Tashqi iqtisodiy faoliyatda auditorlik tavakkalchiligi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar qayd etish soni, imzolash joyi va sanasi ko‘rsatilgan shartnoma asosidan amalga oshiriladi. Shartnoma bo‘yicha nizolar vujudga kelsa, ularni imzolangan joy sudi hal qiladi (London, Toshkent va boshqalar).
Xalqaro iqtisodiy shartnomalar ishtirokchilari uchun yuzaga keladigan tavakkalchiliklardan biri valyuta tavakkalchiligi bo‘lib, uning asosiy sabablari sifatida quyidagi omillarni ko‘rsatishimiz mumkin:
- ochiq valyuta pozitsiyasining mavjudligi;
- shartnomada valyuta sifatida chet el valyutasidan foydalanish;
- shartnoma tuzilgan vaqt bilan uning amalga oshirilish vaqti orasida ma’lum muddatning mavjudligi.
Valyuta tavakkalchiligi shartnoma tuzilgan kun bilan to‘lovning amalga oshirilish kuniga bo‘lgan davr mobaynida milliy valyuta kursining shartnoma valyuta kursiga nisbatan aniqlanadi. Valyuta kurslari qanchalik nobarqaror bo‘lsa, valyuta tavakkalchiligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Valyuta xavf-xatari tashqi iqtisodiy shartnomalar ishtirokchilari uchun real valyuta yo‘qotishlariga olib kelishi mumkin. Bu turdagi valyuta tavakkalchiligida rejalashtirilgan tashqi iqtisodiy muomalalarning natijalari amalga oshirilgan muomalalar natijalaridan farq qiladi. Buxgalteriya hisobi nuqtai nazaridan qaraganda bunday holat sintetik hisobda va moliyaviy hisobotlarda ham aks ettirilmaydi. Masalan, «tuzilgan shartnomalar, lekin amalga oshirilmagan» degan modda hech joyda uchramaydi. Valyuta tavakkalchiligining bu turi faqatgina analitik hisoblar tuzishidagini hisoblanishi mumkin.
Tashqi savdo shartnomalari bilan bevosita bog’lanmagan valyuta tavakkalchiligi balansning chet el valyutasida ifodalangan aktiv va passiv moddalarini qayta baholagan vaqtda, shu jumladan, chet eldagi filiallarning milliy valyutadagi foydalarini qayta baholaganda yuzaga keladi. Albatta, bu turdagi tavakkalchilik buxgalteriya hisobda aks ettiriladi va shuning uchun buxgalteriya tavakkalchiligi, deb atash mumkin. Buxgalteriya tavakkalchiligining yuzaga kelishiga quyidagilar sabab bo‘ladi:
- chet el valyutasidagi aktivlarning balansda milliy valyutada aks ettirilishi;
- chet el valyutasidagi aktiv va passiv moddalar summalarining har bir valyutaga nisbatan mos tushmasligi;
- balansning chet el valyutasidagi moddalari holatini kurs o‘zgarishlari davomida o‘zgarmasligi.
Yuqoridagilarni inobatga olganda auditor:
- valyuta xavf xatarlari darajasini aniqlashi va o‘lchashi;
- tavakkalchilikni boshqarish strategiyalarini tanlashi;
- valyuta tavakkalchiligini kamaytirishi;
- valyuta tavakkalchiligini sug’urtalash va boshqa masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va bajarilish darajasini aniqlashi zarur.