Moy oksidlanishi va polimerlanishi. Bu jarayonlarda hosil bo‘ladigan suyuq, yarimsuyuq va qattiq mahsulotlarning moyda eruvchanligi har xil va konstruksion materiallarga ta’siri ham turlicha. Dvigatel ishiga salbiy ta’sir qilish bilan birga moy oksidlanishi qator ijobiy effektlar ham beradi. Oksidlanish mahsulotlari yuqori qutbiy aktivlikka ega va shu tufayli ishqalanish yuzalariga adsorbsiyalanib yeyilishga qarshi ta’sir o‘tkazadi. Mexanik qo‘shimcha aralashmalarga adsorbsiyalanib, ular qattiq zarrachalarda ko‘p qatlamli kolloidli himoya hosil qiladi; bu nafaqat abraziv zarrachalarni ishqalanish yuzasidan himoya qiladi, balki moyning yeyilishga qarshi xossalarini ham yaxshilaydi.
Moy almashtirish. Moy qarishi sababli dvigateldagi moyni muntazam ravishda almashtirib turish lozim. Moyni almashtirish muddati asossiz cho‘zilsa, moy xossalari yomonlashadi va dvigatelda hosil bo‘ladigan qatlamlar miqdori ko‘payadi. Shu bilan birga dvigatel yeyilishi va moyning kuyishga sarfi sezilarli darajada ortadi.
Moy almashtirilishi davriyligi eksperimental aniqlanadi va dvigatel ishlagan vaqti bo‘yicha (moto-soatda) yoki avtomobil bosib o‘tgan yo‘li bo‘yicha (km da) dvigatel yoki avtomobil texnik pasportida ko‘rsatiladi.
Zamonaviy dvigatelsozlik va moylovchi materiallarni ishlab chiqarish sanoati rivojining asosiy tendentsiyalaridan biri – moyning xizmat muddatini oshirishdir. Sintetik moylarini qo‘llash dvigatelda moyni almashtirmasdan ishlatish muddatini ancha-munchaga (80...160 ming km gacha) oshiradi.
Qolgan sharoitlar bir xil bo‘lganda moyning xizmat muddati birinchi navbatda prisadkalarning parchalanishi va kuyishi bilan belgilanadi.
Gazsimon yonilg‘ilarda ishlaydigan dvigatelda moy almashtirilmasdan ishlashi muddati suyuq yonilg‘ida ishlaydigan dvigateldagiga nisbatan uzayadi. Buning sababi – moyga tushadigan iflosliklarning kamligi va prisadkalar ishlab sarflanishi tezligining kichikligidir.
Motorsozlik amaliyotida dvigatelda moy ishlashining muddati ekspluatatsion sinovlarda dvigateldan davriy ravishda olinadigan moy probalari analizi yo‘li bilan aniqlanadi.
Motor moylarini almashtirish bo‘yicha quyidagi tavsiyani berish mumkin:
agar avtomobil 100 ming km gacha masofani bosib o‘tgan bo‘lsa, u holda sintetik motor moylaridan foydalanib har 10 ming km atrofida moyni almashtirish tavsiya etiladi;
agar avtomobil 200 ming km gacha masofani bosib o‘tgan bo‘lsa, u holda yarim sintetik motor moylaridan foydalanib har 7-8 ming km atrofida moyni almashtirish tavsiya etiladi;
agar avtomobil 200 ming km dan ko‘p masofani bosib o‘tgan bo‘lsa, u holda mineral motor moylaridan foydalanib har 5-6 ming km atrofida moyni almashtirish tavsiya etiladi;
har moy almashtirganda moy filtirini ham almashtirish zarur.
Moy moylovchi xossalarining bosh ko‘rsatkichi – qovushqoqlikdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |