Fazoviy tasavvur
Mavzu: Fazoda boshqa odamga, boshqa buyumlarga nisbatan mo’ljal olishni o’rgatish
Maqsad:
Bolalarning fazoviy tasavvurlarini rivojlantirish.
Kutilayotgan natijalar:
Bolalar boshqa odamlarga, buyumlarga nisbatan mo’ljal olishni o’rganadilar.
Bolalarda atrofidagi odamlarga, buyumlarga nisbatan e’tibor oshadi.
Kerakli jihozlar:
Velosiped.
Qo’ng’iroqcha.
Faoliyatning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar, sizlar o’ng-chap, orqa-oldin, yonida-uzoqda kabi tushunchalarni juda yaxshi tushunasizlar. Hozir sizlar bilan turli o’yin-topshiriqlarni bajaramiz va bilimlaringizni sinovdan o’tkazamiz.
“O’ngda-chapda, oldinda-orqada” o’yini.
Bu o’yin orqali bolalar boshqa odamlarga nisbatan mo’ljal olishni o’rganadilar. Bolalar doira bo’lib turadilar. Tarbiyachi ham ular qatorida turadi.
Tarbiyachi: Bolajonlar, hammamiz 1-2 deb sanaymiz va qaysi sonni aytganimizni eslab qolamiz. Men boshlab beraman, mening chap tomonimdagi bola davom ettiradi. 1... (Tarbiyachidan keyin chap tomonidagi boladan boshlab sanashni boshlaydilar).
Hamma sanab bo’lganidan keyin, tarbiyachi topshiriq beradi: Bolajonlar, kimlar 2 deb sanagan bo’lsa, 1 deb sanagan bolaning o’ng tomoniga turib olsin. Kimlar 1 deb sanagan bo’lsa, 2 deb sanagan bolalarning orqasiga turib olsin. 2 deb sanagan bolalar 1 deb sanagan bolalarning chap tomoniga turib olsinlar. O’yin shu tariqa davom etadi.
“Harakatdagi velosiped” o’yini.
Bu o’yin yordamida bolalar buyumlarga nisbatan mo’ljal olishga o’rgatiladi. Bolalar doira bo’lib turadilar.
Tarbiyachi: Bolajonlar, endi sizlar bilan “Harakatdagi velosiped” o’yinini o’ynaymiz. Hozir men turli transportlar haqida topishmoqlar aytaman. Topishmoqni topgan bola velosipedni harakatlantiradi. Diqqat qiling, topishmoq:
Yozda toycha,
Qishda xurjun. (Velosiped)
Topishmoqning javobini aytgan bola velosipedga o’tirib haydaydi va bir bolaning oldiga, birining orqasiga, yana birining o’ng tomoniga, boshqasining chap tomoniga borib turadi. Bola velosiped o’zining qaysi tomonida ekanligini aytishi lozim.
“Qo’ng’iroqcha qaerda jiringlayapti” o’yini.
Maqsad: Fazoda mo’ljal olish malakasini mustahkamlash, bola lug’atida o’ngda-chapda, oldinda–orqada, yuqorida-pastda kabi so’zlarni faol ishlatish, eshitish qobiliyatini rivojlantirish.
Bir bolaning ko’zi bog’lanadi. Ikkinchi bola guruh xonasi bo’ylab qo’ng’iroqcha bilan yuradi. Qo’ng’iroqchani turli joylarda jiringlatadi. Birinchi bola o’zidan qaysi tomonda jiringlayotganini aytadi. (Mendan o’ng tomonda chalindi va hokozo.)
Kim bir qancha marta qo’ng’iroq ovozi chiqqan tomonni to’g’ri topsa, o’sha g’olib bo’ladi va qo’ng’iroqchani chaladi. Tovush tomonni to’g’ri aniqlayotgan bolalarga vazifani murakkablashtirish mumkin. Masalan: Oldin 2-3 tomonda navbat bilan qo’ng’iroq chalinadi va tovushlar qaysi tomondan kelayotganini bola gapirib berishi kerak. “Birinchi tovush oldinda, ikkinchisi chapda, uchinchisi o’ngdan eshitildi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |