1.3. Musiqa madaniyatida kompozitorlik ijodi.
O‘zbek musiqa san’ati asrlar osha o‘zbek xalqi tomonidan ulug‘ ma’naviy qadriyat sifatida ardoqlab kelingan. U yillar osha og‘zaki uslubda shakllanib, rivojlanib kelgan; xalq orasidan ajoyib bastakorlar, ijrochilar yetishib chiqqan. O‘zbek musiqa ijodkorligi asosan bastakorlik uslubida shakllanib kelgan. Hozirgi davrga kelib esa o‘zbek musiqa san’atida Yevropa musiqa nazariyasiga asoslangan kompozitorlik uslubi ham keng rivojlandi va bu uslubda o‘zbek kompozitor - bastakorlari ham ko‘plab musiqa durdonalarini yaratmokdalar. Kompozitorlarning asosiy ijod manbai bu xalq musiqasidir. O‘zbek bastakor va kompozitorlari ana shu cheksiz manbadan foydalanib musiqa san’atining turli janrlarida ijod qilmoqdalar.
O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi (dastlabki nomi «O‘zbekiston kompozitorlar soyuzi») O‘zbekiston Xalq Komissarlari kengashining 1938 yil № 203-r qaroriga binoan tashkil topgan. Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan kompozitor va musiqashunoslarni g‘oyaviy va ijodiy birlashtirish maqsadida O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor va dirijyor Tolibjon Sodiqovga uyushmani tuzish uchun rasman vakolat berildi. Respublika hukumatining xalq Komissarlari 1940 yil 21 fevral № 258 - qaroriga binoan O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi 1 sezdini 1941 yil oktabr oyida o‘tkazish belgilandi hamda a’zolari tasdiqlandi: Tolibjon Sodiqov—rais, Muxtor Ashrafiy - rais o‘rinbosari, Karim Abdullayev - mas’ul kotib, To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Nikolay Mironov, Aleksey Kozlovskiy, Yelena Romanovskaya, Mutal Burhonov, Viktor Uspenskiy, Sharif Ramazonov, Imomjon Ikromov, Matyusup Xarratovlar - hay’at azolari qilib saylandilar. K. Abdullayev o‘z arizasiga ko‘ra mas’ul kotib vazifasidan ozod etilgach, o‘rniga musiqashunos YE. YE. Romanovskaya saylandi.
Sobiq ittifoq hukumati qaroriga asosan 1939 yili «Kompozitorlar uyushmasi» va «Musiqa fondi» ta’sis komiteti tashkil etilgan edi. Hay’at raisi vazifasiga atoqli kompozitor va musiqashunos, akademik Boris Vladimirovich Asafev (adabiy taxallusi Igor’ Glebov (1884 - 1949) tayinlandi. Uyushmaning birinchi tashkiliy qurultoyini o‘tkazish 1941 yil noyabr oyiga belgilandi. Mazkur tashkilot tarkibiga boshqa respublikalar uyushmalari qatori O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi ham kiritildi va «O‘zbekiston musiqa fondi bo‘limi» tashkil topdi. Sinsadze – direktor, Kolesnichenko bosh hisobchi etib tayinlandilar. 1941 yil 22 iyunida boshlangan Ikkinchi Jahon urushi mazkur ijodiy uyushma qurul-toylarini o‘tkazishga imkoniyat bermadi. Urush yillari O‘zbekistoi kompozitorlar uyushmasi va uning «Musiqa fondi» jangovar shtabga aylandi. Ayrim sanatkorlar qo‘llariga qurol olib jang maydonlariga otlandilar, qolganlari esa adabiyot va sanatning rivojlanish jarayonida faol mehnat va ijod qildilar. Bastakor va kompozitorlar, shoir va dramaturglar bilan hamkorlikda musiqaning barcha shakl va janrlarida ijod qilib, yangi - yangi musiqiy va saxna asarlar yaratdilar. Bu jarayonda, yukorida tilga olingan hay’at a’zolari bilan birgalikda K. Jabborov, F. Sodiqov, S. Kalonov, N. Xasanov, P. Raximov, M. Niyozov, Nishonov, M. Salimov, O. Toshmatov (Orif garmon), K. Mansurov, M. Murtazayev, A. Allaberganov kabi bastakorlar, 1941 yilniing iyun oyida Toshkent davlat konservatoriyasining ilk bitiruvchilari I. Akbarov, B. Giyenko, V. Meyyen, I. Hamzin (urushda xalok bo‘lgan) hamda konservatoriya pedagoglaridan G. Mushel, B. Nadejdin, Yan Pekker va yukori kurs kompozitor - talabalari urush mavzusiga bagishlangan asarlar yarata boshlashdi. Bu ijodiy jarayonga Moskva va Leningrad, shuningdek, Belorusiyadan vaqtincha ko‘chib kelgan taniqli kompozitorlardan B. Arapov, S. Vasilenko, V. Voloshinov, L. Revutskiy, O. Chishko, Y. Tyulin, M. Shteynberg, N. Boguslavskiy, G. Taranov va Leningrad konservatoriyasining professor, pedagog va talabalari ham qo‘shildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |