Mavzuning o’rganilganlik darajasi. “Fitratshunoslik hali boshlang’ich bosqichda turibdi.Uning qizg’in va sertashvish,ayni paytda g’oyat samarali hayot yo’lini o’rganishda talay vazifalar turibdi”.1
A. Fitratning “Oila” asarini Hoji Muin o’zining “Oila (yoxud) vazoifi xonadoriy” nomli maqolasida o’rganib, o’z fikrlarini aytgan. Quyida Xoji Muinning “Hurriyat” gazetasida bosib chiqarilgan maqolasini keltirib o’taman.
“Ushbu kunlarda “Oila yoxud vazoifi xonadoriy” nomida forscha yozilg‘on 200 sahifalik ulug‘ bir kitob qo‘limg‘a tushdi. Kitobning muharriri diniy, ijtimoiy, axloqiy ilmlarda keng ma'lumoti bo‘lg‘on muhtaram birodarim Abdurauf Fitrat afandiligini anglab kamoli ixlos va rag‘bat ila boshdan oxirig‘acha mutolaa etdim va ko‘b mustafid bo‘ldim. Men 12 yiddan beri turk-tatar matbuotini ta'qib etub, oila xususida mufassal yozilg‘on munday bir kitobg‘a hanuz tasodif etmagan edim.
Fitrat afandi ijtimoiy xastaliklarimizning eng axdliklarini oilalarimizdan topmish va alarning ilojini ham kamoli muvaffaqiyat ila ochiq suratda bayon etmishdir. Kitobda xotun olmoqning shar'iy tariqasi, er va xotunning vazifalari va bolalarning badaniy, axloqiy va fikriy tarbiyasi, yetim va xizmatkorlarning huquqi oyat va hadis ila muffasal suratda bayon etilmishdur.
Xususan, xotunlarning islom nazarida huquqi, taaddudi zavjot (ko‘b xotun olmoq)ning mushkilligi va axloqiy zararlari, taaddudi zavjot uchun adolatning shartligi va bu shartning rioyasi nihoyatda mushkul bo‘lub, oning uchun adolat bo‘lmagonda birdan ortuq xotun olmoqning shar'iy durust emasligi, taloqning qaysi vaqtda joizligi dalillari ila muffasal yozilmishdur.
Xulosa: bir islom oilasining mas'ud va baxtiyorligi uchun har nimaki lozim bo‘lsa, barchasi ushbu kitobda mubindur. Kitob Bokuda «Maktab» matbaasida bosilmishdur.
Kitobning ustida yozilg‘on bahosi 2 so‘m 5 tiyin bo‘lub, noshirining adresi ushbudir: Eski Buxoro, kitobxonai shirkati «Ma'rifat», Mirzo Abdulahad Manzum.
Shuni ham yozamizki, mazkur kitobning uch kamchiligi bor:
1) Turkiston sheva turkiysida yozilmaganligi.
2) Fixristsizligi.
3) Oxirida xato-savob jadvali yo‘qligi. Turkistonda yolg‘uz 2-3 yuz minggina forscha biladurgon musulmonlarning xotiri uchun kitob forscha tilda yozilib, ammo bir necha milliyun Turkiston turklari rioya qilinmay kitobning turkcha yozilmasligig‘a sabab na bo‘lsa deb, har kimning xotirig‘a bir savol kelur edi. Mana ushbu savoli mukaddarg‘a muharrir afandi javob bermoqchi bo‘lub, kitobning muqaddimasida bayoni ma'zurat etmishdur.
Risolalarg‘a, bilxossa munday ulug‘ va muhim asarlarg‘a bir fixrist ilova etmak va bir xato-savob jadvali qo‘shmoq mutolaa havaskorlarig‘a bir rahnamolik vazifasini ifo etadur. Shuning uchun kitobning muhtaram fidokor noshiridan o‘tinar edikkim, hozirda ham bo‘lsa, bir fixrist va bir xato-savob jadvali tartib etub, kitobning oxirig‘a ilova etsalar edi.”2
Birinchi navbatda islohot madaniy-maishiy va ma’naviy hayotga tegishli edi. Aynan shu uchun Fitratning fikri bo’yicha, oila asosini to’g’ri qurmasdan va yosh avlodni to’laqonli to’g’ri yo’lda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilish, uning rivojini taraqqiyot sari yo’naltirish mumkin emas va oxir-oqibatda millat taqdiri uning oilasining holatiga bog’liq, – deb aytgan edi. Bu g’oya Fitratning asarida o’z ifodasini topgan bo’lib: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog’liq. Tinchlik va totuvlik esa, shu millat oilalarining imtizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo’ladi”, - deb yozadi, u.
“Ma’lumki, oilaning ma’naviy-axloqiy qiyofasi ajdodlarimizdan bizga o’tgan bilim va tajriba, madaniy qadriyatlar asosida va zamondoshlarimiz erishgan yutuqlari negizida barpo bo’ladi. Bizning davrimiz oilalarimizga zamonaviy texnologiya va jahonning yuksak taraqqiyotga erishgan rivojlangan davlatlarida yuz berayotgan o’zgarishlar haqidagi tasavvur va qarashlar hamda axborotlarning kirib kelayotganligi bilan ajralib turadi”.3 Biroq o’tmishimizga nazar tashlaydigan bo’lsak, xalqimizning oilaviy an’ana va urf-odatlari yuqori madaniy darajada bo’lganligining guvohi bo’lamiz. Bu sohada to’plangan bilimlar asosida yozilgan asar muallifi Abdurauf Fitrat oila to’g’risidagi o’z bilimlarini Sharq va G’arb olimlarining ko’plab ilmiy tadqiqotlari bilan tanishib chiqish jarayonida mustahkamlab, nihoyat oila masalasida o’sha davr uchun shunday mukammal yo’riqnomani dunyoga keltirdi.
A. Fitratni o’ranish jarayonida, jumladan, uning “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” asarini o’rganish, uning ichida o’rin olgan Oila tarbiyasi, oilada bolalarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash, mazkur jarayonda milliy qadriyatlar, shu jumladan, xalq pedagogikasi g‘oyalaridan foydalanish, shuningdek, bolalarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashda oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi masalalarini o’rganish lozim. B. Qosimovning “Maslakdoshlar”,4 “Milliy uyg’onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik.”5, Dilorom Alimovaning “Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash”6 asarida jadidlarning yirik namoyondasi Fitratning hayoti,jadid sifatidagi faoliyati, ijodiy merosi o’rganib chiqilgan. haqida batafsil ma’lumotlarni bergan.
Men o’ylaymanki, Fitratning hayot faoliyatining ko’p qirralari, anchagina asarlari haligacha to’liq ravishda o’rganilmagan. Ushbu tadqiqot ishimda Fitratning “Oila” asaridagi oilaviy munosabatlar, er va xotin o’rtasidagi muomalalari, turmush qurish muammolari, oilaviy tarbiya masalalarini o’rganib chiqmoqchiman.
Hozirgi kunda olib borilayotgan pedagogik tadqiqotlarda ham ota-onalarning farzand tarbiyasida milliy tarbiyaning ijobiy metodlaridan samarali foydalana olmayotganligini salbiy metodlar uchrayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu ma'noda biz oilada sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish muhim omil ekanligini tadqiqot mavzusi etib oldim.
Do'stlaringiz bilan baham: |