Fanning rivojlanish tarixi. Biologik kimyo biologiya va kimyo fanlari oralig`idagi soha bo`lganligi uchun shu ikki fanni ma’lumotlari va g`oyalariga asoslanadi. Shu sabab mazkur yo`nalish alohida fan sifatida biologiya va kimyo fanlarining ma’lum rivojlanish bosqichida paydo bo`lgan.
asrda biokimyo fiziologik kimyo deb atalib, mustaqil fan sifatida XX asrning boshlarida shakllangan. XIX asrda organik kimyoning taraqqiyoti statik biokimyoning rivojlanishiga turtki bo`ldi. Jumladan, yog`lar, uglevod, oqsil, nuklein kislotalarining kimyoviy strukturasini aniqlanishi, achish jarayonlarini o`rganilishi biokimyo fanining taraqqiyotiga o`z hissasini qo`shdi.
Biologik kimyo haqidagi dastlabki tushuncha mashhur fransuz olimi A.Lavuaz’e (1743-1794) ning XVIII asr oxirlarida olib borgan tajribalaridan boshlangan, deb hisoblanadi. Uning oksidlanish va bu jarayonda kislorodning o`rni haqidagi klassik tadqiqotlari tanadagi ―yonish‖ hodisasining kimyoviy asosini aniqlashga olib keldi. Lavuaz’e ushbu reaktsiyada kislorod yutilib, karbonat angidrid ajralib chiqadi va issiqlik hosil bo`ladi, degan xulosaga kelgan edi. A.Lavuaz’ening organizm energetik metabolizmini o`rganishdagi ilmiy ishlari asosida bir gramm yog`, oqsil va uglevodlar yondirilganda qancha energiya ajralib chiqishini aniqlangan edi.
asrda biokimyo sohasida qo`lga kiritilgan ilmiy yutuqlar mazkur sohada inqilobiy o`zgarishlar yuz berishiga sabab bo`ldi. Enzimologiya, oqsillar, lipidlar, uglevodlar sohasidagi fundamental izlanishlar, shuningdek genom strukturasi va vazifasini o`rganish biologik kimyoni biologiya fanining yuqori pog`onasiga ko`tardi. Bu fanni rivojlanishida oqsil va aminokislotalar bo`yicha A.Danilevskiy, S.S.Salazkin, L.Poling va V.Kori; vitaminlar bo`yicha K.Funk va N.I.Lunin; to`qimalar nafas olishi bo`yicha A.Bax, V.Palladin; oksidlanish bilan bog`liq bo`lgan fosforlanish, unda ATF roli bo`yicha V.Engelgard; nuklein kislotalari strukturasi va vazifasi, oqsillar biosintezi bo`yicha F.Mishеr, A.Belozerskiy, A.Spirin; bioenergetika bo`yicha V.Skulachyev kabi olimlar dunyo miqyosida biokimyo fani rivojiga ulkan hissa qo`shdilar.
O`zbekistonda biokimyo fani XX asrning o`rtalaridan boshlab rivojlana boshladi. Bu sohada benihoya katta ham ilmiy, ham tashkiliy xizmat qilgan olim akademik - Yo.X.To`raqulov (1916-2005) Oliy o`quv yurtlarida biokimyo kafedralarini tashkil etish va Respublikada Biokimyo ilmiy-tadqiqot institutini ochilishiga (1967 yil) bevosita asos solgan. Yo.X.To`raqulov biokimyodan o`zbek
tilida nashr etilgan darslik va o`quv qo`llanmalarning ilk muallifi, biokimyo sohasida o`z maktabini yaratgan yetuk olimdir. Uning ilmiy ishlari qalqonsimon bez gormonlari biokimyosiga bag`ishlangan. Birinchi o`zbek biokimyogari – O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi, professor D.Sohibovdir (1907-1990). Olimning ilmiy izlanishlari asosan ilon zaharidan turli biologik faol moddalar ajratib olish, ularning organizmga ta’sirini o`rganishga bag`ishlangan. Bu sohada yana ko`zga ko`ringan yetuk olimlardan akademik J.H.Hamidov (1930-2010) ni ko`rsatish mumkin. Uning ilmiy yo`nalishi endokrin tizimi organlarining nurlanish kasalligi sohasiga bog`liq. Respublikamizda g`oza o`simligining radiobiologiyasi va biokimyosiga katta hissa qo`shgan olimlardan biri akademik A.P.Ibrohimovdir (1928-2008). Olimning ilmiy ishlari go`za turlari va navlarida oqsil va nuklein kislotalar biosintezining molekulyar-genetik xususiyatlari, go`zaning kasalliklarga chidamliligini oshirish masalalariga qaratilgan. Qalqonsimon bez oqsillari, membrana lipidlari biokimyosi, shuningdek liposomalar, ularning hujayra bilan o`zaro ta’sirini o`rganuvchi olim, akademik T.S.Soatov (1940) bo`lib, uzoq yillardan beri yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda. Respublikamizda genom strukturasi va vazifasini tadqiq qilayotgan akademik A.Abdukarimov (1942) hujayralardan turli xil genlarni ajratib olish, vektor molekulalar konstruktsiyasini yaratish, yakka hujayradan sun’iy sharoitda o`simlik yetishtirishga doir ilmiy ishlar dasturiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Yuqorida nomlari keltirib o`tilgan fanning yetuk namoyondalaridan tashqari Respublika Fanlar akademiyasi qoshidagi ilmiy tekshirish institutlari va qator oliy o`quv yurtlarida biokimyo sohasining turli xil yo`nalishlari bo`yicha ko`plab mutaxassislar faoliyat olib bormoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |