4-rasm. Beruniy tuzgan dunyo xaritasi
Olim ham sulton Mas’uddan behad minnatdor bo‘lgan, u haqda:
“Hayotimning qolgan kunlarida fanga xizmat kilishim uchun imkoniyat tug‘dirdi;
menga g‘amxurlik qilib, meni o‘z panohiga oldi”- deb yozganlari olimning
“Qonuni Mas’udiy” kitobida bor. Bu kitob Beruniyning Sulton Mas’ud
topshirig‘iga binoan 1037 yilda yozib tugallagan shoh asari hisoblanadi. Uning
to‘liq nomi “Al-qonun al-Mas’udiy fil xaya van nujum”, ya’ni "Astronomiya
fanida Mas’ud ismiga yozilgan qonun” dir.
H.H.Hasanov Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” kitobini astronomiya va
geografiya qomusi hisoblab, uning tuzilishi haqida kuyidagi tavsiflarni keltiradi:
"Asar ja’mi 12 maqoladan iborat bo‘lib, har maqola bir necha bobga bo‘lingan (bu
yerda “maqola” so‘zi bir butun kitob ma’nosida ishlatilgan).
Birinchi maqolada olamning geotsentrik tuzilishi Ptolemey fikricha bayon
etilgan, ikkinchi maqolada – yillar va kalendarlar, uchinchi maqolada –
trigonometriya ma’lumotlari, to‘rtinchi maqolada – sferik astronomiya va
joylarning kengliklarini belgilash usullari, beshinchi – maqola joylarning
uzunliklarini belgilash usullari, oltinchi maqolada – Quyoshning harakati, yetti va
sakkizinchi maqolalarda – Oyning harakati, to‘qqiz – o‘n birinchi maqolalarda
yulduzlar va planetalar harakati bayon etilgan, o‘n ikkinchi
– maqolada esa
munajjimlarning yil hisobi tahlil qilingan.
Asarning geografiyaga oid qismida ( 5-maqolaning 9-10 boblari) dengiz va
quruqliklarning chegaralari, yetti iqlim taqsimoti hamda joylarning (603 ta )
geografik koordinatalari ko‘rsatilgan. Shuningdek, shaharlarning uzunlik va
kegliklarini jadvallarda ko‘rsatish haqidagi bobda (10-bob) shaharlarning bir-biriga
nisbatan vaziyatlariga va oralaridagi masofalarga qarab, koordinatalarni tuzatishga
uringanligini ham eslatib o‘tgan.
Beruniyning bu kitobi o‘z davrida ham, keyin ham yuqori baholangan.
Jumladan, Yoqut Hamaviy “Adiblar lug‘ati” asarida “Mas’ud qonuni” asarini
matematika va astronomiya bo‘yicha ungacha yozilgan hamma kitoblar izini
o‘chirib yubordi”- deb baholagandi. Beruniy umrining so‘nggi yillarida yana ikkita
asarini yozib tugallagandi. Ulardan biri foydali qazilma konlarining geografik
tarqalishi, qimmatbaxo toshlarning narxi, solishtirma og‘irligi kabi ma’lumotlar
berilgan “Kitob al-jamohir fi-ma’rifat al-javohir” (“Javohirlarni tanish uchun jam
kitob”) asari bo‘lib, uni tarjimonlar “Mineralogiya” deb ataganlar.
Ikkinchi asari “Kitob as-saydana fit-tibb” (“Dorivor o‘simliklar haqida
kitob”) deb nomlanib, hozirda qisqacha “Saydana” deb yoki “Farmakognoziya”
deb tilga olinadi. Olimning ushbu asarida 1116 xil dorivor o‘simliklar, dorilar,
mevalar, hayvonlar va ularning kasalliklarni davolashdagi ta’siri to‘g‘risida muhim
ma’lumotlar berilgan. O‘rta Osiyo va umuman Sharqda dorishunoslik sohasi hali
rivojlanmagan bu vaqtlarda Beruniyning bu asari dastlabkilardan edi. Amaliy
ahamiyati nihoyatda katta bo‘lgan bunday asarni yaratilishi uchun Beruniydek ko‘p
tillarni biladigan, tabiiy fanlarni mukammal egallagan, joylarning tabiiy geografik
sharoitlaridan keng xabardor olim bo‘lishi lozim edi. Beruniyning ilmiy faoliyatini
o‘rgangan tadqiqotchilar uning 160 dan ortiq asarlar yozganligini va shulardan
faqat 30 tasigina saqlanib qolganligini qayd etganlar. Beruniy asarlarining
ko‘pchiligi astronomiya, matematika va geografiyaga oid bo‘lsada, uning falsafa,
tarix, etnografiya va adabiyotga oid asarlari ham ko‘p bo‘lgan. Hatto she’rlar
to‘plami ham bo‘lgan ekan. Umuman olganda, yoshligidan fan sirlarini
egallashga butun vujudi bilan kirishgan Abu Rayhon Beruniy to umrining
oxirigacha (olim 1048 yilda 75 yoshida G‘azna shahrida vafot etgan) idrok amri
bilan bu yo‘ldan qaytmagan, muttasil izlanishda bo‘lgan, tabiat hodisalarini
kuzatgan, o‘rgangan, tekshirgan va ularni ilmiy tushuntirishga intilgan.
Abu Rayhon Beruniy kabi o‘rta asrlar jahon fani va madaniyatining rivojiga
ulkan xissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va donishmand olim, g‘arbda Avitsenna
nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Ali Ibn Sinodir. U Beruniyning kichik
zamondoshi va vatandoshi bo‘lgan. Uning to‘liq ismi-sharifi Abu Ali al-Husayn
ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali bo‘lgan. Bu mo‘tabar zot 980 yilning avgust
oyida Buxoroning Afshona qishlog‘ida amaldor Abdulloh ibn Hasan oilasida
tavallud topgan. Husayn 5 yoshga to‘lgach, bu oila Buxoroga ko‘chib o‘tadi.
Bolaligidanoq irodali, zehni o‘tkir va ilmga chanqoq bo‘lgan Ibn Sinoga bu yerda
taniqli hakim va faylasuf olim Abu Abdulloh ibn Ibrohim Notiliy ustozlik qilgan.
Ibn Sino matematika, astronomiya, mantiq, falsafa, fiqx kabi fanlarni jadal
o‘zlashtirib, tib ilmi bilan ham astoyidil shug‘ullana boshlaydi. Bu fan sirlarini
buxorolik taniqli tabib Abu Mansur al-Hasan ibn Nuh al-Qumriydan o‘rganadi va
tez orada tib ilmida katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Egallagan bilimlari asosida
bemorlarni ham davolay boshlaydi va xalq orasida mohir tabib sifatida taniladi.
997 yilda u somoniy hukmdor amir Nuh II ibn Mansurni davolab, darddan xalos
qilgani uchun mukofot tariqasida somoniylarning saroy kutubxonasiga kirib
ishlash huquqiga ega bo‘ladi.
Ibn Sinoning ayniqsa, ikki yirik asari uni jahonga mashhur qilgan, shu
asarlari tufayli “Shayx ar-rais”, “Tabiblar podshohi”, “Xujjat al-haqq”, “Sharaf al-
mulk” kabi buyuk nomlarga sazovor bo‘lgan. Shu asarlaridan biri “Kitob al-qonun
fit-tib” (“Tib qonunlari”) dir. Bu shoh asarning XII asrda kremonalik Gerardo
tomonidan lotin tiliga qilingan tarjima nusxalari G‘arbiy Yevropada juda mashhur
bo‘lgan, muallifi esa “Avitsenna” nomi bilan dunyoga tanilgan. Ikkinchi yirik asar
esa “Kitob ash-shifo” (“Shifo kitobi”) deb nomlanib, 22 jilddan iborat bo‘lgan.
Olimning tabiatshunoslikka oid jumladan, biologiya, geologiya, mineorologiya,
astronomiya va geografiyaga oid fikr va mulohazalari ushbu asarning ikkinchi
qismida berilgan. Unda bayon qilingan geologik va geografik hodisa, jarayonlar
to‘g‘risidagi ilg‘or fikr va mulohazalar hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan to‘g‘ri
talqin qilingan. Jumladan, joylarning iqlim sharoiti geografik o‘rniga, relyefga, yer
yuzasining tuzilishiga bog‘liq ekanligi hozirgi zamondagidek talqin etilgan. Ibn
Sinoning o‘z davri uchun nihoyatda progressiv fikrlaridan biri uning Jurjon
shahrining geografik uzunligini o‘z davri uchun butunlay yangi bo‘lgan usul -
Oyning eng baland nuqtada turishini kuzatish orqali aniqlagani edi.
Abu Rayhon Beruniyni ko‘rgan, uning suhbatini eshitgan zamondoshlaridan
yana biri tarixchi olim Abu Said Abdulxay az-Zaxxak bin Mahmud Gardeziy
bo‘lgan. U o‘zining 1050 yilda fors tilida yozgan “Zayn al-axbor” (“Axborot
ko‘rki”) nomli asari bilan tanilgan. Asosan tarixga oid ushbu asarda O‘rta Osiyo,
Sharqiy Yevropa, Sibir, Hindiston va Xitoy kabi o‘lkalarning tabiati, xo‘jaligi,
xalqlari haqidagi geografik ma’lumotlarga keng o‘rin berilgan. H.H.Hasanov
Gardeziy haqida so‘z yuritganda, uni ulug‘ Beruniyning shogirdlaridan biri
hisoblab, bilim darajasi keng olim deb tavsiflagandi.
1077 yilda Bag‘dodda xalifa Muqtadirga katta bir ilmiy asar taqdim
etilgandi. Bu yirik asar “Devonu lug‘atit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) deb
nomlanib, noyob bir lug‘at edi. Lug‘at bo‘lganda ham, go‘yo bir ensiklopediya edi.
Uning muallifi O‘rta Osiyo fani va madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan
mutafakkir, turkshunoslik, terminshunoslik, lingvistika ilmlarining asoschisi,
etnograf va geograf olim Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy edi.
Bo‘lajak olim Mahmudning tug‘ilgan joyi Issiqko‘l bo‘yidagi qadimgi
Barsg‘on shahri hisoblanadi, boshlang‘ich ma’lumotni ham shu yerda olgan.
Keyinchalik uning otasi oilasi bilan Kashqarga ko‘chgan va o‘sha yerda yashab
qolishgan. Mahmudning Koshg‘ariy nisbasi shundan. Koshg‘arda bilim olishni
davom ettirgan Mahmud keyinchalik Movarounnahr va Xurosonning yirik ilm
markazlari Samarqand, Buxoro, Marv, Nishopur shaharlarida bilimini oshirgan.
Biroz muddat Bag‘dodda ham bo‘lgan. Natijada o‘nga yaqin tilni biladigan,
zamonasining ko‘p fanlarini o‘zlashtirgan qomusiy olim bo‘lib yetishgan.
Mahmud Koshg‘ariy chamasi 15 yilga yaqin ilm izlab, bo‘lajak asariga
etnografik, lingvistik, geografik ma’lumotlar to‘plagan. Qora dengiz bo‘ylaridan
Xitoygacha bo‘lgan yurtlarni kezganligi, turli o‘lka va shaharlarda bo‘lganligi, turli
xalqlar, qabilalar bilan yaqindan tanishib o‘rganganligi, geografik joy nomlari va
atamalarga oid katta hajmli ma’lumotlar to‘plaganligi asarda aytib o‘tilgan. Unda
turklar, turkmanlar, o‘g‘izlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlari,
qishloqlari va yaylovlarini ko‘p kezganligini, lug‘atlarini to‘plaganligini, so‘z
xususiyatlarini o‘rganganligini va aniqlaganligini olimning o‘zi ham eslatib o‘tgan.
Geograf olim H.H.Hasanov ham o‘rta asrlardagi O‘rta Osiyo va Xurosondan
yetishib chiqqan olimlarning geografik merosini yoritib berishda Mahmud
Koshg‘ariyning “Devon”ini va uning ayrim tavsiflariga doir yozilgan turli
maqolalarda bildirilgan fikr-mulhazalarni sinchiklab tahlil qilgan holda, asarning
geografik jihatlarini keng ilmiy ta’riflab bergan (1963, 1981). Uning aniqlashiga
ko‘ra “Devon”dagi geografik ma’lumotlar quyidagilardan iboratdir: 1) tabiiy
geografik terminlar va ularning izohi; 2) doira shaklidagi dunyo xaritasi (5-rasm);
Do'stlaringiz bilan baham: |