2. O’zbek tilshunosligida semantik maydon nazariyasi
O’zbek tilshunosligida so’z semantik maydonlarini tadqiq etish o’tgan asrning 80-yillarigacha hali boshlangan emas edi. Faqat ma‘lum semantik maydonga so‘zlarni ajratib olib, keyin unga semasiologiyaning boshqa yo’nalishlarida yondashish bo’lgan. Bunga D.Bozorovaning kishi muchasi nomlariga, I.Abdurahmonovning ko’lam sifatlariga, R.Yunusovning o’rin bildiruvchi otlarga, T.T. Musayevning sezgi bildiruvchi fe‘llarga bag’ishlangan nomzodlik dissertatsiyalari, I.Qo’chqortoyevning nutq fe‘llariga bag’ishlangan doktorlik dissertatsiyalarini ko’rsatish mumkin. Lekin ularning hammasi ham asosan mantiqiy-semantik tahlil etilgan ishlar hisoblanadi. Keyingi ikktasida lingvistik-semantik tahlil tadqiqot ham o’z o’rnini topgan.
So’z semantik maydonlarni lingvistik-semantik asosda o’rganish o’tgan asarning 90-yillaridan o’zbek tilshunosligiga keng ko’lamda kirib kela boshladi.R.Rasulovning holat fe‘llariga, Sh.Iskandarovaning otlardagi shaxs mikromaydoniga, N.R.Nishonovaning ―hayvon‖ arxisemalari leksemalar maydoning mazmuniy tahliliga, S.Muhamedovaning harakat fe‘llari semantikasiga bag’ishlangan dissertatsiyalarini ko’rsatish mumkin. O’z doktorlik ishining birinchi bobida R.Rasulov holat fe‘llari, S.Muhamedova harakat fe‘llari semantik maydonini tahlil etib bergan. H.Tojimetov nomzodlik dissertatsiyasida sifat turkumiga oid so’zlarni to’rt arxisema atrofida umumlashuvini ko’rsatgan. Sh.M.Iskandarova doktorlik dissertatsiyalarida shaxs mikromaydonidagi otlarni, N.R.Nishonova nomzodlik dissertatsiyasida ―hayvon‖ arxisemali otlarni tahlil etgan. Bu ishlarni har birida sememalarni bir arxisemaga umumlashishi, turli integral semalar ostida guruhlanishi va differansial semalar bilan o’ziga izchil holda tadqiq etilgan.
Semantik maydon haqidagi fiklarni sema, semema kabi tushunchalarni sharhlash bilan davom ettiradigan bo’lsak, semema va leksik ma‘no terminlari bir tushunchani bildiradi. Semema bo’linmas birlikdan iborat emas, balki tarkibiy uzvga egadir. Leksik ma‘noning mana shu elementini R.Yunusov, Sh.Xo’jayevalar sema deb qayd etishadi.
Tilshunoslikda differansial-semantik metod keyingi vaqtlarda faol qo’llanmoqda. Shunga ko’ra lug’aviy birlik holatidagi so’z ―leksema‖, leksik ma‘no ―semema‖, leksik ma‘noning komponentlari, tarkibiy uzvlari ―sema‖deb qo’llanmoqda. Shuning uchun ham A.Hojiyev ―… semalar semamaning mundarijasini tashkil etadi.‖ Professor M.Mirtojiyev bu haqda shunday deydi: ―…sema sememaning bo’lagi, ya‘‘ni qismi degan xulosaga kelishi to’g’ri emas. Buning uchun sememaning referenti va uning belgisi bilan munosabatida e‘tiborni qaratishga to’g’ri keladi. Hech mahal referentning belgilari uning bo‘lagi, ya‘ni qismi bo’la olmaydi:
Masalan, qand kimyo nuqtai nazaridan uglevoddir. U oq rangda, mazasi shirin, o’zi kristall bo’ladi. Qand shu to’rtta belgiga ega. Bu belgilar uning qismlari emas. Agar kalla qand bo‘lsa, uni bir necha chaqmoqlarga bo‘lib yuborilsa, har bir chaqmoq kalla qandning bo‘lagi, qismi hisoblanar edi‖, - deb sema va qism terminlarini sharhlab beradi.
Semalar qaysi nuqtai nazardan belgi bildirishiga ko‘ra turlarga bo‘linadi. U so’zlarning semantik taraqqiyotida holatiga ko‘ra so’z sememasi tarkibida tutgan o’rniga ko’ra, sintagmatik vazifasiga ko’ra alohida-alohida guruhlarga tiplarga bo’linadi. Quyida har bir tip tavsifiga umumiy tilshunoslik nazdi bilan alohida to’xtalamiz. So’z ma‘lum sememasiga ko’ra muayyan semantik maydonlarga birlashadi.
Semalar sememalarning semantik maydonda joylashish mavqeyiga qarab arxisema, integral sema, differensial sema va potensial sema kabi tiplarga bo‘linadi va ular ierarxik tartibdagi o’rniga qarab turlicha vazifa bajaradi.
Arxisema – sememalar uchun umumiy bo‘lgan sema. Sememalar asosida leksemalar ma‘lum semantik maydonlarga birlashuvchi sema arxisema deb ataladi. Masalan: shaxs arxisema – Sh.Iskandarova, hayvon arxisemasi - N.Nishonova.
Integral sema - termini dastlab fransuz tilshunosi B.Pot‘e tomonidan, keyin unga ergashgan holda B.Gak tomonidan tilga olindi. Ular bunda ma‘lum semantik maydonga mansub leksemalar sememasi umumiy bo’lgan semani arxisema deb bilgani holda o’sha semantik maydonning kichik guruhi (maydonchalari)ga mansub leksema sememalari uchungina umumiy bo‘lgan semani integral sema deb talqin qilishgan. Keyingi yillarda integral semani umumiy, mushtarak, birlashtiruvchi sema nomi bilan qayd etadilar. Tilshunoslarning integral sema haqidagi qarashlarini umumiy holda quyidagicha ifodalashimiz mumkin: integral sema – yagona arxisema ega sememalar leksemalarning semantik maydoni tarkibidagi kichik semantic maydonchasiga mansub leksemalar semamalri uchun umumiy bo’ladi. U ierarxik tartibga ko‘ra 2-o’rinda turadi. M.Mirtojiyev integral sema haqidagi fikrlarni shunday xulosalaydi:integral sema ma‘luim semantik maydondagi semantik guruhga mansub leksemalarning sememasi uchun umumiy bo’lgan, ularni o’zaro birlashtirib turuvchi sema.
Differensial sema - semalarning ierarxik tartibida 3-o’rinda qaraladi. O’zaro aloqador sememaning bir-biridan ajralishi differensial sema asosida bo‘ladi. H.Ne‘matov, R.Rasulov differensial semani farqlovchi sema deb ham aytadilar va farqlovchi sema deb ikki leksemani bir-biridan farqlaydigan semalar deb ta‘riflaydilar. Mirtojiyev esa bu ta‘rifga shunday yondashadi - berilgan ta‘rif to’g’ri, lekin usluban chala jumla tuzilgan. Differensial sema ikki leksemani emas, ikki leksema sememasini bir-biridan farqlaydi. Novcha va daroz leksemalari sememasiga e‘tbor beraylik: Novcha-―bo‘yi‖ ―me‘yoridan‖ ―nisbatan baland sememalariga‖ ega. Daroz-leksemasining sememasi ―bo’yi‖ ―me‘yoridan‖ ―o’xshovsiz ortiq‖ semalariga ega. Bu ikki leksema sememaning birida ―nisbatan baland‖, ikkinchisida ―o’xshovsiz ortiq‖ kabi semalari bor. Ular o’zaro mana shu semasiga ko’ra farqlanadi.
Potensial sema - semalarning ierarxik tartibida 4-o’rinda turadi. B.Gak: potensial semalar turli ikki darajali, ba‘zan predmetning zarur bo’lgan belgisini ifodalardi. M.Mirtojiyev: potensial semalar sema mazkur leksemalar sememasida fakultativ holatda yashirin bor bo’lib, ma‘lum nutq sharoitida namoyon bo’luvchi semadir.
Keyingi o’n yilliklarda leksemalar guruhini keng tahlil qilishning yangi usuli ishlab chiqildi. Bunda giperonim deb qaralgan leksemalar bilan giponiniya deb nomlangan leksemalar o’rtasidagi semantik munosabat o’rganiladi. Masalan, daraxt giperonim bo‘lsa, qayin, tol, terak, baqaterak, majnuntol, archa, o’rik, olma giperonim. Giponim bo’lgan leksemalar sememasi umumiy semaga egaligi holda u giperonim leksema sememasiga teng keladi.
Rus tilshunosi N.I.Tolstoynig qayd etishicha, semasiologiyaning zimmasidagi ish uzoq vaqt ―so’z ma‘nosining o’zgarishi‖, ya‘ni diaxronik nuqtai nazardan tadqiq etish bo’lib qoldi. So’z ma‘nosining o’zgarishi, asosan, so’z ma‘nosining taraqqiyoti, yangi hosila ma‘no berib borishidan iborat.
Semalar so’z tarkibida tutgan o’rni va borliqqa bo’lgan munosabatiga ko’ra ikki tipga bo’linadi: denotativ va konnotativ sema.
Denonativ ma‘no - sememaning bevosita, denotatni ifoda etgan uzvidir. ―Bashara‖ so’zining denotativ ma‘nosi kishi bosh qismining og’iz va burundan bosh tomonga joylashgan yumshoq teri yuzasini ifoda etuvchi uzvga aytiladi.
Konnotativ sema termini o’rnida an‘anaviy tilshunosligimizda konnotativ ma‘no termini qo’llab kelingan. Konnotativ ma‘no termini o’rnida H.Ne‘matov, R.Rasulovlar ifoda sema terminini qo’llaganlar. Ifoda sema so’z semasining denotativ semasidan qolgan, unga turli qo’shimcha grammatika va subyektiv munosabat ifoda etuvchi uzvidir. ―Bashara‖ so’zining konnotativ ma‘nosi subyektiv o’sha denotatga bo’lgan salbiy munosabatini ham bildiradi. Yana shu sememadan mazkur so’z ot turkumiga oidligi ham ma‘lum. U so’z ―basharasiga boqdi‖ birikmasi tarkibiga kirar ekan, uning semasida egalik va yo’nalganlik kabilar ham anglashiladi. Shu keyingi anglashilganlarning hammasi ―bashara‖ so’zida ifodalangan sememaning konnotativ semalaridir.
Semantik maydon doirasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlari ichida A.Nurmonov, H.Ne‘matov, R.Rasulov, I.Qo’chqortoyev, E.Begmatov, T.Mirzaqulov, Sh.Iskandarova, O.Bozorov, R.Safarova, S.Muhamedova, B.Qilichev, M.Narziyeva, H.Hojiyeva kabi tadqiqotchilarning ilmiy kuzatishlari va olingan xulosalari o‘zbek tili leksikasini maydon nazariyasi asosida o’rganishda muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, Sh.Iskandarova shaxs mikromaydoni misolida o’zbek tili leksikasini semantik maydon sifatida o’rganish muammolarini ko’tarib chiqdi va mazkur mavzuda ilk bor doktorlik ishini himoya qildi.
Sh.Iskandarova olamning guruhlarga bo’linishi va uning tilda aks etishi haqida batafsil fikr yuritib, shaxs mikromaydonidan faoliyat ko’rsatuvchi 100 ga yaqin leksik-semantik guruh haqida ma‘lumot beradi.1
T.Mirzaqulov o’zbek tili morfem paradigmatikasi va sintagmatikasi masalalari ustida to’xtalar ekan, funksional-semantik maydonning xususiyatlarini yoritib berishga harakat qilgan.2 U maydon bir umumiy mazmun yoki shakl o’xshashligi asosida turli sathlarga tegishli birliklarning funksional-semantik birlashuvidir deb e‘tirof etadi.
Har bir milliy tilda leksemalar muayyan qonun–qoidalar asosida bir yerga jamlanib, to’dalanib boradi. Tilning o’ziga xos tarixiy taraqqiyot jarayonida mazkur leksik-semantik guruhlar sifat va miqdor jihatidan tinmay o’zgarib boradi.
Tilning maydon sifatida o’rganish olam, ong va til o’rtasidagi dialektik munosabatni ilmiy asosda tushunishga yordam beradi. Maydon nazariyasi, shuningdek, ideografik lug’atlar tuzishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi lug’atlarni tuzish tamoyillarini belgilash, esa o’zbek tilshunosliginig eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Maydon nazariyasi til sohiblariga ma‘lum bir sohada ishlatiluvchi leksik birikmalarning asosiy jamg’armasini butun ko’lami bilan anglash, muloqot jarayonida ulardan eng zaruriysini qo’llash imkonini beradi. Leksik birikmalarning bir-birlari bilan mazmuniy jihatdan bog‘lanishini ta‘minlaydi. Zero, tilning eng muhim belgisi uning kommunikativligi, insonlar o’rtasida muloqot jarayonini tugal va e‘tirozsiz ifodalay olishi sanaladi. Maydon nazariyasi esa bunga har jihatdan yordam beradi.
Professor E.Begmatov leksikada sistemalilik xususida fikr yuritib, tilshunoslikda tilning lug’aviy boyligini ham muayyan sistema sifatida tasavvur qilish va ilmiy tasniflashlari sifatida quyidagilarni keltiradi:
1. So’zlarni so’z turkumlariga ajratish usuli, ya‘ni so’z turkumlari sistemasi.
2. So’zlarni yasalish modellariga ko’ra tasnif qilish usuli, ya‘ni so’z yasash usullari.
3. So’zlarni funksional-stilistik guruhlarga ajratish usuli, ya‘ni so’zlarning stilistik-differensial guruhlari.
4. So’zlarni ma‘lum mavzu guruhlariga ajratish usuli, ya‘ni so’zlarning mavzu guruhlari va boshqalar.1
O’zbek tilshunosligida maydon talqini bilan bog’liq qilingan ishlar:
1. Qo’chqortoyev I.K. So’z ma‘nosi va uning valentligi. – Toshkent, 1977.
2. Abduvaliyev M. To’siqsizlik maydoni va uni tashkil etuvchi sintaktik birliklar. // O’zbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 1988. -№4. 62-66-b.
3. Rasulov R. O’zbek tilidagi holat fe‘llari va ularning obligator valentliklari.
– Toshkent: Fan,1989.
4. Mirzaqulov T. O’zbek tili morfem paradigmatikasi va sintagmatikasi masalalari. Filol. fan. d-ri… diss. avtoref. - Toshkent, 1994.
5. Iskandarova Sh.M. O’zbek tili leksikasini mazmuniy maydon sifatida o’rganish (shaxs mikromaydoni): Filol. fan. dok… diss. avtoref. –Toshkent, 1999.
6. Nishonova N. O’zbek tilida ―hayvon‖ arxisemali leksemalar maydonining mazmuniy tahlili. Filol. fan. nomz… avtoref. –Toshkent, 2000.
7. Sobirov A. O’zbek tilining leksik sathini sistemalar sistemasi tamoyili asosida tadqiq etish. –Toshkent, 2004.
8. Muhamedova S. O’zbek tilida harakat fe‘llarining semantikasi va valentligi. – Toshkent: Fan, 2005.
9. Hakimova M. O’zbek tilida vaqt ma‘noli lug’aviy birliklar va ularning matn shakllantirish imkoniyatlari: Filol. fan. nomz… avtoref. - Farg’ona, 2004.
10. Mirtojiyev M. O’zbek tili semasiologiyasi. –Toshkent: Mumtoz so’z, 2010.
Shunday qilib, o’zbek tilshunosligida til birliklarini maydon asosida o’rganish keng yo’lga qo’yilmoqda. Bu usul, bizning nazarimizda, ayniqsa, leksikani o’rganishda katta ahamiyatga ega. O’zbek tili leksikasini makromaydon sifatida qaralgani holda, uni mikromaydonlarga ajratish idiografik lug’atlar tuzishda katta samara beradi. Shuning uchun ham lingvistik maydon va til lug’at tarkibini bunday maydonlarga ajratishning nazariy asoslarini chuqur, atroflicha o’rganish hozirgi o’zbek tilshunosligi oldidagi eng dolzarb muammolardan sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |