Psixologiya tarixida psixikaning paydo bo’lishiga oid bir qancha fikrlar mavjuddir. Bulardan biri filosofiya tarixida Dekart nomi bilan bog’liq bo’lgan “antropopsixizm” nazariyasidir. Bu nazariyaning mohiyati shundaki, u psixikaning paydo bo’lishini odamning paydo bo’lishi bilan bog’laydi va psixika faqat odamlarda mavjuddir degan g’oyani olg’a suradi. Bu psixikaning paydo bo’lishi muammosiga bir tomonlama yondashishdir. Psixologiya tarixida psixikaning paydo bo’lishi haqida yana bir qancha turli-tuman fikrlar bor. Uzoq asrlar davomida psixika (ruhiy hayot) va uning paydo bo’lishi, taraqqiyoti masalalariga har xil nuqtai nazardan yondashib kelindi. Bundan milliard yillar burun neorganik (jonsiz) materiya negizida organik (jonli) materiya vujudga keldi. Ruhiy hayotning paydo bo’lishi va rivojlanishi ana shu davrdan boshlandi. Uzoq tarixiy davr jarayonida rivojlangan jonli organizm oddiy hujayradan oliy bosqichgacha - insongacha bo’lgan taraqqiyot davrini bosib o’tdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |