4.AMIR TEMUR VA SULTON BOYAZID MUNOSABATLARI
Biz yuqorida, Amir Temurning G‘arbga harbiy yurishlari munosabati bilan bu masala xususida harbiy nuqtai nazardan to‘xtalgan edik. Temurning lashkari G‘arbga siljigani sari Kichik Osiyo amirliklari va usmonli turklar bilan bevosita diplomatik munosabatlar o‘rnatila bordi. Bu munosabarlar XIV asrning 80-yil-laridan boshlandi. Turk sultonidan ozurdahol bo‘lib (ozor chekib), yerlaridan ajralgan Kichik Osiyo amirlari Amir Temurga itoat bildirib, uni Yildirim Boyazidga qarshi jangga undaganlar. Jumladan, Arzinjon amiri Tahurtan, Ko‘niya hokimi Alouddinbek Qoraxoniy Amir Temurning itoattalab murojaatiga ijobiy munosabat bildirganlar. Amir Temur mazkur amirlarni o‘z himoyasiga olgan turk saltanati bilan bo‘ladigan keyingi munosabatlarda bu vaziyatdan juda ustalik bilan foydalangan, zero bu hol unga harbiy nuqtai nazardan juda qulay hudud va turk sultoniga qarshi ta’na uchun bir sabab tariqasida xizmat qilgan. Amir Temur Sivasdan turib Boyazidga yo‘llagan ikkinchi maktubida, agar Boyazid sulhga rozilik bersa, uzrxohlik yuzasidan bir maktub yo‘llab ma’lum qilishini, bu taqdirda Amir Temur o‘zi ham Sivasdan qaytib ketishini aytish bilan birga, o‘zining Elxon sulolasidan ekanini ta’kidlab, yosh jihatidan ham ulug‘ ekaniga urg‘u berib, Yildirim Boyaziddan itoat etishini talab qilgan. Mazkur nomaga javoban yo‘llagan maktubida Boyazid Amir Temur bildirayotgan butun ta’nalar «jang uchun bir bahona» degan fikrni ilgari surgan va Amir Temur yaqinlashar ekan, turklar tomoni ham jangga hozir ekanligini ma’lum qilgan. Amir Temurning 1395 yilda To‘xtamishni mag‘lubiyatga uchratishi natijasida katta xavf bartaraf etilgan edi. Ittifoqchilardan biri Qozi Burhoniddin 1398 yil yozidagi jangda halok bo‘lgan. Orada ko‘p o‘tmay, Boyazid unga tegishli viloyatlarga yurishlar qildi. 1399-yili Barquq vafotidan so‘ng Malatiya, Loranda , Divrigi qal’asini ishg‘ol etdi19. Bu bilan Boyazid Amir Temurga qarshi kurashda mutlaqo yakkalanib qolgan edi. Boyazid Amir Temurga yozgan maktubida oradagi mavjud anglashilmovchiliklarni tushuntirishga harakat qilgan va maktubining yakunida oradagi gina-kuduratlarga barham berishni taklif etib, sulh yoki mujodala ixtiyorini Amir Temurning o‘ziga havola etgan. Amir Temur so‘nggi marotaba Yildirim Boyazidga Marog‘adan yo‘llagan maktubda yana sulh taklifini ilgari surgan . Ilk yozma manbalarga asosan ushbu daliliy ma’lumotlarni chuqur tahlil etish Amir Temurning ko‘pgina xorijiy mamlakatlar bilan, xususan Misr sultonlari Barquq va Faraj bilan, shuningdek Boyazid va To‘xtamish bilan bo‘lgan muposabatlarining haqiqiy ahvolini tasavvur etishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |