18-§. Xristian cherkovining jamiyatdagi o`rni Tayanch tushunchalar: Cherkov. Katolik va pravoslav cherkovlari. Xristian dinining bo`linishi sabablari. Ikki cherkov talimotidagi farqlar. Xristian dini tarixidan.Sizga 6- sinf „Tarix" darsligidan ma'lumki, qadimgi Rim imperiyasi 395- yilda G’arbiy va Sharqiy imperiyalarga bo`linib ketdi. G’arbiy imperiya G’arbiy Rim, Sharqiy imperiya esa Vizantiya imperiyasi deb ataldi. Ayni paytda imperiyada bir-birida mustaqil ikkita cherkov tashkil topdi. Bular Rim va Konstantinopol cherkovlari edi.
476- yilda G’arbiy Rim imperiyasi butunlay qulagan. Bu hodisa xristian dinining keyingi taqdiriga ta'sir etmay qolmadi.
G’arbiy Rim imperiyasining qulashi bilan markaziy hokimiyat ham barham topdi. Imperiya hududlarida vujudga kelgan davlatlar hali mustahkam emas edi. Bu omil Rim cherkovi va uning boshlig`i obro`-sini mislsiz darajada oshirib yuborgan. Rim cherkovi xristianlarning birdan-bir tayanchi, madadkoriga aylangan.
Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya)da esa ahvol boshqacha edi. Bu yerda imperatorning kuchli hokimiyati saqlanib qoldi. Natijada sharqiy cherkov (Konstantinopol cherkovi) Rim cherkovidek qudratga ega bo`la olmadi. Imperator hokimiyati uni cheklab qo`ydi. Cherkov imperatorga bo`ysundirildi.
Xristian dinidagi bo`linish.1054- yilda xristian dini ikki oqimga bo`lindi. Ulardan biri katolik, ikkinchisi esa pravoslav deb atala boshlandi. Bu ikki oqim o`z mustaqil cherkovlariga ega edi.
Bu cherkovlar o`z navbatida katolik (butun dunyo) cherkovi va pravoslav (chin e'tiqod) cherkovi deb atalgan.
Yodda tuting „Cherkov"atamasi yunoncha so'z bo`lib, o`zbek tilida xudoning uyi, degan ma 'noni anglatadi. Bu atama diniy tashkilot hamda ibodatxona ma 'nolarida qo’llaniladi. Xo`sh, nega xristian dinida bo`linish yuz berdi? Rim cherkovi doimo Konstantinopol cherkovini o`ziga bo`ysun-dirishga harakat qilgan. Tabiiyki, bu harakat ikki cherkov munosabat-larining keskinlashishiga olib kelgan.
Konstantinopol cherkovi Rim cherkovining o`z ichki ishlariga aralashuviga qattiq qarshilik ko`rsatgan.
Sharqiy Yevropa slavyan xalqlarining xristian dinini Vizantiyadan qabul qilishi bu munosabatni yanada keskinlashtirgan. Ular o`rtasida cherkov daromadlarini taqsimlashda ham murosasiz kurash borgan. Bundan tashqari, ikki cherkov xristian ta'limotini turlicha talqin etgan. Masalan, Rim cherkovi bilan Konstantinopol cherkovining „Muqaddas Ruh-xudo" to`g`risidagi talqinjari bir-biriga ziddir. Rim cherkovi Muqaddas Ruh-xudo ham Ota xudodan, ham o`g`il xudodan kelib chiqqan, deb hisoblaydi. Konstantinopol cherkovi esa Muqaddas Ruh-xudo faqat Ota xudodan kelib chiqqan, deb hisoblaydi. Rim cherkovi cherkov va'zlarini lotin tilida o`tkazsa, Konstantinopol cherkovi yunon(grek) tilida o`tkazgan. Ayni paytda Rim cherkovi Rim Papasi (Rim cherkovi boshlig`i)ni apostol Pyotrning o`rinbosari, deb e'lon qilgan.
Oxir-oqibatda 1054-yilda Rim Papasi Lev IX va Konstantinopol patriarxi (cherkov boshlig`i) Kirudariylar bir-birini anafema qilganlar. Shu sanadan boshlab xristian cherkovi ikkiga bo`lindi. Bu bo`linishdan so`ng ikkala cherkov bir-biridan mustaqil bo`lib oldi. Katolik cherkovi, Rim cherkovi atamalari bir xil ma'noni anglatadi.