Natriy gidroksid NaOH o’yuvchi natriy yoki kaustik soda deyiladi. U oq tusli qattiq moddadir. Uni laboratoriyada olish uchun natriy yoki natriy peroksid suvda eritiladi. Texnikada sodani kaustiklash va osh tuzining suvdagi eritmasini elektroliz qilish usuli bilan olinadi:
a) Na2CO3 + Ca(OH)2 = 2NaOH+CaCO3 b) NaCl = Na+ + Cl- H2O = H+ + OH-
Katodda: 2H+ + 2e- = 2H0 → H2 Anodda 2Cl- - 2e- = 2Cl0 → Cl2
Natriy gidroksidning suvdagi eritmasi kuchli ishqordir, terini kuydiradi, ko’zga tushsa ko’r qiladi, shuning uchun u bilan ishlashda nihoyatda ehtiyot bo’lib ishlash lozim. Natriy gidroksid sovun tayyorlashda, to’qimachilik va ko’nchilik sanoatida, organik moddalar olishda, neftni tozalashda, viskoza usulda sun’iy ipak hosil qilishda, kimyo laboratoriyalari va boshqa ko’pgina sohalarda ishlatiladi.
Natriyning barcha tuzlari suvda yaxshi eriydi, Na[Sb(OH)4]esa suvda erimaydi. Analitik kimyoda ana shu birikmani hosil qilish yo’li bilan Na+ ioni topiladi. NaCl oziq-ovqat sanoatida ishlatiladi.
Natriy xlorid, gidrokarbonat, nitrat, arsenat, bromid, yodid, sulfat va silitsilatlari tibbiyotda, shuningdek Na2CO3 shisha ishlab chiqarishda ishlatiladi.
5. Kaliy, tabiatda uchrashi,fizik va kimyoviy xossalari muhim birikmalari, ishlatilishi.
Kaliyning atom radiusi 0,236, ion radiusi 0,133 nm, ionlanish energiyasi 4,34 eV ga teng. Tabiatda uchraydigan izotoplarning massa sonlari 39, 40 va 41 ga teng bo’lib, yer po’stlog’ining 2,6% ini tashkil qiladi. Kaliy, rubidiy, seziy va fransiy elementlari kaliy guruhchasini tashkil qiladi. Bularning kimyoviy xossalari natriy va litiynikidan farq qilishga sabab ularning atom tuzilishlariga bog’liq. Kaliy faol bo’lganligidan tabiatda faqat birikmalar holida (eng muhimlari dala shpati, slyuda) bo’lib, ularning nurashidan suvda eriydigan tuzlar hosil bo’ladi. Kaliy tuzlari tuproqqa yaxshi shimilgani sababli ko’pgina daryo va dengiz, ko’l suvlariga borolmaydi (kaliy tuzlari dengizda 0,038%, natriy tuzlari esa 3,5% gacha bo’ladi).
Kaliy ham natriy kabi suyuqlantirilgan KCl yoki KOH ni elektroliz qilib olinadi. Kaliy yumshoq va yengil metall, kuchli qaytaruvchi, suv bilan reaksiyasi vaqtida ajralib chiqqan vodorod yonib ketadi. Havoda kaliy tez oksidlanadi, xlor va ftorda o’z-o’zidan yonib ketadi, suyuq bromda esa portlaydi. Kaliy juda ko’p metallar bilan intermetall birikmalar (KSn2, KSn kabi) ni hosil qiladi. Kaliyni kesish vaqtida ham qattiq portlash sodir bo’lishi mumkin, shu sababli nihoyatda ehtiyot bo’lish lozim.
Kaliy shu’lalantirilsa o’zidan elektron chiqargani uchun fotoelementlar tayyorlashda ishlatiladi. Kaliy berk idish yoki kerosin ostida saqlanadi.
Kaliy gidrid (KH) hosil qilish uchun kaliy vodorod atmosferasida 2000C gacha qizdiriladi. Kaliy gidrid juda faol, oq kristall modda, zichligi 1,52 g/sm3 ga teng, havoda yonadi, suv bilan shiddatli reaksiyaga kirishadi, kuchli qaytaruvchi. Kaliy kislorod bilan oksid K2O, peroksid K2O2, giperoksid KO2 va ozonid KO3 hosil qiladi. Kaliy havoda yonganda K2O2 va KO2 larning aralashmasi hosil bo’ladi, ular suv va kislotalar ta’sirida parchalanadi. O’yuvchi kaliyga ozon ta’sir ettirilsa, KO3 hosil bo’ladi: 4KOH + 4O3 = 4KO3 + O2 + 2 H2O
Kaliyning kislorodli birikmalari (ayniqsa KO3) kuchli oksidlovchilardir. Kaliy gidroksid KOH kaliyning suv bilan juda shiddatli reaksiyasidan hosil bo’ladi: 2K + 2H2O = 2KOH + H2
Kaliy gidroksid texnikada KCl yoki KOH ning suvdagi eritmasini elektroliz qilish yo’li bilan olinadi, shuningdek K2CO3 ga ohak ta’sir ettirib ham olinadi. O’yuvchi kaliy rangsiz kristall modda, 4100C da suyuqlanadi, qizdirilganda parchalanmay bug’lanadi. Havodan o’ziga nam tortadi, suvda juda ko’p issiqlik chiqarish bilan eriydi, eng kuchli ishqor, dissotsilanish darajasi qariyb 100% ga teng KOH havodagi nam va CO2 bilan tez reaksiyaga kirishadi, shuning uchun u berk idishlarda saqlanadi. Texnikada o’yuvchi kaliy sovun tayyorlashda, laboratoriyalarda moddalarni quritishda ishlatiladi. Kaliy tuzlarining ko’pi suvda yaxshi eriydi, tuzlari esa alangani gunafsha tusga kiritadi. KHC4H4O6 va K3[Co(NO2)6] tuzlari suvda erimaydi, analitik kimyoda, ko’pincha shu tuzlarning hosil bo’lishiga qarab, kaliy topiladi. Kaliyning atsetat, gidrotartrat, bromid, yodid kabi tuzlari tibbiyotda, K2CO3 shisha sanoatida ishlatiladi. Kaliy o’simliklar uchun nihoyatda zarur elementdir, shu sababli minerallardan to’g’ridan-to’g’ri o’g’it sifatida foydaniladi. Kaliyli o’g’itlar (ko’pincha KCl, KNO3, K2SO4) qishloq xo’jaligida va kaliy nitrat qora porox tayyorlashda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |