Dag‘al junli qo‘ylarga Xisor zot qo‘ylar bilan qorako‘l qo‘ylari kiradi. Xisor zot qo‘ylar dumbali, baland tog‘li iqlimga yaxshi moslashgan, sovliqlarining o‘rtacha vazni 70-75 kg, qo‘chqorlariniki 100 kg atrofida. Qorako‘l qo‘ylari unchalik yirik emas. Katta yoshdagi qo‘ylari 2,5-3 kg gacha dag‘al jun beradi, lekin qorako‘l terisi, ayniqsa 1-3 kunlik qo‘zilarining terisi bilan dunyoga mashhur. Terisi qora va kul rang bo‘lishi mumkin, lekin tilla rang sur eng qimmatli qorako‘l hisoblanadi.
Qo‘ylar soylik, jarlik, tog‘li hududlarda o‘sadigan o‘tlardan hamda don ekinlari o‘rib olingandan keyin yerda qoladigan o‘simlik qoldiklaridan to‘la foydalana oladi. Qo‘ylar o‘tlarni tagidan, ildiz bo‘g‘izi yaqinidan uzib olishga moslashgan. Qo‘ylarning suvga bo‘lgan ehtiyoji unchalik katta emas, shuningdek ular issiqqa va sovuqqa chidamli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |