2.2. Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillari va investitsiya - qurilish
faoliyatida ularni hisobga olish
Bozor iqtisodiyotining barpo etilishi va faoliyat ko‘rsatishi ma’lum bir
tamoyillarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Ularning mazmunini bayon
qilishdan avval aytish kerakki, bozor iqtisodiyotining tarkibida faqat ishlab
chiqaruvchi (sotuvchi) iste’molchi (haridor) bilan uchrashadigan tovar va xizmatlar
bozori emas, balki moliyaviy resurslar (kapital) bozori va boshqalar ham amal qiladi.
Bu bozorlarning barchasi bir-birini to‘ldirib, yagona bozor iqtisodiyoti mexanizmini
tashkil qiladi. Bu mexanizmning xarakterli belgilar quyidagilardan iborat:
mahsulot (yumushlar, xizmatlar) ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar
o‘rtasida aloqaning erkinligi;
hamkorlarni tanlash erkinligi;
bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi raqobat.
Mashhur iqtisodchi olim Leontevning fikricha, bozor mexanizmi raqobatga
asoslanadi, ammo davlatning qat’iy nazorati ostida, milliy daromadning katta
qismini o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy xizmatlar tizimlari bilan bog‘liqlikda faoliyat
ko‘rsatadi. U keskin markazlashgan rejalashtirish o‘rniga indikativ yo‘naltiruvchi
rejalashtirishni ko‘zda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, bozor mexanizmini ham
boshqa har qanday mexanizm kabi tegishli ravishda boshqarish va tartibga solib
turish kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini bozor munosabatlariga o‘tkazish faqat ishlab
chiqilgan model asosidagina emas, balki jahon fani va amaliyotining yutuqlari va
tavsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Davlat avvalboshdan
tarmoqlar iqtisodiyotida ham, butun milliy iqtisodiyotda ham bosh islohotchi bo‘ldi.
Bugungi kunda respublikamizda monopoliyaga qarshi qo‘mita ishlab turibdi, biznes
va tadbirkorlik institutlari tashkil qilingan, ko‘pchilik vazirlik va mahkamalar -
eskirgan asosiy davlat boshqaruv organlari tugatilgan, iqtisodiyot mafkuradan
ajratilgan, mulkdorlar sinfi shakllanib bormoqda. Davlat iqtisodiy faoliyat
erkinligini, iste’molchining huquqlari ustivorligini ham, tenglikni ham, barcha
mulkchilik shakllarining muhofaza qilinishini ham kafolatlaydi. Bularning barchasi,
ya’ni mamlakatning bozor munosabatlariga yo‘nalganligi, O‘zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan.
Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillariga kelsak, O‘zbekistonga nisbatan
ular, birinchidan, dastlab mamlakat prezidenti I.A.Karimov tomonidan ishlab
chiqilgan, ikkinchidan, - ular milliy iqtisodiyotni bozor munosabatlariga
o‘tkazishning o‘z modeli asosiga qo‘yilgan.
Bu tamoyillar quyidagilardan iborat:
iqtisodiyotning siyosatdan ozodligi;
qonunlarning ustivorligi va ularning barcha boshqaruv pog‘onlarida
majburiy bajarilishi;
davlat - barcha ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda bosh islohotchi;
mehnatkashlarning, ayniqsa kam ta’minlangan oilalarning manfaatlarini
kuchli ijtimoiy himoyalash;
bozorga va bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish.
Qurilish, milliy iqtisodiyotning o‘zviy bir qismi sifatida bu tamoyillardan
alohida faoliyat ko‘rsata olmaydi. Bundan tashqari, qurilish bu tamoyillarga
moslanishi, ularning asosida hamda tarmoqning xususiyatlarini hisobga olgan holda
bozor munosabatlariga o‘tish jarayonining tezlashishiga imkon yaratishi lozim.
Ularning ichida eng muhimi quyidagilardir:
1. Narx belgilashning bozor shakllari tamoyillari
Bugungi kunda narx belgilashning ikki shakli mavjud bo‘lib, ular erkin
narxlar va davlat tomonidan boshqariladigan narxlardir. Bu ikkala narxlar ham
mamlakatda amal qilayotgan narx belgilash siyosatiga bo‘ysunadi. Bugungi kunda
davlatimiz erkin narx belgilash chegaralarini imkon qadar kengroq ochishga, ya’ni
narxlarni erkinlashtirishga intilmoqda, bu esa bozor iqtisodiyoti mexanizmiga zid
kelmaydi. Narx belgilashdagi “erkinlik chegaralarining” asosiy omillarini
quyidagicha tasvirlash mumkin:
2. Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish
Bu tamoyilni amalga oshirish har qanday jismoniy va huquqiy shaxsga
amaldagi qonunchilikda man etilmagan istalgan turdagi faoliyat turi bilan
shug‘ullanishga imkon beradi. O‘zbekistonda bu bir qator qonunlar, Prezident
farmonlari hamda hukumat qarorlari bilan mustahkamlangan.
Ammo bu tamoyil qurilish sohasida boshqa tarmoqlarga qaraganda hali ancha
sust rivojlangan, chunki pudrat ishlarining amaldagi bozori shakllanmagan,
pudratchi tashkilotlar buyurtmachilarning mablag‘lariga surunkali ravishda bog‘liq,
shuningdek, ular xususiy aylanma mablag‘lar bilan yetarli ta’minlanmagan,
investitsiya jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish
juda murakkab, qurilish mahsulotining “sotuvchisi” va “haridori” hali aniq
shakllanib ulgurmagan va hokazo. Shuningdek, davlat qurilish kompleksini avvalgi
vazirliklar asoratidan chiqarishga barcha choralar bilan intilayotganligiga qaramay,
qurilishda bu tamoyilni rivojlantirishga xususiy qurilish firmalarini tashkil qilish
jarayonining juda sekin ketayotganligi ham halaqit bermoqda.
3. Turli mulkchilik shakllarining, ko‘proq xususiy mulkning mavjudligi.
Bu tamoyil avvalgi tamoyillar bilan o‘zviy bog‘liq bo‘lib, go‘yoki ulardan
kelib chiqadi. Bugungi kunda, iqtisodiyot ko‘p ukladli rejimda faoliyat
ko‘rsatayotgan bir paytda, ushbu tamoyilni amalda ro‘yobga chiqarish uchun barcha
kerakli shart-sharoitlar yuzaga keltirildi. Avvalo, bu yerda gap sobiq qurilish
vazirliklari va mahkamalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish
hamda tugatish haqida boradi. Bu qurilish industriyasi tarkibida turli mulkchilik
shakllaridagi korxona va tashkilotlarni tashkil qilishga imkon beradi.
Shunga qaramay, bu jarayon ham avvalgisi kabi, tadbirkorlik bilan bog‘liq
bo‘lib, nufuzi hozircha unchalik yuqori bo‘lmaganligi, qurilish faoliyatining
jozibador emasligi sababli hali faollashmadi. Shuning uchun investorlar hozircha
xususiy qurilish firmalardan ko‘ra ko‘proq xususiy do‘konlar, ofis binolari tashkil
qilishga, haridorgir tovarlarning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishga harakat
qilmoqdalar. Shuningdek, ishga “eski odat” qurilishning davlat tomonidan
boshqarilishini afzal ko‘rish ham halaqit bermoqda. Ammo bu tendensiya bozor
qonunlari va bozor munosabatlari ta’sirida asta-sekin yo‘qolib bormoqda.
4. Monopoliyadan chiqarish va ixcham qurilish tuzilmalarini tashkil qilish.
So‘nggi paytlargacha sanoat, qishloq xo‘jaligi, yo‘l, fuqaro va uy-joy qurilishi
bilan shug‘ullanuvchi qurilish vazirliklari monopol mavqega ega edilar.
Amaliyotdan
ma’lum
bo‘lishicha,
monopolizm
bozor
munosabatlari
rivojlanishining dastlabki bosqichlari uchun maqbo‘l bo‘lishi mumkin, ammo
keyinchalik uning hukmronligi turg‘unlikni vujudga keltirib, raqobatga to‘sqinlik
qila boshlaydi. Shuning uchun monopolizm bilan bozor iqtisodiyotining muhim
belgisi bo‘lgan raqobat bir joyda mavjud bo‘la olmaydi.
5. Ichki va tashqi bozorlarning ochiqligi
Bu tamoyil sanoat korxonalari, savdo sohasi, qishloq xo‘jaligiga ko‘proq xos
bo‘lib, afsuski, qurilish ishlab chiqarishiga kamroq darajada taalluqlidir. Ammo bu
qurilish faqat ichki ehtiyojlar doirasida qolib ketib, tashqi bozor uchun yopiqdir,
degan fikrni bildirmaydi. Vaholanki, mamlakatimizning pudrat tashkilotlari chet
ellardagi investitsiya-qurilish jarayonida kamroq ishtirok etadilar, xorijiy
tashkilotlar esa bizning qurilish jarayonimizda faol qatnashmoqdalar. Shuning
uchun dunyoning ko‘pgina mamlakatlariga xos bo‘lgan bozorning ochiqligi
mamlakatimizdagi qurilish korxona va tashkilotlarini faqat ichki bozorda emas,
balki chet ellarda ham munosib o‘rin egallashga majbur qilishi kerak. To‘g‘ri, bu
anchagina murakkab, faqat yetarli miqdordagi resurslarni emas, balki ma’lum
darajada tashabbuskorlik va hatto vatanparvarlikni, fidoyilikni talab qiluvchi vazifa,
ammo uni bajarish mumkin.
6.
Investitsiya-qurilish
faoliyati qatnashchilari o‘rtasidagi o‘zaro
munosabatlarning shartnomaviy shakllarini rivojlantirish va ob’ektlarni asosan
“qulf-kalit” qilib topshirish shartlariga o‘tish.
Bu tamoyil - qurilish majmuasining bozor munosabatlariga o‘tishining
haqiqiy asosidir. Afsuski, bugungi kunda shunday vaziyat yuzaga keldiki,
ma’muriy-buyruqbozlik tizimi o‘tmishda qoldi, ammo o‘zaro munosabatlarning
bozor shakli hali to‘liq ro‘yobga chiqmadi.
Ammo bu vaziyat biror o‘zgarish yuz berishini kutib o‘tirishga sabab bo‘la
olmaydi. qurilish tashkilotlari “yuqoridan” buyruq kutib o‘tirmay, bozor iqtisodiyoti
tamoyillarini, shartnomaviy munosabatlarni rivojlantirishlari, ob’ektlarni “qulf-
kalit” qilib topshirishga o‘tishlari lozim, bu esa qurilish mahsuloti uchun “sotuvchi”
va “haridor” tushunchalarini vujudga keltiradi.
7. Qurilish tashkilotining qurilish-xo‘jalik faoliyatining butun jarayonini mulk
egasi sifatida tartibga solishdagi mutloq huquqi.
Bu tamoyil to‘liq amalga oshishi uchun qurilish tashkilotlari birinchidan
buyurtmachilarning mablag‘lariga bog‘liq bo‘lmasliklari kerak, ikkinchidan,
istiqbolli qurilish dasturiga ega bo‘lishlari lozim, uchinchidan esa, o‘z ishlab
chiqarish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni o‘rganishlari va ish vaqtining ham,
moddiy resurslarning ham behuda isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur.
Amaliyotdan ko‘rinib turibdiki, biror korxona, shu jumladan qurilish tashkiloti
resurslardan tejamli foydalansa, kamroq harajatlar bilan ko‘proq natijalarga erishsa,
faqat shundagina mulkka egalik hissi paydo bo‘ladi. Ya’ni mulk egasi - bu hamma
joyda va hamma narsada samaradorlikka intiluvchi (jismoniy va huquqiy) shaxsdir.
Shuning uchun ushbu tamoyilning amalga oshirilishi, ishning moddiy
jihatidan tashqari, yana ahloqiy masalalarga, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatini
to‘g‘ri tushunish hissiyotiga asoslanadi.
Mulk egasi - bu boshi oqqan tomonga qarab yuradigan, bor-budini isrof qilib
yuboradigan kimsa emas, balki mol-mulkini oqilona va samarali sarflaydigan
kishidir. Bu gap qurilish industriyasining korxona va tashkilotlariga ham taalluqli.
Qurilish tashkiloti o‘z mol-mulkiga qanchalik yaxshi va mas’uliyat bilan qarasa,
unda mulk egasining huquqlari shu qadar yuqori bo‘ladi.
Biz yuqorida bozor iqtisodiyoti sharoitida qurilish faoliyatining eng muhim
deb topgan yettita tamoyilinigina ko‘rib chiqdik. Ammo qurilish majmuasini bozor
tizimiga o‘tkazish uchun boshqa bozor tamoyillari va shart-sharoitlari ham kerak
bo‘lib, ularsiz moddiy ishlab chiqarish tarmog‘i sifatida faqat qurilish emas, hatto
butun iqtisodiyot ham bozor iqtisodiyoti degan nomga loyiq bo‘la olmasligi
mumkin. Quyidagilar shular jumlasidandir:
pul-kredit tizimini tashkil qilish va uning, shu jumladan konvertlanuvchi
valyutaning barqaror faoliyat ko‘rsatishini yo‘lga qo‘yish.
moliyaviy tashkilotlar, birjalar, sug‘urta kompaniyalari, auditorlik va
konsalting muassasalari, telekommunikatsiyalar tarmog‘i va hokazolarni o‘z ichiga
oluvchi bozor infratuzilmasining mavjudligi;
bozor sharoitlarida ishlay oluvchi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash
bo‘yicha ishonchli tarmoqning mavjud bo‘lishi;
me’yoriy-uslubiy va ma’lumot materiallarini tayyorlash va qurilish ishlab
chiqarishini ular bilan ta’minlash;
oqilona (maqbul) soliq tizimining mavjudligi;
talab darajasidagi huquqiy ta’minotning mavjudligi;
narxni shakllantirish tizimini yaxshilash.
Tabiiyki, qurilish majmuasining bozor munosabatlariga o‘tishdagi asosiy
tamoyillari ham, qo‘shimcha tamoyillari ham qurilish amaliyotining boy hayotiy
tajribasining o‘rnini bosa olmaydi. Nazariyaning amaliyotdan farqi ham, bugunning
ertadan farqi ham aslida shudir. Ammo bu tamoyillardan birgalikda foydalanish va
yanada muhimrog‘i, ularni davr talabidan, hayot talabidan kelib chiqqan holda
boyitish, to‘ldirish qurilish majmuasining bozor munosabatlariga o‘tkazilishini
tezlashtiradi va shu yo‘l bilan butun milliy iqtisodiyotning rivojlanishini
ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |