2-§. Ko`chirma gapda tinish belgilarining ishlatilishi
Ko`chirilgan gap qo`shtirnoq ichiga olinadi, badiiy asarlarda tire bilan ajratib beriladi.
Ko`chirma gapda, ko`chirilgan gapning o`rniga qarab, tinish belgilarining ishlatilishi quyidagicha bo`ladi:
1. Ko`chirilgan gap darak gap bo`lib, muallif gapidan oldin kelsa, undan keyin vergul va tire qo`yiladi: "Yuring, men o`sha tomonga boraman", - dedi Komila (badiiy asarlarda tire ishlatiladi). So`roq va undov belgilari qo`shtirnoq yopilmasdan oldin qo`yiladi.
2. Ko`chirilgan gap muallif gapidan keyin kelsa, muallif gapidan keyin ikki nuqta qo`yiladi: Bir kun Husayn Mirzo shipga qarab yotib, vazirlariga shunday debdi: - Olib keling! (“El desa Navoiyni”)
3. Muallif gapi ko`chirilgan gap ichida kelsa, tinish belgilari quyidagicha qo`yiladi:
1) ko`chirilgan gapning uzilib qolgan qismida hech qanday tinish belgisi bo`lmasa yoki vergul yoxud ikki nuqta bo`lsa, bu belgilar tushirilib, muallif gapi har ikki tomondan vergul va tire bilan ajratiladi: "Hazrat, - debdi Xudoyberdi unga qarab, - tandirni qurolmadim". (“El desa Navoiyni”)
2) ko`chirilgan gapning uzilib qolgan qismidan so`ng nuqta qo`yish lozim bo`lsa, muallif gapidan oldin vergul va tire, muallif gapidan so`ng esa nuqta qo`yiladi: "Noyib to`raning gaplaridan bilinadi o`zi, dedi Miryoqub. – Siz bo`lgan gaplarni aytib bering". (CH.)
3) ko`chirilgan gapning uzilib qolgan qismidan so`ng so`roq yoki undov belgisi qo`yish lozim bo`lsa, muallif gapidan avval o`sha belgi va tire qo`yiladi, muallif gapidan so`ng nuqta va tire qo`yilib, ko`chirma gapning davomi bosh harf bilan boshlanadi: "Xadichaxon ko`zlarini ayyorlik bilan o`ynatib turib, kundoshiga qaradi: - Gapni eshitayotirsizmi? – dedi. – Ertaga biznikiga shaharlik mehmonlar kelishar ekan!".(CH.)
4. Ko`chirilgan gap muallif gapining o`rtasida kelsa, tinish belgilari quyidagicha qo`yiladi:
1) muallif gapining uzilib qolgan qismining oxiriga ikki nuqta qo`yilib, ko`chirilgan gap qo`shtirnoq ichiga olinadi; ko`chirilgan gapdan keyin vergul va tire qo`yilib, keyin muallif gapining davomi yoziladi: Saodat: "Biz ham astoydil mehnat qildik", - dedi.
2) ko`chirilgan gap so`roq yoki his-hayajon gap bo`lsa, ularning belgilari qo`shtirnoq ichida bo`ladi: O`qituvchimiz : "Sen qaysi badiiy kitoblarni o`qib chiqqansan?" - deb so`radilar.
5. Ko`chirma gaplar hamsuhbatlarning luqmasi tarzida ifodalanganida yozma nutqda har bir luqmadan avval tire qo`yiladi. Bu luqmalarda muallif gapi bo`lmaydi: - SHaharda qarindoshingiz bormi? - Yo`q.
Do'stlaringiz bilan baham: |