Komil Xorazmiy
Komil Xorazmiy
(1825-1897)
Komil — shoir, xattot, bastakor, musiqashunos, tarjimon, davlat arbobi. Uning ibratli faoliyati zamondoshlari va keyingi davr ilm ahlining e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ko‘plab tadkiqotchilar bu ulkan ijodkor va siyosatdon faoliyatiga qiziqish bilan qaraganlar.
Hayoti va ijodining o‘rganilishi
Xiva xonligi Rusiya imperiyasining vassaliga aylantirilgan 1873 yildan boshlab rus olimlari tadqiqotlarida Komil xususida fikr yuritilganligi kuzatiladi. Sankt-Peterburgda chop etilgan «1873 yilgi Xiva yurishi» sarlavhali ruscha rasmiy manbada, F.I. Lobosevichning o‘sha yil voqealariga taalluqli «1873 yilgi Xiva yurishining bayoni» («Opisanie Xivinskogo poxoda 1873 g.») nomli kitobida u haqda ma’lumotlar bor. Makgaxanning ingliz tilidan tarjima qilinib, 1875 yilda Moskvada chop etilgan «Voennыe deystviya na Oksuse i padenie Xivы» («Oksusdagi harbiy harakatlar va Xivaning taslim bo‘lishi») kitobida ham Komil faoliyatiga maxsus to‘xtalingan. «Turkiston viloyatining gazeti» muharriri N.Ostroumovning u haqdagi qaydlari XIX asrning 80-90-yillarida bitilgan.
O’zbek xalqi madaniy merosiga nigilistik qarashlar to‘la hukmron bo‘lgan sho‘ro tuzumining dastlabki o‘n yilliklaridayoq Moskvada nashr etilgan ikki kitobda Komilning musiqa sohasidagi ishlari xususida qiziqarli mulohazalar bayon etilgan edi.
XIX asr manbalarining aksariyatida, jumladan, Ogahiyning «Gulshani davlat», Muhammad Yusuf Bayoniyning «Shajarayi Xorazmshohiy», Ahmad Tabibiyning «Majmuatush-shuaro» kabi asarlarida Komilning otashzabon shoir va tadbirkor davlat arbobi sifatidagi faoliyati yuqori baholangan.
Sho‘ro davrida Komil she’riy merosi dastlab 1945 yili O. Sharafiddinovning «O’zbek adabiyoti tarixi» xrestomatiyasi, oradan ikki yil o‘tgach «O’zbek poeziyasi antologiyasi» orqali keng o‘quvchilar ommasiga yetkazildi. Adabiyotshunos Mahmudali Yunusovning Komil ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasi ham shu yili yoklandi, 1958 yili kitob holida nashr etildi. 50-yillardan boshlab Komil hayoti va ijodi maktab va oliy o‘quv yurtlari dastur, darslik va qo‘llanmalariga kiritildi. Jumladan, G’.Karimovning oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari uchun tuzgan darsliklarida Komil hayoti va ijodiga alohida o‘rin ajratildi. 1980 yili bosilib chiqqan «O’zbek adabiyoti tarixi. Besh tomlik»ning 5-tomida ham «Muhammadniyoz Komil» deb ataluvchi maxsus qism bo‘lib, u A. Hayitmetov qalamiga mansub. Bundan tashqari, olimning Komil hayoti va ijodining turli jihatlariga bag‘ishlangan bir necha maqolalari e’lon qilingan.
XIX asrning 80-yillari boshida Xivada litografiya ishga tushirilgan chog‘danoq Komil asarlari chop etila boshladi. Shoir devonlari to‘ldirilgan, qayta ko‘rilgan hodda besh marta, Toshkentda esa 1909 yilga kelib «Devoni Mavlono Komil maa tavorixi shohoni Xorazm» nomi bilan nashr qilindi. Sho‘rolar davrida bu ish ancha kechikib amalga oshirildi, ya’ni 1961 yili uning «Tanlangan asarlar»i, 1975 yili «Devon»i nashrdan chiqdi.
Hayot yo‘li
Muhammadniyoz Komil 1825 yili Xivada tug‘ildi. Otasi Abdulla oxund madrasada mudarrislik qilgan. Muhammadniyozga pahlavon laqabi bolalik chog‘ida erkalatib emas, balki navqiron yigit yoshlarida jang maydonlarida ko‘rsatgan ajoyib jasoratlari e’tirofi sifatida berilgan. Komilning chindan ham namuna bo‘larli jasoratlar ko‘rsatgan, o‘ta tadbirkor sarbozboshi bo‘lganligi haqidagi Muhammad Yusuf Bayoniy ma’lumotlari buni tasdikdaydi. «Shajarayi Xorazmshohiy»da yozilishicha, Xiva xonining dushmani bo‘lmish yovmitlarning zabardast pahlavoni va usta mergani Qoraboloq nomli sarkardaga hech kim bas kela olmay turgan tang bir vaziyatda Komil o‘z qudrati, jasorati va tadbirkorligi bilan uni yengib, orqaga qaytishga majbur qiladi va Matmurod devonbegining marhamatiga sazovor bo‘ladi.
Komil dastlab eski maktabda, so‘ngra Xiva madrasalaridan birida ta’lim oladi. Otasi vafotidan so‘ng iktisodiy tanglik vajidan o‘kishni birmuncha vaqtga kechiktirib, savdogar bobosi Xo‘jash mahram xizmatida qoyim turadi va keyinroq uning moddiy yordami bilan tahsilni nihoyasiga yetkazadi.
Talabalik davridayoq she’rlari el nazariga tushadi. Natijada uni Xiva xoni Sayid Muhammadxon saroyga, mirzalik lavo-zimiga taklif etadi. Muhammad Rahimxoni Soniy hukmfarmoligi davrida esa Komil tez orada mirzaboshilik lavozimiga tayinlanadi. Rusiya imperiyasi Xiva xonligini bosib olish uchun urush boshlagan 1873 yili Komil xuddi shu mansabda edi. Davlat arbobi sifatida Komilga avvalo tasalli bergan, keyinchalik esa boshiga ko‘pdan-ko‘p kulfatlar yog‘ilishiga sabab bo‘lgan voqealar o‘sha davrlarda ro‘y beradi. Gap shundaki, chor Rusiyasi Xivaga yurish boshlagunga qadar butun Dashti Qipchoq (jumladan, Turkiston, Avliyoota, Chimkent)ni, Toshkent, Xo‘jand, O’ratepa, Jizzaxni va nihoyat Samarqandni g‘oyat shafqatsizlik bilan qonga botirib, bosib olgan, minglab begunoh kishilarning yostig‘ini quritgan edi. Xiva xonligidagi saroy a’yonlari bosqinchi rus armiyasining qurol-yarog‘i ham, professional tayyorgarlik darajasi ham o‘zlarinikidan ancha yuqori ekanini, unga teng kelishning amalda iloji yo‘qlgini yaxshi bilishardi. Dushman qo‘shiniga qarshi ochiqchasiga urushishning faje’ intihosi ma’lum edi.
Xiva xonligi saroyidagi amaldorlar yurt ustiga yogshrilib kelayotgan bosqinchilarga munosabat masalasida bir-biridan keskin farq qiluvchi ikki guruhga bo‘linib qoladi. Devonbegi Matmurod boshliq birinchi guruh kuchlar nisbatini hisobga olmay, el-yurtni qonga botirishi muqarrar bo‘lgan jihod tarafdori edilar. Mirzaboshi Komil, xonning maslahatchisi Said Amirqul Umar (ilgarigi xon Said Muhammad Rahimxonning amakisi) va uning hamfikrlari esa yurt imkoniyatlarini to‘la hisobga olgan hodda ish ko‘rish, bosqinchi tomon bilan murosayu madora yo‘lini tutish, shu tariqa huquqlari cheklangan holda bo‘lsa ham xonlikni sakdab qolish fikrida edilar. Keyingi voqealar Komil va uning hamfikrlari haq ekanligini ko‘rsatdi. Turkiston general gubernatori fon Kaufman boshchiligidagi rus qo‘shini oxirigacha jang qilmoqchi bo‘lgan xonlik qo‘shinlarini ular umrida ko‘rmagan bahaybat to‘plardan o‘qqa tutib, qirib tashladi, qanchadan-qancha inson qoni behuda to‘kildi.
Sharoit og‘ir edi. O’sha yili bahorda ruslar Xivani egallagan, xon poytaxtni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan edi. Erkinlikni butunlay berishdan ko‘ra yarim-yorti saqlab turish ma’qul topildi. Natijada, 1873 yilning 12 avgustida Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlog‘ida Rusiya bilan Xiva xonligi o‘rtasida shartnoma tuzildi. Bu shartnoma tarixga «Gandimiyon shartnomasi» nomi bilan kirdi. Unga ko‘ra, Xiva xonligi o‘sha sanadan e’tiboran vassal bo‘lib qolar va xonlik hududida rusiyaliklarga qator imtiyozlar berilar edi. Shu yo‘l bilan Xivaning to‘pga tutilib, vayron etilishi, bo‘lajak harbiy-ma’muriy tartiblar oldi olindi. Ozroq muddatga bo‘lsa-da, mahalliy idora saqlandi. Shuning asosiy tashkilotchisi Muhammadniyoz (Komil Xorazmiy) edi.
Komil faoliyatining bu jihati o‘z yurtidagi va xorijdagi siyosatdonlar e’tiborini tortdi va ular tomonidan aksar hollarda yuksak baholandi. Chunonchi, Xiva xonligidagi 1873 yil voqealari haqida ingliz tilida maxsus kitob chop ettirgan Makgaxan Komilning sulhparvar va tadbirkor kishi ekanini ta’kidlasa, Xiva xonligiga qarshi janglarda bevosita ishtirok etgan F.Lobosevich uning to‘g‘risida bunday yozgan edi: «Matniyoz xonlikning og‘ir, kulfatli paytlarida, Xiva aholisi hayot-mamoti hal bo‘layotgan bir vaqtda butun kuch-quvvatini sarflab, bekorchi g‘azab va jahlni bosishga, anglashilmovchiliklar sababini aniqlashga va yuzaga kelgan ixtilof yaxshi natijalar bilan tugashiga harakat kildi. Matniyozning bu vaqtda o‘z Vataniga ko‘rsatgan xizmati beqiyos katta bo‘ldi».
Shunisi ham borki, 1873 yil qirg‘inbarotini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan ba’zi mahalliy muarrixlar ancha keyin bitilgan asarlarida Komilning bu davrdagi faoliyatiga birmuncha salbiy mu-nosabatda bo‘lganlar. Bu hol Bayoniy va Laffasiy asarlarida ko‘proq seziladi. Ammo o‘sha davrdagi o‘ta og‘ir ahvol chuqurroq mulohaza qilib ko‘rilsa, Komil tutgan yo‘l el-yurt manfaatiga muvofiq kelganligi ma’lum bo‘ladi. Chindan ham Xiva xonligi vassal sifatida bo‘lsada saqlanib qolganligi, yurtga Muhammad Rahimxoni Soniydek tiniq fikrli, mudabbir, ma’rifat homiysi yetakchilik qilgani tufayli vohada ilm-fan, ma’rifat, adabiyot va san’at, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish, asrlar bo‘yi saqlanib qoladigan noyob qurilishlarni amalga oshirish uchun muayyan imkoniyatlar vujudga keldi. Avvallari xonlikda umuman bo‘lmagan yangicha maktablar, shifoxonalar, suratxona, bosmaxona singari ma’naviyat o‘choqlari paydo bo‘ldi. Ana shularning hammasida o‘ttiz yildan ortiq davr mobaynida xon saroyining nufuzli kishilaridan bo‘lmish Komilning ham o‘ziga yarasha ulushi bor, albatta.
1873 yil voqealaridan so‘ng surgunga jo‘natilgan Matmurod devonbegi o‘rniga tayinlangan Komil xonlikning Rusiya imperiyasi bilan munosabatlarini sozlash, poytaxt korchalonlarining beboshliklarini jilovlash sohasida muhim ishlarni amalga oshirdi. Biroq oradan yetti yil chamasi vaqt o‘tib, Muhammad Ra-himxon o‘z sobiq devonbegisi Matmurodni Kaluga surgunidan ozod qildirib, yana avvalgi mansabiga qo‘ygach, Komil mirzaboshilik lavozimiga tushiriladi. Bu hol unga qattiq ta’sir qiladi. Matmurod boshliq eski muxoliflarigina emas, mustamlaka ma’muriyati ham unga nisbatan yomon munosabatda bo‘ldi. Hatto Komilning Xiva xonligi va Rusiya imperiyasi munosabatlarini sozlash yo‘lidagi fidoyiligi ham qadrlanmadi. U kamsitildi, tahqirlandi. Komilga mustamlaka amaldorlarining bunday munosabati rus qo‘shinlari Xivani bosib olgan dastlabki kunlardanoq boshlangan edi.
Xiva xonligidagi 1873 yil voqealaridan o‘n sakkiz yil keyin Komil Toshkentga kelganida u bilan uchrashib, uyida mehmon qilgan N.Ostroumov kundaliklarida shunday qaydni o‘qiymiz: «Suhbat Xiva xususida bordi, — deya qayd qiladi kundalik sohibi, — sobiq bosh inspektor Kunni esladik. Kunni mirzaboshi o‘z buyruqlariga salgina qarshilik ko‘rsatgudek bo‘lsa, Xivaning qozikaloni ketidan Sibirga jo‘nataman, deb qutqu soluvchi amaddor sifatida ta’rifladi». Ba’zi manbalarda go‘yo Komil bilan ijodiy hamkorlik qilgan qadrdon kishi sifatida ko‘rsatilgan A.Kun unga shunday ko‘ngilsiz munosabatda bo‘lgach, general gubernatorlikdagi boshka amaddorlarning munosabati o‘z-o‘zidan ayon. Chindan ham umrining oxirlarida qattiq ko‘z kasaliga yo‘liqib, dardiga davo istab kelgan Komilga mustamlaka ma’murlari qanchalar loqayd munosabatda bo‘lganliklari, yig‘lay-yig‘lay o‘z yurtiga qaytib borib, tez orada hayot bilan vidolashganligi o‘sha davr tarixiy manbalarida qayd etilgan. Komil 72 yoshida, 1897 yili vafot etadi. Bu xususda zamondoshi muarrix Laffasiy o‘z tazkirasida quyidagicha yozadi:
«Komil parishonhol bo‘lganidin g‘amu hasratlar tortib, na-tijada ikki ko‘ziga qora suv kelib, ojiz bo‘lib qoladur. Komil parishon ahvol, ko‘zidan ayrilib betoblig‘ bistarig‘a bosh qo‘yub, Xiva tabiblarig‘a bir necha muolaja qildirsa-da, hech foyda bermay, balki avvalgidan yamonlashdi. Shul sababli, Komil xondin ruxsat olib, Toshkandg‘a borib ko‘zini do‘xturlarg‘a muolaja qildiradur. Ammo ko‘zning og‘rig‘i kundan-kun shiddatlig‘ bo‘lg‘an holida, hech bir natija hosil qilmay, Komil Xivaga qaytib keladur. Dog‘i ko‘zining dardi avvalgidan shiddatlig‘ bo‘lg‘onin bayon qilib, xong‘a arza beradur. Xon dog‘i anga tasalliyi xotir bo‘lg‘udek hech bir marhamat-iltifotlar qilmaydur. Ammo mirzaboshilig‘ mansabin o‘g‘li Muhammad Rasulboyg‘a marhamat qiladur. Komil juda ham dard chekib, shikasta xotirlikda asholi xastalikg‘a duchor bo‘lub, uch kun muddat yostuqqa bosh qo‘yub, 1315 yil, it yilida 72 yoshida yuz ming nadomatlar bilan oxiratg‘a safar qiladur». Sinxron jadvalga ko‘ra 1315 hijriy yili milodiy 1897 yil 2 iyunidan 1898 yil 21 maygacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. Muchal hisobicha it yili 1897 yil 21 martdan boshlangan. Laffasiy Komil vafot etganida 72 yoshda bo‘lganini aytishiga qaraganda, u 1897 yili dunyodan o‘tgan.
Komil xattotlik bilan ham muntazam shug‘ullandi. Qo‘lyozmalarni ko‘chirish, kitob tayyorlash ishlarida faol qatnashdi. Ustoz Muhammad Panoh, Xudoybergan Muhrkon devon, Muhammad Sharif arro devon, Matyoqub Xarrot devon kabi shogirdlar yetkazdi. Uning o‘g‘li Muhammad Rasul ham yaxshigina xattot edi. «Mirzo» taxallusi bilan she’rlar yozgan, devon tuzgan shoir edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Komil Xorazmiy uch marta Moskva, Peterburg shaharlarida bo‘lgan. Birinchisi 1873 yilga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi marotaba 1883 yili Muhammad Rahimxon Soniy - Feruz boshchiligidagi 17 kishilik hay’at tarkibida, uchinchi marta esa 1891 yili Asfandiyorxonga hamroh bo‘lib borgan. Dastlab 1891 yilda, so‘ngroq 1896-1897 yilda Toshkentga sayohat qilgan. Shuningdek, uning she’rlarida Afg‘oniston safari, jumladan, Buxoro orqali Mozori Sharifga, undan G’aznaga borgani haqida ma’lumotlar uchraydi.
Poetik merosi
Komil zamonasidayoq shoir sifatida katta e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Masalan, taniqli shoir Rojiy uni o‘ziga ustoz biladi, nomini Ogahiy bilan yonma-yon qo‘yadi:
So‘z kamolidin Rojiy ogoh ersa tong yo‘qkim,
Bor anisi damsozi Ogahiy bila Komil.
Shunga yaqin satrlarni XX asr shoirlaridan Partavda ham uchratish mumkin. U 30 yoshlarida Ogahiydek shoirning e’tiboriga tushdi va nomi «Gulshani davlat» asariga kiritildi. «Navras fikr va toza tab’ shuarodin fazl va hunar ahli arosinda mumtoz Pahlavonniyozkim, fozillar guruhi ichra taxallusi Komildur»,— deb tanishtiradi o‘quvchiga uni Ogahiy. 1880-1881 yillarda esa Shayx Sulaymon Buxoriy «Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy» («Chig‘atoycha va usmoniy turkcha lug‘at») da ayrim so‘zlarga izoh berish uchun Komil she’rlaridan ham foydalanadi.
Komil Xorazmiy o‘z she’rlarini to‘plab, devon qilgan. XIX asrning oxiri XX asr boshida tuzilgan bir qator bayoz (to‘plam, antologiya)larda ham she’rlari uchraydi. Devoni shoir hayotligidayoq nashr qilingan. Birinchi nashri 1880—1881 yillarga to‘g‘ri keladi. Xivada toshbosmada (litografiya) bosilgan edi. Ikkinchi marotaba yana Xivada 1895 yili bosildi. Bu nashr oldingiga nisbatan to‘liqroq. Kitob uchinchi marotaba 1909 yilda Toshkentda nashr etilgan. Ayrim she’rlari «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan. Uchala nashr ham Komil she’rlarini to‘la qamrab olmaydi.
Ma’rifatparvarlik lirikasi
Xiva xonligi hayotida Rusiya bosqini munosabati bilan ro‘y bergan voqealar badiiy ijodda, jumladan, Komil ijodida ham o‘z ifodasini topdi. Rusiya Qo‘qon xonligi hududlarini bosib olib, Buxoro amirligi va Xiva xonligini o‘z vassaliga aylantirganidan boshlab o‘lka ijtimoiy-madaniy hayotida ba’zi yangiliklar ham ro‘y bergan edi. Shulardan biri butun Markaziy Osiyoda Komil, Sattorxon, Furqat, Sayidrasul Aziziy, Rojiy Marg‘iloniy kabi ilg‘or ziyolilar tomonidan asos solingan yangicha ma’rifatparvarlik yo‘nalishi va adabiyoti edi.
Bu ziyolilar rus ilm-fani, tili va madaniyatini egallash, shu orqali, birinchidan, o‘zlikni anglashga va tiklashga urinish, ikkinchidan, zamona talablariga javob beradigan millat avlodini yetkazish yo‘lini tutdilar. Bu sohada buyuk omil maktab, matbuot, adabiyot edi. Matbuot yo‘q edi. Maktab va adabiyot esa tamom eskirgan edi. Mana shunday nozik sharoit va buyuk orzu Komil va uning bir qator maslaqdoshlarini mashhur missioner N. Ostroumovning chor hukumati siyosatini o‘rniga qo‘yib kelayotgan o‘zbekcha «Turkiston viloyatining gazeti» bilan hamkorlik qilishga majbur etdi.
Shu tariqa Komilning yangicha ma’rifatparvarlik yo‘nalishidagi bir necha asarlari yaratildi va 1891 yildan boshlab mazkur gazetada e’lon qilindi. Shoirning «Iki sho‘x» radifli g‘azali ushbu yo‘nalishdagi asarlaridan bo‘lib, u mavzu, g‘oya, novatorona ruh va mahorat jihatidan ham ijodkorning bungacha yaratgan asarlaridan keskin farq qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida «Iki sho‘x» radifli she’rning dastxat nusxasi, uning gazeta sahifasiga kiritish uchun tayyorlangan korrekturasi, korrektura us-tiga muharrir tomonidan bitilgan qaydlar hamda she’r qaerda, qanday munosabat bilan dunyoga kelgani xususidagi N.P.Ostroumov kundaligidagi yozuvlar ham saqlanib qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, Komil 1891 yilning 28 avgustidan 13 sentyabrigacha vali-ahd shahzoda Asfandiyorga hamroh sifatida Toshkentda bo‘lgan vaqtida 9 sentyabr kuni shaharning eski shahar qismi boshlig‘i, keyinchalik 1892 yilgi vabo qo‘zg‘olonining asosiy aybdorlaridan sanalib, hibsga olingan va Qo‘qon turmasida halok bo‘lgan In’omxo‘ja Umriyoxo‘ja o‘g‘lining Egarchi mahalladagi hovlisida mehmon bo‘lib, yirik ma’rifatparvarlardan Muhiddinxo‘ja hamda Sharifxo‘ja bilan davrning dolzarb masalalari xususida suhbatlashgan. Undan sal ilgariroq, ya’ni 5 sentyabrda Komilni N.P.Ostroumov o‘z uyiga mehmonga taklif qilgan. Bu yerda Sat-torxon Abdug‘affor o‘g‘li bilan ham suhbatda bo‘lgan. Ostroumov Komilni Toshkent erlar gimnaziyasiga ham olib borib, u yerdagi darsxonalar, o‘quv qurollari, boy kutubxona va boshqalar bilan, tipo-litografiyada esa poytaxt matbaachiligi usullari bilan batafsil tanishtirgan.
«Iki sho‘x» radifli g‘azali shoirning Ostroumov xonadonidagi mehmondorchiliqdan olgan taassurotlari asosida dunyoga kelgan. Zotan Ostroumovning o‘zi she’rning gazetada chop etish uchun tayyorlangan korrekturasi hoshiyasida «Xiva xonining mirzaboshisi Pahlavon Mirzaboshining 5 sentyabrda mening uyimda o‘tkazgan kechasidan xotira tarzida yozgan she’ri» degan qaydni qoldirgan.
Gazeta muharriri o‘z uyida Komilning mehmon bo‘lgani xususida kundalikka ancha qaydlar bitgan. Bu qaydlar «Iki sho‘x» radifli g‘azal qaysi kuy va xonishlar bilan, qaysi musiqa asbobida, kim tomonidan ijro etilganligi, ulardan shoir qanchalar ta’sirlanganligi xususida ma’lumot berishi jihatidan, ayniqsa, qimmatli: «Choydan keyin biz mehmonxonaga o‘tdik, - deb yozadi N.Ostroumov, Pahlavon Mirzaboshi divanda o‘tirib, katta qizimning royal chalishini tingladi. U xivacha hamda forscha kuylarni, «Qiz munojoti» va boshqa ba’zi pesalarni chalib berdi. Qariya musiqani va rus xalqining ba’zi qo‘shiklarini diqqat bilan tingladi».
Yevropa va sharq musiqa merosidan ba’zi namunalarni, rus xalq qo‘shiqlarini fortepyano jo‘rligida tinglash, chamasi, Ostroumovning ikki qizi ijro etgan bal raqslarini tomosha qilish natijasida yaratilgan «Iki sho‘x» radifli g‘azalning shoir asarlari nashriga kirmagan muallif dastxati asosidagi matni quyidagicha:
Solurdi g‘amza xadangin kamona ul iki sho‘x,
Mani ul o‘qg‘a qilurlar nishona ul iki sho‘x.
Ham iki gul kibi bir shoxdin ochilmishlar,
Qilur navosini ham bulbulona ul iki sho‘x.
Eshitsa bandasi bo‘lg‘usi Zuhrou yana Bahrom,
Rubobu chang ila tuzsa tarona ul iki sho‘x.
Boqib jamolig‘a yuz til bila fig‘on aylar,
Yetursa ilkini fartapiyona ul iki sho‘x.
Qilurda nola araqdin iki yuz bo‘lub gulfom,
Ko‘zumdin ayladi qon yosh ravona ul iki sho‘x.
Quchoqlashib bo‘ladur bir-biriga juft andoq,
Ki toqupo‘sti Iramg‘a dugona ul iki sho‘x.
Agarchi husnda ma’shuqi ahli olamdur,
Valek nola qilur oshiqona ul iki sho‘x.
Parilar erdimukin, uchtilar ko‘zumdin yo,
Farishta erdimu charxi oshyona ul iki sho‘x.
Birisi Komil bedilg‘adur base matlub,
Agarchi xo‘blar ichra yagona ul iki sho‘x.
N.Ostroumov shaxsiy fondidagi nusxa bilan Komilning qo‘lyozma va toshbosma devonlaridagi matnlarni qiyoslash shuni ko‘rsatadiki, muallif g‘azalning dastxat nusxasini «Turkiston viloyatining gazeti» muharririda qoldirib, Xivaga borgandan so‘ng asar matni ustida qayta-qayta ishlagan, deyarli har bir baytga o‘zgartirishlar kiritgan. Ayni vaqtda, Komilning yangicha ma’rifatparvarlik qarashlari alohida mahorat bilan namoyish etilgan quyidagi ikki muhim baytni undan tushirib qoldirgan:
Boqib jamolig‘a yuz til bila fig‘on aylar,
Yetursa ilkini fartapiyona ul iki sho‘x...
Quchoqlashib bo‘ladur bir-biriga juft andoq,
Ki toqupo‘sti Iramg‘a dugona ul iki sho‘x.
Bu ikki baytning aloxdda ahamiyati shundaki, Komil badiiy san’atlardan zo‘r mahorat bilan foydalanib, mahbubaning nozik barmoqlari sehri bilan dardli kuylar taratayotgan fortepyanoni ma’shuqa jamoliga boqib fig‘on chekayotgan bag‘ri qon oshiq sha-moyilida gavdalantiradi. Mislsiz novatorona manzara va holat yaratadi. Ikkinchi baytdagi bir-birining bag‘riga jo bo‘lib, haro-ratli raqs ijro etayotgan ikki go‘zalni Eram boganing chirmashiq gullariga o‘xshatib, o‘ta ko‘rkam va o‘ziga xos tashbih qo‘llaydi. Yuqoridagi ikki baytda fortepyano iborasining ishlatilishi, Yevropa turmush tarziga xos raqsning bunchalar mahorat bilan tas-virlanishi Komil she’riyati uchungina emas, balki butun ko‘p asrlik sharq she’riyati uchun yangilik edi. Baytlarning keyinchalik Komil devonlariga kiritilmay qolishiga kelsak, she’rda ifodalangan fortepyano va yevropacha raqs tushunchasi hali u vaqtlarda Xiva xonligida umuman bo‘lmaganligi sababli ular o‘quvchi tasav-vuriga singmay qolishi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak.
An’ana va mahorat
Sharqda devon tuzish ma’lum an’anaga ega edi. Jumladan, she’rlar dastlab janrlar bo‘yicha (g‘azal, ruboiy, tuyuq kabi), so‘ng esa ularning har biri ichki alifbo tartibi (qaysi harf bilan tugashiga qarab) bilan joylashtirilgan. She’rlarning, chunonchi g‘azallarning g‘oya va yo‘nalishi, mavzu-mazmuni ham belgilab qo‘yilgan edi. G’azal aksariyat ishq haqida yoziladi. Ishq esa ikki mazmunni: «ishqi ilohiy», «ishqi majoziy»ni anglatadi. Birinchisi Olloh ishqi, Xudoni sevish, ikkinchisi yerdagi go‘zalga oshiqlik edi. Har ikkisining ifoda vositalari, obraz timsollarida o‘xshashlik bor. Qolaversa, tasavvuf ta’limoti bo‘yicha, borliq, inson yoki go‘zal yor ham Haq jamolining jilvasi. Demak, unga muhabbat Ollohga bo‘lgan ishq darajasiga yetishi kerak.
Shoirlar o‘z salohiyatlarini ko‘proq mana shu doirada namo-yish etar edilar. Komil g‘azallarida ham bu mavzu keng o‘rin egallaydi.
«Ayn»u «shin»u «qof»inga to bo‘ldi ko‘nglum mubtalo
«Dol»u «ro»u «dol»u hajringdin dame erman judo,-
deb boshlanadi shoirning bir g‘azali. Ya’ni «ayn», «shin», «qof»— «ishq»inga ko‘nglum mubtalo bo‘lganidan buyon «dol», «ro», «dol»— «dard»u hijroningdin bir nafas (dame) ham xoli emasmen, demoqda shoir. She’r boshdan oxirigacha shu tarzda harflar o‘yini bilan davom etadi. Bunday usulni sharq she’r ilmida kitobat san’ati deganlar. Mana, yana bir bayt:
Yuzung mushafi sharhi o‘lg‘ay necha –
Kitobu kitobu kitobu kitob.
Mushaf Qur’ondir. Shoir yor yuzini muqaddas Qur’on sahifasiga tashbih etyapti. U sharh etilgudek bo‘lsa, necha-necha kitob bo‘ladi, demoqchi. Mazmunda ilohiy ishq jilva qilyapti. Muayyan so‘zning muayyan o‘rindagi takrori ham san’at. Bunday usulni mu-karrar san’ati deydilar. U kerakli fikrni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shoir yor ta’rifida an’ana izidan borib, chiroyli tashbihlar, manzaralar yaratdi:
Jonbaxsh la’ling ustida ul xoli hindularmudur,
Yo chashmai hayvon uza zog‘i siyahmo‘larmudur.
La’l — qizil qimmatbaho tosh, yoqut. Uni shoirlar yorning labiga qiyos qilganlar. Bu la’l oshiqqa jon bag‘ishlaydi. Shuning uchun u jonbaxsh. Qora xolni «xoli hindu» deganlar. Shoir yorning labi ustidagi qora xolini ta’rif etmoqda. Hindu qo‘riqchi ma’nosida ham keladi. La’lni (qimmatbaho narsani) qo‘riqlash uchun qo‘yilgan posbon ma’nosi ham bor.
«Chashmai hayvon» — hayot suvi. Bir ichgan kishi aslo o‘lmaydigan obihayot. Zog‘i siyahmo‘ — qora qarg‘a. Lab va uning ustidagi xol obihayot va uning bo‘yidagi qora qarg‘aga tashbih etilyapti.
Shoir yor siymosi—timsolini beryapti. Jumladan, lab va xolini ta’rif etyapti. Ta’rif boshdan oxirigacha tashbih (o‘xshatish) asosiga qurilgan, «mudur» qo‘shimchasi esa unga so‘roq ma’nosini beradi, «yo» ayiruv bog‘lovchisi so‘roqqa yangi ma’no yuklaydi. Shoir go‘yo galga soladi: undaymikin, bundaymikin, — deyayotgandek bo‘ladi. Ya’ni: jon bag‘ishlovchi labing ustidagi qora xolmidir yoki obihayot bo‘yidagi qora qarg‘ami? Bunday usulni tajohuli orif (bilib bilmaslikka olish) deydilar. Shoir ikki fikrni o‘rtaga qo‘yib, bittasini aniqlashtirmoqchidek tuyuladi. Lekin aslida ikkala fikrni ham tasdiqlatib oladi. Tajohuli orif she’riyatda keng tarqalgan poetik san’atlardan.
«Ahbob» («Do‘stlar») radifli g‘azalida umrning g‘animatligi, do‘stu yorning qadriga yetmoq kerakligi haqida gap ketadi. She’r shunday boshlanadi:
Tugunglar bir-birovning suhbatini mug‘tanam, ahbob,
Ki barcha bo‘lg‘umiz navbat bilan bir-bir adam, ahbob.
She’rni o‘qir ekanmiz, buyuk Navoiyning:
Ki bir kun bo‘lurmiz adam, ey rafiq,
G’animat tutoli bu dam, ey rafiq, -
degan satrlari yodga tushadi. She’rni o‘qiy boshlaymiz. Xo‘sh, nima qilmoq kerak, degan xayol bizni bezovta qila boshlaydi. Komil «Oftob» radifli she’rida bu fikrni davom ettirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shohga murojaat qiladi:
Ey shoh, g‘arra bo‘lma jahon taxtu johiga,
Gar bo‘lsa afsaring qamaru gavhar-oftob.
(Ey shoh, boshdagi tojing oyu, uning gavhari — oftob bo‘lganida ham bu dunyoda taxtu boyligishta bino qo‘yma, mag‘rurlanma.) Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Yo‘l bitta. Har bir narsadan ibrat olmoq zarur. Umrni qadrlamoq, yaxshilik yo‘lida sarf etmoq kerak. Do‘stlikning qadriga yetmoq lozim.
Qani buni eshitadigan odam? Qani ajdodlar tarixidan xulosa chiqaradigan avlodlar?
Hubbi dunyo baski, Komil, kar qilibdur xalqni,
Hech kim olmas quloqg‘a durri shahvori hadis.
(Ey Komil, mol-dunyo hirsi xalqni shu qadar kar kilibdurki, hech kishi hadis atalgan shahvor durni qulog‘iga olmaydi.) Ko‘rin-yaptiki, Komil tasavvuf bilan bir kdtorda axloq, pand-nasihat masalalariga ham alohida diqqat qiladi.
Komil lirikasida muhabbat mavzui ayricha o‘rin tutadi. Komil bu mavzuda g‘azal, murabba’, muxammas, mustazod, masnaviy, musabba’ va boshqa shakllarda ko‘plab asarlar yaratgan. Shoirning «Turkiston viloyatining gazeti»da 1891 yil 6 sentyabrda e’lon qilingan dastlabki uch she’ri shu mavzudagi asarlardan iborat ekani xarakterlidir. Sharq mumtoz she’riyatining eng yaxshi an’analari ruhida kamol topgan bu ulkan qalam sohibining muhabbat lirikasida, bir tomondan Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiy kabi azamat shoirlar yaratgan she’riy timsollardan mahorat bilan foydalanilsa, ikkinchi tomondan, ularda Komil qalamigagina xos bo‘lgan noyob timsollarni, xilma-xil badiiy kashfiyotlarni ko‘ramiz.
She’riy asar sohibining mahorati, odatda, o‘zidan oldingi yirik san’atkorlar kashf etgan timsollarning ular nigohidan pinhon qolgan yangi jihatlarini ochishdan iborat bo‘lsa, balo-g‘at cho‘qqisiga ko‘tarilgan chog‘larida ular o‘sha oldingi yirik san’atkorlardan meros qolgan timsollarni inkor etish, ularga aks tarafdan yondoshish orqali ham o‘quvchi qalbini rom etadilar. Navoiyning «Bo‘lmangiz» radifli mashhur g‘azaliga tax-mis bog‘lagan Komil har bandda ulug‘ shoir g‘azaliga shunday mis-ralarni zargarona payvand qiladiki, natijada ular bitta qalam sohibi ijodining mahsulidek yangraydi. Bu hol taxmis bog‘lagan shoirning ulkan mahoratidan, o‘z salafi egallagan yuksak cho‘qqiga ko‘tarila olganidan dalolatdir. Mana o‘sha bandlar:
Olam ahlidin vafo osorini qilmang gumon,
Naqd umrim sarf etib qildim alarni imtihon,
Uzlat istab ahli olamdin qoching boricha jon,
Oshnolig‘ aylabon o‘z joningizg‘a har zamon,
Boisi yuz ming balou mehnatu g‘am bo‘lmangiz.
Garchi Komil bo‘ldi furqatdin alil, ey, ahdi vasl,
Hajr o‘tig‘a tushti andog‘kim Xalil, ey, ahli vasl,
Lek topti yor vaslig‘a dalil, ey, ahli vasl,
Gar Navoiy hajr aro bo‘ldi zalil, ey, ahli vasl,
Endi navbat sizgadur, muncha muazzam bo‘lmangiz.
Komilning:
Ohkim har kimg‘a molu jonimi qildim fido,
Qildilar yaxshilig‘img‘a ming yamonlig‘ borho, —
matla’i bilan boshlanadigan bir g‘azali buyuk Navoiyning:
Kimga jonimni fido qildimki, jonim qasdig‘a
Har tarafdin yuz tuman tiyg‘i jafosin ko‘rmadim, -
baytidagi inson qalbi qa’riga yashiringan alamli tuyg‘ularni cheksiz iztirob bilan ifodalashda buyuk ustozga munosib shogird ekanligini ko‘rsatadi.
Fuzuliyga tatabbu tarzida bitilgan bir g‘azalida Komil:
Sunbul erurmu sarvg‘a chirmashib o‘sgan bog‘ aro,
Yoxud chirmashgan qadingga shabrang gisularmudur?
Hayroni diydoring bo‘lub turmish qoshingda xo‘blar,
Yo‘q ersa ko‘yg‘on o‘tru mashshota ko‘zgularmudur? -
misralarini bitarkan, mahbuba qaddini qurshab turgan o‘rim sochlarni bog‘da sarvga chirmashib o‘sgan sunbulga, yor husniga hayron bo‘lib turgan go‘zallarni uning husnini yanada jilolantirish uchun jam bo‘lgan mashshotalarga o‘xshatadi va Fuzuliyga munosib o‘ziga xos noyob tashbihlar yaratadi.
Komilning betakror san’atkorlik mahorati uning kuylar bastalanib, yuz yildan ortiq muddat ichida eng mashhur xonandalar tomonidan xonish etilib kelinayotgan g‘azal va muxammaslarida yana ham yaqqol namoyon bo‘ladi. «Qo‘qon ushshoqi»ga solinib, tinglovchilar orasida, ayniqsa, keng shuhrat qozongan:
Yuzung firoqidin, ey rashki mehri raxshonim,
Qorong‘udir kecha-kunduz bu baytul ahzonim, -
matla’li g‘azali ham go‘zal she’riy kashfiyotlar yaratilganligi bilan ajralib turadi.
Bo‘lur ko‘zimg‘a gul - o‘t, sarv - o‘q chaman ichra,
Nedinkim qaddu yuzingdur meni gulistonim.
Yuzung quyoshidin ayru gar o‘lsa yuz xurshid,
Munavvar o‘lmoqi mumkin emas shabistonim, -
baytlarining birinchisida mumtoz she’riyatdagi an’anaviy tim-sollar: ya’ni mahbuba ruxsorining gulga, qaddining shamshodga tashbih etilganligi Komilni aslo qanoatlantirmaydi. Oshiq -muallifning idrokicha, chamanda gulu sarv bo‘lsayu mahbuba bo‘lma-sa, bu chaman chaman emas: u gulni o‘t-o‘lan, sarv og‘ochini esa o‘q sifatida qabul etadi, chunki mahbubaning ruxsoriyu qaddi bo‘lsagina chaman chaman bo‘la oladi. Ikkinchi bayt ham mumtoz she’riyatdagi ko‘rkam timsollardan birini, ya’ni mahbuba chehrasining olamni munavvar etuvchi quyoshga tashbih etilishini keskin rad qilishi bilan e’tiborga loyiq. Shoir fikricha, qorong‘u kechani yoritishga qodir yagona quyosh - yor yuzining quyoshi bo‘lmasa, olamni nurga to‘ldiruvchi yuzta quyosh baravar osmonga chiqsa ham oshiqning zulmat kechasini yoritishga qodir emas. Bu Komil she’riyati uchungina emas, balki butun mumtoz she’riyatimiz uchun ham yangicha talqindir.
Xorazmlik buyuk xonanda Komiljon Otaniyozovdan boshlab yuzlarcha hofizlarning eng sevimli xonishlaridan biri Komil qalamiga mansub «Kimni sevar yorisan» nomli sho‘xshang qo‘shiqdir. Undagi:
Qaysi falak burjini mehri pur anvorisan,
Qaysi sadaf durjini gavhari shahvorisan,
Qaysi Xo‘tan ohusi, nofai totorisan,
Qaysi chamanzorni lolavu gulnorisan,
So‘yla mang‘a, ey sanam, kimni sevar yorisan?
Qomatinga bandadur bog‘ aro sarvi ravon,
La’l labing rashkidin g‘uncha erur bag‘ri qon,
Chunki chaman sahnida bo‘lsa yuzung gulfishon,
Nolasin aylar fuzun bulbuli bexonumon,
So‘yla mang‘a, ey sanam, kimni sevar yorisan?
Ayshu nashot istabon g‘amga duchor o‘lmag‘on,
Mehringa dil bastayu zoru nizor o‘lmag‘on,
La’li labing shahvdg‘a bormu xumor o‘lmag‘on,
Dahr aro yo‘qtur sang‘a oshiqi zor o‘lmag‘on,
So‘yla mang‘a, ey sanam, kimni sevar yorisan? -
bandlarida, bir tomondan, mumtoz she’riyat an’analarini rad etish orqali yangi timsollar yaratilsa, ikkinchi tomondan, unda: «Dahr aro yo‘qtur sang‘a oshiqi zor o‘lmag‘on» singari o‘ta ehtirosli va original misralar uchraydi.
Xullas, Komil o‘z mahoratining yuksakligi jihatidan ham ko‘p asrlik mumtoz she’riyatimizda salmoqli o‘rin tutadi.
Komil devonidan ruboiy, mustazod, murabba’, muxammas, musabba’, muammo kabi poetik janrlar ham o‘rin olgan. Muxammaslari Navoiy, Munis, Ogahiy, Feruz, Rojiy g‘azallariga bitilgan. Shoir aruz vaznining imkoniyatlaridan keng foydalandi. Chunonchi, unda boshqa shoirlarda uchramaydigan uzun vazn— bahri tavilni ham ko‘ramiz.
Ijtimoiy lirika
Komil ijtimoiy lirikasida jamiyatdagi, ayniqsa, shoir faoliyat yuritishga majbur bo‘lgan saroy muhitidagi ilm-hunar ahliga, sof qalbli insonlarga nohaq munosabat, ularni ta’qib va tahqir etish hollari zo‘r iztirob bilan tasvirlanadi. Zotan, Komilning o‘zi ham el-yurt tinchligi, adolat tantanasi uchun olib borgan fidokorona ishlari uchun xon atrofidagi qora kuchlar, ba’zi hollarda esa xonning o‘zi tomonidan ham ruhiy azoblarga solingan edi. Komil o‘ziga nisbatan bunday nohaq munosabatdan iztirobga tushib, xonga haqiqiy ahvolni bayon etuvchi «Aylama» radifli g‘azal bilan murojaat etadi. Xon Komilga g‘ayirlik qiluvchi saroy a’yonlari hiylasiga uchib, Komil she’rini Matmurod devonbegining yugurdaklaridan bo‘lmish Ibrohim Sulton ismli shoirga yetkazadi. U o‘z navba-tida xuddi Komil she’rining vazni, qofiyasi, radifi, hatto besh baytdan iborat hajmini ham saqlagan hodda she’riy javob yozadi va javobni Matmurod Komilga yetkazadi. Bu sofdil shoir uchun dard ustiga chipqon bo‘ladi. Zotan Ibrohim Sultonning ja-vob she’rida Komil odobsizlik, hasadgo‘ylik, yurtga zarar keltirganlik va boshqalarda ayblangan edi. «Mirzaboshi (Komil demoqchi) ul abyotni mutolaasidin bir qad uchub, ul abyotni xon hazratlarig‘a berganidin ko‘b nodimu pushaymon bo‘ldi», deb yozadi Bayoniy.
Shundan so‘ng Komil saroydagi sofdil odamlarning halol ishlarini xonga qing‘ir qo‘zguda ko‘rsatuvchilarni hajv qilishning boshqacha, umumlashma timsollar yaratish yo‘lini tanlaydi. Shoirning «Fuzalo» va «Juhalo» radifli keskin g‘azallari shu tariqa dunyoga keldi. Birinchi she’rda Komil:
Yutubon bu zamonda qon fuzalo,
Kulfat o‘qig‘adur nishon fuzalo.
Juhalog‘a qilib mulozimlig‘,
Topmadilar yemakka non fuzalo, —
ikkinchi she’rda esa:
No‘sh etib rishva mayin, yetmay ulus dodig‘a,
Bilmadilar dame oyini adolat juhalo,-
der ekan, bu uning ahli ilm, ahli hunar, poqdomon kishilarga kun bermay, ularga tavqi la’nat urmoqchi bo‘lgan saroydagi qora kuchlarga ochiqdan-ochiq javobi edi. U o‘zi mansub bo‘lgan fuzalo bilan Matmurod, Ibrohim Sultonlar mansub bo‘lgan ju-halo o‘rtasidagi yer bilan osmoncha tafovutni baralla ko‘rsatib berdi. Komilning ana shu yo‘nalishda Nodirabegimning «Ehti-yoj» radifli g‘azali ta’sirida bitilgan «Tama’» va «Ro‘za» radifli she’rlari ham ijtimoiy lirikaning nodir namunalari jumlasiga kiradi.
Toshkent ta’rifi
Komilning yangicha ma’rifatparvarlik yo‘nalishidagi eng yaxshi asarlaridan bo‘lmish «Dar bayoni ta’rifi va tavsifi Toshkand» muallifning 1891 yil avgust—sentyabr oylarida mazkur shaharga safari vaqtida olgan taassurotlari mahsuli. Asar bitilgan sana xususida adabiyotshunoslikda turlicha mulohazalar bildirilgan. Ba’zilar Toshkent haqidagi bu qasidani Komil 1896—1897 yillarda qog‘ozga tushirganini taxmin qilsalar, ayrimlar uni hatto 1898—1899 yillarda yozgan, degan to‘xtamga kelganlar. Asarning «Turkiston viloyatining gazeti»da 1894 yil 8 oktyabrda chop etilganligi yuqoridagi har ikki fikrni ham rad etadi. Bundan tashqari, gazetaning o‘sha sonida asar matni so‘ngida berilgan muallif izohi «Dar bayoni ta’rifi va tavsifi Toshkand» qachon yozilgani ma-salasini oydinlashtiradi: «Maxfiy qolmasunkim, «chashmi sori Toshkand» bir ta’rihdur. Lekin hisobi hamalda ming uch yuz sakson to‘rt bo‘lur. Ammo ta’miya qoidasi birla yetmish to‘rt isqot bo‘lur. Bu tariqadikim, «bay’ad» iborati shunga ishoratdur, 1316 bo‘ladur, yana olti yildin so‘ng muvofiq bo‘lur. Nedinkim, muni mashq aylaganda ta’rixi ming uch yuz o‘nda erdi». Sinxron jad-valga ko‘ra, 1310 hijriy yil milodiy hisobda 1892 yil 26 iyuldan 1893 yil 14 iyulgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. Demak, Komilning bu asari 1892-1893 yillar oralig‘ida yozilgan.
Asarning hajmi salmoqli, yuz satrni tashkil etadi. Janriga ko‘ra - qasida. She’rda an’anaviy «nasib» (lirik boshlanma)dan so‘ng sayohat xabari ma’lum qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’rif va tasnifga o‘tiladi. Shoir ikki marta Toshkentga kelgan edi. Chamasi, har ikki safari ham kuzga to‘g‘ri kelgan. She’rda «ayyomi xazon» manzaralari tasvir etilgan. Shunga qaramay, shahardagi yashillik, so‘lim, farovon bog‘lar, ariqlardagi tiniq, zilol suvlar xastalanib qolgan keksa shoir qalbida turfa tuyg‘ular qo‘zg‘aydi.
Shaharning xazonrez payti shunday go‘zal, xushhavo bo‘lsa, bahori qanday ekan-a, zavqiyob bo‘lib yozadi shoir:
Xush havoluq muncha bo‘lsa, onda ayyomi xazon,
Yo rab, erkandur nechuk fasli bahori Toshkand?!
Toshkent haqida keyingi besh yuz yil davomida Boburdan bugungi Abdulla Oripovgacha ko‘p aytilgan. Ustoz Shayxzoda maxsus doston bitgani ma’lum. Har birining o‘z o‘rni bor. Biz ikki misol bilangina cheklanamiz. Buyuk Navoiyning kichik zamondoshi va vatandoshi Zaynildin Vosifiy umrining katta qismi shu yerda kechadi. U Toshkent bilan ilk uchrashuviny shunday tasvirlagan edi:
«Bir shahar ko‘rdimki, ...atrofida Kaykovus binolaridan chorbog‘lar bo‘lib, undan Eram bog‘ining dilida dog‘i bordur...» Uningcha, Toshkent shunday bir shaharki, o‘zga yurtlardagi pod-shohlikdan bundagi gadolik ulug‘roq. Negaki, uning tuprog‘i tup-roq emas, to‘tiyo, suvi esa obihayotdir. Yo‘q-yo‘q, obihayot emas, undan ham mo‘‘tabarroq, obihayot uning qiyosida xijolatdan zul-matga chekinadi. Ha, uning havosi o‘likka jon bag‘ishlovchi Iso nafasidek, yo‘q, aksincha, o‘sha Isoning o‘zi Toshkent havosini orzu qiladi...
Adib shig‘il mevasini ko‘tarolmay qomati keksa choldek bukilgan serhosil daraxtlarni, dilbarlar yonog‘ini esga soluvchi qirmizi olmalar, sersuv latif shaftolilar, chiniy noklaru jannat mevalaridan ham behroq behilarni zavq-shavq bilan ta’rif etgan edi.
Vosifiydan to‘rt yuz, Komildan 20 yil keyin Toshkentga kelgan «Vaqt» (Orenburg) gazetasining muxbiri Sh. Muhammadyorov 1916 yili shunday yozadi: «Men Toshkentdagiday beadad soya-salqin daraxtlarni, ko‘chalarining har ikki yonida sharqirab oqib turuvchi muzday ariqlarni dunyoning biror yerida uchratish mumkin emas, deb o‘ylayman. Men Parijning bulvarlarini ko‘rdim. Toshkentnikiga o‘xshata olmadim».
Komilning Toshkent ta’rifida aytgan so‘zlari o‘zidan oldingi va keyingi qalamkashlarniki bilan g‘oyat hamohang!
Respublika Markaziy Davlat arxividagi manbalarga qaraganda, Komil 1891 yilgi Toshkent safari vaqtida In’omxo‘ja va Ostroumov xonadonida bo‘lgan chog‘ida o‘sha davrning taniqli ma’rifatparvarlari Sattorxon, Sharifxo‘ja, Muhiddinxo‘ja va boshqalar bilan suhbatda bo‘lib, ulardan shaharning jug‘rofiy bo‘linishi, uning idora qilinishi borasida ba’zi ma’lumotlarni ham olgan edi. Bu ma’lumotlar «Dar bayoni ta’rifi va tavsifi Toshkand»ga kiritilgan bo‘lsa ham, yuqorida nomlari keltirilgan uch ma’rifatparvar nomi asardan o‘rin olmay qolgan. Sababi, Komil Toshkentdan 1891 yil 13 sen-tyabrda jo‘nab ketgan bo‘lsa, oradan to‘qqiz oy chamasi vaqt o‘tib bu yerda «Vabo qo‘zg‘oloni» bo‘lib o‘tgan, qo‘zg‘olon aybdorlari sifatida Sharifxo‘ja Astraxan gubernyasiga uch yil muddatga surgunga hukm qilingan, Muhiddinxo‘ja qozilik lavozimidan bekor qilinib, ta’qib va qiynoqlar ostida qolgan, shuningdek, Sattorxon ham Toshkentdan chiqib ketishga majbur etilgan edi. Shu vajdan Toshkent ma’rifatparvarlik muhitida o‘ziga xos iz qoldirgan Mirzo Abdullo o‘g‘lining nomigina shoirni istirohat bog‘iga taklif etib, unga o‘sha davrdagi e’tiborga loyiq o‘zgarishlardan zavqlanish imkonini bergan kishilar qatorida tilga olinadi:
Yona bir bog‘iki, Maskovda nechukkim Yo‘rmatoj,
Undadi bir necha onda hukmdori Toshkand.
Har kishi gar qilsa istifsor oning nomini,
Mirzo Abdullo erur xizmat guzori Toshkand.
O’tgan asrning 90-yillarida Toshkent Turkistonning siyosiy, iqgisodiy, madaniy markazi sifatida yil sayin yangilanib, yiriklashib bormoqda edi. Jumladan, ko‘chalar kengaytirilib, chiroklar bilan yoritila boshlagan edi. Komil she’rida mana shu yangiliklar ham aks etdi:
Ravshan etgandek sipehr ayvonini sham’i nujum,
Shabni ro‘z aylar charog‘oni fanori Toshkand...
Sayr etarlar anda yuz, ming erkagu qizu juvon,
Barchasi ilmu xiradda nomdori Toshkand.
Yuqoridagi parchada alohida e’tibor berilgan ilmu xirad masalasi shoirning «Kamol» radifli g‘azalida ham muallif bosh maqsadini tashkil etadi. Komil unda, jumladan, shunday yozadi:
Emas kishiga bu dunyada mulk-mol kamol,
Husuli ilm-hunar keldi bezavol kamol.
Shoirning ta’rif etishicha, Toshkent shunday shaharki, g‘ubori (changi) «kuhlul javohir» (qimmatbaho toshdan ishlangan sur-ma) singari «tiyra» (xira) ko‘zlarni ravshan qiladi:
Tiyra ko‘zlarni qilur ravshan tamoshosi aning,
Go‘yiyo kuhlul javohirdur g‘ubori Toshkand.
Xullas, uni hech bir shaharga qiyos qilib bo‘lmaydi:
Loyiq ermas oni tashbih aylamak hech shahrga,
Aylasa har yerga tashbih o‘lg‘ay ori Toshkand.
She’r faqat ta’rifdangina iborat emas. Unda shahar ahli, to‘rt dahadan iboratligi, bog‘lar, imoratlar va ularning quri-lishi, ayrim voqealar taassuroti ham berilgan. Shuningdek, Rusiya va u orqali Yevropadan kirib kelayotgan yurish-turish va axloqqa, madaniyatga oid yangiliklar ham asarda o‘z ifodasini topgan.
Qasida g‘azal shaklida (a—a, b—a, v—a) qofiyalanib, ramali musammani mahfuzda (foilotun foilotun foilotun foilun —V— —/ —V— —/ —V— —/ —V—) yozilgan.
Komil Xorazmiyning ushbu she’ri eski an’anaviy qasida janri vositasida Vatan manzaralarini vasf etish, yangi davr voqealarini o‘quvchilarga yetkazish va bu borada devon adabiyoti imkoniyatlarini namoyish etishda ma’lum ahamiyatga ega.
Komil va musiqa
Komil Xorazmiy musiqa san’atidan yaxshi xabardor bo‘lgan. Yaxshi soz chalgan. Markaziy Rusiyaga, Toshkentga safarlari davomida rus va Yevropa musiqasini ham kuzatgan. Bu kuzatishlar davomida qadim an’anaviy kuylarimizni, shu jumladan, Xorazm musiqasini yozib olish, ya’ni notaga ko‘chirish ishtiyoqi paydo bo‘lgan. Buning uchun eng mashhur soz (asbob)lardan tanburni tanlagan. Shu sababli u xalq orasida «Tanbur notasi» nomi bilan shuhrat topdi. Afsuski, Komil Xorazmiy bu ishni oxiriga yetkaza olmadi. Birgina «Rost» maqomining boshlanish qismini yozib ulgurdi. Uning bu boradagi ishlarini «Mirzo» taxallusi bilan she’rlar yozgan o‘g‘li Muhammad Rasul davom ettirdi. Xorazm «Shashmaqom»ining hammasini notaga ko‘chirdi. Komil yaratgan «Tanbur notasi» ikki katta kitobdan iborat bo‘lib, hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Komil Xorazmiy bir qator kuylar ijod qilib, bastakor sifatida ham shuhrat topdi. «Murabbai Komil», «Peshravi Komil» kabi kuylar uning ijodiga mansub. Bu kuylar «Rost» maqomiga bog‘lab yaratilgan va notaga ko‘chirilgan.
Komilning musiqiy merosi adabiyotimiz va musiqamiz orasidagi qadimdan kelayotgan o‘zaro bog‘lanishlarning yangi davrda ham samarali davom etganini ko‘rsatadi.
Komil-tarjimon Komil Xorazm tarjima maktabining iste’dodli vakillaridan edi. U tarjimon sifatida ham talay ishlar qildi. XVIII asr fors adabiyoti namunalaridan «Mahbubul-qulub» («Ko‘ngullarning sevgani») va «Latoyifut-tavo-yif» («Turli toifalarning latifalari») (XVI asr) asarlarini o‘zbekchalashtirdi.
«Mahbubul-qulub» xalq orasida «Mahfil oro» («Majlisga ziynat beruvchi») nomi bilan shuhrat topgan bo‘lib, ixcham hikoya va latifalar to‘plamidan iborat edi. Muallifi Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiy (adabiy taxallusi Mumtoz)dir.
«Latoyifut-tavoyif» Faxriddin Ali Safiy qalamiga man-sub. «Rashahot» («Qatralar»), «Mahmud va Ayoz» asarlarini ham u yozgan. Safiyning otasi Husayn Voiz Koshifiy Navoiyning za-mondoshi edi. U kitobdagi latifalarning bir qismini qayta ishladi, yangiladi. Eskirganlarini tushirib qoddirdi (452 hikoyadan 345 tasi keltirilgan). Nomini ham o‘zgartirib, «Latoyifuzzaroyif» («Zarif, ma’nodor latifalar») deb atadi. Kitobning butun bir bobi (IX) shoirlar haqida edi. Jumladan, Alisher Navoiy va uning boshqa zamondoshlari ham qalamga olingan.
Xorazmda tarjimachilikning keng yo‘lga qo‘yilishida Xiva xoni Feruzning xizmati katta, albatta. Bu tarjimalarning ko‘pchiligi xonning taklif va tashviqoti bilan yozilgan.
Komilning hayoti notekis kechganidek, tarjimachilik faoliyatida ham esda qoladigan lavhalar ko‘p bo‘lgan. Shundaylardan biri uning «Hasbi hol» she’rida ifodalangan. She’rning nasriy debochasidan ma’lum bo‘lishicha, xon Komilga bir forsiy asarni tarjima qilishga topshiradi. Biroq belgilangan muddatda shoir topshiriqni bajara olmaydi. Xon kitobning bir qismini tarjima etishni shoir Rojiyga buyuradi. Natija shu bilan tugaydiki, tarjima Rojiy nomiga o‘tadi. Xon unga bir hujra va boshqa in’om-ehsonlar beradi. «Hasbi hol» masnaviysi shu munosabat bilan yozilgan.
Komil o‘z davrining yirik davlat arbobi, shoiri, adabiyotshunosi, musiqashunosi va mohir tarjimoni bo‘lish barobarida XIX asrning 80—90-yillarida Xiva xonligida matbaa ishlari rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida 1891 yili safari chog‘ida Komil Xivada maxsus tipografiya tashkil etish maqsadida Toshkentdagi bosmaxona mutaxassislari, harf teruvchilari bilan shartnomalar tuzganligi xususida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Xivada toshbosma va harf terish yo‘li bilan chop etilgan kitoblar orasida uning besh devoni bo‘lganligi ham man-balardan ma’lum. Bundan tashqari, Komil Xivada o‘sha yillarda chop etilgan eng mo‘‘tabar asarlarga, jumladan, Alisher Navoiy «Chor devon»ining mukammal nashriga, «Devoni Xolis» va boshqa kitoblarga puxta so‘zboshilar yozgan.
Komil ijodi va faoliyati, ko‘rib o‘tganimizdek, XIX asr o‘zbek adabiyoti va madaniyatining yorqin sahifalaridan birini tashkil qiladi. U, bir tomondan, o‘tmishdan kelayotgan eng yaxshi an’-analarimizni yangi zamonga olib kelib bog‘lagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi davr masalalariga javob berishga harakat qildi. Adabiyotimizni yangi asarlar bilan boyitdi. O’zbek o‘quvchilarini fors adabiyotining bir qator namunalari bilan tanishtirdi. O’zbek musiqasiga Yevropa notasini olib kirdi. «Xorazm notasi»ni yaratdi.
B. Qosimov, Sh. Yusupov tayyorlagan
Maqsad yuzin hamisha ango ko‘rguzur jahon,
Har kimki, chashmi nuri xiraddin tihi erur.
* * *
Gar oltin qasr esa johing, ulus holig‘a rahm etgil.
* * *
Vasl istama hajr ranji chekmay,
Kim komini topti beriyozat.
* * *
Kima bir xizmat etsam aylagay o‘rnig‘a yuz tuhmat,
Asalg‘a zahru, gul o‘rnig‘a sonchar xor bir soat.
Kimakim oshnolig‘ ayladim izhor bir soat,
Yetar afg‘onki nodon do‘stlarning ixtilotidan.
* * *
Ulki qilmaydur maoni bahriga g‘avvoslik,
Ko‘rmagay minchoqcha gar bo‘lsa duri g‘alton so‘zing.
* * *
Yaxshidur qoni’u qashshoqu g‘ani tama’idin,
Tutti bu vajhdin oini qanoat shuaro.
* * *
Rizou sabr yo‘lida bulung sobitqadam, ahbob.
* * *
Buxl eliga demagil, ey zubdai davron so‘zung,
Hayf etar, qadrini bilmay, siflai nodon so‘zung.
* * *
Tama’ni tark et chiq go‘shai qanoataro,
Sanga yo‘q o‘zga jahon ichra amniyat.
* * *
Ichib zahri qahringni xushnudmen,
Kerakmasturur shahdu-sharbat mango.
* * *
Gar qo‘ymasang bu olam aro nako‘nomlig‘,
Oltunga sud topmag‘ung otingni qoqtirib.
Do'stlaringiz bilan baham: |