Ma’lum hudud ob-havosi va uning ko‘p yillik rejimi
U joyning geografik sharoitiga, kenglikka, dengiz sathidan qanchalik balandligiga, relyefiga bog‘liq. Iqlim ham tuproq hosil qilish jarayoniga o‘simliklar va mavjudotlar bilan birgalikda ta’sir qiladi. Iqlim tuproqda bo‘ladigan barcha biokimyoviy va fizik- kimyoviy jarayonlarga ta’sir qiladi. Tuproqqa iqlim elementlaridan yog‘ingarchilik, bug‘lanish va harorat hamda ularning o‘zaro nis- bati katta ta’sir qiladi.
Relyef. Relyef yerning shakli va umumiy ko‘rinishi bo‘lib, quyosh radiatsiyasi issiqligining va yog‘inlarning taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. U makro, mezo va mikrorelyefga bo‘linadi. Makrorelyef eng katta tekisliklar, qiyaliklar, tog‘liklardan iborat bo‘lib, iqlimning shakllanishiga, havo massasining yo‘nalishiga ta’sir qiladi. Mezorelyefga o‘rtacha do‘ngliklar, vodiylar, jarlik va boshqalar kiradi. Mezorelyef ma’lum hududda yog‘inlarni va issiqlikni taqsimlanishiga ta’sir qilmaydi. Mikrorelyef relyefning mayda shakllaridan bo‘lib, uncha katta bo‘lmagan pastliklar, tepaliklardan iborat. U yog‘inlarning taqsimlanishiga ta’sir qiladi. Bu, o‘z navbatida, tuproqda oziq moddalar va tuz rejimlarining o‘zgarishiga, yer betida turli dog‘larning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Tuproqning yoshi. Tuproq hosil bo‘lishiga o‘tgan davr ham sezilarli ta’sir qiladi. Mamlakatimizdagi ko‘pgina tuproqlarning yoshi materikdan so‘nggi muzliklarning tugallanish vaqtidan boshlab hisoblanadi.
Tuproq hosil qiluvchi biologik omillar. O‘simliklar dunyosi tuproq hosil bo‘lishida asosiy omil hisoblanadi. Shuning uchun ham ular tuproq hosil bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. O‘simliklar dunyosi quyidagilardan iborat: daraxtlar, butalar, o‘tlar, sahro o‘simliklari, lishaynik va moxlar.
O‘simliklar dunyosi o‘zining biologik xususiyatlariga va to‘plangan biomassasiga qarab tuproqqa turlicha ta’sir ko‘rsatadi: havo, oziqa, suv, issiqlik, mikrobiologik rejimlarini yaxshilaydi. Mikroorganizmlar bakteriya, zamburug‘, aktinomitsetlar, suv o‘tlari va boshqalardan iborat bo‘lib, tuproqning organik moddalar va o‘simliklar ildizi tarqalgan yuza qatlamida uchraydi.Mikroorganizmlar kislorodga bo‘lgan munosabatiga qarab aerob va anaerob bo‘ladi.
Aerob mikroorganizmlarning rivojlanishi uchun sof kislorod bo‘lishi kerak, anaerob mikroorganizmlar sof kislorod bo‘lmagan sharoitda yashashi va rivojlanishi mumkin. Mikroorganizmlar hayot faoliyati uchun zarur bo‘lgan quvvatni organik moddalar va mineral birikmalarning oksidlanish hamda qaytarilish reaksiyasi hisobiga oladi. Mikroorganizmlar tuproqda ro‘y beradigan parchalanish va sintezlanish reaksiyasi uchun beradigan parcha- lanish hamda sintezlash reaksiyasi uchun turli fermentlar ajratadi. Tuproqlarning tipiga va madaniylashganligiga qarab, mikroorganizmlarning miqdori har xil bo‘ladi. Masalan, tuproqning bir gramida 0,6—2,0 mlrd.dan 2—3 mlrd.gacha mikroorganizmlar bo‘lishi mumkin.
Bakteriyalar tuproqda eng ko‘p tarqalgan mikroorganizmlardan hisoblanadi. Bakteriyalar, ya’ni mikroblarning yirik xillari o‘z hayot tarziga qarab, avtotrof va getrotroflarga bo‘linadi. Avtotrof bakteriyalar uglevodni karbonat angidriddan oladi, getrotroflari esa organik moddadagi tayyor uglevoddan foydalanadi.
Avtotrof bakteriyalar tuproqdagi turli organik moddalarni oksidlaydi, shu jumladan, ammonifikatsiya jarayonida qatnashadi. Bunda ular azotli organik moddalarni ammiakkacha parchalaydi, kletchatka, lignin va boshqa moddalarni esa oksidlaydi.
Geterotrof bakteriyalar tomonidan organik qoldiqlarning parchalanishiga bijg‘ish deyiladi (uglevodlar, pektin moddalar va boshqalarning bijg‘ishi). Anaerob sharoitda bijg‘ish bilan bir qatorda, denitrifikatsiya ro‘y berib, bunda nitratlar molekular azotgacha parchalanadi. Bu esa havo yetishmaydigan tuproqlarda azotning yo‘qolishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |