3.2. Respublikada Uy-joy fondiga xizmat ko’rsatishda energiya tejamkorlikni oshirish yo’llari.
Energiya resurslari - issiqlik energiyasi, elektroenergiya va tabiiy gaz qiymati kommunal xizmatlar tannarxining asosiy qismini tashkil etadi. Respublikamizda uy- joy kommunal xo’jaligi sohasida yetkazib berilayotgan issiqlik energiyasining qiymati umumiy kommunal xizmatlari qiymatining 35-40 foizini tashkil etmoqda.
Issiqlik energiyasi ta’minotida issiqlik ta’minoti tizimini yuqori sifatli qilib loyihalashtirish, qurish va ishlatish orqali ishlab chiqarish xarajatlari va yoqilg’ini maksimal darajada tejashga erishish mumkin. Ammo hozirgi kunda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari tizimning texnik iqtisodiy asoslari va loyiha quvvatida belgilangan ko’rsatgichga nisbatan 25-30 % ga ko’p sarflanmoqda. Tizimda me’yordan ortiq sarf-xarajatlarga yo’l qo’yilishning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
⁂ qozonxonalarning foydalilik koeffisentining belgilanganidan past ko’rsatkichlarda ishlatilmoqda. Bunga asosan tarmoqda eski texnologiyalar asosida, sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilgan, yoqilg’i iste’mol qilish darajasi yuqori bo’lgan qozonxona uskunalaridan foydalanilayotganligi, ularning eskirish darajasi yuqoriligi va texnik nuqsonlar mavjudligi sabab bo’lmoqda;
⁂ quvur va uzatish jihozlarining himoya qobig’i (izolyasiya) bilan qoplash ishlarining sifasiz bajarilganligi va texnologik xatolarga yo’l qo’yilganligi sababli uzatish tarmoqlarida issiqlik energiyasini me’yorga nisbatan ko’p yo’qotilishiga yo’l qo’yilishi;
⁂ isitish tizimida uylarni bir maromda issiqlik bilan ta’minlash balansining buzilishi. Binolarda isitish tizimini kapital va joriy ta’mirlash jarayonlarida loyihada belgilangan quvvatini ta’minlovchi o’tkazgich va jihozlarni kattaroqlariga almashtirish;
⁂ issiq suvdan tejamkorlik bilan foydalanmaslik. Issiq suv haroratining me’yorga nisbatan pastligi, uzatish tizimlarining yetarli darajada issiqlikni chiqarmaydigan himoya qobig’i bilan qoplanmaganligi sababli uzatish tizimidagi
suvning sovib qolishi va iste’molchilarning issiq suvdan foydalanishda suvni yetarli haroratga yetgunga qadar oqizib qo’yishlari.
⁂ binolar devorlari hamda jihozlarining (deraza romlari, eshiklar) eskirishi tufayli issiqlikni ushlab qolish qobiliyatining pasayishi;
⁂ shamollatish jihozlarining eskirishi oqibatida xonaga kiruvchi sovuq havoni isitish uchun me’yordan ortiqcha energiya yo’qotish;
⁂ turarjoy hududida faoliyat ko’rsatayotgan isitish tizimiga yangi qurilgan binolarni ulanishi, tizimning loyiha quvvatidan ortiqcha iste’molchilarga xizmat ko’rsatishi va boshqalar.
Hozirgi kun amaliyoti katta hajmli qozonxonalardan foydalanish har doim ham samarali emasligini ko’rsatmoqda. Barcha sohalar kabi issiqlik ta’minotida ham zamonaviy texnologiyalarni qo’llash, uzoq masofada joylashgan turarjoylarni isitishda lokal tarmoqlardan faydalanish katta samara bermoqda.
So’nggi yillarda shaharlardagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga tegishli bir yoki bir nechta turarjoy binolari uchun alohida kichik qozonxonalardan foydalanish amaliyotga qo’llanilmoqda. Albatta, bunday lokal isitish tizimiga o’tishdan oldin texnik-iqtisodiy imkoniyatlarni tahlil qilib ko’rish va real iqtisodiy samara berishiga ishonch hosil qilish lozim. Maxsus muhandislik-loyihalash xizmati tomonidan tahlil qilinmagan isitish tizimi doimo yuqori iqtisodiy samara beradi degan xulosaga kelish qiyin. Birinchidan, lokal tarmoq asosan gaz va elektr energiyasi quvvatida ishlaydi. Shahar hududidagi barcha turarjoylarda bunday yoqilg’i tarmog’i mavjud emas, ikkinchidan turarjoy binosining joylashgan hududidan kelib chiqib havoga chiqariladigan tutunlar ekologiyaga katta ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Binolarni isitishda qanday tizimidan foydalanishdan qat’iy nazar yoqilg’ini iqtisod qiluvchi va foydalilik koeffisenti yuqori bo’lgan (yoqilg’ini yonish jarayonida hosil bo’layotgan issiqlikni maksimal darajada isitish tizimidagi suvga o’tkazib beruvchi) qozonxonalardan foydalanishgina issiqlik quvvati tannarxini arzonlashishiga olib keladi.
Respublika bo’yicha shahar aholisi taxminan 14435,9 ming Gkal issiqlik energiyasini ishlatadi, bu ko’rsatgichning asosiy ulushi Toshkent shahriga 8083,3 ming Gkal to’g’ri keladi. Ishlab chiqariladigan issiqlik energiyasining bir kishi hisobiga to’g’ri keladigan miqdori 1.6 Gkal ga, Toshkent shahri bo’yicha esa 3,8 Gkal ga tengdir.
Kommunal xo’jaligi tizimida energiyadan samarali foydalanishni joriy etish masalasiga Respublikamiz Hukumati tomonidan alohida e’tibor qaratilib kelmoqda va sohaga energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlarning pirovard maqsadi uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida energiyani tejash, ya’ni energiya resurslari va suvni ishlab chiqarish, uzatish hamda iste’mol xarajatlarini kamaytirish va shuning hisobiga tarmoqning zarar ko’rmasdan ishlashga o’tish shartlarini aholi uchun yumshatishdir ya’ni narxini arzonlashtirishdir. Ushbu vazifani hal qilish maqsadida Respublikamizda 2018 yilgacha bo’lgan davrga mo’ljallangan energiyani tejash dasturi ishlab chiqildi. Dastlabki tadqiqotlar va ayrim mintaqalar monitoringi respublikamizning bir qator mintaqalarida resurslarni tejash imkoniyatlari: issiqlik bo’yicha 30-60 %, ichimlik suvi bo’yicha 20-40 %, gaz bo’yicha 10-30 % ni tashkil etishini ko’rsatdi.
Ushbu energiya resurslarini tejash tadbirlarini mablag’ bilan ta’minlashni uy- joy egalarining to’lovlari bilan bir qatorda, kutilayotgan resurslar iqtisodi hisobidan, bevosita chet el sarmoyalari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari evaziga amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Energiyani tejash va energiyani iste’mol qilish jarayonida qatnashuvchi barcha ishtirokchilarning asosiy vazifasi resurslarga bo’lgan talabni boshqarishning hamma mexanizmlaridan har tomonlama foydalanishdan hamda energiya resurslarining tejalishini rag’batlantirishdan iborat. Bunda ommaviy axborot vositalari, radio, televidenie, energiya va resurslar iste’molchilari katta rol o’ynashlari kerak.
Har bir tarmoqda o’zining muammolari bo’lishiga qaramay, tizimda umumiy tusdagi qiyinchiliklar mavjud - bu qiyinchiliklarga tarmoqda ishning yomon tashkil etilishini, xizmat ko’rsatish saviyasi pastligini, mablag’ bilan taminlash manbalaridan o’ta bog’liqlikni, iste’molchilar talablari bilan yetarlicha hisoblashmaslikni, shuningdek atrof-muhitga munosabatda ma’suliyatning yetarli emasligini keltirish mumkin.
Ko’rsatkichlardagi farq katta bo’lgani bois, uy-joy kommunal xo’jalik xizmatlari samaradorligini oshirish natijasida olinishi mumkin bo’lgan foyda va naf bir xil bo’lmaydi. Ammo, umuman tarmoq bo’yicha katta ijobiy potensial mavjudligi islohotlarni zarur va o’zini oqlaydigan qilib qo’ymoqda. Islohotlar natijasida uch turdagi foydani kutish mumkin: subsidiyalar kamayishi, kommunal xizmat ko’rsatuvchi korxonalarning texnik qulayliklarga ega bo’lishi va istemolchilarga samara keltirishi. Uy-joy kommunal xizmatlarni takomillashtirish natijasida ko’riladigan foydalar sof samarasizlik va moliyaviy yo’qotishlarning kamayishi bilangina cheklanib qolmaydi. Unumdorlikning o’sishi va narx belgilashning mukammalroq tizimi mavjud ehtiyojni hisobga olgan holda uy-joy kommunal xo’jaligi samaraliroq ishlashi uchun imkoniyat yaratadi. Bu esa iqtisodiy o’sishga va raqobat rivojlanishiga yordam beradi.
Issiqlik energiyasi ishlab chiqarish markazlari va issiqlik tarmoqlaridan iste’molchilarga beriladigan issiqlikni hisobga olib borish issiqlikning haqiqiy sarfi va iste’molini miqdoriy hamda sifat ko’rsatkichlarida aniqlanishini ta’minlaydi. Bu ko’rsatkichlar issiqlik tarmoqlari korxonalari va issiqlik ta’minoti manbayi bilan issiqlik iste’molchilari o’rtasidagi o’zaro hisob-kitob uchun asos bo’lib hisoblanadi. Issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti tizimlarining faoliyati issiqlik hamda energiyaning ko’p miqdorda iste’mol qilinishi (ishlatilish) bilan bog’liq. Zamonaviy issiq suv ta’minoti tizimlari ko’p tarmoqli tizimlar bo’lib, ular samarali ishlashi uchun ulardagi suv oqimini taqsimlash va foydalanish masalasi to’g’ri hal etilishi
lozim.
Issiqlik tizimlari o’tkazilish usuliga ko’ra issiqlik tarmoqlari yerusti qatlamidan va havodan (yer yuzasidan) o’tkazilgan turkumlarga ajratiladi.
Yerning ustki qatlamida o’tmas kanallarda o’tkaziladigan quvurlarning issiqlik o’tkazmaydigan qatlami (izolyatsiyasi) shisha paxtadan qilinib, ustiga to’l (ruberoid) qoplanadi, o’tuvchi kanallarda havoda o’tkazilgan quvurlarga esa shash (suniy tolali) mato qoplanadi yoki asbest sement izolyatsiya qobig’i qoplanadi.
Issiqlik ta’minoti (markazlashtirilgan isitish va issiq suv ta’minoti)ga oid texnologik sarflar hamda yo’qolishlar me’yorlari ko’rsatkichlari har yili mazkur uslubga muvofiq qayta ko’rib chiqiladi va majburiy tartibda “O’zkommunxizmat” agentligida ekspertizadan o’tkazilib, ekspertlar xulosasiga asoslanib yuqori tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadi.
Issiqlik ta’minoti bo’yicha sarflar quyidagicha guruhlanadi:
iste’moldagi sarflar – me’yorlar bo’yicha yoki hisoblagich ko’rsatishlariga muvofiq hisoblangan iste’molchilarga issiqlik va issiq suv sotish hajmi.
texnologik sarflar – issiqlik quvurlarini bo’shatish, issiqlik tarmoqlarini qayta o’tkazish va qayta qurish, yangi quvurlar ulash, armaturani, salnik kompensatorlarini almashtirish, issiqlik manbalarini rejaga ko’ra to’xtatib qo’yish paytidagi issiqlik sarflari.
Issiqlik ta’minoti bo’yicha yo’qolishlar asosan quyidagi turlarga bo’linadi:
iste’moldagi, ya’ni iste’mol paytidagi yo’qolishlar – isitish tizimidan, uy ichidagi isitish va issiq suv ta’minoti tizimlaridan, nosoz sanitariya texnikasi armaturasidan sizish, jo’mraklardan doim issiq suv oqib turishi natijasida issiq suvning yo’qolishi.
texnologik yo’qolishlar – yer ostidan va havoda o’tkazilgan issiqlik quvurlarining izolyatsiyasi orqali, issiqlik tarmoqlari quvurlaridan issiqlik tashuvchi sizishi natijasida, nosozlik tufayli issiqlik manbalari to’xtatib qo’yilganda issiqlik energiyasining yo’qolishi.
v) hisobga olinmagan yo’qolishlar – quvurlar shikastlanganda issiqlik tashuvchining sizishi natijasida issiqlik energiyasining yo’qolishi hamda issiqlik tarmoqlari irrigatsiya, yer osti, suvquvur va oqovaquvur suvlari bilan to’dirilganda issiqlik tashuvchining harorati pasayishi, isitish tizimini bo’shatish va izolyatsiyasining buzilishi oqibatida issiqlik energiyasining yo’qolishi va boshqalar.
Issiqlikning va issiqlik tashuvchining yo’qolishi quyidagi guruxlarga ajratiladi:
⁂ iste’moldagi yo’qolishlar;
⁂ texnologik yo’qolishlar;
⁂ hisobga olinmagan yo’qolishlar.
Iste’moldagi yo’qolishlarga isitish tizimlaridan to’kib tashlash vaqtida, binolarning uylar ichidagi isitish va issiq suv ta’minoti tizimlaridan, nosoz sanitariya texnikasi armaturasidan sizish, taom pishirish, idish-tovoq yuvish, kir yuvish va boshqa xo’jalik-ro’zg’or ishlarini bajarish chog’ida jo’mraklardan doim suv oqib turishi natijasida issiq suvning isrof bo’lishi kiradi.
Binolar issiqlikni va issiq suvni hisobga olish asboblari bilan ta’minlangandan keyingina iste’mol paytidagi issiqlikning hamda issiqlik tashuvchining yo’qolishlarini miqdoriy baholash mumkin bo’ladi. Buning uchun hisobga olish asboblari ko’rsatishlaridan aniqlangan haqiqiy sarfdan mazkur iste’molchi uchun hisoblangan me’yorlar bo’yicha hisoblangan sarf miqdori ayirib tashlanadi.
Issiqlikning va issiqlik tashuvchining texnologik yo’qolishlariga yer ostidan va havoda o’tkazilgan issiqlik tarmoqlari quvurlaridan ularning izolyatsiyasi orqali issiqlik energiyasining yo’qolishi, issiqlik tarmoqlari quvurlaridan issiqlik tashuvchining sizishi kiradi. Bu yo’qolishlar issiqlik quvurlarning va ulangan issiqlik ta’minoti tizimlarining ichki hajmi bo’yicha me’yorlanadi.
Texnologik sarflarga issiqlik tarmoqlarini qayta o’tkazish va qayta qurish, yangi quvurlar ulash, armaturani, salnik kompensatorlarni almashtirish, issiqlik manbalarini rejaga ko’ra va nosozlik yuz bergandan to’xtatib qo’yish paytida issiqlik quvurlari bo’shatilgandagi yo’qolishlar ham kiradi.