3. Sho‘rga chidamli ekinlar. Bu guruhga sho‘r miqdori 0,6-1,0 % bo‘lsa chidaydigan va hosil beruvchi lavlagi, boyimjon, karam, qovun, tarvuz, qovoq kabilar kiradi.
Oziqa rejimi. Sabzavot ekinlari tuproq sho‘rlanmagan, unumdor bo‘lishini xohlaydi. Ularning hozirgi ekotip va navlari asrlar mobaynida sabzazorlarda shakllanib, har yili o‘g‘itlangan unumdor tomorqalarda yetishtirilgan. Tuproq ustki qatlamlaridagi oziq elementlardan foydalanishga moslashgan va asosiy ildiz massasi yuza joylashgan hamda sust rivojlangan o‘simlik formalari vujudga kelgan.
Sabzavot ekinlari tuproqdan hosil bilan ko‘p miqdorda oziq elementlar olib chiqadi.
Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, bu ekinlar tuproqdan eng ko‘p kaliyni, so‘ngra azotni, oxirida fosforni o‘zlashtiradi.
Lekin, tuproqdan so‘rib olingan oziq elementlarning umumiy miqdori, o‘simliklarning tuproq unumdorligiga talabini to‘liq aks ettirmaydi. Ekinlarning oziq moddalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘g‘ri baholash uchun ular tuproqdan so‘rib oladigan oziq elementlarning faqat umumiy miqdorini emas, balki kunlik o‘rtacha miqdorini ham hisobga olish kerak.
Sabzavot o‘simliklari tuproqdan so‘rib oladigan asosiy oziq moddalarning umumiy va kunlik miqdorini ifodalovchi raqamlar quyidagi jadvalda keltirilgan.
Ma’lumotlardan ko‘rinib turganidek, salat, rediska, ismaloq kabi ko‘kat sabzavotlar tuproqdan oziq moddalarni eng ko‘p so‘rib oladi.
Ko‘kat sabzavotlarning oziq moddalarga umumiy ehtiyoji uncha katta emas, ammo o‘simliklar bu moddalarni tuproqdan juda qisqa muddat (30-60 kun) ichida oladi. Shuning uchun ko‘kat sabzavotlarning hammasi ham tuproqning unumdor bo‘lishini va albatta, o‘g‘itlanishini talab etadi. Sabzavot ekinlarining ertapishar navlari ham kechpishar navlarga nisbatan tuproqda oziq moddalar ko‘proq bo‘lishini talab qiladi.
O‘simliklarning tuproqdagi oziq moddalarga bo‘lgan talabi ularning so‘rish kuchiga ham bog‘liq. Ildiz sistemasi kam rivojlangan va yuza joylashgan ekinlar (bodring, piyoz) tuproqdan oziq moddalarni kam so‘rib olishiga qaramay, ushbu moddalar tuproqda juda ko‘p bo‘lishini talab etadi va yerning o‘g‘itlanishiga muhtoj.
Sabzavot ekinlarining ildizlari turli oziq elementlarni bir xil o‘zlashtirmaydi. Sabzavot o‘simliklari avvalo, kaliydan, undan keyin azotdan va eng oxirida fosfordan yaxshi foydalanadi. Pomidor, boyimjon, rediska, sholg‘om, piyoz va salat o‘simliklari fosforni ayniqsa yomon o‘zlashtiradi. Lavlagi, sabzi va karam fosfordan boshqa o‘simliklarga nisbatan yaxshi foydalanadi. Azotni esa karam ayniqsa yaxshi o‘zlashtiradi.
O‘simliklarning turli oziq elementlarni o‘zlashtirish xususiyati ularning yoshiga qarab turlicha bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi, ayniqsa pomidor maysalari unib chiqqandan keyingi 30-40 kun mobaynida fosforni yomon o‘zlashtiradi. O‘simliklar g‘unchalay boshlagan davrda ularning fosforni o‘zlashtirish qobiliyati keskin oshadi. Sabzavot o‘simliklari rivojlanishining ilk bosqichlarida fosforni yomon o‘zlashtirishi fosforli o‘g‘itlarni yerga urug‘ tashlash bilan bir vaqtda chuqurcha yoki qatorlarga solib ketish hamda fosfor bilan ko‘chat o‘stirish vaqtida oziqlantirish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatadi.
Sabzavot ekinlari tuproqdan oziq moddalarni butun o‘suv davri davomida olib turadi, ammo meva tugish davrida, ayniqsa kuchayadi. Shuning uchun ekishdan oldin yerga o‘g‘it solishdan tashqari, ekinlar o‘suv davrida ham oziqlantirib turilishi kerak. Har xil oziq elementlar o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.
Azot vegetativ organlar (poya va barglar) ning o‘sishiga yordam beradi. Karam, salat, ismaloq va boshqa bargi uchun o‘stiriladigan sabzavot ekinlari azotga ayniqsa ko‘p muhtoj. Ammo azotning ko‘p bo‘lishi sabzavot o‘simliklarining palagi g‘ovlab ketib, gullashi va meva tugishi sekinlashuviga olib keladi, natijada hosil kamayib ketadi. Azotning haddan tashqari ko‘p bo‘lishi sabzavot sifatiga ham salbiy ta’sir etadi.
Karam tez va kuchli o‘sib, karam boshlari yorilib ketadi, kartoshka tugunaklarining ichi kovak bo‘lib qoladi hamda undagi kraxmal miqdori va qovunning qanddorligi kamayadi, ildizmevalilar, kartoshka, piyoz va boshqa sabzavot mahsulotlari uzoq saqlashga yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Fosfor o‘simliklarning palagi o‘sishini susaytiradi, urug‘i, tuganaklari, piyozboshlari, ildizmevalari tez pishib yetilishiga yordam beradi, mevalar tarkibida quruq moddalarni ko‘paytiradi, kraxmal va shakar miqdorini oshiradi. Pomidor, boyimjon kabi sabzavotlar, shuningdek, sholg‘om, rediska va salat fosforga ayniqsa talabchan bo‘ladi.
Urug‘ uchun o‘stiriladigan barcha ikki yillik sabzavot o‘simliklari ham fosfor bilan ko‘proq oziqlantirishni talab etadi.
Sabzavot ekinlari kaliyni juda ko‘p o‘zlashtiradi. Kaliy kul tarkibiga kiradi va o‘simliklarda uglevodlar hosil bo‘lishi hamda to‘planishida muhim rol o‘ynaydi. O‘simliklarni kaliy bilan yaxshi oziqlantirish mexanik to‘qimalar (lub) hosil bo‘lishiga yordam beradi va zamburug‘li kasalliklarga chidamliligi pasayadi. Kartoshka, lavlagi va sabzi tuproqda ayniqsa kaliy ko‘p bo‘lishini talab etadi.
Sabzavot ekinlarining oziqlanishida molibden, marganes, bor, mis, rux, kobalt kabi mikroelementlar ham katta o‘rin tutadi.
Mikroelementlar bu ekinlarning hosildorligini 12-20 % ga ko‘paytiradi, sifatini yaxshilaydi, noqulay sharoitlarga chidamliligini oshiradi.
Sabzavotchilikda mineral o‘g‘itlar bilan mahalliy o‘g‘itlar (go‘ng, sideratlar) birga qo‘llanilsa samaradorligi yuqori bo‘ladi.
Shunday qilib, sabzavot ekinlarida o‘sish va rivojlanish bir vaqtda, lekin turli tezlikda o‘tadi. O‘sish va rivojlanish o‘rtasidagi nisbatga qarab sabzavot ekinlarida 4 ta holat kuzatiladi:
1. Tez o‘sish va rivojlanishga xos sabzavotlar. Bu holat mevali sabzavot ekinlarida kuzatilib, tez o‘sib vegetativ massa hosil qilish bilanoq, gullash, mevalashga o‘tadi.
2. Tez o‘sib, sekin rivojlanadigan sabzavot ekinlar. Bu ildizmevali, piyozboshli va karamboshli sabzavot ekinlarida qayd etiladi.
3. Sekin o‘sib, tez rivojlanadigan ekinlar. Ko‘pchilik hollarda bu holat o‘simliklar noqulay (qurg‘oqchilik) sharoitlarga tushib, produktiv organlarni yetarli shakllantirmay, gulpoya chiqarish, gullashga kirishib ketadi.
4. Sekin o‘sib, sekin rivojlanish. Bu holat sabzavot ekinlari maxsus sun’iy sharoitda o‘stirilganda kuzatiladi. Masalan, ko‘chatlar konservasiya qilinganda qulay ekish muddatigacha past haroratda va cheklangan namlikda ushlanib turiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |