#BuxDU_besh_tashabbus
#Bobur_ijodi_shaydosiman
#Eng_yaxshi_esse
Bundan 538 yil muqaddam Andijon tuprog'ida taqdiriga o'z yurtini emas, o'zga yurtni obod qilish bitilgan bir jahongir olam yuzini ko'rdi. U sertashvish bolalik, suronli o'smirlik yillarini boshdan kechirib, o'zga yurtlar "sori yuzlanib", asrlar o'tsa-da, afg'on va hind xalqi adovat bilan emas, ehtirom bilan xotirlaydigan odil hukmdor bo'lib yetishdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur. O'z xalqini yovlarga boy bergan, yot elatlarni zulmdan xalos qilgan g'aroyib taqdir egasi... Shunchalar g'aroyibki, uning hayot yo'li turli olimlarning turfa talqinlariga sabab bo'lgan.
Tan olish kerakki, hazrat Navoiydan ko'ra, Boburning dardchil ijodiga maftun bo'lganlar salmoqli. Undagi soddalik, ravonlik chaqish zahmatidan xoli qilingan totli mag'izga o'xshaydi...
Salmoqlilar safida ekanligim uchun Bobur shaxsiyatiga hamisha qiziqib kelaman. Shu shaxs hayotini yorituvchi barcha asarlarni mutolaa qilgim keladi. Nemis olimi Fris Vyurtlening "Andijon shahzodasi" asarini ham shu istak vajidan oʻqib chiqqandim. Asarda Bobur hayoti ancha tor, yana 12-13 yoshli o'smir tushunchasiga moslashtirib tasvirlangan. Holbuki, Boburning Andijonda kechgan yillari bilan uning umr portretini hosil qilib bo'lmaydi. Albatta, bu shaxsiy fikr. Lekin Boburning Samarqandni uch marta egallashi, Shayboniyxon qamalida muhtojlarga qo'shin zahirasidan xayriya qilishi kabi tarixiy haqiqatlar uning porterini yorqinroq namoyon etardi, nazdimda. Shunday bo'lsa-da, asarda Boburning xarakter- xususiyati ancha teran ifodalangan, undagi dadillik, jasorat, qat'iyat bo'rtmalardan xoli. Birgina uning xoinlarga qarshi jangda narvon ustida, askarlar oldida jang qilish lavhasi fikrimiz isbotidir. Bu holatni Boburning o'z memuar asarida keltirilgan sajda ustida turib, garovga olmoqchi bo'lganlarga ko'rsatgan jasorati bilan hamohang deyish mumkin. Shuningdek, qissada yosh kitobxonga yumoristik kayfiyat ulashuvchi to'qima obraz - Sepkilvoy(Hoji) g'ayrat va sadoqatning jo'shqin timsoli bo'lsa, "bilimdonlik chashmasi" Mirzo Ulloh, "biyno basir" Qosimbek obrazlari esa aql-u tafakkurning noyob ifodasi bo'lib kelgan.
Asarda, shuningdek, tarixiy haqiqatlardan tuzukkina "lirik" chekinish qilinganligini ko'rish mumkin, jumladan, Boburning Shayboniyxonni asir qilib Axsiga keltirishi, Shayboniyxon Boburning aql-u tarbiyasiga lol qolib, Umarshayx Mirzoning qabriga yodgorlik o'rnatishda ishtirok etish sahnalari yozuvchining anchagina utopist ekanligini, shu qatorida, Bobur shaxsiyatiga ehtiromi yuksak bo'lganligini ko'rsatib o'tgan.
Umuman, Boburning Shayboniyxon bilan bo'lgan muxolifati turli asarlarda farqli talqin qilinadi. Qaysidir tarixshunos(eslolmadim) o'z asarida uning shialar bilan birlashib, Shayboniylarga qarshi kurashi faqatgina shaxsiy manfaat, hokimiyatga intilish yuzasidan bo'lganligini, buning oqibatida murtad shialar yurtimizning ko'p hududlarini talon-taroj qilishganini qayd etadi. Asardan aynan ta'sirlantirgan jumla: "shialar tufayli surxon hududida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan qiz-juvonlar orasida birorta bokirasi qolmadi..."
Bu asar, balki, diniy ayirmachilik , shovinizm ta'sirida yozilgan bo'lishi mumkin yoki teskarisi: Boburning "har ishniki ayladim, xatolig' bo'ldi" satriga isbotdir, ehtimol. Nima bo'lganda ham "tarix - soqov kampir, dardin aytmaydi". Baribir Bobur biz faxr bilan yod etadigan ajdodimiz sifatida qolaveradi. Zotan, shohlar qullardan-da erksiz bo'lgan. Yurt boshqaruvi shoh xohish-irodasi bilan hamisha ham hisoblashmaydi. Ehtimol, uning shohlik faoliyatidan xalqimizga naf yetmagandir, biroq u o'zining betakror ijodi, turfa fanlarni qamragan memuar asari bilan adabiyotimizda o'chmas shu'la bo'lib qoldi.
BuxDU Lingvistika (oʻzbek tili) mutaxassisligi II bosqich magistranti Nurboyeva Maftuna.
Do'stlaringiz bilan baham: |