Markaziy Osiyo davlatlari jipslashuvi: integratsiya yo‘lidagi muammolar va istiqbol
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘zaro kam uchrashadi. Murakkab mintaqaviy va yirik davlatlarning ziddiyatli munosabatlari qurshovida qolgan Markaziy Osiyo mamlakatlari sobiq SSSR tarkibidan de-yure ajralib chiqib, o‘z mustaqilliklarini e'lon qilganliklarining 30 yilligini joriy yilda nishonlaydi. Xo‘sh, ularning kelgusi uchrashuvi qachon va davlatlar muloqoti nimaga xizmat qilmoqda?
Foto: Wikipedia
Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan, eng yirik inson salohiyati hamda barcha mintaqa mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega yagona davlat – O‘zbekiston. 2016 yil oxirigacha davlat chegaralari minalashtirilgan, cuv va gaz zaxiralaridan oqilona foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar, o‘zaro chetlab o‘tish va tashqi siyosiy-iqtisodiy manfaatlarga qaram bo‘lmaslikka yo‘naltirilgan muxtor naqliyot hamda temir yo‘llarining barpo etilishi natijasida mintaqada ishonchsizlik kayfiyati keskinlashib ketgandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan edi.
Siyosiy muzlar ancha erib, 2017 yil 17 sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishilgani» va «bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishi» haqidagi dasturiy nutqini so‘zladi.
Undan avval, 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017–2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasining «chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» deya tavsiflangan 5.2-bandida: «O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish» tamoyili belgilab qo‘yilgan. Fikrimizcha, «yon-atrof» atamasi ortida Afg‘oniston ham nazarda tutilgan.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahatlashuv uchrashuvi 2018 yil 15 mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda navbatdagi uchrashuvlar Navro‘z bayrami arafasida, chunonchi ikkinchi uchrashuvni Toshkentda 2019 yil o‘tkazilishi e'lon qilingan edi. Ammo Nursulton Nazarboyevning 2019 yil 19 mart kuni to‘satdan prezidentlik vakolatlarini o‘zidan soqit qilishi ushbu uchrashuvni kechroq muddatga qoldirishni taqozo etdi. Va nihoyat uzoq kutilgan Toshkent uchrashuvi o‘zbek diplomatiyasining qator muzokara va sahna orti muloqotlari natijasi o‘laroq o‘sha yili 29 noyabrda bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvlarning tashabbuskori bo‘lmish O‘zbekiston o‘zi mezbonlik qilgan uchrashuvda, birinchi anjumandan farqli o‘laroq, Turkmaniston parlamenti raisasi emas, shaxsan Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi. Ammo o‘sha kezda negadir bizga noma'lum protokol qoidalariga binoan Qozog‘istondan amaldagi prezident emas, uning birinchi prezidenti qatnashdi.
Shuningdek, Toshkent uchrashuvida keyingi yig‘ilishni Bishkekda o‘tkazish kelishib olingan edi. Ammo 2020 yilda ketma-ket dunyo yuzini ko‘rgan COVID-19 ofati hamda inqiloblar yurti Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi beqarorliklar ushbu uchrashuvning o‘tkazish muddatini 2021 yilga surishga majbur etdi.
Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazishga nimalar to‘sqinlik qilishi mumkin?
O‘zi Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi ustida o‘tgan asrning 90-yillaridan beri bosh qotirib kelinadi va so‘nggi uchrashuvlar mintaqa yetakchilarining ilk uchrashuvi emas.
1993 yildayoq O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati tuzilib, unga 1998 yilda Tojikiston ham a'zo bo‘lib, qo‘shildi. 2002 yilda hamjamiyat Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT)ga o‘zgartirilib, unga 2004 yilda mintaqa tashqarisidagi Rossiya qo‘shiladi va qutblar muvozanatini o‘zgartirib yuboradi.
U paytda MOHTga a'zo davlatlar parallel ravishda Moskva yetovidagi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YeIH)ga ham a'zo edi. Bir yil o‘tib, 2005 yilda «ikkala tashkilot vazifalari takrorlanmoqda» degan vaj bilan, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadan mustaqil bo‘lgan o‘zaro integratsiyaga chek qo‘yiladi, bu esa kelgusi ittifoqsizlik va parokandaliklarga yo‘l ochib beradi.
Ko‘p ehtimol bilan Turkmaniston prezidentining Toshkent uchrashuviga beparvo bo‘lmaganini Shavkat Mirziyoyev bilan mavjud qalin munosabatlari va o‘zaro hurmat bilan bog‘lash mumkin. Chunki O‘zbekiston rahbari prezident inauguratsiyasidan so‘ng tashrif buyurgan ilk mamlakat aynan Turkmaniston edi.
Aslida Turkmaniston davlatchiligi betaraflik siyosatiga asoslanadi va bu BMTning tegishli qarori bilan mustahkamlangan. Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy chegarasida ushbu uchrashuvlardan so‘ng, hatto koronavirusga chalinish avj pallasiga chiqqan damlarda ham, qator to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Ajablanarli tomoni, ikkala mamlakatda ham Rossiyaning harbiy bazasi bor. Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi bepoyon Rossiya Federatsiyasi hududi tashqarisidagi eng yirik harbiy obekt hisoblanadi.
Hozirgacha yalpi ichki mahsuloti haminqadar bo‘lgan qo‘shnilar o‘zaro uchrashuvlardan ko‘ra sanoati rivojlangan AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarning Markaziy Osiyoga xos uchrashuvlari yoki BMT, Yevropa Ittifoqi, MDH, ShHT tashkilotlari doirasida uchrashishni afzal ko‘rishadi.
Mintaqa mamlakatlari hayotiga oid axborot almashuvi cheklangan bo‘lib, u asosan davlat tashriflari mobaynida yoritiladi. Hatto sho‘rolar davrida «Axbor», «Vatan», «Xabar» ko‘rsatuvlari O‘zbekiston televideniyesi orqali efirga uzatilar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |