6. II guruh bosh guruhchasi elementlarining umumiy tavsifi
Davriy sistemaning ikkinchi guruhning asosiy guruhchasiga berilliy, magniy, kalsiy, stronsiy, bariy va radiy elementlari kiradi. Asosiy guruhcha elementlari bir-biridan xossalari bilan nihoyatda farq qiladi. Ular atomlarining sirtqi qavatida ikkitadan elektron bo’lib, qaytaruvchilik xossalari ishqoriy metallarnikiga qaraganda kuchsizroq ifodalangan. Kalsiy, stronsiy va bariy ishqoriy-yer metallar deb ataladi, ular yengil metallardir, faqat radiy radioaktiv xossaga ega bo’lgan og’ir metalldir. Yer qobig’ida Ca ning 6 ta, Sr ning 4 ta, Ba ning 7 ta barqaror izotopi bor. Bulardan eng ko’p tarqalganlari 40Ca (96,97%), 88Sr (8,56%), 138Ba (71,66%) dir.
Bu elementlar suyuqlanish harorati va qattiqligining yuqoriligi bilan ishqoriy metallardan farqlanadi, ularning faolligi kalsiydan bariyga tomon ortib boradi.
Berilliy va magniy gidroksidlari suvda qiyin eriganligi tufayli suv bilan sekin reaksiyaga kirishadi. Ishqoriy-yer metallari havo kislorodi va azoti bilan birikib, MeO va Me3N2 tipdagi birikmalarini hosil qiladi. Bu guruh elementlarining peroksidlari Me2O2 ishqoriy metallarnikiga qaraganda barqarordir. Bu elementlar oksidlarining suv bilan birikishi va gidroksidlarining suvda erishi va ishqor xossasi berilliydan bariyga tomon ortib boradi. Be(OH)2 amfoter gidroksid, Mg(OH)2 kuchsiz asos, Ca(OH)2 kuchli asos, Ba(OH)2 esa suvda yaxshi eriydigan kuchli ishqordir. Ishqoriy-yer metallar aktiv metallmaslar bilan oddiy sharoitda reaksiyaga kirishadi. Reaksiya natijasida issiqlik ajralib chiqadi, ya’ni ekzotermik reaksiya sodir bo’ladi. Bu elementlar vodorod bilan MeH2 tipdagi gidridlarni hosil qiladi, ko’pgina tuzlari, sulfat, karbonat, fosfat va ftoridlari suvda amalda eriydi; xlorid, bromid, yodid va nitratlari yaxshi eriydi.
7. Magniy, tabiatda uchrashi, fizik-kimyoviy xossalari, muhim birikmalari, ishlatilishi
Magniyning atom massasi 24,32 (Z = 12) ga teng. U tabiatda ko’p tarqalgan metallardan biri bo’lib, Yer po’stlog’ining 2%ga yaqinini tashkil qiladi. Magniyning 24Mg (78,6%), 25Mg (10,11%), 26Mg (11,29%) kabi tabiiy va uchta sun’iy izotopi bor.
Tabiatda magniy silikatli, karbonatli va xloridli minerallar holida uchraydi, shuningdek dengiz suvida (~4%) magniy tuzlari bo’lib, suvning taxirligi shu tuzdandir. Magniy o’simliklardagi xlorofill tarkibiga kiradi va fotosintezda ishtirok etadi. Magniy yetishmasa, odam va hayvonlarda turli kasalliklar paydo bo’ladi. Buning sababi organizmdagi ko’pgina biokimyoviy jarayonlarda magniy qatnashadi. Oq karlik yulduzlar asosan magniydan iborat ekanligi aniqlangan. Magniy suyultirilgan MgCl2 ni yoki karnallit (MgCl2 KCl 6H2O) ni ~750C da elektroliz qilish yo’li bilan olinadi. Bundan tashqari u metallotermik usulda va magniy oksidini yuqori haroratda ko’mir bilan qaytarib ham olinadi. Juda toza magniy olish uchun texnik magniy vakuumda bir necha marta sublimatlanadi. Magniy kumushdek oq va yengil metall, havoda oksidlanadi va oksid pardani hosil qiladi. Magniy havoda 550-600 C gacha qizdirilsa, ko’zni kamashtirarli darajada oq shu’la bilan yonadi. Magniy sovuq suv bilan deyarli reaksiyaga kirishmaydi, qaynoq suv va suyultirilgan kislotalarga ta’sir etib, vodorodni ajratib chiqaradi. Magniy qizdirilgan metallmaslar va ayrim metallar bilan reaksiyaga kirishib, birikmalar hosil qiladi. Magniydan yengil qotishmalar (Al, Zn, Mn kabilar bilan) tayyorlanib, ular qattiq, puxta va korroziyaga chidamliligidan samolyotsozlik va avtomobilsozlikda ishlatiladi. Magniydan fotografiyada, pirotexnikada va shuningdek ba’zi sintez reaksiyalarda, rezina sanoatida, tibbiyotda foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |