1.3. Risk va uning konseptual tahlili
“Risk” tushunchasining turli jihatlarini konseptual tahlil qilish ushbu muammoning genezisini aniqlashni talab qiladi.
Uzoq tarixga ega bo‘lishiga qaramay, XVII asrgacha “risk” atamasini ta’riflash uchun umumiy tushuncha mavjud bo‘lmagan. Faqat XIX asr oxiri, XX asr boshlarida ushbu hodisaning turli jihatlari faol o‘rganila boshlandi.
“Risk” tushunchasining shakllanishi ko‘p jihatdan kelajakni anglash jarayoni bilan bog‘liq. Qadim zamonlardan beri odamlar kelajakka ishonchsizlik bilan qarashgan, biroq odamlar o‘z qarorlarining oqibatlari uchun o‘zlari javobgar ekanliklarini anglay boshlaganlaridan so‘ng “risk” so‘zining talabgorligi ortgan. O‘rta asrlarda qimor o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishning shiddat bilan ortishi, imkoniyatlarni baholashni talab qilgan holda, risk muammosini o‘rganishga e’tiborning kuchayishini oldindan belgilab bergan va bu o‘z navbatida, ehtimollik nazariyasi asoslarining paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Maks Fasmerning rus tilining etimologik lug‘atiga ko‘ra, “risk” so‘zi fransuzcha risquye yoki italyancha risico so‘zlaridan olingan bo‘lib, ularning o‘zagi yunoncha ῥιζικόν – “qoya”, ῥίζα – “tog‘ yonbag‘ri” so‘zlariga borib taqaladi. Demak, “risk” so‘zi fransuzcha risquer, italyancha risicare so‘zlari orqali dastlab - “qoyalar orasida qaltis harakat” ma’nosini anglatgan [5].
Asta-sekin “risk” tushunchasi infson faoliyatining turli sohalarida: siyosatshunoslikda, iqtisodiyotda, tibbiyot va boshqa sohalarda paydo bo‘la boshlagan.
Quyida ushbu tushuncha qo‘llaniladigan turli sohalardagi “risk” atamasiga berilgan ta’riflarni ko‘rib chiqish mumkin.
Iqtisodiyotda risk atamasiga quyidagicha ta’rif beriladi:
Risk – yo‘qotishning potensial, son jihatidan o‘lchamga ega ehtimoli. Umuman olganda, bunday hollarda, loyihani amalga oshirish doirasida noxush holatlar va oqibatlar yuzaga kelishi ehtimoli bilan bog‘liq noaniqlikni baholashga harakat qilinadi.
Risk – daromad olish uchun potensial imkoniyatning noaniqlik darajasi.
Risk – korxonaning muayyan ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatni amalga oshirish natijasida o‘z resurslarining bir qismini (moliyaviy, siyosiy, ijtimoiy) yo‘qotish riski, daromadlarning yo‘qolishi yoki qo‘shimcha xarajatlarning paydo bo‘lishi [83].
Risk – iqtisodiy faoliyat sharoitlarining tasodifiy o‘zgarishi, noxush vaziyatlar tufayli kutilayotgan foyda, pul mablag‘lari, daromadlar yoki mulk, boshqa resurslarning kutilmaganda yo‘qotish riski.
Psixologiyada “risk” atamasi uchta tadqiqot yo‘nalishlari bilan bog‘liq:
Risk – sub’yektga ma’lum yo‘qotishlar (jismoniy, moddiy, ma’naviy zarar) bilan tahdid soluvchi harakat. Bundan tashqari o‘zini oqlagan va oqlamagan risk toifalari ham mavjud.
Risk – muvaffaqiyatsizlik ehtimoli va noxush oqibatlar uyg‘unligi yordamida aniqlanadigan, faoliyatdagi muvaffaqiyatsizlikda kutilayotgan noqulayliklar o‘lchovi.
Risk – turli jozibadorlik va ishonchlilikka ega strategiyalar o‘rtasidagi tanlov holati.
Do'stlaringiz bilan baham: |