MАVZU. Buxgalteriya xisobi faninig predmeti va usullari
Reja:
1. Xoʼjalik hisobining umumiy tavsifi. Hisobga olishda qoʼllaniladigan oʼlchov birliklari.
2. Hisob turlari.
3. Buxgalteriya hisobini vazifalari.
Oʼzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini modernizatsiyalash sharoitida munosabatlarni erkinlashtirish yoʼli orqali rivojlanmoqda. 2017-2021 yillarda Oʼzbekistonni yanada rivojlantirish boʼyicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqish jarayonida asosiy eʼtibor, eng avvalo, davlat va jamiyat qurilishini tubdan isloh qilishga qaratildi. Shuning uchun ham ushbu vazifa birinchi ustuvor yoʼnalish sifatida belgilab olindi va «Kuchli davlatdan-kuchli fuqarolik jamiyati sari» kontseptsiyasi qoidalarini toʼliq oʼzida aks ettirdi.
Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategisini "Faol tadbirkorlik, innovatsion gʼoyalar va texnologiyalarni qoʼllab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlandi.
Milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uygʼunlashuvi jaryonini jadallashtirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3946 sonli Qarori qabul qilindi. Iqtisodiyotini erkinlashtirish, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonini chuqurlashtirish, mulkchilikni turli-tuman shakllaridagi korxonalarini yaratish hamda sogʼlom raqobatchilikni rivojlantirish asosida amalga oshiriladi. Yirik ijtimoiy ishlab chiqarish yuqori sifatli ishlab chiqarishni va boshqarishni talab qiladigan raqobatsiz rivojlana olmaydi.
Korxonalarni boshqarish, uning oldiga qoʼyilgan reja koʼrsatkichlariga doir vazifalarni bajarish maqsadida xoʼjalik faoliyati ustidan kundalik kuzatib borishni talab qiladi. Bunday kuzatish va boshqarish xoʼjalik hisobi yordamida amalga oshiriladi.
Korxona va tashkilotlarning xoʼjalik faoliyati ustidan rahbarlik qilish xamda ishlab chiqarishning borishini boshqarish maqsadida axborotlarni olish uchun faqat kuzatuvni amalga oshirishning oʼzi kifoya qilmaydi.Olingan maʼlumotlarni oʼlchash, yaʼni menejerlarga zarur boʼlgan maʼlum bir miqdoriy koʼrsatkichlarda ifodalash lozim boʼladi. Undan soʼng bu koʼrsatkichlar boshqarishga zarur boʼlgan yoʼnalishda axborotni guruhlash, korxonalar faoliyatini keyinchalik baholash va axborotning saqlanishini taʼminlash hamda auditni tashkil qilish maqsadida hisobning tegishli registrlarida roʼyxatga olinishi lozim.
Demak, hisob deganda olingan maʼlumotlardan maʼlum bir amaliy yoki ilmiy maqsadlarda keyinchalik foydalanish uchun yoki boshqa voqealar, harakatlar, dalillarni qayd etishni tushunmoq kerak.
Shuni taʼkidlamoqchimizki, xoʼjalik hisobi barcha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish davrida bir xil boʼlmagan. Shuning uchun ham xoʼjalik hisobi uning oldiga qoʼyilgan talablariga mos shakilda ijtimoiy rivojlanishning har bir bosqichida doimo oʼzgarib borgan.
Ishlab chiqarish usuli va boshqarish tizimining oʼzgarishi iqtisodiy hamda siyosiy tuzum oʼzgarishiga olib keladi. Bu esa oʼz navbatida, xoʼjalik faoliyati ustidan raqbarlik qilish, uni amalga oshirish, nazorat qilish usullarining oʼzgarishiga, demak, xoʼjalik hisobining ham oʼzgarishiga olib keladi. Ijtimoiy rivojlanishning har bir bosqichida xoʼjalik hisobi oʼz maqsadi, vazifasi, shakllari va tashkiliy xususiyatlariga egadir. Bozor munosabatlari sharoitida u har doim anih ifodalangan boshqaruv xarakteriga ega.
Xoʼjalik hisobi insoniyat rivojlanishining xar bir bosqichidagi xoʼjalik faoliyatini tashkil qilish xususiyatlarini aks ettiradi. Bundan xulosa qilish mumkinki, xoʼjalik hisobi, xoʼjalik muomalalarini miqdoriy aks ettirishidan tashqari ularga sifat tavsifini ham beradi.
Yuqoridagilarni umumlashtirib, xoʼjalik hisobini quyidagicha taʼriflash mumkin:
Xoʼjalik hisobi deb xoʼjalik faoliyatining rivojlanish istiqbollarini aniqlash, uni boshqarish va nazorat qilish maqsadida shu jarayonni miqdoriy (qiymat, mehnat) aks ettirish va sifat jihatidan tavsiflashga aytiladi.
Hozirgi kunda mulkdorlar xoʼjalik hisobidan maksimal darajada foyda undirish va oʼstirish uchun foydalanadi va bunda mulk egalari uning yordamida qoʼyilgan mablagʼlar va kapitalning yuqori samarali ishlatilishi ustidan kuzatishni amalga oshirishga harakat qilishadi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida xoʼjalik hisobining maqsadi foydaning shakllanish jarayoni ustidan kuzatish hisoblanib, uning yordamida tadbirkorlar ishlab chiqarish xajmini oshirish, mahsulot (ish, xizmat)lar sifatini yaxshilash hamda yaratilgan mahsulot tannarxini kamaytirish imkoniyatiga ega boʼladilar.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida xoʼjalik hisobining koʼrsatkichlari ichki va tashqiga boʼlinib, axborotdan ham tashqi (aktsionerlar, xissadorlar va boshqa mulk egalari), hamda ichki qiziquvchilar, menejerlar tomonidan foydalaniladi. Tabiiyki, xoʼjalik hisobining bu maʼlumotlari mulkchilikning har xil shakldagi hamda sogʼlom raqobatchilikning rivojlanishi sharoitida obʼektiv ravishda tashqi eʼlon qilinadigan va ichki tijorat siri hisoblangan qismlarga boʼlinishi kerak. Buni yuzaga chiqarish uchun tijorat sirini himoya qiluvchi qonun ishlab chiqilishi kerak boʼladi. Bunday qonun tadbirkorlarga oʼz korxonalarining ishi bilan tanishish uchun faqat tashqi foydalanuvchilarga moʼljallangan axborotni berish va tijorat siri hisoblangan ichki axborotni saqlab qolish huquqini beradi. Shu bilan birga taʼkidlash lozimki, tadbirkorlarning xoʼjalik faoliyati oʼz maqsadlariga munosib ravishda axborotlarda buzib koʼrsatishning oldini olish uchun iqtisod munosabatlari mexanizmining zarur shartlaridan hisoblangan mustaqil auditorlik faoliyati keng rivojlantirilishi kerak.
Ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilik sharoitida mulk egalarining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan ichki rejalashtirish (byudjetlashtirish) oʼz rivojini topishi kerak.
Xoʼjalik hisobi har bir tadbirkor tomonidan oʼzining xohishiga qarab tashkil qilinib, umumbelgilangan talablarga rioya qilish bilan birga boshqarishning maʼmuriy buyruqbozlik tizimiga xos boʼlgan qatʼiy tartibga solingan hisobning oʼrniga davlat tomonidan qoʼyiladigan tartibni minimumgacha kamaytirib boradi.
Xoʼjalik hisobining umumiy uslubiy asoslariga rioya qilish sharoitida, uning nafaqat shakllari va tashkil qilinishi har xil boʼlmay, hattoki, hisob koʼrsatkichlarini olish uslubiyati ham har xil boʼlishi mumkin. Natijada har xil mulk egalari ixtiyorida boʼlgan korxonalardagi bir xil turdagi koʼrsatkichlar har xil yoʼl bilan ishlab chiqilishi mumkin, lekin eʼlon qilinadigan hisobotdagi maʼlumotlarning solishtiruvchanligini taʼminlash uchun moliyaviy hisobga ilova qilingan tushuntirish xatida korxona tomonidan qabul qilingan hisob siyosati (qabul qilingan hisob, amortizatsiya, baholash va boshqa usullar) haqida izohlar keltirilishi kerak.
Mulkchilik tuzilishining oʼzgarishi, turli tavakkalchilik va nomaʼlumliklarni yuzaga kelishi, investitsiya, qimmatli qogʼozlar, oʼz aktsiyalarini chiqarish va sotish, valyuta va koʼchmas mulk muomalalarini vujudga kelishi bilan ifodalanadi.
Bunday sharoitda korxona bozor konьyukturasini oʼrganadi, oʼz faoliyatini mustaqil rivojlantiradi, isteʼmolchilarni qidirib topish bilan shugullanadi, tovar, ish va xizmatlarni, korxonalarning sotish narxini oʼzi belgilaydi, tijorat banki kreditlari va boshqa investorlarning mablagʼlarini jalb qiladi.
Bunday faktlarni toʼgʼri hisobga olish va boshqarish, shuningdek, barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun axborotlarni yigʼish va ishlab chiqishning samarali tizimi zarur.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobi — bu faoliyat koʼrsatayotgan subʼektning mulki, majburiyatlari, xoʼjalik muomalalari va ularning harakatini yoppasiga hamda uzluksiz hujjatlashtirish yoʼli bilan tartibli yigʼish, nazorat qilish, oʼlchash, roʼyxatga olish, pul oʼlchovida ishlov berish tizimidir.
Buxgalteriya hisobining asosiy maqsadi toʼliq va ishonarli axborotlarni shakllantirish, ichki va tashqi foydalanuvchilarni u bilan taʼminlash, shuningdek, boshqaruv va moliyaviy qarorlar qabul qilish uchun axborotlardan foydalanish.
Demak, buxgalteriya hisobi bu —
subʼektning iqtisodiyoti toʼgʼrisida miqdoriy (moliyaviy) axborot beruvchi axborot tizimidir;
iqtisodiy axborotni aniqlash, nazorat qilish, oʼlchash va uzatish jarayonidir;
cheklangan resurslardan foydalanish usulini tanlab olishda zarurdir.
Har qanday tadbir inson tomonidan amalga oshirilgani kabi buxgalteriya hisobi ham buxgalterlar tomonidan yuritiladi va barcha tamoyillarni amalga oshiradi.
Buxgalteriya hisobini korxona toʼgʼrisidagi moliyaviy axborotlar bilan taʼminlovchi tizim, biznes amaliyotiga iqtisodiy nazariyani amalda qoʼllovchi, jaxon ishbilarmonlar tili, soliqqa tortiladigan bazani shakllantirish usuli desak, bozor iqtisodiyoti sharoitida buxgalter bu moliyaviy axborotlar menejeri, moliyaviy axborotlar bilan taʼminlovchi mutaxassis, moliyaviy asosda qarorlar qabul qilish boʼyicha menejerga faol yordamchi va niqoyat korxona faoliyatini tubdan yaxshilovchi shaxsdir.
Buxgalteriya hisobida xoʼjalik muomalalari (business transactions) oʼlchov obʼekti boʼlib hisoblanadi. Ular firmaning moliyaviy ahvoliga taʼsir qiladigan xoʼjalik hayotining hodisalaridir. Muomalalar ikki tomonlama boʼlib, mustaqil sheriklar oʼrtasida qiymatliklarni almashtirish (xarid qilish, sotish, toʼlovlar, qarzlar va boshqalar)dan yoki bir tomonlama (tabiiy ofatlardan: yongʼin, suv toshishi, portlashlardan talofatlar), stanok va asbob-uskunalarning eskirishi, foizlar boʼyicha summalarning doimiy jamgʼarilishi va boshqalardan iborat boʼlishi mumkin.
Xoʼjalik hisobi tomonidan hamrab olinadigan obʼektlar raqam koʼrsatkichlari vositasida aks ettiriladi. Ularni olish uchun xoʼjalik hisobida moddiy, mehnat va qiymat oʼlchagichlari qoʼllaniladi.
Moddiy oʼlchagichlari maʼlumotlarni sanash, tortish, oʼlchash yoʼli bilan olish uchun xizmat qiladi. Bu uzunlik (metr, santimetr, millimetr), ogʼirlik (gramm, kilogramm, tonna), hajm (kvadrat metr, litr, kubometr) va boshqa oʼlchamlardir. Moddiy oʼlchagichlaridan asosan tovar moddiy qiymatliklarning miqdorini hisobga olishda foydalaniladi. Ular zaxiralar darajasining eng muvofiqligi va moddiy resurslarning but saqlanishi ustidan nazorat qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Demak, moddiy oʼlchagichlari yordamida korxonaning moddiy qiymatliklarini tavsiflovchi umumlashtirilgan koʼrsatkich olinishi mumkin emas.
Mehnat oʼlchagachi sarflangan mehnat miqdorini hisoblab chiqish uchun qoʼllaniladi va kishi kuni, kishi soati birliklarida ifodalanadi. Mehnat oʼlchagichi yordamida mehnat unumdorligi koʼrsatkichlari, korxona xodimlarining ish haqi hisoblab chiqiladi, ishchilarning ishlab chiqarish normalari belgilanadi va nazorat qilinadi. Bu oʼlchagich koʼpincha moddiy oʼlchagichi bilan birgalikda qoʼllaniladi. Ishlab chiqarishning normalarini bajarilishini nazorat qilishda mahsulotning u yoki bu miqdorini ishlab chiqarish uchun qancha vaqt sarflanayotganligi hisoblab chiqiladi; mehnat unumdorligini hisoblab chiqishda ularning vaqt birligidagi (kun, soat) ishlab chiqarish miqdori qancha ekanligi va hokozolar hisoblab chiqiladi. Shunday qilib, mehnat oʼlchagichi yordamida u yoki bu jarayondagi mehnat sarflarining samaradorligi aniqlanadi.
Qiymat oʼlchovi hisob obʼektlarini yagona, bir xil ifodalashda qoʼllaniladi. Oʼzbekiston Respublikasida pul oʼlchovi vazifasini soʼm va uning qismi boʼlgan tiyin bajaradi. Qiymat oʼlchagich yordamida har xil boʼlgan xoʼjalik mablagʼlar va jarayonlarning umumlashtirilgan koʼrsatkichlari, masalan, korxonadagi har xil materiallarning umumiy hajmi yoki undagi ishlab chiharilayotgan mahsulotga qilingan barcha xarajatlarning umumiy summasi (uning ishlab chiqarish tannarxi) hisoblab chiqiladi.
Qiymat oʼlchagichidan foydalanish qiymat qonunining mavjudligi bilan belgilanadi, chunki unda xoʼjalik faoliyatining eng muhim koʼrsatkichlari faqat pul shaklida ifodalanishi mumkin.
Qiymat oʼlchagichi yordamida korxona faoliyatini rejalashtirish (byudjetlash) hamda korxona va uning tarkibiy qismi faoliyati natijalari ustidan nazorat amalga oshiriladi. U korxona va tashkilotlarning kredit va hisobkitob aloqalarini ifodalovchi vosita boʼlib hisoblanadi.
Binobarin, pul oʼlchagichi xoʼjalik faoliyatining eng muhim boʼlgan miqdoriy va sifat koʼrsatkichlari hisoblangan ishlab chiqarish hajmi, foyda, rentabellik, likvidlik korxonaning toʼlov qobiliyati va boshqa koʼrsatkichlarni hisoblab chiqish uchun zarurdir.
Qiymat oʼlchagichi hisobda koʼpincha moddiy va mehnat oʼlchagichlari bilan birgalikda qoʼllaniladi. Masalan, moddiy qiymatliklarning puldagi ifodasi ularning naturadagi miqdorini sotib olish narxiga koʼpaytirish asosida aniqlanadi. Yoki, masalan, ishbay ishchining ish haqi shu ishchi tomonidan ishlab chiqariltan mahsulot sonini shu mahsulot birligiga belgilangan narx (rastsenka)ga koʼpaytirish yoʼli nbilan hisoblab aniqlaadi.
Buxgalteriya hisobi butun mamlakat boʼyicha hamda har bir korxona, tashkilot va muassasa boʼyicha belgilangan ishlab chiqarish dasturining bajarilishini aks ettiradi.
Xalq xoʼjalik hisobining oldiga qoʼyilgan vazifalariga qarab hisobning uch turi mavjud: tezkor, statistik va buxgalteriya.
Tezkor yoki tezkor texnika hisobi ayrim xoʼjalik muomalalari va jarayonlarini bevosita ular sodir boʼlayotgan vaqtida boshqarish maqsadida joriy kuzatish va nazorat qilish tizimi boʼlib hisoblanadi. Bu hisobning korxona va uning tarkibiy boʼlinmalariga joriy rahbarlik qilish maqsadida maʼlumotlarni tezkor ravishda olish va ulardan foydalanish uning farq qiladigan belgisi hisoblanadi.
Tezkor hisob turli-tuman xoʼjalik xodisalarni oʼz ichiga olib, asosan ishlab chiqarish texnika xususiyatidagi koʼrsatkichlar bilan taʼminlaydi. U mahsulot ishlab chiqarish boʼyicha topshiriqlarning bajarilayotganligi, xarajatlar normativlaridan kundalik chetga chiqishlar, ish kuchidan foydalanish va asbob uskunalarning yuklanganlik darajasi, shartnomalarga rioya qilinishi mol yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan tuzilgan kontraktlarning bajarilishi haqidagi maʼlumotlar bilan taʼminlaydi. Tezkor hisobda oʼlchagichlarning hamma turlari moddiy, mehnat va qiymat oʼlchagichlaridan foydalaniladi
Nazoratning tezkorligini taʼminlash uchun xoʼjalik operatsiyalarining borishi haqidagi axborotni tezroq olish kerak boʼladi. Shuning uchun tezkor hisobning maʼlumotlari iloji boricha osonroq yoʼl bilan qayd qilinishi mumkin. Ularni bevosita kuzatish yoʼli bilan yetkazishadi, telefon, faks, modem orqali, kompьyuter aloqasi yordamida va boshqa yoʼllar bilan xabar qilishadi. Hozirgi vaqtda tezkor axborotni olish uchun mexanika va avtomatik oʼlchov, tartibga soluvchi asboblar, moslamalardan foydalanish tobora kengayib bormoqa. Hisobni bunday tashkil qilish xoʼjalik muomalalarining borishi ustidan ularning amalga oshirilishi vaqtida bevosita boshqarish imkonini beradi.
Statistika hisobi ommaviy (ijtimoiy) xoʼjalik hodisalar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni yigʼish va ishlash tizimidan iborat. Xoʼjalik hisobining bu turi butun xalq xoʼjaligi va uning tarmoqlarining rivojlanish jarayonini oʼrganishga yoʼnaltirilgan. Undan korxona, tashkilot va muassasalarda sodir boʼlayotgan turli-tuman ommaviy hodisalarni kuzatish uchun foydalaniladi. Uning yordamida xoʼjalik faoliyatining turli-tuman miqdoriy va sifat koʼrsatkichlari hisoblab chiqiladi. Sanoatda bundaylarga, masalan, ishlab chiqarish hajmi, oʼrtacha ish haqi, ish vaqtidan foydalanish, mehnat unumdorligi darajasi, oʼsishi va hokazo koʼrsatkichlar kiradi. Dastlabki statistik kuzatuvlarning maʼlumotlari tumanlar, viloyatlar va umuman respublika xalq xoʼjaligining ayrim tarmoqlari boʼyicha umumlashtiriladi.
Statistika hisobining koʼrsatkichlarini hisoblab chiqish uchun ham barcha mavjud oʼlchagichlar natura, mehnat va pul oʼlchagichlaridan, oʼrganilayotgan hodisaning mazmuni va qoʼyilgan vazifalariga qarab foydalaniladi.
Buxgalteriya hisobi ichki boshqarish va tashqi isteʼmolchilarning maqsadlari uchun joriy va yakuniy axborotni olish bilan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xoʼjalik faoliyati ustidan uzluksiz va oʼzaro bogʼliq boʼlgan kuzatish va nazorat qilish tizimidan iborat.
Buxgalteriya hisobi yordamida xoʼjalikda mavjud boʼlgan har xil turdagi moddiy qiymatliklar va pul mablagʼlarining miqdori, boshqa korxona va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarning holati, undagi boshqa resurslarning umumiy hajmi haqida maʼlumotlar olinadi; tayyorlangan materiallar, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulot hajmi va tannarxi aniqlanadi; xoʼjalik faoliyatining moliyaviy natijalari foyda (sof daromad) yoki zarar hisoblab chiqiladi; korxonaning rentabelligi hamda korxona va uning tarkibiy qismlarining boshqa qator koʼrsatkichlari hisoblab aniqlanadi.
Buxgalteriya hisobida ham tezkor va statistika hisobidagi kabi barcha oʼlchagichlar natura, mehnat va pul oʼlchagichlari qoʼllaniladi. Lekin unda pul (qiymatli) oʼlchagichga alohida ahamiyat beriladi, chunki u buxgalteriya hisobining umumlashtiruvchi koʼrsatkichlarini olish imkonini beradi. Shuning uchun pul oʼlchagichda buxgalteriya hisobining barcha obʼektlari, garchi ular natura va mehnat oʼlchagichlarida aks ettirilgan boʼlsa ham, albatta, pul oʼlchagichida ifodalanadi.
2. Buxgalteriya hisobining vazifasi.
Buxgalteriya hisobining vazifasi iqtisodiyot rivojlanishining har bir bosqichida amalga oshirilayotgan xoʼjalik siyosati bilan belgilanadi. Respublikada xoʼjaliklarning rivojlanishini bozor munosabatlari mexanizmini chuqurlashtirishga yoʼnaltirib, Oʼzbekiston Respublikasi hukumati uni bozor iqtisodiyoti qonunlari asosida amalga oshirmoqda. Bu qonunlar Respublikamizni mustaqil davlat sifatida rivojlantirish boʼyicha oldiga qoʼyilgan maqsadlar va vazifalarga binoan ishlab chiqarishni jamiyat tomonidan toʼgʼridan toʼgʼri, ongli ravishda tartibga solishning obʼektiv zaruriyat ekanligini anglatadi. Respublika oldida turgan vazifalarni amalga oshirish uchun ularni xalq xoʼjaligining barcha bosqichlarida bajarilishini nazorat qilish talab qilinadi. Boshqarish maqsadlari uchun axborotni shakllantirishning muhim vositasi hisoblangan buxgalteriya hisobi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Demak, buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi unda aks ettiriladigan obʼektlarni boshqarish uchun maʼlumotlarni yigʼish, ularni qayta ishlash iqtisodga uzatishdan iborat.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2016 yil 13 aprelda OʼRQ-404-son bilan qabul qilingan «Buxgalteriya hisobi toʼgʼrisida»gi Qonun, buxgalteriya hisobini Milliy standartlarining tasdiqlanishi va amalga kiritilishidir.
Ushbu Qonunning maqsadi buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Buxgalteriya hisobi axborotlaridan foydalanuvchilarni uch guruhga ajratish mumkin:
• korxonani boshqaruvchilar;
• korxonaning tashqarisida joylashgan va uning moliyaviy faoliyatidan bevosita manfaatdor boʼlganlar;
• korxonaga nisbatan bilvosita moliyaviy qiziqish bildiradigan shaxs va guruhlar.
Boshqaruvchilar (management) boshqaruv faoliyatida nazorat, qaror qabul qilishda axborotga muhtojdirlar. Masalan, mahsulotlarning sotish bahosi, xarajatlar tarkibi, talab, rentabellik koʼrsatkichlari toʼgʼrisidagi axborotlar shular jumlasiga kiradi.
Korxona tashqarisidagi axborot isteʼmolchilariga hissadorlar, kreditorlar, banklar va boshqa bevosita manfaatdor guruhlar kiradi. Ular korxona olgan foyda miqdori, moliyaviy majburiyatlarning bajarilishi haqida maʼlumotga ega boʼlishga qiziqishadi.
Uchinchi guruh axborot isteʼmolchilariga har xil jamoat tashkilotlari, ijtimoiy fondlar, klublar aʼzolari kiradi.
Buxgalteriya hisobining yana bir vazifasi korxonalar faoliyati natijalari haqidagi axborotni oʼlchash va taqdim etishdir. Bu natijalarni kompaniyaning foydalilik rejalaridagi maqsadlariga erishishdagi muvaffaqiyatlar qanday va uning likvidligi kanday ekanligi haqidagi maʼlumotlarga ega boʼlgan umumiy maqsadga yoʼnaltirilgan moliyaviy hisobotdan topishi mumkin. Haqiqiy va potentsial investorlar, bu hisobotlarni tahlil qilaturib, kompaniyaning kelajakdagi moliyaviy istiqbollari qanday, unga mablagʼlarni qoʼyishga arziydimi yoki yoʼqmi ekanligi haqida xulosalar chiqarishga harakat qiladilar. Haqiqiy va potentsial kreditorlar, kompaniyalar foizlar toʼlash va oʼz vaqtida qarzlarni uzish uchun yetarli pullarga egami yoki yoʼqmi ekanligi bilan qiziqishadi.
Bilvosita moliyaviy manfaatdorli foydalanuvchilar buxgalteriya axborotidan foydalanuvchilardan eng muhim hisoblangan davlat va ijtimoiy guruhlardan iborat.
Soliq organlari byudjetga yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʼi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼi, qoʼshilgan qiymat soligʼi, aktsiz soligʼi, yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʼlovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk soligʼini, yer soligʼi, benzin, dizelь yoqilgʼisi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq va boshqa majburiy toʼlovlar davlat maqsadli jamgʼarmalariga majburiy toʼlovlar, yagona ijtimoiy toʼlov, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasiga fuqarolarning sugʼurta badallari, davlat maqsadli jamgʼarmalariga majburiy ajratmalar; shu bilan bir qatorda soliq solishning soddalashtirilgan tartibida toʼlanadigan soliqlar, yaʼni yagona soliq toʼlovi, yagona yer soligʼi, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʼyicha qatʼiy belgilangan soliq toʼlovlarining toʼgʼriligini nazorat qiladi.
Buxgalteriya hisobining navbatdagi vazifasi xoʼjalik hisobini mustaqkamlashga yordam berishdan iborat.
Korxonalarning koʼpchiligi (ayniqsa, kichik biznes subʼeklari) xoʼjalik hisobi asosida ish yuritadilar. Xoʼjalik hisobi ishlab chiqarish jarayonida minimal moddiy va mehnat xarajatlarni sarflab, maksimal samaradorlikka erishishga yoʼnaltirilgan xoʼjalikni yuritish usuli hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobining mohiyati korxonalarning oʼz xarajatlarini oʼzlari qoplash va rentabellikdan iborat. Uni amalga oshirish uchun xodimlarning eng yaxshi natijalarga erishishidagi moddiy manfaatdorligi va ularning ish yakunlari uchun moddiy javobgarligini taʼminlash zarur.
Xoʼjalik hisobi oldida turgan vazifalarni yechilishi asosan har xil xoʼjalik mablagʼlarini samarali boshqarishdan iborat. Shunday qilib, xoʼjalik hisobi faoliyatni boshqarish maqsadida, boshqaruv qarorlari esa xoʼjalik hisobidan olingan maʼlumotlarga qarab qabul qilinadi. Demak, hisob va boshqaruv bu yagona butunlikning ikki qismi boʼlib, ularni bir-birlaridan ajratib boʼlmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |