23. Tashkil etilayotgan bank kapitalining yetarlilik darajasini belgilashda quyidagilar asosiy omil hisoblanadi: Markaziy bank tomonidan belgilangan ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha talablarga muvofiqligi; bank kapitali, shu jumladan ustav kapitali miqdorini doimiy ko‘paytirib borishning rejalashtirilganligi; ko‘zda tutilayotgan daromadlar hamda fondlarni shakllantirish istiqbollari; muassislarning zarur hollarda qo‘shimcha kapital kirita olish qobiliyati. 24. Bank ro‘yxatga olingunga qadar ustav kapitalini shakllantirish uchun muassislar tomonidan Markaziy bankda yoki rezident banklarning birida vaqtinchalik jamg‘arma hisobvarag‘i ochiladi. Bank ustav kapitalining belgilangan eng kam miqdori mazkur vaqtinchalik jamg‘arma hisobvaraqda muassislar tomonidan bankni ro‘yxatga olingunga qadar to‘liq shakllantirilgan bo‘lishi kerak. Oldingi tahrirga qarang. 25. 2017-yil 1-oktabrdan boshlab tijorat banklari ustav kapitalining eng kam miqdori 100 mlrd. so‘m miqdorida belgilanadi. Faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklari 2019-yilning 1-yanvariga qadar o‘z ustav kapitalini ushbu miqdorga yetkazishlari lozim. (25-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 9-sentabrdagi 23/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2014-12, 15.09.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 1025-modda) 26. Bank ro‘yxatga olingandan keyin uning ustav kapitali miqdorida egasi yozilgan aksiyalar chiqariladi va ular muassislar o‘rtasida joylashtiriladi. VI. Bank nomiga qo‘yiladigan talablar 27. Bank nomida “Bank” atamasi yoki mazkur atama qo‘shib yasalgan so‘z birikmalari ishlatilishi hamda bankning tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilishi lozim. Bank nomi firma nomlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida keltirilgan talablarga muvofiq bo‘lishi zarur. VII. Markaziy bank tomonidan bankning rahbar xodimlariga qo‘yiladigan talablar Oldingi tahrirga qarang. 28. Bankning rahbar xodimlariga bank kengashining raisi va a’zolari, boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari, boshqaruv a’zolari, bosh bankning bosh buxgaltyerlari, amaliyot boshqarmasi va bank filiallarining rahbarlari hamda ularning bosh buxgaltyerlari kiradi. Ular (bank kengashi raisi va a’zolaridan tashqari) “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgaltyerlari, boshqaruv a’zolari hamda mikrokredit tashkilotlari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning (ro‘yxat raqami 1641, 2006-yil 14-noyabr, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-yil, 46-47-son, 467-modda) talablari asosida kasbga muvofiqligi aniqlanadi. (28-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 23-martdagi 7/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2014-5, 09.04.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 15-son, 209-modda)