Key words: A work of art, psychological feature, methodology, ability, image, essence.
O‘zbekistonimizda mustaqillik davrida barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ishlab chiqilganligi har bir sohaning rivojlanishidagi asosiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda desak adashmagan bo‘lamiz. Negaki, har qanday sohaning rivojlanishida malakali kadrlarning o‘rni beqiyosdir.
Yurtimizda ayniqsa, ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bilim olgan kishi har tomonlama rivojlangan, odobli, axloqli, kamtarin, komil inson bo‘ladi. Har qaysi insonning bilim darajasi jahon talablari darajasida, ya’ni fan-texnikaga, bozor iqtisodiyoti ma’daniyatiga javob beradigan holda bo‘lishi kerak. O‘sha komil inson, uning olgan bilimi hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘iz damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarida rahbar, qayg‘uli damlarida madadkor bo‘ladi. Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarida aytganidek, “Shuni unutmasligimiz kerakki, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq” [1].
Boshlang‘ich sinflarda badiiy asarni tahlil qilish metodikasida kichik yoshdagi o‘quvchilarning badiiy asarni idrok qilishdagi psixologik xususiyatlari hisobga olinadi. Ruhshunos olimlarimizning tekshirishlaridan ma’lum bo‘lishicha, asarni idrok qilishga, bilim olishga xizmat qiladigan komponentlar bilan birga uni emotsional-estetik his etish ham kiradi. Asarni idrok etish murakkab jarayon bo‘lib, asarda tasvirlangan voqealarga qandaydir munosabatning yuzaga kelishini o‘z ichiga oladi. Psixologik tekshirishlar natijasida kichik yoshdagi o‘quvchilarning adabiy qahramonlarni idrok etishi va ularni baholashidagi psixologik xususiyatlari o‘rganilgan va ular adabiy qahramonlarga nisbatan ikki xil munosabatda bo‘lishlari aniqlangan:
1. Adabiy qahramonga emotsional munosabat.
2. Elementar tahlil qilish [2].
Asarda qatnashuvchi har bir qahramonga baho berishda o‘quvchilar o‘z shaxsiy dunyoqarashlari va axloqiy tushunchalaridan foydalanadilar. Albatta, ularning bunday axloqiy tushunchalari chegaralangan bo‘ladi. Ular axloqiy sifatlardan botirlik, mehnatsevarlik, yaxshilik, to‘g‘rilik tushunchalarini ko‘p ishlatadilar. Asardagi qahramonlarning boshqa sifatlarini tasvirlash uchun ularning so‘z boyligi yetishmaydi. Mana shu joyda o‘qituvchidan talab etiladigan asosiy vazifa badiiy asarni tahlil qilishda, undagi qahramonlarning xarakter-xususiyatlarini ochib berishdir. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan birgalikda asarni tahlil qilib, asardagi har bir obrazning xususiyatlarini ochib berishda, o‘quvchilar nutqiga personajlarning axloqiy, intelektual, emotsional sifatlarini tasvirlovchi so‘zlarni kiritib borishi kerak. Bu adabiy qahramonlarning xarakterini yaxshi yoritishsifatlaridan biri hisoblanadi. Buning natijasida o‘quvchining dunyoqarashini shakllantirishimiz va nutq boyligini oshirishimiz mumkin. Asardagi qahramonlarning xarakteri ularning axloqiy sifatlarini anglash orqali tushuniladi va shunga nisbatan ularga baho beriladi. Shu jumladan, qahramonlarimizni ijobiy va salbiy obrazlarga bo‘lishimiz mumkin. Ijobiy va salbiy qahramonlarni nima uchun aynan ijobiy qahramon yoki salbiy qahramon deb atayapmiz? Ularning qaysi xarakter-xususiyatlari ijobiy va yoki salbiy obraz bo‘lishida katta rol o‘ynayapti? kabi savollarga o‘quvchilar bilan birgalikda javob topishimiz, obrazlarni tahlil qilishimiz asarning tub mohiyatiga yetishda va asardan oladigan xulosani shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Qahramonlarning nima qilishi emas, nima uchun shunday qilishi kerakligini bilish muhimdir. Ushbu jarayonda asar qahramonlarining axloqiy sifatlari ustida ko‘proq ishlash talab etiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘qish kitoblaridagi badiiy asarlar o‘quvchilarning idrok etish qobiliyatlariga bog‘liq holda o‘qib o‘rganiladi va tahlil qilinadi. Bunda o‘qituvchi asarning janr xususiyatiga, voqea-hodisa va obrazlar xatti-harakatlariga o‘quvchilaring ruhan tayyorgarligini tekshiradi. O‘qituvchi asar tahlilida badiiy komponentlarning o‘zaro bog‘liqligini soddalashtirib tushunturishi, matnni bosqichma-bosqish o‘zlashtirishga imkon yaratishi lozim. O‘quvchilar bilan asarni tahlil qilishda dastlabki bosqichda matnni yaxlit idrok etish orqali asarning umumiy mazmuni bilan tanishtirishimiz kerak. Keyingi bosqich esa tahlil jarayonini boshlab beradi. Uning mazmuni quyidagi talqinni o‘z ichiga oladi:
a) voqealar rivojidagi imkoniyat, sabab va natija orasidagi bog‘lanishni belgilash;
b) asardagi timsollarning axloqiy fazilatlari va nuqsonlarini aniqlash;
d) asar kompozitsiyasini ochish;
e) asarning go‘yaviy mazmunini tasviriy vositalar ishtirokida tahlil qilish va obrazlar xulq atvorini baholash. So‘nggi bosqichda o‘quvchilarda erkin fikrlash, asardagi shaxslarning muhim xususiyatlarini umumlashtirish, ularni taqqoslash va baho berish, asarning g‘oyaviy yo‘nalishini aniqlash, badiiy bo‘yoqlarda hayotiy voqealarning suratlanishini anglash, ma’lum muammolarni hal etish kabi tushunchalarni paydo qiladi [3].
O‘rganilayotgan badiiy asarni idrok etish uchun o‘qituvchi matn ustidagi yakunlovchi ishlarni o‘quvchilarning hayotiy tajribalari bilan bog‘laydi, ularning atrof-muhit haqidagi bilimlarini aniqlaydi, fikr-mulohazalarini teranlashtiradigan usulga murojaat qiladi. 3-sinf “O‘qish” darsligidagi “Beminnat yordam» rivoyatini tahlil qilib ko‘raylik. Bu rivoyatni o‘qib-o‘rganishdan avval o‘quvchilar bilan qisqacha suhbat o‘tkaziladi va do‘stlik, sadoqat tushunchalari o‘quvchilarga soddaroq tilda tushuntirib o‘tiladi. Rivoyatda bir kuni bog‘bon bir nechta terak ekadi va ular tezda bo‘y cho‘zib o‘sa boshlaydi. Mana shu teraklarning yonginasidan tok ko‘karib chiqdi. Uning ham kundan-kunga bo‘yi cho‘zilib, barglari ko‘paya bordi. Lekin tok novdasi nimjon bo‘lganligi uchun u yer ustida yotardi. Teraklardan birining tokka rahmi kelib uning poyasini shoxlariga ilib yerdan ko‘tardi. Tok novdasi o‘sgan sayin terakka ko‘proq chirmashar edi. Tez orada ular qalin do‘st bo‘lib qoldilar. Bir kuni bog‘bon tokning terakka chirmashib o‘sayotganligini ko‘rdi va: “O‘zi chaqqon tok bu yil mevaga kiribdi. Terakka qo‘shilib balandlab ketsa, mevasini yig‘ish qiyin bo‘ladi”,- deb terakning yuqori shoxlarini kesib qo‘ydi. U bilan bir kunda ekilgan teraklar unga qarab: “Mana shu tokka o‘ralashib, pastda qolib ketding, tashla uni, bozga o‘xshab yuqoriga intil»,- deyishdi. Lekin terak do‘stini tashlab o‘sishga ko‘zi qiymadi. Chunki uning bo‘yi baland bo‘lmasa ham, do‘stiga va odamlarga foydasi tegayotganidan xursand edi [4]. Dastlab o‘quvchilarga rivoyatning mazmuni tushuntiriladi, ular bilan birgalikda fikr-mulohaza yuritiladi. Umumiy mazmun ochib berilgach, asardagi qahramonlarga birma-bir to‘xtaladi. Qahramonlarning axloqiy fazilatlari va nuqsonlari aniqlanadi va har bir qahramonga alohida e’tibor qaratiladi. Shu o‘rinda agar asarda salbiy qahramonlar ishtirok etgan bo‘lsa, ularning nuqsonlarini o‘quvchilarga tushuntirib o‘tish kerak. Yuqorida misol qilib keltirilgan rivoyatimizda qahramonlarimiz majoziy ma’noda olingan. Rivoyatdagi asosiy mazmun har qanday sharoitda ham yaxshilik qiluvchi va do‘stiga sadoqatli bo‘lishni yuksak fazilat qilib ko‘rsatishdir. Asarda terak o‘ziga jabr bo‘lishini bilsa ham, chin do‘stiga yordam berdi, uni tashlab qo‘ymadi va eng muhimi qolgan teraklar aytgan “O‘zingni o‘yla!” mazmunidagi gaplarga ham e’tibor bermay do‘stiga sadoqatli bo‘ldi. Bu yerda terakning faqat do‘stiga sadoqati emas, balki, odamlarga foydasi tegayotganligidan xursandligi ham alohida ta’kidlangan. Buning tag zamirida yaxshilik qilish, har qanday sharoitda ham muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi sifatlarni ko‘rishimiz mumkin. Rivoyat so‘ngida xulosa ham berib o‘tilgan. Bu asardan olgan xulosamiz shuki: shunday odamlar borki, o‘zlari ko‘zga tashlanmasalar-da qo‘ldan kelgan barcha yordamlarini ayamaydilar.
O‘quvchilar bilan birgalikda asar qahramonlarining xulq-atvori va xarakterini baholashimiz mumkin. Bunda o‘quvchilarga qaysi obraz sizga yoqdi? Aynan yoqtirgan obrazingizning qaysi jihati uchun uni ijobiy qahramonlar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi? Siz ham shu xulq-atvorga egamisiz? kabi savollarni berib ularning obrazlarni qanchalik tushunganliklari va ularga beradigan baholarini aniqlab olishimiz mumkin.
So‘nggi bosqichda o‘quvchilarda erkin fikrlash, asardagi shaxslarning muhim xarakter-xususiyatlarini umumlashtirish, asar voqealarini o‘quvchilarning hayot tajribasi bilan bog‘lash va hayotiy misollar bilan tushuntirish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida asar qahramonlarining qalb kechinmalari to‘laroq ifodalanayotganligi, psixologik asarlarning ko‘plab yaratilayotganligi badiiy tasvir vositalaridan ustalik bilan foydalanishmoqda [5]. Maktabda badiiy asarni tahlil qilishdan asosiy maqsad asarda ifodalangan hayotiy voqeani yoritish orqali o‘quvchilarni badiiy adabiyot olamiga olib kirish, tasvirlanayotgan voqealarga nisbatan muallifning munosabati va niyatlarini payqab olishga imkoniyat yaratishdan iboratdir. O‘quvchilarning yozuvchi oldinga surgan g‘oya va muammolarini to‘liq tushunib yetishlariga erishmay turib, badiiy adabiyotning yoshlarni tarbiyalashdagi vazifasini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Nosirxo‘jayev.S.H, Lafasov.M.F, A’zamxo‘jayeva.S. Ma’naviyat asoslari. Toshkent. 2009. 147 B.
Qosimova.K, Matchonov.S, G‘ulomova.X, Yo‘ldosheva.Sh, Sariyev. Sh. Ona tili o‘qitish metodikasi. Toshkent. 2009. 81 B
Ernazarov. G‘. Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi. Toshkent. 2013. 53B.
Umarova. M, Xamrakulova.X, Tojiboyev.R. O‘qish darsligi. Toshkent. 2019.
Siddiqova. Sh. Badiiy matnni shakllantiruvchi sintaktik vositalar. Jizzax. 2020. 210B.
Do'stlaringiz bilan baham: |