Nutqiy kompetensiya til ta’limining quyidagi 4 amali boʻyicha: tinglab tushunish boʻyicha (eshitilgan va eshittirilgan nutqni, tinglangan matndagi asosiy axborotni,dolzarb mavzulardagi radio va teledasturlarni tushunish); gapirish boʻyicha (monologik, dialogik ogʻzaki nutq turlarida oʻz shaxsiy qarashlari va fikrlarini bildirish, mavzu doirasida taqdimot qila olish koʻnikmalarini rivojlantirish); oʻqish boʻyicha: mavzuga oid materiallarni, adabiy-badiiy matnlarni, ommabop materiallarni (gazeta, hikoya, shaxsiy va elektron xatlarni) oʻqish; yozish boʻyicha (diktant, bayon, insho yoza olish, ijodiy matnlar tuza olish, rasmiy ish qogʻozlarini yuritishni bilish).
Lingvistik kompetensiya: kundalik hayotda faol qoʻllaniladigan ijtimoiy mavzularga oid va kasb-hunarga yoʻnaltirilgan lugʻat boyligini oshirib borish, oʻzbek tilining soʻz yasalishi vositalarini bilish lugʻat boyligini oshirib borishdan iborat boʻlib, bularning barchasi oʻzbek tilining fonetikasi, leksikasi va grammatikasi boʻyicha nazariy bilimlarni muayyan izchillikda egallash vositasida amalga oshiriladi.
Davlat ta’lim standartlari talablarini bajarish, avvalo, har bir ta’lim bosqichi boʻyicha belgilangan kompetensiyalar darajalarini hamda ta’lim oluvchilarda ushbu layoqatlarni tarkib toptirishga yoʻnaltirilgan ta’lim mazmunini bilishni taqozo etadi. Boshqacha aytganda, bugungi kunda fan oʻqituvchilaridan oʻquvchilar muayyan ta’lim bosqichini tugatayotganda, qanday malakalarga ega boʻlishi kerakligi, oʻquvchida ushbu malakalar qanday bilimlar asosida shakllantirilishi zarurligini yaxshi bilish va oʻquvchilarda ushbu malakalarni qoʻllashga oid layoqatni, ya’ni kompetensiyani tarkib toptirish talab qilinadi.
Buning uchun ta’lim jarayonini tubdan oʻzgartirish, ta’limning oʻquvuslubiy ta’minotini takomillashtirish, dars jarayoniga oʻquvchilarda tayanch va fanga oid Kompetensiyalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan ta’lim texnologiyalarini olib kirish orqali davlat ta’lim standartlarida har bir ta’lim bosqichi uchun belgilangan darajalarni shakllantirishga erishish kerak boʻladi. Bu borada birinchi qilingan ishlardan biri – oʻzbek tilidan oʻquv dasturlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida qayta koʻrib chiqish va uzluksizlik, uzviylik tamoyillari asosida takomillashtirishdan iborat boʻldi. Pedagog va filolog olimlar, metodistlar, ilgʻor amaliyotchi oʻqituvchilar hamkorligidagi 2 yillik mashaqqatli mehnat natijasida biz bugungi kunda majburiy ta’lim tizimi uchun toʻliq uzviylashtirilgan, DTSda talablarida belgilangan kompetensiyalar darajalariga javob beradigan oʻquv dasturi ishlab chiqildi hamda shu asosda 4-, 6-, 7- sinf darsliklari ham qayta ishlandi. Yangi oʻquv yilidan boshlab, bularning barchasi ta’lim jarayoniga kiritiladi. Yangi dastur, yangi darslik ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvni ham talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |