2 “KITOB-I MAJMU-I TARJUMON-I TURKIY VA AJAMIY VA MUG‘ALIY” ASARINING O ‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Mamluklar davlatida (1250-1517) turk sultonlarining yurtga egaligi tufayli turkiy tilga e’tibor katta edi. Bu kezlarda arablarning turkiy tilni o‘rganishi uchun grammatik asarlar va lug‘atlar, turli qo‘llanmalar yaratilgan. Arablarga turkiy tilni (qipchoq tilini) o‘rgatish uchun yozilgan asarlardan biri “Kitob-i majmu-i tarjumon-i turkiy va ajamiy va mug‘aliy”dir (qisqa qilib “Tarjumon”deb ham ataydilar). Asarning muallifi aniq emas. Kitob Misrda yoki Suriyada yaratilgan deya taxmin etiladi.
Fanda “Kitob-i majmu-i tarjumon-i turkiy va ajamiy va mug‘aliy”ning bitta qo‘lyozmasi ma’lum. Xalil bin Muhammad bin Yusuf al-Ko‘naviy hijriy 643 (melodiy 1245) yili ko‘chirgan ushbu qo‘lyozma kunimizda Gollandiyaning Leyden Akademiyasi kutubxonasida (Leiden, Warner № 517) saqlanmoqda.
Kitob turkiy va mo‘g‘ul tillariga bag‘ishlangan bo‘limlardan tuzilgan. Uning ikkinchi bo‘limi mo‘g‘ulcha-forscha va arabcha-mo‘g‘ulcha so‘zlikdir. Kitobga mo‘g‘ulcha-forscha so‘zlikning kiritilganligi bejiz emas. Xulagular davrida Eronda mo‘g‘ul tilini o‘rganishga zarurat tug‘ilgan ko‘rinadi, shundan kelib chiqib lug‘atga mo‘g‘ulcha so‘zlik ham kiritilgan. Kitobning ushbu bo‘lagini N. Poppe o‘rganib, lug‘atini tuzgan. Turkshunoslik uchun ahamiyatlisi kitobning turkiy tilga bag‘ishlangan bo‘lagidir.
Asarning turkiy tilga bag‘ishlangan bo‘limi kirish va to‘rt qismdan iborat (ilmiy nashrlariga qarang: Tarjuman; KTT). Kirish qismida hamdala, kitobning yozilish sababi va turkiy tilning fonetik o‘zgachaliklari to‘g‘risida so‘z boradi.
Muallif asarning kirish qismida turkiy tilning tovush o‘zgachaliklari to‘g‘risida so‘z yurita turib: “Bilgilki, asl turkiy-qipchoq tili sakkizta harfdan xolidir. Ular: ث خ ح ض ه ف ع ظ Agar biror so‘z shu harflardan qay birini o‘z ichiga olganini payqasang, bilginki, u asl turkiy bo‘lmay, boshqa tildan olingan so‘z bo‘ladi. Men asl turkiy til bilan turkman tili orasidagi farqni va hozir xalq orasida fors va boshqa tillardan olingan so‘zlarni belgiladim” deb yozadi (Tarjuman,29).
Birinchi qism arabcha-turkiy so‘zlik, qolgan qismlar turkiy tilning grammatik qoidalariga bag‘ishlanadi.
Asar arab grammatik an’anasi bo‘yicha tuzilgan: fasllarda arabcha so‘z va unga turkiy ekvivalent beriladi. Faqat yigirma ikkinchi faslda oldin turkiy so‘z, undan keyin uning arabcha izohi keltirilgan. Turkiy so‘zlarni to‘g‘ri o‘qish uchun diakritik belgilar keng ishlatilgan.
Birinchi qismda so‘zlar ma’nolariga ko‘ra 26 bo‘limga (faslga) bo‘lib chiqilgan. Bular: birinchi fasl - osmon va unga tegishli narsalarning otlari (kok, qir (falak), kun, quyas (nur, yorug‘lik), ay, aydin (oydin), ay tolun (to‘lin oy), yulduz, Ulkar, bulit, tuman, yamgur, yel, qar, burcaq (do ‘l), buz, sawuq, issi (issiq), yas'in, kokramak (momaqaldiroq), yildirim (chaqmoq), doz (to‘zon), tabi (qor bo‘ron), q'is'irqa (quyun, dovul) singari); ikkinchisi - yer va undagi joylarning otlari (yer, tupraq, qum, qayir (shag‘al), tas, tag, qaya, oy (vodiy), in (g‘or), yar (jar, jar yoqasi), yazi (tekislik, dasht), yol, yurt, yaban (cho‘l), ew (uy), qorgan (otxona; qal’a) singari); uchinchisi - suvlar va unga bog‘liq narsalarning otlari (su, teqiz, ozan (daryo, irmoq), keci (kechuv), bulaq, tasqin su (sel) singari); to‘rtinchisi - daraxtlar, mevalar, o‘simliklar va ularga yaqin narsalarning otlari (agac, butaq, cibuq (chiviq, novda), yemis, alma, aywa, tal singari), shu tarzda davom etib, yigirma oltinchi fasl - dard-kasalliklarning otlari (yig, sogallik (kasallik), agri (og‘riq), ucuq, isitma, titrama, esnamak, olmak singari) bilan tugaydi. Orada hatto eygi-yaman, yaqsi-cirkin, yawuq-yiraq singari qarama-qarshi ma’noni anglatuvchi so‘zlarni anglatuvchi fasl ham bor.
Yana bir jihati, lug‘at qismida atoqli otlar alohida guruhga ajratib berilgan. Masalan, yigirma ikkinchi faslda mamluklar (qullar), cho‘rilar va boshqa tabaqa kishilarga qo‘yiladigan otlarning ma’nosi keltirilgan. Masalan:“Baybars - amir va bars, Boybars, Qarasonqur - qora va sunqur, Qorasunqur, Taybars - toy va bars, Toybars, Qulbars - qul va bars, Qulbars, Aybars - oy va bars, Oybars, Aqqus - oq va qush, Oqqush, Qaraqus - qora va qush, Qoraqush, Aydogdi- oy tug‘di, ya’ni oy chiqdi, Oytug‘di, Qaratay - qora va toy, Qoratoy, Ag’aceri - o‘rmon kishisi, Og‘ocheri” singari.
Ikkinchi qismda fe’llarning tinglovchiga bo‘yruq ko‘rinishlari, ulardan masdar yasalishi va so‘zlarning kelasi zamonda qanday turlanishi haqida (korgil, kirgil, oldurgil, c'iqarg'il, awlag'il, acqil singari). Bular alifbo tartibida berilgan (“alif ’ harflilar, so‘ng “b”, “t”, “s” harflilar va shu singari).
Uchinchi qism fe’llarning tuslanishiga bag‘ishlangan. Unda tinglovchi va o‘zgaga buyruqning hosil qilinish yo‘llari, fe’lning o‘tgan, kelasi va hozirgi zamon ko‘rinishi qanday hosil qilinuvi to‘g‘risidagi grammatik qoidalar berilgan.
To‘rtinchi qismda gap qoidalari, kelajakda maqsadni to‘ldiradigan so‘z va formalarning turlari, ya’ni so‘z yasovchi, so‘z o‘zgartuvchi, shakl hosil qiluvchi qo‘shimchalar hamda yordamchi so‘zlarning gapdagi vazifalari, so‘roq hosil qilish yo‘llari va shuning singari qoidalar to‘g‘risida bilim berilgan.
2.2.1-mashq. Quyidagi so‘zlar izohlang, ularning sinonimlari, fonetik variantlari hamda dialektlarda qanday atalishini asardagi parchadan toping.
“qapu -
“yowa –
“buday -
“bӧru –
“ӧzӓn –
“tal -
2.2.2-mashq. Asardagi shakldosh so’zlarnina ma’nolariga izoh bering. kӧk, yar, ot, qoyun, bor, qas;
2.2.3-mashq. Lug‘atda izohlangan, , quyidagi so’zlarning fonetik shakllari, qanday talaffuz etilishiga e’tibor bering. Ushbu so’zlar hozir qanday shaklda qo’llanadi va qanday o’zgarishga uchragan:
“yagmur - “dag’iq -
Do'stlaringiz bilan baham: |