Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning hislari o‘zining ancha barqarorligi, anglanganligi bilan maktabgacha Yoshdagi bolalarning hislaridan farq qiladi, bu hislar anchagina osoyishtalik bilan o‘tadi, ancha chuqur va kuchli bo‘lib qoladi. Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning umumiy emotsional tonusida xushchaqchaqlik, ruhiy tetiklik kayfiyati ustunlik qiladi. Darslarda va tanaffus vaqtlaridagi o‘yinlarda ular quvnoq va tetik bo‘ladilar. Bunday holat esa kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning emotsional hayotida norma bo‘lib hisoblanadi.
Kichik maktab Yoshidagi bolalarning emotsional hayoti ta’lim va tarbiyaning ta’siri ostida ancha kengayadi. Maktabgacha Yoshdagi bolalarning hislaridan farqli ravishda kichik maktab davrida hislarning yo‘nalganligida katta tabaqalanish yuzaga keladi. Bu Yoshda oliy hislarning barcha turlari rivojlanishni boshlaydi.
Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning his-tuyg‘ulari ularning faoliyatida namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilar o‘zlarining har bir faoliyat natijalariga baho bera oladilar. Baho kishida qoniqish va qoniqmaslik hislarini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lib, bu hislar bolani yaxshi o‘qishga ruhlantiradi. Ba’zan past baho olish orqali yuzaga kelgan salbiy hislar chuqurlashib, o‘qituvchining noto‘g‘ri reaksiyasi va kattalarning doimiy tanbeh va tanqidlari oqibatida bolaning xarakter xislatiga aylanib qolishi mumkin. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining faoliyatlari uchun ijobiy baho olishlariga yordam beruvchi asosiy hislardan biri intellektual hislardir. Odamning aqliy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hislar intellektual hislar deb ataladi. Bilishga qiziqish, taajjublanish va hayron qolish hislari, ishonch, ishonchsizlik va shubhalanish hislari intellektual hislar qatoriga kiradi.
Bunday hissiyotlar har xil nazariy va amaliy savollar tug‘ilganida, vazifa va masalalarni hal qilish chog‘ida, biror yangilikni o‘zlashtirish va bilish chog‘ida paydo bo‘ladi va his qilinadi. Kichik maktab Yoshidagi o‘quvchilarning intellektual hislari bilish jarayonida rivojlanadi.O‘quv faoliyatida bolalar katta hajmdagi bilimlar va faktlarga duch kelib, ular bolalarda taajublanish, ishonchsizlik, quvonch, hislarini yuzaga keltirib, qiziquvchanlik, urinchoqlik va shu kabi boshqa hislarning shakllanishiga asos bo‘ladi.
O‘qish jarayonida Yoshi kattalashib, tajribasi orta borgan sari, oqilona urinchoqlik rivoj topa boradi. Bu his odamning ilmiy tadqiqot ishlari bilan samarali shug‘ullanishini rag‘batlantiradi. Bilishga qiziqish maktabgacha tarbiya Yoshidagi bolalarga xos bo‘lgan xususiyatlardandir. Bilishga qiziqish kichik maktab davrida o‘ziga xos yo‘nalishni oladi.Ular har bir o‘rgangan narsalariga taajjublanish bilan qaraydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |