3-bob. Malaka imtihonini topshirish tartibi 5. Malaka imtihonini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) tomonidan komissiya raisini hisobga olgan holda to‘rt kishidan kam bo‘lmagan tarkibda malaka imtihoni komissiyasi tashkil qilinadi.
Malaka imtihoni komissiyasi tarkibiga Vazirlik xodimlari va auditorlarning respublika jamoat birlashmasi vakillari kiritiladi.
6. Malaka imtihoni komissiyasi tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi va doimiy hisoblanmaydi.
7. Malaka imtihoni komissiyasi qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va malaka imtihon komissiyasi raisi hamda barcha a’zolari tomonidan imzolanadi.
8. Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun quyidagi hujjatlarni Vazirlikka taqdim etadi:
a) mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza;
b) pasport nusxasi (chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — yashash uchun guvohnomasining nusxasi);
v) oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom yoki ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjat yoxud vakolatli davlat organining xorijiy ta’lim muassasasida olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatni tan olish guvohnomasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
g) xalqaro buxgalter sertifikati mavjud bo‘lganda (nusxasi olinib, asli qaytariladi) yoxud ushbu hujjatni bergan muassasa tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
d) mehnat daftarchasi (mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi tizimidan ko‘chirma) (nusxasi olinib, asli qaytariladi), (o‘rindoshlik bo‘yicha mehnat staji mavjud bo‘lgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan bo‘lishi lozim);
e) 3 x 4 hajmdagi 2 dona fotosurat;
j) malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjati nusxasi.
Talabgordan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan Vazirlikka shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi.
10. Vazirlik ariza tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida talabgorning malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.
11. Vazirlik quyidagi asoslarga ko‘ra malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etadi:
a) talabgor mazkur Nizomning 4-bandi talablariga javob bermaganda;
b) mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘liq bo‘lmagan holda taqdim etganda.
Talabgorni boshqa asoslarga ko‘ra malaka imtihonini topshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Talabgorning malaka imtihonini topshirishi rad etilgan taqdirda Vazirlik tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va talabgorga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda, qabul qilingan qaror haqida uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
13. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan talabgor rad etishga sababchi bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilishiga asos bo‘lib xizmat qilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun talabgorga 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat beriladi.
Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uch kun mobaynida amalga oshiriladi. Talabgorning arizasi qayta ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Agar malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilishiga asos bo‘lib xizmat qilgan kamchiliklar 15 kun mobaynida bartaraf etilmasa, bunda talabgorning arizasi yangidan taqdim etilgan deb hisoblanadi.
14. Talabgorning malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish yuzasidan qaror qabul qilinganida u malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi va ro‘yxat malaka imtihoni boshlanishidan oldin imtihon komissiyasiga topshiriladi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, lekin har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.
15. Malaka imtihonini o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumot, uni o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki kundan kechiktirmay Vazirlikning va auditorlar respublika jamoat birlashmasining veb-saytlarida joylashtiriladi.
16. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar uni o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi haqida malaka imtihoni o‘tkaziladigan kundan kamida o‘n kun oldin pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
17. Malaka imtihoni komissiyasining soni va shaxsiy tarkibi, shuningdek ish reglamenti Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
18. Malaka imtihonini topshirishda talabgorlar pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etadi.
19. Talabgor pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim qilmaganda yoxud malaka imtihoniga kechikkan taqdirda malaka imtihoniga qo‘yilmaydi va malaka imtihoniga kelmagan hisoblanadi.
Bunda talabgor navbatdagi malaka imtihonidan o‘tadigan talabgorlar ro‘yxatiga kiritiladi.
20. Agarda talabgor, uni mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinganidan so‘ng, ikki marotaba malaka imtihonini topshirishga kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarib berilmaydi.
21. Talabgor tomonidan hujjatlarni qayta topshirish mazkur Nizomning 8-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
22. Malaka imtihoni test sinovi usulida kompyuter texnikasidan foydalangan holda o‘tkaziladi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.
23. Test savollari Vazirlik tomonidan auditorlarning respublika jamoat birlashmasi bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Test savollariga kiritilgan fanlar bo‘yicha mavzular Vazirlikning veb-saytiga joylashtiriladi.
Test savollari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda yangilab boriladi.
24. Test sinovi quyidagi bo‘limlar bo‘yicha 80 ta savoldan iborat bo‘ladi:
moliyaviy hisob;
boshqaruv hisobi va moliyaviy tahlil;
audit;
soliq solish va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun to‘rt soat vaqt taqdim etiladi.
Talabgorning to‘g‘ri javoblar bo‘yicha yakuniy natijasi 75 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan bo‘lsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
26. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda qonun hujjatlari, yo‘riqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan yoki boshqa axborot texnologiya vositalaridan (shu jumladan kalkulyator sifatida) foydalanish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish taqiqlanadi.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi.
O‘zi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar (ko‘zoynak, linzalar) bo‘lishiga ruxsat etiladi. Talabgorning barcha shaxsiy buyumlari, shu jumladan uyali telefon yoki boshqa axborot texnologiya vositalari (o‘chirilgan holatda) maxsus ajratilgan joyda saqlanadi.
27. Begona shaxslarni test sinovlari o‘tkazilayotgan xonaga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
28. Malaka imtihonidan o‘ta olmagan talabgor, malaka imtihonini topshirgan sanadan kamida bir oy o‘tgandan so‘ng malaka imtihonini qayta topshirish uchun mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim qilishi mumkin.
Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yig‘im qaytarilmaydi.
29. Malaka imtihoni natijalari malaka imtihoni o‘tkazilgan kuni malaka imtihoni komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
30. Malaka imtihon natijalari Vazirlikning rasmiy veb-saytida malaka imtihoni o‘tkazilganidan so‘ng ikki kundan kechikmay e’lon qilinadi.
31. Malaka imtihoni komissiyasining bayonnomalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Vazirlikda saqlanadi.