II BOB. O‘ZBEKISTON TASVIRIY SAN’ATIDA RASSOM ATAXAN ALLABERGENOV IJODINING ROLI
II.1. 1970-1980 yillarda Ataxan Allabergenov ijodining shakllanishi.
“Insonlar tomonidan biron-bir ish, narsa, buyum va hokazolar mohirlik bilan bajarilishi va maromiga yetkazib ishlanishi insonning san’atkorlik darajasini bildiradi. Shu boisdan ham rassom, haykaltarosh, me’mor, kulol, bastakor, yozuvchi va boshqa ijodkorlar yaratgan asarlarni san’at asari deymiz. San’at qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin kishilarning his-tuyg‘usiga , ruhiyatiga ta’sir etuvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir ijodkor o‘z-o‘zicha izlanadi, o‘z-o‘zicha mehnat qiladi. Ana shuning uchun ham san’at o‘ziga xos turlarga ega”.57
Jamiyat hayotida san’atning ahamiyati muhim hisoblanib, ta’siri keng qamrovlidir. Har qanday san‘at turi insonga o‘z ta‘sirini o‘tkazib uning qarashini shakllantiradi. Tasviriy san‘at insonning hayotidagi jasoratini, fikrini va ichki hissiyotlarini aks ettiradi.
Tasviriy san’at XX asr O‘zbekiston san’ati tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib, u o‘zidan oldingi davrlardan farqli tomonlarining xususiyatlarini namoyish etadi. XX asr oxiri O‘zbekiston san’ati tarixiy xotirasi, fabulasi va an’anaviy estetikaning uslubiyati, san’atda milliy o‘ziga xoslikning shakllanishida shunday muhim vazifalarni bajarishni boshlaydiki, o‘tgan davrlarda bu darajada ahamiyatga ega bo‘la olmas edi. Ijtimoiy madaniy hayotdagi o‘zgarishlar san’at, xususan tasviriy san’atning uslubiy, mavzu jihatdan yangi g‘oyalar bilan boyishiga olib keldi. Realistik uslubda ijod qilgan tasviriy san’at ustalarida sotsialistik realizm talablaridan ko‘ra o‘z ijod yo‘li va uslublarini tanlashdi.
1970 – 1980-yillar o‘zbek san’ati tarixida yangi bosqich bo‘lib, milliy san’at xususiyatlarining yanada mustahkamlanishi, san’atda milliy o‘ziga xoslikni izlash bilan birga bu davrning muhim belgilaridan biri ijtimoiy-jamoviy fikirlashdan individual fikrlashga, san’atda pand nasihat yo‘nalishidan shaxsiy intim xis tuyg‘ularini ifodalashga o‘tib borilishi bilan harakterlanadi. Bu narsa o‘z navbatida uslubiy rangbaranglikni oshirib, tasviriy va ifoda vositalarining kengayishiga olib keldi. Rassomlar fikrlarini ifoda etishda turli ramziy obraz va shartli belgilardan, rang, shakl, chiziq, faktura imkoniyatlaridan to‘liqroq foydalana boshladilar.
“1970 – 1980-yillar san’atining o‘ziga xos xususiyatlari an’anaviy tasviriy tamoyillarni yangilash, yangi ifoda shakllarini izlash, ekspressiv-ramziy usullardan foydlanishdan iborat bo‘ldi. Rassomlar asta-sekin ularni chegaralab qisib qo‘ygan qonuniyatlarda ozod bo‘la boshladilar. Bu davrning ijodiy jarayoni borliqqa chuqur faylasufona yondashish, ruhiy va ma’naviy tuyg‘ularni yechish kabilar bilan xarakterlanadi. 1960 yillarning “suronli” stilidan tinch intonatsiyalarga o‘tish 1970 yillarda kuchli sezila boshladi. Insonning ichki dunyosiga qiziqish kuchaydi. Turli shakllarda rangtasvirchilar borliqning yagona va yaxlitligi savolini yechishga intildilar. O‘tmish va hozirgi zamonning bog‘liqligi, odamlarning insoniyat ma’naviy merosi bilan aloqasi haqida fikr yuritdilar”.58
1970 yillar o‘zbek san’atidagi izlanishlar faqat plastik masalalar bilan chegaralanmay, balki keng ko‘lamda ijodkorlar ijtimoiy mavzularga nisbatan insonniy o‘y hayollari og‘ushiga murojat qilish yetakchi o‘ringa o‘ta boshladi. Rssomlar ko‘proq asarlarida kishi qalbiga huzur-halovat bag‘sh etuvchi osudalik egallay boshladi, rassomlar tabiat oldida falsafiy fikir yuritish, hayot to‘g‘risida hayol surish, tinch hayot musiqasidan zavqlanish hislarini ifoda etishga intilish sezila boshladi. Bu davrda O‘zbekiston rangtasviriga ko‘plab yosh rassomlar kirib keldi. Badiiy jarayon esa bir muncha shiddatli bo‘lib, rantasvirchilar uchun ijodiy erkinlik, badiiy tasvirni ifodalashda shakl va vositalarni erkin tanlash imkonini berdi. Xususan, J.Umarbekiv, B.Jalolov, M.To‘xtayev, A.Mirzayev, Sh.Abdurashidov, R.Shodiyev va boshqa ijodkorlarning rivojida ko‘rish mumkin. Bu xususiyatlar J.Umarbekovning “Qo‘shiq”, “Menig do‘stim”, M.Toxtayevning “Eski shahar”, “Oftalmolog” asarlari ijodida o‘z aksini topdi. 1970 yillar rangtasvirining asosiy tamoyillaridan biri milliy an’analarga murojatdir.
“Klassik uyg‘unlik g‘oyalari bilan bir qatorda, O‘zbekiston rassomlari xalq san’ati g‘oyalari, uning vaqt sinovidan o‘tgan estetik me’yorlari va kollektiv hissiy munosabatlarini ifoda etuvchi optimizim orqali dunyo va uning go‘zalligi haqidagi murakkab g‘oyalarni ifoda etish uchun asos nuqtalarini qidirganlar. 1930 yillarda yaratilgan, shartli dekorativ tendensiyalarning asoslari, 1970 – 1980-yillarda Sh.Abdurashidovning “Xotiralar. Bolalik”, “Ishga”, “Eshikda ikki kishi”, A.Mirzayevning “Hosil bayrami”, “Uchrashuv”, “Qizil oqshom” va R.Shodiyevaning “Kesdilar”, “Kelinning xonasi”, “So‘qoq” asarlarida g‘arbiy-sharqiy sintez muammolari nuqtai nazardan chuqur shaxsiy tasavvurga ega bo‘ldi. Ular ijodining rivojlanishi, insonning ona vatan, barqaror xalq qadiryatlari bilan aloqasi bo‘lgan mavzular bog‘liq”.59
O‘tgan asrning o‘rtalarida san’atdagi jonlanish jarayoni 1970 yillarning ikkinchi yarmi va 1980 yillardan boshlab yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Davrning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar yangi demokratik qarashlar mustahkamlandi. Mazkur davrda rangtasvir, grafika, haykaltaroshlikda plastik masalalar tez-tez ko‘tarila boshladi. San’atda kundalik hayotni to‘laqonli ko‘rsatish xususiyati ortib bordi.
Rassomlar 1980 yillarga kelib, 1930-1970 yillarda andozaga aylangan “qoliplardan” chekinib, yangicha asarlar yaratishga erishishdi. Natijada ayrim rassomlar ijodida ruhiy ko‘tarinkilik paydo bo‘ldi. Dunyoning mashhur galereyalarini borib ko‘rish, san’at ixlosmandlari bilan bevosita muloqotga kirishish, ijoddan moddiy manfaatdorlik rassomlar ijodida yangi sahifa ochdi.
“1980-yillar oxirida yuz bergan qayta qurish jarayonida mutlaqo zid tamoyillar shakllana boshladi. O‘zbekistonning bir guruh rassomlari sho‘ro tarixi va mafkurasi voqeligini tanqidiy baholashga harakat qildilar. Biroq, maskovalik rassomlar ishlari estetikasidan farqli ravishda, O‘zbekiston rangtasvirida salbiy tarmoq an’anaviy madaniyat qadiryatlarini qayta shakllantirish hamda milliy o‘zini anglash poetikasi va o‘z tilini topishga urinish bilan uyg‘unlashtirildi. Bu yillarda san’atda milliy uslublarni izlash jarayoni bir xil kechmadi. Bir qator rassomlar eyforiya ta’sirida “yevropacha yot rangtasvir” dan voz kechib, Sharq miniatyurasi uslubida ish olib boorish qulayligini bildirishdi”.60
Qayta qurish davri O‘zbekiston milliy madaniyati, milliy qadiryatlarni qayta tiklash va rivojlantirish, xalqning o‘zligini anglash jarayonlarini tezlashtirdi. Mazkur davr jamiyatda yuz bergan har qanday ijtimoiy, siyosiy o‘zgarishlar madaniyatiga ta’sir etib, san’atda ham o‘z aksini topdi. 1980 yillarning oxirlarida qayta qurish siyosati natijasida sovet san’atida ijtimoiy tanqidning yangi tendensiyalari paydo bo‘lib, rangtasvirdagi badiiy jarayonning turli uslublarini shakllantirdi.
“Qayta qurish yillarida zamonaviy voqealik, siyosiy hayot va muhit, demokratik harakat va so‘z erkinligi tufayli tasviriy san’atga yosh ijodkorlarning kirib kelishi jadalashtirdi, yangi izlanishlar va g‘oyalarni ifodalash bilan boyitdi. Rassomlar safiga A.Hazratov, A.Umarova, H.Hasanov, Q.Odilov, Sh.Qo‘ziyev, B.Shodiyev kabi ko‘plab yosh ijodkorlar qo‘shildi. Ularning asarlarida Afg‘onistondagi qonli urush fojiasi, tabiatga yetkazilgan zarar, Orol dengizining qurib borishi, paxta yakkahokimligining salbiy oqibatlari kabi ijtimoiy muammolar o‘z aksini topdi, ma’naviy qadiryatlarga yetkazilgan putur, ularning toptalgani haqidagi dard-alam bilan ifodalangan asarlar yaratildi. M.To‘xtayev, V.Oxunov, T.Ahmadaliyev, A.Nuriddinov, G‘.Qodirov kabi san’atkorlar asarlari yorqin ramziy ifoda vositalari orqali teran va chuqur falsafiy ma’nolarga boy bo‘ldi.”61
XX asrning 1980 yillar oxiri va 1990 yillar boshida “sotsirealizmning” ning yemirilishi muhim voqea sifatida tarixdan o‘rin egalladi. 1980 yillarning ikkinchi yarmida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy voqealik, xalq milliy ongining o‘sishi jamiyatdagi faollikni oshirdi.
O‘zbekiston ma’naviy madaniyati shakllanishida teatr san’atining o‘rni va roli ham katta ahamiyat kasb etdi. 1980 yillar o‘rtalaridan, teatr san’atida real hayotga va voqealikka murojat ortdi. M. Boboyev, S.Ahmad, R.Abdullayev va boshqalar yaratgan asarlarida respublikada vujudga kelgan muammolarni tanqid etish, o‘tmish madaniy merosi, xalq tarixi, paxta yakkahokimligi singari xalqni tashvishga solayotgan masalalarga qiziqish ortdi. Ayniqsa, Sh. Boshbekovning “Temir xotin”, S.Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘aloni” va shu singari bir qator asarlarida o‘z aksini topdi.
Sharqning sirli va o‘ziga xos xusisiyatlarning mavjudligi sifatida qarash A.N.Volkov, Usto Mo‘min (A.N.Nikolayev), P.P.Benkov, M.N.Kurzin va shu kabi bir qator rassomlarning ilk ijodlarida kuzatilgan bo‘lsa, bu yo‘nalish 1980-1990 yillarda yanada aniqroq tarzda rangtasvirchilarning yangi avlodi ijodida yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Hozirgi mustaqillik badiiy jarayoni rivojining asosini milliy san’atni rivojlantirishdan iborat bo‘lib, ming yillar davomida yaratib kelingan me’moriy, amaliy san’at kompozitsiyalari, rangtasvir yondashuvlarining talqini asosiy tamoyillardan biri hisoblanib, B.Jalolov, J.Umarbekov, A.Mirzayev, A.Ikromjonov, S.Raxmetov, T.Karimov, F.Ahmadaliyev, R.Shodiyev, Sh.Abdurashitov Xorazm rassomlaridan A.Allabergenov, Q.Bekchanov, R.Xudoyberganov, E.Masharipov, T.Kuryazov asarlari o‘zlarining koloriti, yondashuvi, an’anaviy amaliy san’at elementlarining ishlatilishi, shu bilan birga hozirda jahonda tan olingan rassomlik yo‘nalishlari namoyondalarining asarlari isbotidir.
Ijod olamida shunday xilma-xil iste’dod egalari borki, o‘zi yashagan muhit chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi, boshqasi esa bu muhitga sig‘maydi, va o‘ziga xos badiiy estetik olam izlaydi. Ayrimlari esa o‘tmish zamonlar, armonlar ruhini o‘z dunyosi bilan bog‘lab, bugungi hayot ummonida suzadi, bazi ijodkorlar hayol parvozi va tafakkur qanotiga kuch berib, orzular, maqsadlar yo‘lini tutadi. Dunyoda biron narsa boshqasini takrorlamaganidek, san’at sohasida qanchalik ko‘p iste’dod sohiblari bo‘lmasin birining o‘rini ikkinchisi to‘ldira olmaydi.
Ana shunday ulkan iste’dod va mahorat sohibi Ataxan Allabergenov ijod o‘rini ham bugungi kun O‘zbekiston rangtasvirida yuksakligi va sezilarli darajada iz qoldirganligi bilan e’tiborlidir. Ataxan Allabergenov ijodiy jarayoning shakllanishi zamonaviy O‘zbekiston tasviriy san’atining 1970-1980 yillariga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonda teatr schenografiyasi va rangtasvirning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi (2003), O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1981), Mehnat shuhrati ordeni va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Kumush medali ” sohibi (2000), Respublika va chet davlatlarda o‘tkaziladigan barcha tanlov va ko‘rgazmalar ishtirokchisi, Xorazm rassomlari orasida o‘zining alohida ijodiy maktabini yaratgan rangtasvirchi rassom Ataxan Allabergenov 1947 yil 17-noyabrda Turkmanistonning Toshhovuz viloyati Ilyanli qishlog‘ida tavallud topadi. O‘rta maktabni tugatgach 1966 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedogogika Universitetining chizmachilik fakultetiga o‘qishga qabul qilinadi. Tahsil davomida Ataxan Allabergenov o‘zining yuksak qobilyati va iste’dodi bilan talabalar orasida ajralib turadi va ustozi “Yuksak iste’doding bilan san’at institutiga o‘qishga kirishing kerak edi” deya maslahat beradi. Shu yili Ataxan Allabergenov harbiy xizmatga chaqiriladi. Uning harbiy xizmat davri Toshkentdagi 1966 yilgi kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish, yangi turar joylar bunyod qilish, azim Toshkentni yangidan qurilishi vaqitga to‘g‘ri keladi. Ana shunday yurtimizning mushkul davrlarida Ataxan Allaberganovning qurilish ishlaridagi faol mehnati, ko‘rsatgan jonbozliklari va binolarni badiiy bezatishdagi mahoratini ko‘rgan Turkiston harbiy okrugi rahbariyati uning rassom bo‘lish orzusiga erishtiradigan oliygoh, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga yo‘llanma beradi. 1968 yilda Ataxan Allabergenov Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti)ning teatr rassomi bo‘limiga talabalikga qabul qilinadi.
Talabalik davridayoq Muqumiy nomidagi drama teatrida sahnalashtiruvchi rassom bo‘lib ishlay boshlaydi. 1974 yilda o‘qishni tamomlagach, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining, teatr dekoratsiyasi kafedrasida talabalarga saboq beradi. Shu yillari Respublika va xorijiy ko‘rgazmalarda qatnashib keladi. Ish faoliyati davomida Repin Akademiyasida ikki yil malaka oshirib qaytadi. Keyingi faoliyatini teatrsiz tasavvur eta olmagan malakali pedagog va ijodkor ustozi G.Brim maslahati bilan 1975 yildan Xorazm viloyati Ogahiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri bosh rassomi bo‘lib ishlay boshlaydi. Ish faoliyati jarayonida ijodkor direktor lavozimlarida ham ishlaydi. 24 yil ish faoliyati davomida ko‘plab spektakllarga dekoratsiyalar ishlaydi. “To‘maris”, “Beruniy”, “Ogahiy”, “Maysaraning ishi” va shu singari qator spektakllarga dekoratsiyalar ishlagan. Ataxan Allabergenovning san’at va madaniyatni yuksaltirishdagi jonbozliklari va “Ogahiy” spektakilini sahnalashtirishdagi xizmatlari munosib baholanib, 1981 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoni bilan taqirlanadi.
Ijodiy faoliyatini badiiy ta’lim bilan chambarchas bog‘lagan ustoz musavvir Ataxan Allabergenov 1998 yilda teatrdan iste’foga chiqadi va mustaqil ijod bilan shug‘ullana boshlaydi. Ataxan Allabergenov yetuk rangtasvir ustasi bo‘lishi bilan bir qatorda, mohir pedagog ham edi. Ijodkor 1998-yil Xorazm tasviriy va amaliy san’at litseyi o‘qituvchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Xorazm vohasida tasviriy san’atga ishtiyoqi va qiziqishi baland bo‘lgan iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatish maqsadida O‘zbekiston Badiy akademyasi tasarrufidagi Xorazm viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati, Xozarasp kasb-hunar kollejida mutaxassislikdan dars saboqlar bergan bo‘lsa, o‘zining ustaxonasida yoshlar uchun mahorat darslari, mashg‘ulotlar tashkil etadi va Viloyat Hokimligi Madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikda shogirdlarning ko‘rgazmalarini tashkil etib, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilishida o‘z hissasini qo‘shib kelgan.
Ijodkor ijod, jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullanishdan tashqari ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Jumladan, Ozod Yusupov, Davron Yo‘ldoshev, Xamro Raximov, Madamin Xudoyberganov, Pavel Kichko, ustoz musavvirning o‘g‘li va shogirdi Sardor Allabergenov, Umar Rajabov, Rashid Xujaniyozov va shu singari yosh ijodkorlar bugungi kunda O‘zbekiston rangtasvirining yuksalishida samarali ijod etib kelishmoqda.
“Haqiqiy rassomning nigohi juda o‘tkir bo‘ladi. U oddiy inson ko‘pincha ilg‘ay olmaydigan nuqtalarni teran his qiladi, mo‘yqalamda yorqin ifoda etadi”.62
Tasviriy san’at o‘z moxiyatiga ko‘ra keng qamrovli san’at turlaridan hisoblanadi. Bu yo‘nalishda ijod qilib kelayotgan rassomlar o‘z tuyg‘ulari-yu, ichki kechinmalarini turli rang surtmalari orqali tasvirda namoyon etadi.
O‘z tuyg‘ularini qalb qo‘ri orqali mo‘yqalamda yorqin ifoda eta olgan mahoratli ijodkor Ataxan Allabergenov to‘g‘risda ham shunday deyish mumkin. Ataxan Allabergenov realistik tamoyillar asosida dastgohli rangtasvir va garafikada samarali ijod etadi. Rassom asarlari badiiy talqinning professionalligi, tasvir shakllarining o‘zgachaligi, rang surtmalarining o‘tkir va yorqinligi, issiq gammaning ustunligi, pastel ranglardan mahorat ila foydalana olishlik, kompozitsiyaning umumiy talqini, nur-soyaga boyligi asarlarida impersionizmga xos monera va umumlashma rangtasvirda ishlanishi bilan o‘ziga xosdir. Ijodkornimg rangtasvir asarlarida manzara, portret, tarixiy shaxslar obrazining talqini, janrli kompozitsiya asosiy o‘rinni egallaydi. Tomoshabin ularda serquyosh zaminning sirli dunyosi, xalqimizning boy tarixi, urf-odatlari, tanti va mexnatkash inson obrazlari, tarixdan so‘zlovchi me’moriy inshoatlaru, eski ko‘chalarni va ona yurtning betakror tabiat tasvirlarini ko‘radi.
Rassom ijodining asosiy qismini Xorazm vohasi va umuminsoniyat durdonalaridan bo‘lgan ochiq osmon ostidagi muzey deya atalmish ko‘hna Xiva shahridagi qadimiy yodgorliklar, qal’a, saroy, tor ko‘chalar, uning atrofidagi qishloqlar va ulardagi odamlarning turmush tarzi, tabiati, fasllar almashinuvi, ko‘hna Urganchdagi yodgorliklar, Qoraqum va Qizilqum bag‘rlaridagi barxanlar, uning kecha va kunduzdagi, yil fasllarida ko‘rinishlarini tasvirlangan ko‘p yillar davomida yaratilgan turkum rangtasvir asarlari tashkil etadi.
“Xiva” turkumidan, “Xo‘ja minor”, “Kalta minor”, “Ota darvoza”, “Xiva Choshgoh”, “Eski shahar”, “Tor ko‘cha”, “Xivada qish”, “Sokinlik”, “Sayotxon bog‘i”, “Xiva oqshomi”, “Xiva yozi”, “Quyoshli kun”, “Qoraqum barxanlari”, “Ko‘hna Urganch navolari”, “Ko‘hna Urganch sirlari”, “Shaxmatchi”, “Avtoportret”, “Somonchi”, “Kulol”, “Xivalik ayol”, “Urganchliklar”, “Afandi”, “Malika”, “Urganch bugun”, “Xorazimlik qariya”, “Orom”, “Dala ishlari”, “Otlar kechuvida”, “Polvon arig‘i bo‘yida”, “Tongi suhbt”, “Amuni tinglab”, “Matonat” kabi rangtasvir va portret asarlari o‘zining plastik yechimi, ranglar uyg‘unligi, kompozitsiyaning mukammalligi, xarakterliligi, bir vaqtning o‘zida ham sodda, ham murakkabliligi bilan tomoshabinni rassom anglagan va boshqalarga ham yetkazmoqchi bo‘lgan olam va odam mohiyatining teranroq his qilishga undaydi.
“Siz biror-bir rassomning asarlariga uzoq tikilganmisiz? Uning asarlarida yashiringan fikirlar, orzu-armonlarni yurakdan his qilganmisiz? Bu asarning nima sabadan, qaysi vajdan dunyoga kelganligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Zero, rassom asarini har bir tomoshabin o‘zicha tushinishga harakat qiladi, unda ifodalangan olam-olam ma’no, bitmas-tugammas sehr, jonli hayotni idrok etishga intiladi. Men o‘z asarimni yaratishda avvalambor qalbimga quloq tutaman. Qalbim qadimiy voha Xorazimning qaynoq quyoshiga, bag‘ri keng, saxovatli zaminning issiq taftiga oshiq, sodda tadbirkor, mehnatkash, xalqimga maftun. Ana shu maftunkorlik asarlarimdagi o‘ziga xos tabiat, ko‘hna Xivaning hayot ufurib turgan paxsa devorlari-yu, tor ko‘chalarining haqqoniy tasvirlanishiga zamin yaratadi. Xiva, uning tosh ko‘chalari, uylari, bozorlari, oddiy xivaliklarning kundalik turmush tarzi aks etgan turkum asarlar yaratdim. Ularni tomosha qilar ekan, san’at ixlosmandi beixtiyor o‘zini Xivada yashayotgandek his qilishini istar edim. Bunga qay darajada erisha oldim, bu tomoshabin va san’atshunoslar hukmiga havola”.63
Ataxan Allabergenovning “Xiva” va “Ko‘hna Urganch” turkum asarlarida qadimiy shahar manzarasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Muallif tarixiy shaharning ma’naviy makoniga e’tibor qaratadi, hayotdan olingan har bir epizod, hatto mayda detal ham rassom nazaridan chetda qolmaydi. Unda eski ko‘chalar, loy suvoqli paxsa uylar, qadimiy me’moriy inshootlar, tor ko‘chadan iz qoldirib ketayotgan ot aravalar, gavjum bozorlar, mahaliy aholining kundalik turmush tarzini yorqin ifoda etishga erishgan.
Shahar va ko‘chalarni turli seanslarda tasvirlash, rang surtmalarining uyg‘unligi, nur-soya bilan to‘yinganlik asarlariga o‘zgacha maftunkorlik baxsh etgan. Bu esa ko‘hna voha jozibasini haqqoniy tasvirlashga zamin yaratgan.
“Xiva” (1972) kartinasi mato moybo‘yoq 50x68, joylashuviga ko‘ra gorizantal hajmda. Xivadagi eski ko‘chalaridan birining tarixiy manzarasi aks etgan. Kartinada keng yo‘l bo‘ylab kelayotgan arava, milliy libosda boshida cho‘girma va egniga chopon kiygan keksa otaxon aravani boshqarib kelayotgani, aravaning orqa qismida xorazmlik keksa ayollarning bosh kiyimi lachak o‘ragan onaxon tasvirlangan. Eski ko‘cha yoqasida mahaliy kulol ustalar va ular tomonidan ishlangan kulolchilik buyumlari aks ettirilgan. Bu bilan Xiva xalqining turmush tarzi qisman bo‘lsada rassom tomonidan ochib berilgan. Ijodkor asosiy e’tiborini me’moriy inshoatlarga qaratgan. Tarixiy o‘tmish ruhidagi eski ko‘cha bo‘ylab Xorazm xalqining me’moriy qoidalariga xos tarzda qad ko‘targan loysuvoqli uy va paxsa devorlar, olisdan esa “Islomxo‘ja” minorasining betakror ko‘rinishi aks etgan.
Rassom Ataxan Allabergenov rangtasvir asarlar turkum voqealikni aniq talqin etish bilan xarakterlanadi. O‘ziga xos akvareldagi ishlarida esa yangi kompozitsiya va faktura imkoniyatlarini izlashini ko‘ramiz. Rassomning grafik asarlarida mavzuga o‘zgacha yondashish, milliy o‘ziga xoslik, kundalik voqealikni, xalq turmush tarzini, umulashma tipik xolatlarni topishga xarakat etish, davr mazmuni talqinini ko‘rsatishga intilish, voqealikni to‘laqonli ochib berish va mavzularning rang-barangligi bilan ajralib turadi. Rassom fazoviy kenglikni yorqin, kompozitsion ko‘p syujetli yechimda ishlaydi. Fazo va vaqt masalalariga erkin yondashib, bir-biridan vaqt jihatdan ajralib turadigan hayotiy lahzalarni aniq tasvirlaydi.
“Otaxan ataylab yangicha, avangard uslubida asarlar yaratishga intilmaydi. U o‘zining kayfiyati va tabiatiga mos tarzda dunyoni ko‘radi va shu asosida shakliy izlanishlar qiladi.
U Xiva, Urganch shahar ko‘chalarini tasvirlab turkum asarlar ishlagan. Eski shahar ko‘chalari bir xilda “ko‘cha” deb atalsa-da, ammo bu turkum asarlarda ular bir-biridan nafaqat shakli yoki rang jilvasi, balki o‘ziga xos ruhiy makon sifatida ham farqlanadi, ayni payitda bir-birini boyitadi. Bir qarashda, nimrangda, akvarelning nozik evrilishida bo‘y ko‘rsatgan ko‘cha manzaralari hayotiy unsurlarga boy bo‘lishi barobarida rassom qalb ko‘zgusining aks sadosi hamdir. Moziy hidi kelib turadigan bu ko‘chalar qiyofasida samimiyat balqib turgan yoqimli bir yorqinlik sadolari taralib turadi.
Biz bunday iliq yog‘duvlarni “Islomxo‘ja minorasi”da ham, “Eski masjid” yoki “Eski shahar” turkumida ham ko‘ramiz. “Guldursin”dagi ulug‘vorlik, “Ko‘hna Urganch”dagi mahzun sirlilik kishini o‘ziga tortadi. U tasavvuridagi manzaralarni va hayotiy unsurlarni turli shakllarda, o‘ziga xos kompozitsiyalarda berishga intiladi”.64
Rassomning “Ko‘hna Urganch”(2005) nomli grafik asari kompozitsion qurilish jihatidan shoirona lirik kayfiyatni uyg‘otadi. Asarda murakkab, ba’zida sodda shakl va ko‘rinishlar vaqt va zamon uyg‘unligi orasida o‘ziga xos fazoviy bog‘liqlikni vujudga keltirgan. Asarda o‘ziga xos rang tuslarni qo‘llagan holda, bepayon kengliklar zamirida olis-olislardan Ko‘hna Urganchning tarixiy shahar manzarasi namoyon bo‘lgan. Olisdagi me’moriy manzarada Urganch minorasi, maqbara, gumbaz va peshtoqlari tasvirlangan.
Ataxan Allabergenov o‘z ijodida manzara janriga ko‘p marotaba murojat etadi. Rassom tomonidan yaratilgan manzaralarda ona zaminga bo‘lgan muhabbat yaqqol namoyon bo‘ladi. Asarlarida davrning me’moriy yodgorlilari, har bir o‘lkaning tabiatiyu-tarovati, bepayon yaylovlarni, viqorli tog‘larni, turli-tuman qishlog‘u-ko‘chalar, ona vatanning so‘lim go‘shalarining go‘zalligini o‘z asarlarida jo etgan. Uning “So‘qoq”, “Qishloq”, “Eski shahr”, “Qish”, “Oqshom”, “Bahor”, “Sohil”, “Ko‘l”, “Sahro”, “Xorazimda qish”, “Kuz” kabi asarlari keng qamrovli ko‘rinishga ega bo‘lib, ijodkor uslubining yondashuvi namoyon bo‘lgan.
Rassomlar ijodidagi yuksak mahoratining asosiy jihatlaridan biri ranglar muttanosibligini to‘g‘ri qo‘llay olishidadir. Anashunday yuksak mahorat egasi Ataxan Allabergenov ham o‘lka go‘zalligini ifoda etishda, turli-tuman rang surtmalaridan rangtasvirona qo‘llash orqali betakror tabiat manzaralarini tasvirlagan. Rassomning “So‘qoq”(1995) nomli manzara janrida ishlangan kartinasida Toshken viloyatida joylashgan so‘lim go‘shalardan So‘qoq qishlog‘ining tabiati aks etgan. Rassomning o‘ziga xos uslubida ishlangan ushbu kartina gorizantal kompozitsitada bo‘lib, umumiy maydonni egallagan. Kartina issiq va sovuq rang surtmalaridan mahorat bilan foydalangan holda rangtasvirona ishlangan. Nur-soyani unumli qo‘llash orqali jonli tabiat manzarasini aks ettirgan. Kompozitsiya markazida keng toshli yo‘l. Kuz faslidan darak berib turgan sarg‘ish, och yashil va alvon tusdagi daraxtlar o‘lka tarovatini yanada oshirgan. Qishloq ko‘rinishining me’moriy manzarasi yo‘l yoqalab joylashgan pasttom loy suvoqli uylar orqali ifodalangan. Olislarda yastanib yotgan to‘glar va musaffo osmon asarga tugallik baxsh etgan.
“Otaxon asarlaridagi mavzularning bir-biriga mantiqan yaqinligini, tasodifiy deb bo‘lmaydi. Chunki rassom o‘z olamidagi aziz va muqaddas, mo‘tabar manzaralar va qiyofalarni chizar ekan, ulardagi kishi qalbini nurlantiruvchi jilvalarni, ulug‘vorlikni, yillar shamoli iz qoldirgan dardli chizgilarni, abadiyatga eltuvchi lahzalarni ilg‘ab oladi, ularni badiiy tafakkuridan o‘tkazib, sog‘inch ufurib turgan bo‘yoq va qalamchizgilarada ifoda etadi”.65
Rassom Samarqandning betakror manzarasiyu, tarixdan so‘zlovchi me’moriy obidalarning turli xil ko‘rinishlarini ham mahorat bilan tasvirlagan. Uning “Registon”(2013) nomli asarida rassom palitrasidagi rang surtmalarining xilma-xiligni ko‘ramiz. Tasvirning umumiy olinishi, nur-soyaning berilish jihatlari, kompozitsiya qurilishi, perespektivaning kengligi, hatto asardagi mayda detalning tasvir uchun muhimligi yaqqol namoyon bo‘lgan. Asar joylashuviga ko‘ra gorizantal hajmda bo‘lib, 130x80 mato moybo‘yoq. Nur-soyag boy mazkur kartinada Navqiron Samarqand diyorining tarixiy manzarasi aks etgan. Milliy ruh ufurib turgan mazkur asarda uzoq o‘tmishdan so‘zlovchi maqbara, peshtoq, gumbaz va minoralar tasviri, me’moriy obida yon atrofida gavjum maydon va u yerda turli xil yumushlar bilan mashg‘ul milliy liboslarda kiyingan insonlar, ot aravalar tasvirlangan.
“Rasom uchun nafaqat shahar manzarasi, balki unda yashovchi qariyalar, momolar ruhiy makon timsolidir.
Rassom keksa kishilar portretini ishlar ekan, ularning fe’l-atvori, harakati, shakl-shamoyilidagi o‘zgarishlar va o‘zaro munosabatlariga e’tibor qiladi. Uning qahramonlari kamsuqum, siniq, o‘zini chetga tortadigan, mavhum odamlar emas. Ular hayot sinovlaridan o‘tgan, dangal, ochiq fe’l. Buni “Urganchliklar”, “Shahmatchi”, “Ustalar”, “Kulol” portretlarida ham ko‘rish mumkin. Otaxon ularning ruhiy makonini o‘ziga xos koloritda ifoda etar ekan, bugungi yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan an’anaviy, milliy, xususiyatlarga alohida e’tibor beradi va ularni ma’naviy boyligimiz sifatida taqdim etadi”.66
Ataxan Allabergenov o‘ziga xos ijod olamiga ega rassomlardan, uning asarlari haqli ravishda tasviriy san’atining portert janridagi yutuqlarini o‘zida mujassam etadi. Rassom ijodining asosiy qismini milliy o‘ziga xoslik, o‘zbek xalqi hayoti, xalqning turmush tazri, kasbi, insonlarning ichki olamini namoyon etadigan portretlariyu-janrli kompozitsiyalarida o‘rin egallaydi. Ijodkor nafaqat portretning mahoratli ijrosini balki, tasvirlanuvchining chuqur psixologik holatini, ruhiy to‘laqonliligini ochib bera olgan. Rassom tasvirlagan qahramonlar ijodkorning asarlarida yashaydi. Ataxan Allabergenov ijodida turli xil ko‘rinishga ega insonlar portretini ishlash keng qamrovlidir. “Ustalar”, “Kulol”, “To‘quvchi”, “Xivalik ota”, “Cho‘pon”, “Ona”, “Qariya”, “Xivalik ayol”, “Misgar usta”, “Donishmand”, “Shahmatchi”, “Bobo”, “Bola”, “Ayol”, “Xoljon Momo” va boshqa shu kabi personajlarda soda, mehnatkash, qat’iyatli va ochiq xarakterga ega inson obrazlari, tasvirlangan .
Bu qarashlar rassom ijodining “Xoljon Momo”(2000) portretida o‘z aksini topgan. Asar 140x94 mato moybo‘yoq, joylashuviga ko‘ra vertikal hajmda. Yoshi ancha ulug‘ keksa momo qo‘llarini jipslashtirib tizzalariga tayanib o‘tirgan holattda tasvirlangan. Qo‘llari va yuzlaridagi sezilib turgan ajinlar uning uzoq yillar davomidagi mehnati, mashaqqatlari, turli xil sinovlardan mardonavor yengib o‘tgan tashivshlariyu, kechinmalardan so‘zlaydi. Momo egnida oddiygina kiyimlar, boshida esa oq ro‘mol. Ro‘mol chetlaridan biroz to‘zg‘igan oq sochlari ko‘rinib turbidi. Momo egnidagi libos ranglarining rassom tomonidan aniq berilishi, keksalik belgisini yanada sezilarli ochib bergan. Asarda momo nigohi tomoshabinga qaratilgan bo‘lib, anchayin o‘ychan. Bu o‘ylar momoning uzoq o‘tmishidan darak. Musavvir tomonidan yaratilgan ushbu “Xoljon momo” porterti talqinida keksa momoning barcha tengdoshlariyu, zaxmatkash xorazmlik ayollarning umumlashma obrazi talqin etilgan.
Rassomning “To‘quvchi” (2004) asari ham yuqorida keltirib o‘tilgan fikirlarimiz isbotidir. Asar mavzu va kompozitsiya jihatdan P.Benkovninng “Xivalik qiz” asarini eslatadi. Ammo, Ataxan Allabergenov ijodiga tegishli mazkur “To‘quvchi” asarida yosh jihatdan ancha ulug‘ momo charx yigirib o‘tirgan holati tasvirlangan. Asar vertikal kompozitsiya asosida bo‘lib, umumlashma rangtasvirda ishlangan. Momo keksaligiga qaramasdan haliham mehnatdan to‘xtamagan va o‘z kasbi bilan mashg‘ul. Asardagi ranglar mutanosibligi rassomning mahoratidan darak. Momo xorazm keksa ayollariga xos kiyinish uslubida, ro‘mol o‘rashi lachak deb nomlanib oppoq rangada, egnida to‘q rangli ayyolar ustki kiyimi, uning ichidan oq rangli ko‘ylak kiygan. Momoning boshi va ko‘krak qismi oq paxta rangida berilgan. Bu-poklik, yorug‘likga ishora. Momo yuz ifodasi qizg‘ish tusda, bu esa uning uzun umri, mashaqqatli mehnatini ifodalaydi.
“Qariya” (2008) portreti 30x20 hajimda qog‘oz suv bo‘yoq. Grafik uslubida ishlangan mazkur asarda keksa otaxon ya’ni, donishmand keksa obrazi tasvirlangan. Otaning yuz qiyofasi aniq ochib berilgan. Keksalik, mo‘ysafidlik ajinlari zohir bo‘lgan otaning nurli yuzida samimiylik ufurib turibdi. Donishmandlik belgisi bo‘lgan soqollari oppoq rangda. Ota lablarida nim tabassum, nigohlari biroz o‘ychan holatda. Donishmand ota egnida oq libos, boshida oq do‘ppi kiygan. Bir qo‘li bilan hassa ushlab o‘tirgan holatda tasvirlangan.
Musavvirning “Kulol” (2002) nomli asarida Xorazm badiiy hunarmandchiligining eng qadimiy turlaridan kulolchilik bo‘lib, asarda usta kukol mehnat jarayonida gavdalangan. Hunarmand ota o‘zi tomonidan ishlangan mahsulotlarini tekshirish chog‘ida, oldida pishirilgan ko‘zalar, xorazm kulolchilik an’nalariga xos tarzda ishlangan hamda bo‘yalgan bodiya ushlagan va unga sinchikovlik bilan razm solayotgan usta holati tasvirlangan. Asarda rang surtmalarining keskin qo‘llanilishi, rang gammalarining xilma-xilligi, to‘q va yorqin ranglarning mutanosiblikda ishlatilishi diqqatni jalb etadi. Usta kulol o‘zbek shoyi matosidan tikilgan ko‘rpacha ustida chordana qurgan holda o‘tiribdi. Kiyinish uslubi ham milliylikni talqin etgan. Egnida chopon, beli qiyiqcha bilan bog‘langan, boshiga cho‘girma kiygan holatda tasvirlangan.
Rassom yaratgan asarlari talqining bosh markazida ko‘hna va boqiy an’analar, qadiryatlarning davomiyligi, milliylikning ustunligini ko‘ramiz. Bu esa milliy madaniy qadiryatlarga bo‘lgan ulkan e’tibor rassom Ataxan Allabergenov ijodining mazmun mohiyatini belgilaydi.
“Tarixiy mavzudagi tasviriy san’at asarlarini yaratuvchi rassomlarning katta muvafaqqiyatlari milliy tarixni chuqur o‘rganish va anglash, shuningdek jahon tasviriy san’atini va madaniyatini bilish bilan bog‘liq. O‘zimizning O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixiy janrdagi mkatabimiz shu asnoda yaratildi. Bugungi kunda u o‘z rivojidagi murakkab davrni boshidan kechiryapti. Bu maktab vakillari yaratgan tasviriy san’at asarlari uning yetuklik pallasidan darak beradi”.67
Tarixiy mavzudagi asarlarni kuzatganimizda, rassomlar har bir asarni yaratish chog‘ida qanchalik ko‘plab ilmiy ma’lumotlarga murojat etganligi va chuqur izlanishlar olib borganligi o‘z asarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, tarixiy shaxslarning obrazini polotnolarda aks ettirish ijodkordan keng yurak, katta mashaqqat va beqiyos ma’suliyat talab etadi.
“Xorazmda gullab-yashnagan Ma’mun akademiyasi allomalari, jahon tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Az-Zamaxshariy, Beruniy, Muso Xorazimiy, shuningdek, Jaloliddin Manguberdi, Munis Xorazmiy, Ogahiy, Najmiddin Kubro kabi buyuk ajdodlarimiz siymolari ham ijodimning bosh mavzui bo‘lib qolaveradi”.68
Tasviriy san’at ustasi Ataxan Allabergenov yuqoridagi talablarni bajargan holda tarixiy janrdagi mashxur asarlardan “Jaloliddin Manguberdi” obrazining talqiniga ijodida bir necha bor qo‘l uradi.
Kelib chiqishi Anushteginlardan bo‘lgan so‘ngi Xorazmshoxlardan Sulton Muhammad inb Takish ibn El-Arslon ibn Otsiz ibn Muhammad ibn Anushtegin o‘g‘li – Sulton Jaloliddin Manguberdi Xorazmshox Alovuddin Muhammad II va rafiqasi Oychechak xotinning katta o‘g‘li.
“Tarixchi Muhammad Nasafiy Jaloliddinga shunday ta’rif beradi: “Bu sherlarning sheri va o‘z otliqlari ichida eng dovyurak jangchi edi. U o‘ta kamtar bo‘lib, jahli chiqmas va so‘kinmas edi. U juda jiddiy bo‘lib kulmas edi, faqat miyig‘ida kulib va ko‘p gapirmasdi. U adolatli bo‘lib, o‘z odamlarining og‘irini yengil qilardi”, Bizning dovyurak ajdodimiz millat g‘ururi va erkinligi uchun kurash ramzi bo‘lib qoldi. Tarixiy manbalarda aytilishicha, u o‘lgandan keyin yonidagi charm xaltachadan Vatanning bir siqim tuprog‘i topilgan”.69
Rassom 2001 yilda “Sulton Jaloliddin Manguberdi” asarini ishlaydi. Rangtasvir asari gorizantal tuzilishda va ko‘p figurali kompozitsiya asosida qurilgan bo‘lib, rakurs pastdan yuqoriga qarab tasvirlangan. Bu esa asarning mahobatliligini ta’minlab bergan. Kartina dinamikaning kuchli ekanligi bilan ajralib turadi. Jang maydoni har tarafda turli xil qurol aslahalar, qalqon, qilich, dubulg‘alar tasviri, hali so‘nib ulgurmagan olov va undan chiqayotgan tutun chang to‘zon bilan qorishib umumiylikni tashkil etgan. Kartina ko‘pfigurali kompozitsiya asosida yoritilgan bo‘lib, asarda tasvirlangan har bir obraz ma’lum bir harkatda va holatda. Kartinada rang va yorug‘lik perspektivasi ifodali o‘rinni egallagan bo‘lib, bu esa o‘z navbatida chiziqlar, shakllar va rang o‘yinini tashkil etib, tomoshabin ko‘z o‘ngida shiddatli jang sahnasini namoyon etadi.
Asar markazida Xorazmshoxlar davlatining so‘ngi hukumdori, mohir sarkarda Sulton Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarga qarshi kurashida oq tulpor ustida qilich yalong‘ochlab, vatan himoyasi uchun qo‘shinini janga boshlab tog‘ tepaligidan shiddat bilan tushayotgani namoyon bo‘lgan. Sulton Jaloliddin qo‘shini ham og‘ir qurollangan ot ustidagi asakarlar bo‘lib, har bir tasvirlanuvchi murakkab holatlarda tasvirlangan. Askarlar yuz qiyofalarida ham shiddat, dushman tomonga qaratilgan o‘tkir nigoh aniq ifodalangan.
Sulton Jaloliddin kartinada kuch qudratga to‘lgan, nigohi esa olisga qartilgan bo‘lib yuz ifodasida biroz g‘azab zoxir. U harbiy libosda. Egnida metal sovut va yopinchiq tashlagan, boshida kulrang cho‘girma, bir qo‘li bilan qilichini qattiq ushlagan, ikkinchi qo‘li bilan esa otining jilovini mahkamlagancha dushman ustiga nara tortib ketayotgan holatda tasvirlangan. Kompozitsiyadagi har bir tasvirlanuvchi alohida sinchikovlik bilan tasvirlangan. Asardagi jang voqeasi jarayoni bir-biriga bo‘ysundirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Musavvir ijodidagi “Jaloliddin Manguberdi” asarning yana bir talqini 2005 yilda yaratilgan bo‘lib, asar mavzu jihatdan mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullarga qarshi kurash chog‘idagi yurishlardan birining g‘labasi tasvirlangan. Asar 150x220 hajmda mato moybo‘q. Kartina gorizontal kompozitsiyaga ega bo‘lib, umumiy keng maydonni egallagan. Sufumato texnikasiga xos tarzda umumlashma rangtasvirda ishlangan. Asarda ranglar yengil va shu bilan birga murakkab, bu rassomning ishlash texnikasiga xos bo‘lib, ranglar gammmasi va kompozitsiya rassomning g‘oyasini to‘la ochib bergan. Kuchli dinamikaga ega mazkur kartina ko‘pfigurali tasvirlanivchilar orqali ifodalangan bo‘lib, har bir obraz ma’lum bir harakat va ko‘rinishda.
Jang maydoni markazida turli xil obraz va tasvirlanuvchilar orasidan jangdagi nashidasini asakarlari qurshovida tantanalayotgan oq tulpor ustida salobatli tarzda mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdi obrazi mukammal tarzda tasvirlangan. U og‘ir qurollangan harbiy kiymda. Boshida dubulg‘a, sovut kiygan, egniga rido tashlangan va beliga qilich taqgan. Sarkardaning libosi shu davr uslubida bo‘lib, shoxona va bezakdor. Sulton Jaloliddin jangdagi ershgan yutug‘iga qaramay, maqsadi yo‘lida og‘ishmay oldinga intilish, sergaklik, hushyorlik, ona yurtining ertangi kuni uchun bezovtalik olislarga qaratilgan nigohi va yuzida namoyon bo‘lgan.
Sulton Jaloliddin Manguberdi atrofida og‘ir qurollangan jangchilar, otliq askarlar va sarkardaning ustoz maslakdoshlari nuroniy keksalar tasvirlangan. Ularning egnilarida o‘sha davrga xos liboslar, qurol aslahalarning to‘g‘ri tasvirlanganligi rassomning tinimsiz izlanishlari, tarixni yaxshi bilishi hamda ijodkorning o‘z kasbining yetik mutaxasisi ekanligidan darak. Ataxan Allabergenov teatr schenografiyasidagi ko‘p yillik tajribasining ustunligi rassom yaratgan asarlarda ayniqsa, tarixiy janrdagi rangtasvir asarlarda o‘z isbotini topgan.
Ma’lumki, tarixiy janrlardagi kompozitsiyaning asosiy qonuniyatlaridan tasvir moxiyatini aniq ifoda eta olish, tarixiy voqealarni ochib berish, ranglarning emotsionaligi va mayda detallardan ham to‘g‘ri foydalan olishdir.
Rassom Ataxon Allaberganov yuqoridagi talablarga xos tarzda tarixiy san’at asariga mos davr, makon, maydon va psixologik yondashuvni uyg‘unlashtirish orqali yuksak san’at asarini o‘z mo‘yqalamida ifoda eta olgan iste’dodli musavvirlardan.
Rassom o‘zining boy g‘oyalari, dunyo qarashi, halqparvarligi va inson tuyg‘ularini ulug‘laydigan asarlari bilan tasviriy san’at olamida chuqur iz qoldirgan. Ataxan Allabergenov ijodiy faoliyati davomida ko‘plab ko‘rgazmalar qatnashchisi. Xususan, 1987-yil Urganch suratlar galeryasida “Xorazm taronalari” nomli ko‘rgazmasida rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma qatnashchisi, 2000-yil Respublikamiz poytaxti Toshkent shahrida O‘zbekiton Badiiy ko‘rgazmalar zalida Xorazm viloyati fan va texnika, qishloq xo‘jaligi, arxitektura, tasviriy san’at va xalq amaliy san’atiga bag‘ishlangan katta festivalda Xorazmlik tasviriy san’at asarlari haykaltaroshlik, xalq ustalari ijodiy ko‘rgazmasi qatnashchisi, 2003 yilda Rossiya elchixonasida ijodkorning shaxsiy ko‘rgazmasi, 2004 yilda esa “Ilhom” teatrida rassomning ko‘rgazmalari tashkil etilgan, 2006-yil avgustda Nukus shahrida, noyabrda Urganchda Ma’mun Akademiyasining 1000 yilligiga bag‘ishlangan Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati rassomlarining ijodiy ko‘rgazmasi qatnashchisi. Bundan tashqari ijodkor yurtimiz va xorijda tashkil etiladagin ko‘plab festival va ko‘rgazmalarda ishtirok etgan.
Bugungi kunda ijodkorning asarlari yurtimiz va chet ellardagi muzey, galleriyalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanib kelinadi. Jumladan, Urganch suratlar galeryasida, Toshkentdagi Tasviriy san’at galeriyasida, Xiva shahrida joylashgan “Avaz O‘tar” uy muzeyi va “Xudoyberdi Devonov” muzeyida, Angliyadagi “Zamon” suratlar galeriyasida, Germanyada xususiy kolleksiyada, bundan tashqari Fransiya, Chexiya, Moskva, Qozog‘iston, Keniya muzey va galeryalarida, Teretyakov galeryasida, Leningradda o‘nlab teatr dekoratsiyasiga ishlagan ijodiy ishlari saqlanadi.
Ataxan Allabergenov ijod olamida o‘z dasxatiga ega bo‘lgan rassomlardan. Musavvir O‘zbekiston tasviriy san’ataning yuksalishi borasida jonbozlik ko‘rsatgan ijodkorlardan.
Do'stlaringiz bilan baham: |