Aim.uz
Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotida tutgan o’rni.
R e j a :
1. Konstitutsiya-davlatning asosiy qonuni.
2.Konstitutsiyaning asosiy funksiyalari va barqarorligi.
3.O’zbekiston Konstitutsiyasining yuridik xususiyatlari.
4. Konstitutsiyaviy-huquqiy normalar tushunchasi, turlari va xususiyatlari.
5. Konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlar, ularning sub`yektlari,ob`yektlari va turlari.
A d a b i yo t l a r:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi T.2003.
I.A.Karimov «Buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati» T.93.
I.A.Karimov « Bizdan ozod va obod Vatan qolsin» T.96.
U.T.Tojixonov «O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi amalda». T.96.
Urazaev Sh.Z. «Mustaqil O’zbekiston Konstitutsiyasi». T.94.
Saidov A.X. «Mustaqillik qomusi». T.93.
Mualliflar jamoasi. «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganish». T.2001.
Konstitutsiya deganda davlat va jamiyat rivojining asosiy yo’nalishlarini va ularning tuzilishini belgilab beruvchi asosiy qonun tushuniladi. Konstitutsiya davlat va jamiyat hayotini tartibga keltiradigan eng oliy yuridik hujjatdir. Uning normalarida davlat siyosatining prinsiplari, shakl va uslublari, uni amalga oshirish mexanizmi mustahkamlanadi. Asosiy qonun o’z mohiyat - e`tibori bilan har qanday demokratik jamiyatning bosh belgilaridan biri bo’lib, unda inson, shaxs va jamiyatning huquqiy jihatlari, davlat hokimiyatining tuzilishi va uning idoralari faoliyatini tashkil etishning mezoniy qoidalari ifoda etiladi.
«Konstitutsiya» tushunchasi lotincha «Constitutio» so’zidan kelib chiqqan bo’lib,o’rnatish, joriy etish ma`nosini bildiradi. Qadimgi Rim davlatida imperator tomonidan chiqarilgan alohida aktlarni shu nom bilan ataganlar.Bu aktlar boshqa aktlarga nisbatan manba bo’lib xizmat qilgan.
Qadimgi vaqtlarda «Konstitutsiya» atamasi bilan huquqiy tomondan belgilab qo’yilgan davlat to’zumini atay boshlaganlar.
Konstitutsiyalarning kelib chiqishi burjuaziya sinfining tarixan shakllanishi va kuchayib borishi bilan chambarchas bog’liqdir. Feodal iqtisodiy sharoit zamirida paydo bo’lib, rivoj topgan burjuaziya sinfi qirolning davlat va jamiyatni o’zboshimchalik bilan boshqarishiga qarshi chiqib, uning hokimiyatini Konstitutsiyaviy aktlar bilan, parlament faoliyati bilan cheklashga muvaffaq bo’ldi. Natijada davlatning tabaqalarining huquqiy holati Konstitutsiyaviy aktlarda mustahkamlab qo’yildi.
1787 yilda AQSh Konstitutsiyasi qabul qilindi va u shu kungacha amal qilib kelmoqda.
1791 yilda Pol`sha davlati Yevropada birinchi bo’lib, o’z Konstitutsiyasini qabul qildi. Pol`sha bilan deyarli bir paytda Fransiya ham o’z Konstitutsiyasini qabul qildi.
Qulchilik va feodalizm davlatlari qullar va dehqonlarni jismoniy kuch, zo’rlik ishlatish orqali mehnat qildirgan bo’lsalar, burjua davlati o’z hokimiyatini o’zi qabul qilgan Konstitutsiya va qonunar orqali amalga oshirdi.
Burjua davlatlari o’zlarining siyosiy maydonga chiqqanligini fuqarolari va butun dunyoga deklaratsiya orqali ma`lum qilganlar. Jumladan, AKShning 1776 yilgi Mustaqillik deklaratsiyasi; Fransiya burjua revolyutsiyasining 1793 yilgi Fuqaro va insonlarning huquqlari deklaratsiyasi shunday deklaratsiyalardan bo’lib hisoblanadi. Mazkur deklaratsiyalar, aslini olganda, Konstitutsiyalar tuzilishining dastlabki ko’rinishi bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi chinakam demokratik Konstitutsiyadir, u tarixda sinalgan umuminsoniy huquqiy qadriyatlarni o’zida mujassam etgan.
O’zbekiston Konstitutsiyasi eng rivojlangan, taraqqiy etgan demokratik davlatlarning yuridik tajribasi va jahon Konstitutsiyaviy amaliyotiga tayangan holda yaratilgan. Konstitutsiyamiz BMT hujjatlariga, inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga asoslangan, shuningdek, uni yaratishda AKSh, Yaponiya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniyaning hamda Sharq mamlakatlaridan – Hindiston, Pokiston, Misr davlatlarining Konstitutsiyaviy tajribasidan ijobiy foydalanilgan.
O’zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning ma`naviy, madaniy merosi,milliy tafakkuri, ko’p asrlik o’zbek davlatchiligi tajribasi hamda huquqiy an`analariga asoslangan va ularning boy ijobiy tajribasini o’zida aks ettirgan.
Har qanday Konstitutsiyaning bir-biri bilan o’zaro bog’liq bir nechta funksiyalari mavjud. Konstitutsiyaning siyosiy funksiyasi jamiyatning ijtimoiy tuzilishini tartibga soladi hamda siyosiy hayotini va kurashni muayyan huquqiy doiraga solishni maqsad qilib qo’yadi. Tashkiliy funksiyaning ma`nosi-davlat institutlari tuzilishini tashkil etish va faoliyatining asosiy yo’nalishlarini tartibga solishdan iborat.
Agar Konstitutsiyaning shakllantirish funksiyasi jamiyatda muayyan qadriyatlarni qaror toptirish maqsadida ma`naviy sohaga ta`sir etishga qaratilgan bo’lsa, yuridik funksiyasi Konstitutsiyaning amal qilayotgan huquqiy tizim asosi sifatidagi o’rnini aks ettiradi.
Konstitutsiyaning yuridik funksiyalari ichida eng muhimlari quyidagilardan iborat:
Birinchidan, Konstitutsiyaviy normalar amaldagi huquqning oliy moddiy mezonidir; milliy huquqiy tizimdagi barcha qoidalar Konstitutsiyaviy normalarga mos kelishi shart;
Ikkinchidan, Konstitutsiya matnida huquqning asosiy prinsiplari ko’rsatiladi;
Uchinchidan, amaldagi huquq manbalari konstitutsiyaviy jihatdan ta`riflanadi;
To’rtinchidan, Konstitutsiyaviy normalar bevosita amal qiladigan qoidalar bo’lib, ular sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo’llanilishi kerak.
Konstitutsiyaning yuridik tabiati va funksiyalari uning normativ hujjatlar tizimidan ustun mavqega egaligida yorqin ko’rinadi.
Konstitutsiyaning barqarorligi siyosiy-huquqiy madaniyat va ma`naviyatning turiga bog’liq. Davlatning va qonunning fuqarolar va jamiyat hayotiga aralashuvi bozor iqtisodiyotining o’zini-o’zi boshqarish mexanizmlari va boshqa qudratli kuchlari bilan cheklangan.
GFRning Asosiy Qonunini ancha barqaror deb e`tirof etish mumkin: unga o’zgartirishlar kiritish uchun Bundestag va Bundesratning uchdan ikki qismidan iborat ko’pchiligi ovoz berishi kifoya kiladi. Shu bois GFRning Konstitutsiyasi boshqa mamlakatlarinikiga qaraganda ko’proq (35 marta) o’zgartirilgan, ammo ushbu mamlakatdagi vaziyat hamma tomondan qaraganda eng barqarordir.
Ko’plab davlatlarda Konstitutsiyaning o’zgartirilishi mumkin bo’lmagan moddalari belgilab qo’yilgan. Bu boshqaruv shakli, islom madaniyati mamlakatlarida davlat dini haqidagi moddalarga tegishli.
Konstitutsiya- bu nafaqat asosiy qonun, shu bilan birga u muhim va alohida olingan huquqiy akt hamdir. Konstitutsiyaning ushbu xususiyati uni boshqa qonunardan yaqqol ajratib turadi. Qonunning yuridik kuchi, odatda, o’zidan kuchliroq bo’lgan boshqa qonun bilan o’lchanadi. Konstitutsiyaning yuridik kuchini aniqlovchi undan kuchliroq qonun yo’q. U davlatning eng asosiy, oliy qonuni bo’lib, o’z kuchini o’zi belgilaydi. Konstitutsiyaning yuridik manba sifatidagi ahamiyati aynan shunda ko’rinib turadi.
Konstitutsiyalar o’zining yuridik shakli, yozilishi bo’yicha yozilgan va yozilmagan Konstitutsiyalarga bo’linadi.
Yozilgan Konstitutsiya- davlat hokimiyatining oliy yuridik kuchiga ega bo’lgan, davlat hayotining asosiy tomonlarini tartibga solib turadigan yagona hujjat. Hozirgi zamondagi davlatlarning ko’pchiligida yozma Konstitutsiyalar amal qiladi.
Yozilmagan Konstitutsiyalar davlat hayotini tartibga solib turuvchi, davlat organlarining ish tajribasida vujudga kelgan ayrim hujjatlar, urf-odatlar va qoidalardir. Masalan, Angliyada oliy yuridik kuchga ega bo’lgan yagona hujjat sifatidagi yozma Konstitutsiya yo’q. Bu mamlakatda davlat to’zumi bir necha asrlar davomida qabul qilingan va tizimga solinmagan ko’p sonli huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Yangi Zelandiyada esa yozma Konstitutsiya umuman yo’q.
Konstitutsiyada joriy qonunar chiqarilishi, davlat turli organlarining qonun yaratish sohasida ish olib borishi nazarda tutiladi. Konstitutsiya qonunar va boshqa huquqiy aktlar kim tomonidan, qanday tartibda va qanday doirada chiqarilishini, ularning mazmuni qanday prinsiplarga javob berishi lozimligini belgilaydi. Konstitutsiya normalari boshqa qonunarga, shuningdek, qonuniy aktlarga nisbatan eng katta yuridik kuchga egadir. Boshqa barcha huquqiy aktlar Konstitutsiyaga to’la muvofiq ravishda qabul qilinadi.
Konstitutsiyaning xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Konstitutsiyaviy huquq normalari Konstitutsiyaviy huquqninggina manbai bo’lib qolmasdan, balki davlatda mavjud bo’lgan barcha huquq tarmoqlarining jumladan , fuqarolik, ma`muriy, mehnat, jinoyat va boshqa huquq tarmoqlarining ham asosiy yuridik manbai hisoblanadi. Shu sababli Konstitutsiyaviy normalar ham bevosita, ham yuqorida sanab o’tilgan huquq tarmoqlari orqali amal qiladi.
2. Oddiy qonunarda Konstitutsiyaga xilof normalar uchrab qolsa, ularning amal qilishi to’xtatiladi va ular qayta ko’rib chiqilguncha, bevosita Konstitutsiyaviy normalar amalda bo’ladi.
3.O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan to’zgan shartnoma va bitimlari ham Konstitutsiyaviy normalarga monand tarzda to’zilmog’i lozim. Agarda mazkur shartnoma va bitimlar Konstitutsiyaga xilof tarzda to’zilganligi ma`lum bo’lib qolsa, Oliy Majlis bunday shartnomalarni ratifikatsiya qilmasligi lozim bo’ladi, ratifikatsiya qilgan taqdirda ham O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi tomonidan noloyiq deb topiladi.
4. Davlat va uning organlari tomonidan qonunarga asosan qabul qilinadigan boshqa huquqiy aktlar ham Konstitutsiyaga muvofiq tarzda qabul qilinishi lozim.
5.O’zbekiston davlat organlari, mansabdor shaxslari, jamoat birlashmalari Konstitutsiyada ko’rsatilgan qoidalarga muvofiq ravishda ish ko’radilar.
6.Konstitutsiyani aniq va og’ishmay amalga oshirish har bir fuqaro hamda O’zbekiston hududida doimiy va muvofiq tarzda yashab turgan barcha shaxslarning oliy burchidir.
7.Konstitutsiyani o’zgartirish yoki unga qo’shimchalar kiritish marosimi ham o’ziga xos ahamiyat kasb etadi. Uni o’zgartirish faqatgina Konstitutsiya qabul qilish huquqiga ega bo’lgan organ tomonidan, ya`ni Respublika Oliy Majlisi tomonidan alohida marosim jarayonida amalga oshiriladi.
8.Konstitutsiya muhim dasturiy normalarni ham o’zida mustahkamlab qo’yadi.
Konstitutsiyaviy huquq mavjud huquq tizimining asosiy sohasi bo’lib hisoblanadi. Unda ham barcha huquq sohalariga tegishli bo’lgan belgilar bo’lsada, ulardan bir qator jihatlari bilan ajralib turadi. Huquq sohalari bir-biridan tartibga soladigan predmeti bilan farqlanadi.
Konstitutsiyaviy huquq - bu davlat tuzilishini mustahkamlovchi huquqiy normalar yig’indisidir. Konstitutsiyaviy huquq normalari shaxsning huquqiy maqomi, jamiyatning ijtimoiy to’zumini, uning siyosiy tizimi, iqtisodiy negizi, tashqi siyosat asoslari, ma`muriy- hududiy va davlat tuzilishini, davlat organlari tuzilishini mustahkamlaydi.
Agar huquqiy norma O’zbekistonning ijtimoiy to’zumiga, fuqarolarning huquqiy holatiga aloqador bo’lsa, ularning asosiy huquqlari va erkinliklarini belgilab bersa, bunday normalar Konstitutsiyaviy huquqiy normalar bo’lib hisoblanadi.
Masalan, «O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik Deklaratsiyasi» Konstitutsiyaviy huquqiy normalar jumlasiga kiradi. Chunki unda O’zbekistonning mustaqil demokratik davlat ekanligi, Respublika hududining hamma tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarida tanho hokimligi, davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu o’zgartirilishi mumkin emasligi, Respublikada davlat hokimiyatining uning hududidagi barcha tarkibiy va bo’linmas qismlari ustidan amalga oshirilishi va shu hududlarda yashaydigan aholiga taalluqli ekanligi mustahkamlangan.
Agar huquqiy normada O’zbekistonning davlat tizimi mustahkamlansa, O’zbekiston tarkibidagi Qoraqalpog’iston Respublikasining huquqiy maqomi belgilansa, bu normalar ham Konstitutsiyaviy huquq normasi hisoblanadi.
Agar huquqiy norma O’zbekistonning davlat organlari tizimini belgilasa, ularning tashkil etilishi va faoliyat prinsiplarini mustahkamlasa,davlat hokimiyatining oliy va mahalliy organlarining tizimini, ularning vakolatlarini belgilab bersa, demak, bunday normalar Konstitutsiyaviy huquq normalari bo’lib hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy normalar bilan nartibga solinadigan huquqiy munosabatlar boshqa huquq sohalari tomonidan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlarni tartibga solish qoidalari bilan tubdan farq qiladi.
Birinchidan, konstitutciyaviy huquq normalari boshqa huquq sohalari tomonidan tartibga solinadigan hamma huquqiy munosabatlarning o’zagini tashkil qiladi, chunki aynan o’sha huquq munosabatlarida davlat va jamiyatning tuzilish asoslari yotadi.
Ikkinchidan, bu normalar bilan o’rnatilgan munosabatlarda xalq hokimiyatchiligini amalga oshirish shakllari belgilanadi, ya`ni O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab, Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan, qonunar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi, shuningdek jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xaqk muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo’yiladi.
Uchinchidan, Konstitutsiyaviy huquq normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar davlat va jamiyat tuzilishini butun organizm sifatida ifodalaydi. Masalan, O’zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda saylovlar to’g’risidagi, referendum to’g’risidagi qonunarda belgilangan huquqlari orqali davlat organlarini tashkil etadilar.
To’rtinchidan , Konstitutsiyaviy huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari, ya`ni sub`yektlari maxsus doiraga ega bo’lib, ular qatoriga O’zbekiston xalqi, O’zbekiston davlati, Qoraqalpog’iston Respublikasi kiradi.
Konstitutsiyaviy huquqiy normalar deb Konstitutsiyaviy huquqning predmetini tashkil qiluvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalarga aytiladi. Boshqa huquq normalari singari, ular ham davlat nomidan chiqariladi, umummajburiy qoidalarni o’rnatadi, davlat tomonidan himoya qilinadi va uning bajarilishi ta`minlanadi, kafolatlanadi.
Konstitutsiyaviy huquq normalarining asosiy vazifasi davlat va jamiyat to’zumi asoslarini belgilash, xalq hokimiyatchiligi va davlat suverenitetini amalga oshirish mexanizmini mustahkamlashdir.
Mazmuni, tuzilishi, ya`ni tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar doirasiga qarab huquqiy normalar quyidagicha bo’lishi mumkin:
1.O’zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini, xalq hokimyatchiligini, siyosiy tizim va iqtisodiy negizini, tashqi siyosiy asoslarini mustahkamlovchi normalar.
2.O’zbekiston Respublikasi fuqarorlarining huquqiy holati asoslarini belgilovchi normalar.
3.O’zbekiston Respublikasining ma`muriy-hududiy va davlat tuzilishiga aloqador normalar.
4.Davlat hokimiyati organlari tizimiga aloqador normalar.
Jamiyatdagi munosabatlari Konstitutsiyaviy huquq normalari bilan tartibga solish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarga Konstitutsiyaviy huquqiy munosabatlar deb ataymiz.
Ma`lumki, huquqiy normalar huquqiy munosabatlar bilan chambarchas bog’langan. Chunki huquqiy munosabatlar huquqiy normalarning amal qilishi natijasida paydo bo’ladi.
Huquqiy normalar huquqiy munosabat qatnashchilarining huquq va burchlarini belgilab beradi. Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarning xususiyatlarini yaxshi bilish uchun ularning ijtimoiy munosabatlar tizimida tutgan o’rnini anglash lozim.
Ma`lumki, ijtimoiy munosabatlar kishilarning faoliyati jarayonida ular o’rtasida vujudga keladigan munosabatlardir. Ijtimoiy munosabatlarning turlari nihoyatda xilma-xil. Ular kundalik iqtisodiy, siyosiy, ma`naviy hayotda uchrab turadi, moddiy va g’oyaviy, mafkuraviy munosabatlarga bo’linadi. Konstitutsiyaviy huquqiy munosabatlar tarkibiga kiradi.
Moddiy munosabatlar bu eng avvalo, ishlab chiqarish munosabatlari bo’lib, jamiyatning bazasini, asosini tashkil etadi. Ma`naviy , g’oyaviy munosabatlar esa uning ustqurmasini tashkil etadi. Moddiy-iqtisodiy munosabatlar kishilarning xohish-irodasi va ongiga bog’liq bo’lmagan holda yo’zaga kelsa, g’oyaviy mafkuraviy munosabatlar avval odamlar ongida tug’ilib, so’ngra qaror topadigan munosabatlardir.
Huquqiy munosabtlarni huquqqa muvofiq va huquqqa xilof harakatlar natijasida vujudga kelishiga qarab tartibga soluvchi (huquq va majburiyatlarni o’rnatuvchi) va huquqni qo’riqlovchi munosabatlarga bo’lish mumkin.
Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarni boshqa huquqiy munosabatlardan farq qildirib turadigan o’ziga xos tomonlari quyidagilardan iborat:
1.Ularning Konstitutsiyaviy huquq predmetining xususiyatidan kelib chiqadigan alohida yuridik mazmuni;
2.Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarning umuman huquqiy munosabat tizimidagi alohida o’rni va vazifasi;
3.Ushbu munosabatlarning o’ziga xos ishtirokchilarining mavjudligi.
Ma`lumki, huquqiy munosabatlarning yuridik mazmunini uning ishtirokchilariga tegishli huquq va majburiyatlar tashkil etadi. Konstitutsiyaviy- huquqiy munosabatlarning mazmunini uning ishtirokchilariga tegishli huquq va majburiyatlarning Konstitutsiyaviy huquq normalari o’rnatgan xususiyatidan qidirish lozim.
Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarning ko’pchiligi yuridik holat sifatidagi umumiy xarakterga ega.
Konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarni, ularning sub`yektlari va ob`yektlaridan kelib chiqib, bir necha turlarga bo’lish mumkin.
1.O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy to’zumiga xos asosiy prinsiplarning hayotga tatbiq etilishi natijasida paydo bo’ladigan huquqiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining birinchi bo’limida ko’rsatilgan huquqiy normalar va asosiy prinsiplarning amalga oshishi natijasida vujudga keladi.
2.Fuqarolar huquqiy holatining asoslari hamda ularning Konstitutsiyaviy huquq va burchlarining amalga oshirilishi natijasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarni o’z ichiga oladi.
A) Fuqarolarning huquqiy holati asoslari yo’zasidan fuqarolar bilan davlat organlari o’rtasida kelib chiqadigan munosabatlar (fuqarolikka qabul qilish, fuqarolikdan chiqish, fuqarolikni o’zgartirish, fuqarolarning teng huquqliligi).
B) Fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari masalasi bo’yicha fuqarolar bilan davlat organlari uo’tasida yo’zaga keladigan munosabatlar.
V) Fuqarolar Konstitutsiyaviy burchlarining bajarilishi natijasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar.
3.Jamiyat bilan shaxs o’rtasida kelib chiqadigan Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlar. Ularga jamiyatning iqtisodiy asosini tashkil etuvchi mulk shakllarining xilma-xilligini ifoda etuvchi, teng huquqlilikni mustahkamlovchi normalarning amalga oshishi natijasida paydo bo’ladigan ijtimoiy –huquqiy munosabatlar, xususan, mulk egalari bilan davlat urtasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarga jamoat birlashmalari bilan davlat o’rtasida , oila bilan davlat o’rtasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar ham kiradi.
4.Ma`muriy-hududiy va davlat tuzilishi sohasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar. Ushbu munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining to’rtinchi bo’limidagi qoidalar va shu sohadagi boshqa qonunarning amalga oshishi natijasida kelib chiqadi.
5.O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatini tashkil etish, davlat organlarining tuzilishini belgilash, ular faoliyatining prinsiplari, vakolatlari va davlat hokimiyatini amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan munosabatlar.
6.Bevosita demokratiyani amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar.
Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlar shu munosabatlarning ishtirokchilari orqali amalga oshiriladi. Konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarning sub`yektlari deb ularning tomonlari sifatida shu munosabatlarda ishtirok etuvchilarga aytiladi. Har qanday huquqiy munosabatlar eng kamida huquq va majburiyat bajaruvchi, ikkitadan kam bo’lmagan sub`yektlardan tashkil topadi.
Konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarning sub`yektlari quyidagilardan iborat.
1.Fuqarolarning umumiy yig’indisi bo’lgan O’zbekiston xalqi.
2.Milliy davlat tuzilishi bilan bog’liq bo’lgan munosabatlarda millatlar va elatlar.
3.Qoraqalpog’iston Respublikasi.
4.O’zbekiston Respublikasi davlat organlari.
5.Deputatlar va ularning uyushmalari.
6.O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar.
7.Jamoat birlashmalari.
Fuqarolarning turar va ish joyidagi umumiy yigilishlari, o’zini-o’zi boshqarish organlari.
Fuqarolar Konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarning sub`yekti sifatida huquqiy layoqat va muomala layoqatiga ega bo’lishlari kerak.
Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarning sub`yektlari , ularning sub`yektiv huquq va yuridik burchlari bilan bir qatorda ushbu munosabatlarning ob`yekti ham huquqiy munosabatlarning zaruriy elementi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy –huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar Konstitutsiyaviy- huquqiy munosabatlarning ob`yekti bo’ladi. Huquqiy munosabat nimaga qaratilgan bo’lsa, shu narsa huquqiy munosabatning ob`yekti bo’ladi. Yuridik adabiyotda buyum, ashyolar huquqiy munosabatlarning ob`yekti deb ataladi.
Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlarning ob`yektlari quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1.Davlat hududi.
2.Moddiy boyliklar.
3.Konstitutsiyaviy –huquqiy munosabatlar sub`yektlarining harakati ham ko’pincha huquqiy munosabatlarning ob`yekti bo’ladi. Masalan, Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish natijasida Oliy Majlisga qonun loyihasini kiritish ham Konstitutsiyaviy sud bilan Oliy Majlis o’rtasida paydo bo’ladigan huquqiy munosabatlarning ob`yekti bo’ladi.
4.Moddiy xarakterda bo’lmagan shaxsiy manfaat-vijdon, qadr-qimmat. Vijdon ba`zi bir Konstitutsiyaviy huquqiy munosabatlarning ob’yekti bo’lishi mumkin. Masalan, deputatlarning daxlsizligi munosabati bilan kelib chiqadigan Konstitutsiyaviy -–huquqiy munosabatlarda deputatning xalq vakili sifatidagi sha`ni, obro’si, qadr-qimmati va vijdon shu munosabatlarning ob`yekti bo’ladi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |