Arabiston islomgacha bo`lgan davrda. Arabiston yarim orolining katta qismi suvsiz cho`l va sahrolardan iborat. Shu tufayli arab qabilalarining ko`pchiligi ko`chmanchi bo`lib, chorvachilik bilan shug`ullanishgan.
Arablarning cho`l va sahroda kechadigan hayotida tuya alohida o`rin tutgan. Suv nihoyatda taqchil bo`lgan bir sharoitda bu tabiiy hol edi. Arablar uchun tuya suti va go`shti oziq-ovqat, juni esa kiyim-kechak hamda boshpana vazifasini o`tagan. Tuya junidan tayyorlangan kigizlardan chodirlar qurishda foydalanilgan.
Ko`chmanchilar o`z chodirlarida yozning jazirama issig`idan jon saqlaganlar. Arabistonning dehqonchilik uchun eng qulay o`lkasi -Yaman viloyati edi.
Arablar hayotida urug`chilik belgilari kuchli bo`lgan. Ular ko`plab urug` va qabilalardan iborat edi. Bu bo`linish - qabilalararo doimiy urushlarning asosiy omiliga aylangan.
Uzluksiz urushlar faqat vayronagarchilik keltirgan, xolos.
Bundan tashqari, urug`lar o`rtasida xun olish odati davom etardi. Go`dak qiz bolalar tiriklayin ko`mib yuborilar edi. Jamiyatda qonunsizlik, axloqsizlik va zo`ravonlik hukm surardi. Odamlarda uyat tuyg`usi yo`qol-gan edi. Ayni paytda tabaqalanish jarayoni tobora kuchayib borgan. Mol-mulk qabila zodagonlari qo`lida to`plangan, sudxo`rlik avj olgan.
Arab jamiyatidagi islomgacha bo`lgan bu davr tarixga johiliya (jaholat) davri nomi bilan kirgan.
Islomning vujudga kelishi. Islom dini VII asrda Arabiston yarim orolida vujudga keldi.
Islom ta'limotiga ko`ra, islom insonlarni to`g`ri yo`lga solish uchun Alloh tomonidan yuborilgan oxirgi ta'limot, ilohiy qonundir.
Allohning bu ta'limoti, qonunlari payg`ambar (Allohning elchisi) Muhammad (s.a.v.) tomonidan targ`ib etilgan.
Islom dinini qabul qilgan va Allohning payg`ambariga ergashgan kishi musulmon (muslim-sadoqatli) deb atalgan. Xo`sh, qanday omillar islom dinining vujudga kelishiga sabab bo`lgan?
Birinchidan, barcha arab qabilalarini yagona davlatga birlashtirish zarurati. Muhammad (s.a.v.) va uning safdoshlari bunday davlatsiz Arabistonni tashqi dushmanlar tajovuzidan himoya qilib bo`l-masligini yaxshi tushunganlar. Aynan yagona qudratli davlat arab-larning jahon maydoniga chiqishiga imkon berishini ham chuqur anglaganlar.
Bu maqsadni faqat yagona xudo (Alloh) shiori ostidagina amalga oshirish mumkin bo`lgan. Chunki bu davrda Arabistonda ko`p xudolik dinlari hukmron edi. Binobarin, yakka xudolikka asoslangan din zaruriyatga aylangan.