Ishning bajarilishi:
Aviasion benzinning 700 da qaynaydiganining ikki qismiga bir qism 95% li spirt qo’shib aralashma tayyorlanadi.
Quruq toza chinni havonchaga 0,2 g kvars qum solib, unga 1 g maydalangan o’simlik bargini qo’shib eziladi. yuqorida tayyorlangan eritmadan 10-15 ml ezilgan massaga qo’shib yana eziladi. Ezilgan massani stakanga solib usti shisha plastinka bilan yopiladi. Bu eritma 30 minut davomida aralashtiriladi. Keyin eritma filtrlanadi, filtr ustidagi qoldiq toza benzin bilan rangsizlanguncha yuviladi.
Filtrat ajratish voronkasiga qo’yilib bir necha marta chayqatiladi, so’ngra tindiriladi. Filtrat tinganidan so’ng ikki qavatga ajraladi. yuqoridagi benzin qavatida karotin, xlorofil a,b molekulalari va ksantofil molekulalari, pastdagi spirt qavatida esa ksantofil pigmenti yig’iladi. Keyin spirt qavat boshqa idishga qo’yib olinadi. Voronkada qolgan benzin eritmasi tarkibidagi ksantofil molekulalarini yo’qotish uchun 8 qism metil spirtga bir qism suv qo’shilgan aralashmadan 10 ml qo’shib chayqatiladi. Spirt qavati qaytadan oqizib olinadi.
Benzin qavatidagi suv molekulalarini yo’qotish uchun bu qavat quruq filtr orqali suziladi. Filtratga xlorofilning a,b molekulalari va karotin pigmenti o’tadi.
Filtrat tarkibidagi pigmentlarni bir-biridan ajratib olish ishlari quyidagicha bajariladi.
Uzunligi 15-20 sm, diametri 2-2,5 sm keladigan shisha nay olib, uning bir uchiga doka bog’lanadi. Doka ustiga zich qilib gigroskopik paxta yoyiladi. Idish ichiga qand kukuni to’ldiriladi. Qand ustining balandligi 5-7 sm dan oshmasligi kerak. Qand ustinini tayyorlashda kukunning zichligi bir xil bo’lishi shart, aks holda adsorbsiyalanuvchi pigmentlarning joylashish tartibi buzilishi mumkin, qand kukunini zichlashtirish uchun bir tomoni yassilangan tayoqcha ishlatiladi. Qand kukuni ustiga 10 ml benzin qo’yib, idishning og’zi tiqin bilan berkitiladi. Tiqinga o’rnatilgan egri nay o’z navbatida 1-2 l li idish bilan tutashtiriladi. Qand ustini benzin bilan to’yintirilgandan so’ng, ustiga pigmentli filtrat qo’yiladi. So’ngra idishning og’zi nay o’rnatilgan rezina tiqin bilan berkitilib, tutashtirilgan idish orqali unga havo beriladi. Bu bosim yordamida nayga solingan pigmentli benzin eritmasi asta-sekin siqib tushiriladi.
Qand ustinining yuqori qavatida sarg’ish-yashil tusdagi xlorofil b, undan pastroqda ko’kish- yashil rangli xlorofil a joylashadi. Eritma tarkibidagi karotin stakanga o’tib ketadi. Agar pigmentlarning konsentrasiyasi kuchli bo’lsa, ustinning pastki qavatida karotin pigmenti to’q sariq tusda to’planadi. Eritmada ksantofil pigmentining molekulalari qolgan taqdirda, ular xlorofil a dan keyinda joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |