’lsa, sinonimlik va antonimlik ma’no munosabatiga ko’radir.
Do'stlaringiz bilan baham: |