11-modda. Jamiyatning ta’sis hujjatlari Jamiyatning ta’sis shartnomasi va ustavi jamiyat ta’sis hujjatlari deb hisoblanadi.
Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning ta’sis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga ko‘paysa, ular o‘rtasida ta’sis shartnomasi tuzilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchisining, auditorning yoki istalgan manfaatdor shaxsning talabiga binoan jamiyat ularga jamiyatning ta’sis hujjatlari bilan, shu jumladan unga kiritilgan o‘zgartishlar bilan tanishish imkoniyatini berishi shart. Jamiyat ishtirokchisining talabiga binoan jamiyat unga jamiyatning ta’sis shartnomasi va ustavi nusxalarini berishi shart. Nusxalarni berganlik uchun jamiyat tomonidan olinadigan haq ularni tayyorlashga ketgan xarajatlardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang. Jamiyatning ta’sis hujjatlariga o‘zgartishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi qaroriga binoan kiritiladi. Jamiyatning ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
(11-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Jamiyatning ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi. Vakolatxonalar va filiallar tashkil etilishi, shuningdek jamiyatning pochta manzili o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘zgartishlar kiritilgan hollarda, bunday o‘zgartishlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
Ta’sis shartnomasi qoidalari bilan jamiyat ustavi qoidalari mos kelmagan hollarda jamiyat ustavi qoidalari uchinchi shaxslar va jamiyat ishtirokchilari uchun ustuvor kuchga ega bo‘ladi.
12-modda. Jamiyatning ta’sis shartnomasi Ta’sis shartnomasida jamiyatning muassislari jamiyatni tuzish majburiyatini oladilar va uni tuzish yuzasidan birgalikdagi faoliyat tartibini belgilaydilar. Ta’sis shartnomasida quyidagilar ham belgilanadi:
jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) tarkibi;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va jamiyat har bir muassisi (ishtirokchisi) ulushining miqdori;
jamiyat ta’sis etilayotganda uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalarni qo‘shish tartibi, miqdori, usullari va muddatlari;
hissalarni qo‘shish bo‘yicha majburiyatlarini buzganlik uchun jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) javobgarligi;
jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasida foyda va zararlarni taqsimlash shartlari va tartibi;
jamiyat organlarining tarkibi va jamiyat ishtirokchilarining jamiyatdan chiqish tartibi.