1.1.Qisqa muddatli harajatlar haqida ma’lumotlar
Korxona foydalanadigan koʻplab resurslar miqdori, yaʼni jonli mehnat, xom ashyo, yonilgʻi va energiya sarflari tovar hajmining oʻzgarishiga tez va oson taʼsir qiladi. Boshqa resurslar sarfi taʼsirida tovar hajmi oʻzgarishi uchun uzoq vaqt talab qilinadi. Masalan, ogʻir sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish quvvatlari ancha uzoq vaqt oraligʻida mahsulot miqdori oʻzgarishiga taʼsir qilishi mumkin. Demak, ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olishda vaqt omili, yaʼni xarajat qilingandan pirovard natija olinguncha oʻtgan davr sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli vaqt omilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqa va uzoq muddatli davrda alohida tahlil qilinadi.
Korxona ishlab chiqarish hajmini oʻstirish uchun qisqa davrda faqat oʻzining oʻzgaruvchi xarajatlari miqdorini oʻzgartirishi mumkin. Bu qisqa muddatli xarajatlardir. Ishlab chiqarish quvvatlari esa (ishlab chiqarish bino va inshootlari maydoni, mashina va uskunalar miqdori) doimiy boʻlib qoladi, hamda bu davr faqat ulardan foydalanish darajasini oʻzgartirish uchun yetarli boʻlishi mumkin.
Boshqacha aytganda qisqa davr oraligʻida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari oʻzgarishsiz qoladi, ishlab chiqarish hajmi jonli mehnat, xom ashyo va boshqa resurslar miqdorini koʻpaytirish orqali oʻzgarishi mumkin. Bunda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish intensivligini oshirish mumkin.
Uzoq muddatli davr – bu korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini va butun band boʻlgan resurslari miqdorini oʻzgartirish uchun yetarli boʻlgan davrdir.
Bu yerda shuni taʼkidlash lozimki, ishlab chiqarish quvvatlarining oʻzgarishini taqozo qiladigan davr davomiyligi ayrim tarmoq va korxona xususiyatidan kelib chiqib farqlanishi mumkin. Masalan, yengil sanoat tarmogʻida kiyim-kechak ishlab chiqaradigan kichkina firma, bir nechta qoʻshimcha tikuv mashinasi oʻrnatish bilan oʻzining ishlab chiqarish quvvatlarini qisqa vaqtda (bir necha kunda) oshirish mumkin. Ogʻir sanoat tarmoqlarida yangi quvvatlarni ishga tushirish uchun bir necha yil talab qilinadi.
Biz bilamizki, qisqa muddatli vaqt davomida korxona oʻzining doimiy (qayd qilingan) quvvatlariga oʻzgaruvchi resurslar miqdorini qoʻshib borish yoʻli bilan ishlab chiqarish xajmini oʻzgartirishi mumkin. Bu yerda shunday savol tugʻiladi: korxonaning ishlab chiqarish quvvatlariga (doimiy resurslarga) koʻproq va yanada koʻproq miqdorda oʻzgaruvchi resurslarni qoʻshib borish yoʻli bilan ishlab chiqarish hajmi qanday oʻzgarib boradi?
Bu savolga marjinalistlar oʻzlari tomonidan oʻylab topilgan samaraning kamayib borishi qonuni deb ataluvchi qonun orqali javob beradi. Bu qonunga binoan, maʼlum davrdan boshlab korxonaning ishlab chiqarish quvvatlariga (masalan kapital yoki yerga) oʻzgaruvchi resurslar birligini (masalan, jonli mexnat) ketma-ket qoʻshib borish, har bir keyingi oʻzgaruvchi resurs birligi qiymatiga kamayib boruvchi qoʻshimcha mahsulot beradi. Boshqacha aytganda, agar asosiy kapitalga xizmat koʻrsatuvchi ishchilar soni koʻpayib borsa, ishlab chiqarishga koʻproq ishchini jalb qilib borish bilan ishlab chiqarish hajmining oʻsishi tobora sekinlik bilan roʻy beradi. Bu qonunni tasvirlash uchun quyidagi misolni keltiramiz. Faraz qilaylik, fermer foydalanadigan yerning doimiy miqdoriga (masalan 20 ga) ega boʻlib, unda don yetishtiradi. Agar fermer ekinga qayta ishlov bermasa, har bir gektar yerdan 40 sentnerdan hosil oladi deb hisoblaymiz. Agar ekinga qoʻshimcha bir marta ishlov berilsa, hosildorlik 50 s/ga ga qadar koʻtarilishi mumkin. Ikkinchi ishlov berish hosildorlikni 57 s/ga, uchinchisi - 61 s/ga, toʻrtinchisi, aytaylik 63 s/ga ga qadar koʻtarishi mumkin. Ekinga keyingi ishlov berishlar juda kam yoki nolga teng boʻlgan qoʻshimcha hosil beradi.
Bu yerda shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, samaraning kamayib borish qonuni, oʻzgaruvchi resurslarning barcha birligi (masalan barcha ishchilar) sifat jihatidan bir xil degan farazga asoslanadi. Yaʼni, har bir qoʻshimcha ravishda jalb qilingan ishchi bir xil aqliy layoqatga, bilimga, malakaga, harakat tezligi va shu kabilarga ega deb hisoblanadi.
Demak, qoʻshilgan mahsulot keyingi jalb qilingan ishchi kam malakaga ega boʻlgani uchun emas, balki kapital (fondlar) ning mavjud miqdoriga nisbatan koʻp miqdorda ishchilarni band qilish sababli kamayib boradi. Bu yerda ishlab chiqarish omillari oʻrtasidagi nisbat, mutanosiblik buzilishi sodir boʻladi.
Bundan koʻrinib turibdiki, samaraning pasayib borishi degan qonun tabiiy ravishda oʻzidan oʻzi emas, balki omillarning boshqasi oʻzgarmagani holda ayrimlarini koʻr-koʻrona koʻpaytirib, ular oʻrtasidagi mutanosiblik buzilganda sodir boʻladi.
Qulay iqtisodiy muhit tufayli, ishlab chiqarish quvvatlarining toʻxtovsiz kengayib borishi natijasida korxona oʻrtacha umumiy (yalpi) xarajatlarida qanday oʻzgarish roʻy beradi? Dastlab qandaydir vaqt oraligʻida ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi oʻrtacha umumiy xarajatlarning pasayishi bilan birga boradi. Ammo oxir oqibatda koʻproq va yanada koʻproq quvvatlarni ishga tushirish oʻrtacha umumiy xarajatlarning oʻsishiga olib keladi. Bunday hollarni samaraning kamayib borish qonuni tushuntirib berolmaydi, chunki uning amal qilish shart-sharoiti ishlab chiqarishda foydalanadigan resurslardan bittasi miqdorining oʻzgarmasligi hisoblanadi. Uzoq muddatli davrda barcha resurslar miqdori oʻzgaradi. Bundan tashqari biz tahlilda barcha resurslar narxini doimiy deb faraz qilamiz. Shu sababli uzoq muddatli davrda oʻrtacha xarajatlarning oʻzgarishi tamoyilini ishlab chiqarish miqyosi oʻsishining ijobiy va salbiy samarasi yordamida tushuntirish mumkin.
Moddiy va ma'naviy ne'matlarni yaratish, xizmatlar ko'rsatish inson hayoti, uning yashashi va kamol topishi uchun moddiy asosdir. Shuning uchun ishlab chiqarishni to'xtovsiz olib borish va rivojlantirish har doim eng muhim iqtisodiy qonuniyat va zaruriyatdir.
Har qanday jamiyatda ishlab chiqarishning amalga oshishi uchun, eng avvalo uning ro'y berishi uchun zarur bo'lgan, unda qatnashadigan omillar mavjud bo'lmog'i lozim. Iqtisodiyotning tizimi va shaklidan qatyiy nazar ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatishning hamma sohalari uchun umumiy bo'lgan uchta omil: ishchi kuchi, mehnat qurollari va mehnat predmetlari bo'lishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |