Kashandalik – umr zavoli
O'spirinlik — nozik davr. Bu davrda o'smirlar organizmida psixofiziologik o'zgarishlar, biokimyoviy jarayonlar jadallashgan palla bo'ladi. Endi mo'ylovi sabza urgan o'smir bolani hali kattalar qatoriga ham qo'shib bo'lmaydi. Ayni shu damlarda birdan ulg'ayib qolayotgan o'g'il-qizlar o'tish davrida o'z organizmida sodir bo'layotgan o'zgarishlar oldida biroz shoshib qolishadi. Shunda ularga kattalar yordami zarur. Ayniqsa, ota-ona bu borada farzandining eng yaqin sirdosh do'stiga aylanishi zarur. U bilan ochiqchasiga suhbatlashib, ko'ngliga yo'l topishning iloji bo'lmasa ota-ona o'smir o'g'il-qiziga o'spirinlik davri xususida tibbiy qollanmalar tavsiya etgani ma'qul. Maktabda esa psixolog yoki sinf rahbari (o'qituvchilar) o'z jinsi vakillari bilan alohida-alohida suhbat qurishi shart. O'tish davrida o'smir yigit-qizlar o'z organizmida kechayotgan jarayonlar xususida ishongan va o'ziga yaqin olgan kattalardan kerakli yordam va ma'lumotni olmasalar ularga ko'chadagi begonalar yordam qo'lini cho'zadi. Ammo bu "beg'araz yordamchilar" ba'zan o'smirlarni tezroq kattalar olamiga oshno etish uchun sigaretalar, ba'zan undan ham battari nasha kabi miyani zaharlovchi, xumor qiluvchi vositalardan foydalanishlari mumkin. O'z vaqtida farzandiga e'tibor bergan ota-ona uni ko'chaning yomon ta'siridan asrab qolishi mumkin.
Chekuvchi insonlarning o'pkasi kichrayib, bujmayib, zich holatda qorayib, qotib qoladi va bu ikki a'zo o'z vazifasini ado etolmay qoladi, chekuvchi odamning ruhiy holatiga hech e'tibor berganmisiz?! U xumor tutgan payti asabiylasha boshlaydi. Qo'llari titrab, oyoq-qo'llarining doimo sovuqqotishi va boshi aylanishidan shikoyat qiladi. Rangi ro'yi ba'zan esa zahil yoki nosog'lom, to'q qoramtir tusda bo'ladi. Chunki, tamaki tutunida shu qadar ko'p zaharli moddalar borki, u nafaqat chekuvchining balki, uning atrofida o'tirgan odamlarning ham sog'lig'iga jiddiy zarar yetkazadi. Sababi, tamaki tutuni tarkibidagi 300 dan ziyod zaharli modda inson organizmining me'yorda faoliyat yuritishiga to'sqinlik qiladi. 100 gr. tamaki yonganida 5-7 gramm qatron ajralib chiqadi. Uning tarkibida esa benzatrasen va shu kabi smolalar bo'ladi. Bu moddalar esa xavfli o'smalar (saraton xujayralari)ning o'sishiga qulay sharoit yaratadi. Yana chekish shunisi bilan xavfliki, kashandaning organizmi poloniy — 210 radioaktiv moddasi bilan to'yinib boradi. Chunki, tamaki barglari bu zaharii moddani havodan so'rib oladi. Tamaki barglari quritilgach esa ushbu radioaktiv moddaning zichligi yanada oshadi. Chekuvchining bronx va o'pkasi, buyrak hamda jigarida poloniy — 210 radioaktiv moddasi asta-sekin to'planib boradi. Bu esa o'z navbatida rak kasalligi rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
Tamakining tutuni tarkibiga kiruvchi zaharli moddalardan biri sianid kislota xususida ham to'xtalib o'tsak. Bu modda to'qimalarda kislorod tanqisligi (gipoksiya)ni keltirib chiqaradi. Dastlab qonda kislorod miqdori kamayib ketgach markaziy asab tizimi ishdan chiqadi. Organizm sianid (sinil) kislota bilan zaharlangach arterial bosim pasayib ketadi. Tomir urishi tezlashadi. O'tkir yurak-tomir yetishmovchiligi yuzaga kelib yurak to'xtab qolishi mumkin. Birgina tamaki tutuni tarkibida is gazi, sianid (sinil) kislota, azot oksidi, aseton, asetalaldegid, akrolein, benzin, nitrobenzol, gidrazin (diamid) kabi qator zaharli moddalar mavjud. Yopiq xonada chekuvchilar bilan hamroh bo'lgan sog'lom odam ham 80 foiz sigaret tutuni bilan to'yingan havodan nafas oladi va zararli moddalar uning ham organizmiga yuqori nafas yo'llari orqali kiradi. Bunday kashandalar bilan yonma-yon ishlovchi yoki yashovchi odamlar ham passiv chekuvchilar hisoblanishadi.
O'smir yigitlar ayni "o'tish davri"da organizmi jadal faoliyat yuritayotgan va unga ko'proq nikotin emas, balki meva-sabzavotlar iste'mol qilish zarurligini bilarmikan? Ochiq havodagi sayr, sport bilan shug'ullanish, o'z vaqtida uxlash, oqilona ovqatlanish, kun tartibiga qat'iy amal qilish salomatlik garovidir. Sog'lom inson esa uzoq umr ko'radi. Oilasi va yaqinlari koriga yarab hamda jamiyat taraqqiyoti, ona Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo'shadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |