D=f(Y,R)
Ehtiyotkorlik ham likvidlik ustunligini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Qimmatli qog‘ozlar – jamg‘arma to‘plashning xatarli shaklidir. Shuning uchun odamlarga aktivlari daxlsiz hisoblangan naqd ko‘rinishdagi o‘ziga xos sug‘urta fondi zarur.
Pul bozori va foiz stavkasi
Keynscha modelda baholar o‘zgaruvchan emas. Shuning uchun pul massasining ko‘payishi ishlab chiqarish darajasiga baholarning o‘sishi orqali emas, balki foiz stavkasi orqali ta’sir ko‘rsatadi. Agar yangi klassiklar pul massasi makroiqtisodiy jarayonlarga faqat «to‘g‘ri» ta’sir ko‘rsatish mexanizmini, Viksell - ham «to‘g‘ri» ham «egri» mexanizmlarini tadqiqot qilgan bo‘lsalar, J.M.Keyns esa e’tiborni faqat
«egri» mexanizmga qaratdi.
Foiz stavkasi ikkita sababga ko‘ra o‘zgarishi mumkin: yokishilarning o‘z aktivlarining bir qismini pul shaklida ushlab turishga bo‘lgan xohishiga nisbatan ularning psixologik kayfiyatidagi o‘zgarishlar oqibatida (pulga bo‘lgan talab egri chizig‘ining siljishi), yoki pul massasining o‘zgarishi natijasida (pul taklifi egri chizig‘ining siljishi). Agar foiz stavkasi R1 darajada o‘rnatilgan bo‘lsa (3-rasmga qarang), unda uning R2 darajaga pasayishi faqat pulga bo‘lgan talab egri chizig‘i chapga (D2) siljigandagina, yoki pul taklifi egri chizig‘ining o‘ngga (S2) siljishi natijasida sodir bo‘ladi.
Yuqorida aytilganlardan xulosa qilib, pul taklifi miqdori foiz stavkasiga va demak, investitsiyalar hajmiga ham ta’sir ko‘rsatadi deyish mumkin. Masalan, muomaladagi pul miqdorining M1 dan M2 ga o‘sishi foiz stavkasini R1 dan R2 ga pasaytirdi va investitsiyalar darajasini I1 dan I2 ga oshirdi (4-rasmga qarang).
Ammo foiz stavkasi juda past bo‘lganda pulga bo‘lgan talab mutlaqo elastik holatda bo‘ladi, negaki odamlar barcha boshqa aktiv turlariga qaraganda naqd pulni afzal ko‘radilar. J.Robinson bu vaziyatni «likvidlik tuzog‘i» deb atagan. Bunday vaziyatda pul emissiyasi befoyda, negaki foiz stavkasini pasaytirish mumkin bo‘lmay qoladi. Iqtisodchilar, J.M.Keynsning o‘zi real hayotda likvidlik tuzog‘ining amal qilish mumkinligiga ishonganmi yoki bunday vaziyatni mushohada (o‘y – xayol) deb hisoblaganmi, xanuzgacha baxslashib kelmoqdalar.
J.M.Keyns asarida likvidlik tuzog‘ining ikki tushunchasini topish mumkin. Birinchidan, foiz stavkasi past bo‘lganda (va demak, obligatsiya qiymati yuqori bo‘lganda) qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari uning oshishini kutadilar (obligatsiyalar qiymatining pasayishini). Shuning uchun ular bugungi kunda qimmat obligatsiyalarni sotib olmaydilar va o‘z aktivlarini likvidli shaklda saqlaydilar (chayqovchilik sababi). Ikkinchidan, past foiz stavkasi pulni qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida saqlash xatarini qoplamaydi va ehtiyotkorlik sababidan kelib chiqqan holda odamlar o‘z jamg‘armalarini xavfsiz bo‘lgan naqd pul ko‘rinishida ushlab turishni afzal ko‘radilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |