KIMYOVIY REAKTORLAR
REAKTORLARNI SINFLASH
Neftni qayta ishlash texnikasining rivojlanishi bilan xom-ashyoning kimyoviy o’zgarishlariga asoslangan jarayonlar ulushi ortib bormoqda. Xom-ashyoning kimyoviy o’zgarish jarayonlari reaksion apparatlar – reaktorlarda amalga oshiriladi. Bu jarayonlar ko’plab neft mahsulotlarini olinishini va ular sifatining yaxshilanishini ta`minlaydi. Reaktor konstruksiyasi berilgan kimyoviy jarayon talablariga javob berishi kerak. Reaktor konstruksiyasi ko’p jihatdan unda amalga oshiriladigan reaksiyalarga bog’liq bo’ladi. Masalan: yuqori tezlik, temperatura va bosimda amalga oshiriladigan reaksiyalar uchun reaktor qalin devorli silindr shaklida bo’lishi lozim. Agar reaksiya katalizator ishtirokida boradigan bo’lsa, reaksion aralashmani katalizatorni zaharlaydigan kimyoviy moddalardan tozalaydigan apparatlar qo’llaniladi. Agar reaktorda boradigan jarayon qaytar bo’lsa, undagi hosil bo’lgan tayyor mahsulotni reaksion aralashmadan ajratib oluvchi va reaksiyasi tugallanmagan moddani apparatga qaytarib turuvchi reaktorlar ishlatiladi.
Reaktor tuzilishi nafaqat unda boradigan reaksiyaga, balki apparatdagi gidrodinamik sharoitga ham bog’liq bo’ladi. Kubli reaktorlar balandligi 1-2 m bo’lgan silindrsimon apparat bo’lib, uning butun hajmida suyuqlikning temperatura va konsentrasiyasining bir xilligini ta`minlash maqsadida aralashtirgich bilan ta`minlangan bo’ladi.
Quvurli reaktorlarda aralashtirgich bo’lmaydi. Aralashma konsentrasiyasi apparat uzunligi bo’yicha bir tekis o’zgarib boradi va modda zarralarining apparat ichida bo’lish vaqti bir xil bo’ladi.
Suyuq reaksion muhitli reaktorlar organiq sintez, kauchuk olish, butadienni polimerlash jarayonlarida qo’llaniladi.
Turli neftkimyoviy jarayonlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan kimyoviy reaktorlar bir-biridan konstruktiv tuzilishi, o‘lchamlari, tashqi ko‘rinishlari jihatidan farq qiladi. Biroq ular o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan farqlarni hisobga olmagan holda, reaktorlarni umumiy sinflash uchun kerak bo‘lgan
belgilarni ajratish mumkin. Bunday holat reaktorlar haqidagi ma’lumotlarni tartibga solish, ularning ish rejimlarini matematik yo‘l bilan ifoda etish va hisoblash uslubini tanlashni osonlashtiradi.
Kimyoviy reaktorlarni sinflash va ularning ish rejimlarini aniqlash uchun quyidagi prinsiplar eng ko‘p ishlatiladi: 1) reaksion muhitning harakat rejimi (reaktordagi gidrodinamik sharoit); 2) reaktordagi issiqlik almashinish shart- sharoitlari; 3) reaksion aralashmaning fazaviy tarkibi; 4) jarayonni tashkil etish usuli; 5) jarayon ko‘rsatgichlarining vaqt davomidagi o‘zgarish xususiyati; 6) konstruktiv alomatlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |