O‘rta asrlar Sharq olami geografiyasi tarixida Beruniy davri
Geograf olim H.H.Hasanov (1981) O‘rta Osiyo va Xurosonda geografiya
fanining taraqqiyotida ajralib turadigan ikkinchi davrni asosan XI asrga to‘g‘ri
kelishini va qisman XII-XIII asrgacha davom etganligini belgilab, uni Beruniy
geografiya maktabi deb nomlagandi. Amerikalik olim Sarton (1953) ham XI
asrning birinchi yarmini boricha dunyo fani taraqqiyotidagi Beruniy davri deb
atagandi. Darhaqiqat, bu davr o‘rta osiyolik buyuk olim Abu Rayhon Beruniyning
ilmiy faoliyati, ajoyib asarlari bilan jahon fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari
bilan belgilanadi. Olim o‘zining puxta va ishonchlilikda tengi yo‘q asarlari bilan
o‘z halqini, yurtini jahonga mashhur qilgandi. Sharq olamida fan taraqqiyotining
Abu Rayhon Beruniy boshlab bergan yangi davri, ya’ni avvalgi asarlarda mavjud
bo‘lgan kamchilik va xatoliklarni tuzatish, to‘plangan ma’lumotlarni ilmiy tahlil
qilish va umumlashtirish, qonuniyatlarini aniqlash, bevosita ilmiy hamda amaliy
ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarning yechimlarini izlash davri aynan shu
olimning nomi bilan bog‘liq bo‘ldi. Geografiya fanining taraqqiyoti nuqtai
nazaridan ham shunday.
“Beruniy o‘rta asr sharoitida haqiqiy ilmiy tabiatshunoslikka asos soldi,
uning turli sohalarda o‘z davri uchun taajjubga soluvchi shunday fikr va ilmiy
farazlarni olg‘a surdiki, ular bir necha asrlardan so‘ng Yevropa ilmida o‘z isbotini
topdi. Beruniy o‘rta asr sharoitida haqiqiy tajribaga, kuzatish, eksperimentga
asoslanuvchi aniq ilmiy tafakkurni boshlab beruvchilardandir” (A. Sharipov, 1999.
97 b.). Shu ma’noda Beruniy qoldirgan geografik merosning ham ahamiyati
beqiyosdir.
Abu Rayhon Beruniyning olimlik sifatlari haqida XIII asrda yashagan
Suriya adabiyotining klassik shoiri, adibi va qomusiy bilim egasi, tibbiyot, tarix va
falsafaga oid asarlar muallifi Abul Faraj (asli ismi Grigoriy Ioan Bar Ebrey) (1226-
1286) o‘zining “Maroqli rivoyatlar” kitobida: “O‘sha o‘tgan yillarda yunon va hind
falsafasi dengizini kechib o‘tgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy
o‘tmish ilmlarida shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis bo‘lib, bu
sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil
yashadi, hind faylasuflaridan ularning san’atini o‘rgandi va ularga yunon
falsafasini o‘rgatdi. Uning asarlari nihoyatda ko‘p, yetuk va nihoyatda ishonchlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘z davrida, undan so‘ng va hozirga qadar ham
hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini
hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan odam bo‘lmagan” – deb yozgandi.
Abu Rayhon Beruniyning jahon fani taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho
hissasini fan ahllari katta hurmat bilan tilga olganlar va olmoqdalar. Chunonchi,
2014 yil 15-16 may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq
allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya
rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanda ham “Ma’mun
akademiyasi”, “Bayt ul-Hikma” da samarali mehnat qilgan olimlarning ilmiy
merosiga katta baho berildi.
Abu Rayhon Beruniy 973 yil 4 sentabrda Xorazmning qadimgi poytaxti Kot
shahri chekkasidagi qishloqlarning birida tug‘ilgan. U bolalik yillaridanoq taniqli
olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq (948-1036) qo‘lida tarbiyalanadi. Bu siymo
afrig‘iy xorazmshoh Abu Abdulloh ibn Iroqning amakivachchasi bo‘lib, o‘z
zamonasidagi matematika va astronomiya ilmlarida ilg‘or bo‘lgan, shu ilmlarga
oid asarlari bilan mashhur bu olim “Batlimusi soniy”, ya’ni “ikkinchi Ptolemey”
nomi bilan tanilgandi. Bu kishini taniqli shoir, matematik va astronom Umar
Xayyom “matematika bilan shug‘ullanganlar ichida eng ulug‘i” deb baholagandi.
Abu Rayhon Beruniy bolaligidanoq zehni o‘tkir, bilimga chanqoq va
tirishqoq bo‘lganligi sababli tez orada zamona ilmlarini jadal va puxta egallab
olgan. U qadimgi yunon olimlari Platon, Aristotel, Ptolemey, Yevklid kabilarning
hamda Sharq olimlari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ma’shar
Balxiy, Abu Zayd Balxiy, Jayhoniy, Ibn Xurdodbeh asarlarini yaxshi o‘rgangan,
bu asarlardan ayrimlarini sharhlashga ham ulgurgandi. O‘zining dastlabki
astronomik kuzatuvlarini shu yerda - Xorazmda olib borgan, ilk asarlarini ham shu
yerda yozgandi. Ammo bu orada, ayrim siyosiy voqealar tufayli olim o‘z ilmiy
faoliyatini to‘xtatishga va oxir-oqibat Xorazmdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumki, 995 yilda Janubiy Xorazm hokimi Ma’mun ibn Muhammad
Shimoliy Xorazmning poytaxti Kotni ishg‘ol qiladi. So‘nggi afrag‘iy hukumdor
Abu Abdulloh ibn Iroq qatl qilinib, ikkala Xorazm birlashtiriladi va poytaxt
Gurganj (hozirgi Ko‘hna Urganch) da Ma’mun ibn Muhammad o‘zini Xorazmshoh
deb e’lon qiladi.
Xorazmdan chiqib ketgan Abu Rayhon, dastlab Ray shahriga keladi. O‘rta
asrlarda Eronning yirik iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan bu
shaharda olim ko‘p moddiy qiyinchiliklarga duch keladi va 998 yilda Kaspiy
dengizining janubi-sharqida joylashgan Jurjon shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda
unga Jurjon viloyat hokimi ziyoriylar sulolasidan bo‘lgan Shams Maoli Qobus
Vashmgir o‘z saroyidan boshpana beradi, ilm bilan shug‘ullanishiga sharoit
yaratadi, maosh tayin qiladi. Oradan ikki yil o‘tib, shu yerda Beruniy o‘zining
dastlabki yirik asari “Al osor al boqiya an al-Qurun al-Holiya” (“Qadimgi
xalqlardan qolgan yodgorliklar”) ni yozib tugatadi.
Qobus ibn Vashmgirga bag‘ishlangan ushbu asarda yunonlar, yaxudiylar
kabi turli xalqlarning urf-odatlari, yil hisoblari, oy va muchal nomlari, bayramlari,
oy manzillari kabi ko‘p tarixiy, geografik ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, Beruniyga
katta shuhrat keltirdi, uni fanning hamma sohalarini yaxshi biladigan yetuk olim
ekanligini elga tanitdi. Muallifning o‘zi asar haqida “Yer shari va uning ustki
tuzilishi haqidagi bu kitobimda yozilgan so‘zlar mening o‘z fikrim va puxta
tekshirishlarim natijasidir” – deb yozgan edi. Shu ma’noda, yosh Beruniyga
“o‘zidan ilgari o‘tgan olimlarning kitoblaridan sochilgan durlarga o‘xshash nafis
masalalarni terib, ta’rifga tuzgan va sharh qilgan” deb, boshqa bir manbada ham
yuqori baho berilgandi.
Jurjondagi mavjud sharoitdan unumli foydalangan Abu Rayhon bu yerda
yana o‘nga yaqin asarlar yozgan.
Ma’lumki, 997 yilning boshlarida Xorazmshoh Ma’mun ibn Muhammad
vafot etadi va taxtga uning o‘g‘li Abul Abbos Ma’mun ibn Ma’mun o‘tiradi. Yangi
xorazmshoh bilimli, ilmga va ma’rifatga xayrixoh bo‘lib, o‘zining dono vaziri
Abul Hasan as-Suxayliy bilan birgalikda saroyga ko‘plab olimu-fozillarni, fanning
turli sohalarida elga tanilgan ilm namoyondalarini taklif qilib, ularga zarur ijodiy
sharoit yaratib beradilar.
Bu vaqtda Xorazmshoh Ma’mun “Majlis ulamo”sida zamonaning ko‘p
yetuk va mashhur olimlari, jumladan, Beruniyning ustozi ibn Iroq, mashhur tabib,
mantiq va falsafa bilimdoni Abulxayr ibn Hammor, alloma Abu Ali ibn Sino va
uning ustozi tabib Abu Saxl Masixiy, Abu Said ibn Ahmad ibn Miskavayx, Abu
Mansur as-Saolibiy kabilar fanning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatganlar.
Xorazmda bunday ilmiy muhitning tashkil etilganligi Beruniyning ilmiy
faoliyatida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning ixtiyorida kerakli ilmiy
anjomlar, zarur asboblar yetarli bo‘lgan. Jumladan, diametri 3 metr keladigan,
oraliq minutlarga taqsimlangan kvadrant ham bo‘lgan. Mashhur “Beruniy globusi”
ham shu davrda yasalgan bo‘lishi mumkin.
Olim o‘zining “Tasdix as-suvar va tadbiq al-quvar” nomli risolasini shu
yerda yozib, Xorazmshoh Abul Abbos Ma’munga bag‘ishlagan. Ushbu asarda
astronomiya, xaritagrafiya va geografiyaning amaliy ahamiyati, foydalanilgan
manbalar, ulardagi xatoliklar va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek,
astrolyabiya asbobi, uning xillari, gradus to‘ri, xaritagrafik proyeksiyalar,
geografik xarita va osmon globusini yasash to‘g‘risida o‘z fikrlarini bayon qilgan.
Shu orada Xorazmning mustaqilligiga yana putur yetdi, bu yerdagi hayotiy
ahvol o‘zgarib, Abu Rayhon Beruniy uchun qulay ilmiy sharoit yana barham topdi.
Buning asosiy sababi 1017 yil boshlarida Abul Abbos Ma’munning o‘ldirilishi va
Xorazmni Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olingani bo‘ldi. Natijada bu
yerdan ilmiy maskan topgan olimu-ulamolar vatanni tashlab, o‘zga yurtlarda
yashirinib yashashga majbur bo‘lganlar. Qolganlari esa shu jumladan, Abu Rayhon
Beruniy ham, majburan G‘azni shahriga, g‘aznaviylar poytaxtiga olib ketilgan.
Olimning bundan keyingi, to vafotiga qadar bo‘lgan hayoti asosan shu shaharda
o‘tgan va ancha og‘ir hamda turli kechinmalarga boy bo‘lgan. Ammo shunga
qaramay, Beruniyning bu davrdagi ilmiy ijodi ancha samarali bo‘lgan. Avval
boshlab qo‘ygan ayrim asarlarini shu yerda tugallagan, bir qator yangi yirik
asarlarini shu shaharda yozgan. Jumladan, 1017 yilda Xorazmda yozaboshlagan
“Kitobu tahdidi nihoyot al-amokin li tashih masofat al-masokin” (“Turar
joylarning oralaridagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini
belgilash haqida kitob”) nomli asarini 1025 yilda shu yerda tugallagan. Uni 1966
yilda birinchi marotaba rus tiliga tarjima qilishib, qisqacha “Geodeziya” deb
nomlaganlar va shu nom bilan atalib kelinmoqda.
Beruniy G‘azni shahrida o‘zining yana bir mashhur asari “Kitobi tahqiq mo
li-l-Hind min ma’quda maqbula fi-l-akl av marzula” (“Hindlarning aqlga
sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi”) ni yozgan va ustozi,
do‘sti Abu Sahl Tiflisiyga bag‘ishlagan. Ushbu asar 1020 yilda yoza boshlanib,
1030 yilda tugallangan va tadqiqotchilar uni qisqacha qilib “Hindiston tarixi” yoki
“Hindiston” deb tilga oladilar. Olimning bu klassik asarida hindlarning tarixi,
adabiyoti, falsafasi, hind yozuvlari haqida, bir qator fanlari haqida ko‘plab aniq
ma’lumotlar berilgan. Geografiyaga oid ma’lumotlar ham keng keltirilgan.
Masalan, Yer to‘g‘risidagi tasavvurlar, quruqliklarning chegaralari, dengizlar,
ulardagi suv qalqish hodisasi, geografik koordinatalarni aniqlashdagi boshlang‘ich
meridian tarixi, shuningdek, Hindistonning tog‘lari, daryolari, o‘simligi va
hayvonoti, shaharlari mukammal ta’riflab berilgan.
Beruniyning mazkur asarini keyinchalik hindlarning o‘zlari ham, yevropalik
olimlar ham yuqori baholaganlar. Jumladan, rus sharqshunosi akademik V. Rozen
(1849 – 1908) bu kitobga “Sharq va G‘arbning qadimgi va o‘rta asr kitoblari
orasida tengi yo‘k asar” – deb baho bergan edi. “Hindiston” kitobida bayon etilgan
ayrim fikrlari bilan Beruniy o‘z zamondoshlaridan bir necha yuz yillarga ilgarilab
ketgandi. Shunday fikrlaridan birini quyidagicha bayon etgandi: “Balki sen Hind
yerini kuzatib, qazib borulguncha chuqurlikda uchratiladigan silliq, toshlarni o‘z
ko‘zing bilan ko‘rib, o‘ylab qarasang tog‘ etaklarida va sharqirama daryolar yonida
toshlar kattaroq, tog‘lardan uzoqdagi (joylarda) va daryolar susayishi bilan toshlar
kichikroq; daryolar sekin oqadigan va (ularning) ko‘llar-to‘qaylar hamda dengizga
quyilish joyiga kelganda qumlar uchraydiki, Hind yeri qadimgi dengiz bo‘lgan-u,
sellar oqizib keltirgan yotqiziqlar bilan to‘lgan deb tasavvur etasan”. Olimning bu
fikrini allyuvial yotqiziqlarning hosil bo‘lish nazariyasiga mos kelishini ilg‘ab
olish qiyin emas. Buni geolog olim O.I.Islomov, 1948 yilda to‘rtlamchi davr
yotqiziqlari geologiyasiga bag‘ishlangan anjumanda, “Beruniy qonuni” deb atashni
taklif etgani ham bejiz emas.
Abu Rayxon Beruniy 1030 yilda o‘zining yana bir asari “At-Tafhim li avoili
sinoat at-tanjim” (“Nujum san’atining avvalini tushuntirish”) ni yozib tugallagan.
Asar arab tilida yozilgan bo‘lib, undan ko‘pchilik foydalana olishligi uchun forscha
tarjimasini ham yozib bergan. “At-tafhim” asarining tuzilishi savol-javob
ko‘rinishida bo‘lib, unda arifmetika, geometriya, astronomiya, kalendar,
geografiya masalalariga taalluqli 530 ta savolga javob berilgan.
Kitobning “Ma’mura va obod yerlarning chegaralari” sarlavhali to‘rtinchi
bobida 35 ta geografiyaga oid savol-javoblar bayon qilingan.
Geografiya uchun muhim bo‘lgan yana bir holat, unda doira shaklidagi
dunyo xaritasining berilganligidir (4-rasm). H.H.Hasanov mazkur xaritani
kitobning turli nusxalarida turlicha variant (8 variant)da uchraganligini va ulardan
bittasi Beruniyning o‘zi chizgan asl nusxaga eng o‘xshashini aniqlagan. Bu
variantdagi xaritaning diametri 12,5 sm bo‘lib, 4-rasmdagi ko‘rinishga egadir.
1030 yilda Mahmud G‘aznaviy vafot etgach, taxtga o‘tirgan kichik o‘g‘il
Muhammadning sultonligi uzoqqa bormadi. Oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas G‘azni
taxtini katta o‘g‘il Mas’ud egalladi. Sulton Mas’ud otasiga nisbatan birmuncha
ma’rifatparvar bo‘lib, ilm-fanga ko‘proq e’tibor bergan, olimlarning yashashi va
ishlashi uchun sharoit yaratgan. Sultonning o‘zi ham matematika va astronomiyaga
oid kitoblarni mutolaa qilib turgan. Beruniyga yaxshi muomalada bo‘lgan, alohida
maosh ham tayinlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |