Mustaqil o‘zlashtirish uchun
Tilshunoslikda substansial-pragmatik yo‘nalish
Bugungi kunda taraqqiyot o‘zbek tilshunosligidan aniqlangan lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishini tekshirishni, ona tili imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligiga erishish muammosi bilan shug‘ullanishni talab qilmoqda. Yangi asr fani zimmasiga yuklatilayotgan bu ijtimoiy buyurtma tilni yangi – substansial- pragmatik (“imkoniyatdan voqelikka”) tamoyillar asosida tadqiq qilish asosida amalga oshiriladi.
Tilshunoslikning yangi yo‘nalishini ifodalovchi substansial- pragmatik terminining tarkibiga kirgan pragmatika so‘zi yunoncha pragma, pragmatos so‘zidan olingan va “ish”, “harakat” ma’nolarini bildiradi, tilshunoslikda til birliklarining qo‘llanish xususiyatlarini o‘rganishni anglatadi. Substansial-pragmatik yo‘nalish muayyan til imkoniyatlarini egallab, undan amalda foydalanuvchilarning ushbu birliklar sistemasiga ongli, amaliy munosabatini tekshiradi.
Substansial-pragmatik yondashuv – o‘zbek fanida shakllanayotgan tilshunoslikning yangi empirik yo‘nalishi. U lisoniy imkoniyatlarni so‘zlovchi, tinglovchi, ularning o‘zaro munosabati, muloqot vaziyati singari nolisoniy hodisalar bilan bog‘liq holda o‘rganadi. Shaxsning lisoniy imkoniyatlardan amaliy foydalanishi so‘zlovchi hamda tinglovchining shaxsiy sifatlari, nutq maqsadi, uning turlari (oshkora yoki yashirin), shakllari (xabar, so‘roq, buyruq, iltimos, maslahat, va’da berish, salomlashish, so‘rashish, xayrlashuv, uzr, tabrik, shikoyat kabilar), nutq strategiyasi va taktikasi, nutq odobi, muloqot madaniyati, so‘zlovchi yoki tinglovchining dunyoqarashi, bilim darajasi, qiziqishlari kabi qator nolisoniy omillar bilan mushtarak holda yuzaga chiqadi.
Substansial-pragmatik yo‘nalish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida shakllanmoqda.
Har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi. “Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri fanlardan o‘rganish manbayining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi” (H.Ne’matov). Shu asosda aytish mumkinki, zamonaviy o‘zbek tilshunosligi sistem-struktur davrining ilk bosqichi bo‘lgan formal (an’anaviy) tilshunoslik dialektika nuqtayi nazaridan, tildagi zot va tajallini, UMIS va AHVOni bir-biridan izchil farqlamay tasnif etish bosqichi hisoblanadi. Chunki bu davr tilshunosligi zimmasiga ularni aniq farqlash vazifasi yuklatilmagan edi.
XX asr boshlarida Yevropa ilmiy-falsafiy ta’limotiga Fridrix Hegel dialektik usulining keng kirib borish fizikada to‘ntarish hisoblangan Albert Eynshteyn nisbiylik nazariyasining shakllanishi va rivoji tilshunoslikka ham katta ta’sir ko‘rsatdi – tildagi umumiy va xususiy jihatlarni farqlashga turtki bo‘ldi.
Tilshunoslikda lison va nutqni izchil farqlab o‘rganish, avvalo, tilshunoslar Vilhelm fon Humboldt, Boduen de Кurtene va Ferdinand de Sossyur nomi bilan bog‘liq. Lison va nutqning farqlanishi, tilga sistema sifatida yondashuv XX asr jahon tilshunosligida tub burilish sifatida baholanadi. Chunki u til ilmidagi mavjud qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi.
Tilga, xususan, o‘zbek tiliga sistema sifatida yondashuvning dastlabgi yillarida lison o‘rnida til atamasi qo‘llanib, bu so‘z ko‘p ma’nolilik tabiatiga ega bo‘lganligi sababli ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarar edi. Chunonchi, insonning nutq so‘zlash qobiliyati ham, nutqi ham til atamasi bilan yuritilar edi. Shu boisdan tilshunoslar falsafiy zot (substansiya)ning tildagi ko‘rinishiga nisbatan lison atamasini qabul qildilar. Dunyodagi biror
tilshunoslikda lison va nutq hamda ularning majmuyi o‘zbek tilshunosligidagidek terminologik aniqlikda ifodalanmagan.
Fanimizda til, lison, nutq va ularni tutashtiruvchi me’yor
munosabati quyidagicha tushunildi (2-jadval):
jadval
Yuqorida zot (UMIS) va tajalli (AHVO)ning tildagi aksi misolida lison va nutqning o‘zaro munosabati haqida kirish mazmunida so‘z yuritildi. Quyida unga batafsil to‘xtalamiz.
Til – tafakkurni shakllantirish va rivojlantirishga, borliq haqidagi bilimlarni xotirada qat’iy sistema sifatida saqlashga, axborot uzatish va qabul qilishga xizmat qiluvchi muhim (birlamchi) ijtimoiy-ruhiy kommunikatsiya vositasi bo‘lib, u o‘z ichiga lisoniy zot (UMIS) va tajalli (AHVO)larni ham, UMISning AHVOga o‘tish qonuniyatlarini ham qamrab oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |