I.BOB. KOMPOZITORNING YOSHLIK VA TALABALIK YILLARI.
1.1. Kompozitorning vokal va vokal - simfonik ijodi.
O‘zbekiston xalq artisti, Respublika Davlat mukofoti sovrindori, atoqli kompozitor I. Akbarov o‘zining simfonik asarlari, kantata, oratoriya, opera, balet, musiqali drama va komediya, xor hamda estrada qo‘shiqlari bilan o‘zbek musiqasi ravnaqiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. XX asrning ikkinchi yarmidan respublikamiz professional musiqa san’atining rivojlanish jarayonini bu iste’dodli kompozitorsiz tasavvur etish qiyin.
Ikrom Ilhomovich Akbarov Toshkentda 1921 yil 1 martda hunarmand oilasida tug‘ildi. Bolaligidan musiqaga qiziqishini sezgan amakisi Ilyos Akbarov tavsiyasi bilan Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtida fortepiano bo‘yicha ta’lim oladi. Ota - onasining xohishi bilan Toshkent pedagogika bilim yurtida ham o‘qidi. 1939 yili Toshkent davlat konservatoriyasining kompozitorlik fakultetiga o‘qishga kiradi. Bu yerda Yu. Fortunatov, S. Vasilenko, L. Revutskiy va A. Kozlovskiy kabi atoqli kompozitorlardan saboq oldi.
Ikrom Akbarov konservatoriyani muvaffaqiyatli tugallagandan keyin Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtida musiqa nazariyasidan dars bera boshlaydi. U o‘z bilimini yanada boyitish niyatida 1946 yili Leningrad davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiradi. Uning bu shaharda o‘tkazgan talabalik va aspirantlik sakkiz yillik hayoti, mutaxassislikni puxta egallashda va ma’naviy ozuqa olishda juda ham sermazmun o‘tdi. U konservatoriya professorlari M. Shteynberg, B. Arapov, V. Voloshinovlardan olgan saboqlari zoye ketmadi. Ular rahbarligida I. Akbarovning turli cholg‘ularga, ansambl va orkestrga yozgan musiqiy asarlari yosh ijodkor uchun katta tajriba maktabini o‘tadi.
1954 yilda kompozitor Leningraddan vataniga qaytib, Toshkent konservatoriyasida muallimlik kirishadi, 1957 yildan buyon faqat ijod bilan shug‘ullanmokda. 1954 yilda Hamzaga bag‘ishlab yaratgan «Shoir xotirasi» simfonik poemasi kompozitorga shuhrat keltirishi bilan uning ijodiy faoliyatida burilish yasadi.
I. Akbarov mazkur asarlaridan so‘ng simfonik va vokal - simfonik janrlarda badiiy barkamol asarlar yaratdi. Uning «O‘zbekcha syuita»si (1956 y.), «Epik poema»si (1962 y.), R. Tagorning «Pochta» nomli sahna asariga (1963 y.) yozgan syuitasi, Samarqand shahrining 2500 yillik yubileyiga atab yozgan «Samarqand hikoya»lari, «Orzu» baleti asosida yozgan «Simfonik syuita»si, «Navro‘z» nomli baleti asosidagi simfonik syuitasi, «Raqs», fortepiano va Simfonik orkestr uchun konserti va 1962 yil yaratgan skripka va simfonik orkestri uchun konserti yorqin misol bo‘la oladi.
Kompozitor erishgan ijodiy yutuqlari uning vokal - simfonik, kantata va oratoriya asarlarida ham namoyon bo‘ldi. Masalan; K. Yashin so‘ziga «Hamza» nomli (1962) vokal syuitasi, Hofiz so‘ziga «Ballada»si (1961), M. Shayxzoda so‘ziga «Toshkentnoma» oratoriyasi (1964), Alisher Navoiyning «Hamsa»si asosida yozilgan shu nomli kantata (1969), Beruniyning 1000 yillik yubileyiga bag‘ishlab O. Matchon so‘ziga «Abadiyat» balladasi (1973), T. To‘la so‘ziga «Zafarnoma» vokal simfonik poemasi (1972), Dm. Polinin so‘ziga yozgan «Do‘stlik» vokal simfonik poemasi (1972), H. Olimjon, J. Jabborov, H. G‘ulom, T. To‘la so‘zlariga «Mening shahrim» kantatasi (1983), H. Olimjon va H. G‘ulom so‘zlariga yozgan «Mangu xotira» oratoriyasi (1985) o‘ziga xosligi va badiiy barkamolligi bilan ajralib turadi. Bu asarlarda kompozitorning Vatanimiz tarixini, buyuk ajdodlarimiz siymolarini, o‘lkamiz go‘zal tabiatini baralla tarannum etgan.
Ikrom Akbarov balet va opera janrlari rivojlanishiga ham katta e’tibor bermoqda. U 1959 yili «Orzu» (G. Izmaylova va B. Zavyalovlar librettosi) nomli ilk baleti, 1964 yili «Nigor» (Abolimov librettosi), 1968 yil bir pardali «Layli va Majnun» (G. Izmaylova librettosi), 1968 yil «Navro‘z» baletlari (G. Izmaylova va R. Farhodiylarning librettosi) bilan sahna raqs san’atining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi. 1973 yili kompozitor «So‘g‘d elining qoploni» (B. Zokirov librettosi), 1998 yilda «Ibtido xatosi» (E. Shukur librettosi) «Jaloliddin Manguberdi» (M. Shayxzoda) operalarini yaratdi. Kompozitor I. Akbarov musiqali drama va komediyalar bastalab, shu janrlarning rivojlanishiga barakali hissa qo‘shib kelmoqda. U 1969 yil Z. Fatxulin p’esasi asosida «Kumush to‘y»; 1969 yili T. To‘la p’esasi asosida «Qiz buloq»; S. Azimov p’esasi asosida «Yulduzlarni ko‘raman»; Chingiz Aytmatovning «Momo yer» asari asosida T. To‘la librettosi asosida 1965 yil musiqali drama, G. Lorka p’esasi asosida 1973 yil «Qonli to‘y», I. Sulton p’esasi asosida 1985 yil «Kumush shaharning malikasi» musiqali dramalari; J. Jabborov p’esalari asosida «O‘jarlar» (1973), «To‘ydan oldin tomosha» (1983), «Yillar o‘tib» (1975) komediyalari uchun yorqin musiqa bastaladi. Mazkur sahna asarlarining g‘oyaviy mazmunidan, vokealarning rivojidan, qahramonlarning ruhiy holatlaridan kelib chiqqan holda musiqiy obrazlar yaratdi. Bu asarlardan tashqari dramalarga ham musiqa bastaladi: «Pochta» (R. Tagor p’esasi), «Zamon dramasi» (S. Azimov p’esasi), «Yo‘lchi yulduz» (K. Yashin p’esasi), «Tabassum o‘g‘rilari» (Shukrullo p’esasi).
Kompozitor o‘zining dilbar qo‘shiqlari bilan xalqimiz o‘rtasida mashhur bo‘ldi. Ayniqsa, atoqli estrada xonandasi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov uchun maxsus yozilgan va ilk bor yangragan «Ra’no» (S. Akbariy so‘zi), «Gazli», «Mahbubga», «Ketma, Nigor», «Qaydasan» (T.To‘la so‘zlari), «Yor kel», «Qo‘shchinor» (H. G‘ulom so‘zlari), «Qor yog‘ar» (S. Zunnunova so‘zi), «Bahor fasli» (B. Zokirov so‘zi), «Azizim» (O‘. Rashid so‘zi), «Lolazor chorlaydi» (J. Jabborov so‘zi) estrada qo‘shiqlari keng qanot yozdi. Uning «Yulduz» (Zulfiya she’ri), «Xayolimda bo‘lding uzun kun» (H. Olimjon she’ri), «O‘ylaysanmi» (H. Muhammad she’ri), «Oydin kechada» va «Bir gal kelganliging shodlik tabassum» (Uyg‘un she’rlari), «Gullagan yoshlik chog‘imda» (H. Olimjon she’ri), «O‘zga» (T. To‘la so‘zi), «Kelgin» (Mirtemir she’ri). Ikrom Akbarov kinofilmlarga yozgan musiqasi, romanslari lirik his-tuyg‘ularni ifoda etadi: «Hamza» (1961 y. rej. Z. Sobitov), «Sinchalak» (1961 y. rej. L. Fayziyev), «Sen yetim emassan» (1962 y. rej. Sh. Abbosov), «Osiyo ustida bo‘ron» (1964 y. rej. K. Yormatov), «Qora konsulning halokati» (1970 y. rej. K. Yormatov), «Ikki dil dostoni» (1966 y. rej. K. Yormatov), «Gulbahor» (1956 y. rej. Y. A’zamov) «Ikkinchi gullash» (1959 y. rej. L. Fayziyev), Shuningdek, kompozitorlar M. Burhonov va M. Leviyevlar bilan «Maftuningman» (1958 y. rej. Y. A’zamov) va «Orol baliqchilari» (1957 y. rej. Y. A’zamov) filmlariga musiqa bastalagan.
Kompozitor kamer - cholg‘u janrlarini rivojlantirishga katta ulush qo‘shdi. Uning fortepiano, skripka, violonchel, ayniqsa, turli ansambllar uchun yaratgan asarlari mashhurdir. Kompozitor «Orkestr va tor uchun p’esa»si, H. Sharipov so‘ziga bastalagan «To‘ylar muborak» nomli 5 qismli vokal -syuitasi, bolalar uchun turli mavzularda yaratgan qo‘shiqlari xalqimizning olqishlariga sazovor bo‘lmokda. Alqissa, kompozitor Ikrom Akbarovning turli janrlarda yaratgan eng yaxshi asarlari XX asr o‘zbek musiqa madaniyatining jiddiy yutug‘i, mumtoz namunalari qatoridan o‘rin olib kelmoqda.
Ikrom Ilxomovich Akbarov O‘zbekiston musiqa madaniyatining rivojlanishidagi xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» (1964 y.), «O‘zbekiston xalq artisti» (1981 y.) faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. Respublika Davlat mukofotiga 1977 yili sazovor bo‘lgan. 1999 yili «El yurt xurmati» ordeni bilan tag‘dirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |