Oqsilni translyatsiyadan keyingi o`zgarishlari. Translyatsiya davomida oqsillar uchlamchi strukturaga ega bo`la boshlaydi, sintezlangan oqsil ribosomadan ajralgandan so`ng shakllanish nihoyasiga yetadi. Sintezlangan oqsil bo`laklari – oldbirikmalari (o`tmishdoshlari) hujayra sitoplazmasida cheklangan proteolizga uchraydi. Oqsil biologik faol konformatsiyasini olishi uchun polipeptid zanjiri
avval protsessing, ya’ni translyatsiyadan keyingi modifikatsiya davrini o`tishi kerak. Modifikatsiya har xil oqsillarda turlicha o`tib, polipeptid zanjirining turli qismiga tegishli bo`lishi mumkin. Ma’lumki, prokariot hujayralarda barcha polipeptidlar sintezi N-formilmetionindan, eukariotlarda esa metionin qoldig`idan boshlanadi. Lekin bu aminokislotalar polipeptid zanjirdan maxsus fermentlar ta’sirida chetlatiladi va to`la shakllangan oqsil molekulasida bo`lmaydi. Ba’zan N- oxiridagi aminokislotalarning aminoguruhi atsetillanadi, ba’zilarida C-oxiridagi aminokislota o`zgarishlarga uchraydi. Modifikatsiyaning boshqa turlari ba’zi polipeptidlarning N-oxirida bo`ladigan 15-30 aminokislotalardan iborat signal qatorni chetlatish, gidroksiaminokislotalar – serin, treonin va tirozinni ATF yordamida fosforlash (masalan kazeinda), aspartat va glutamat kislotalar qoldiqlariga qo`shimcha dikarbon kislotalarni qo`shish, ayrim aminokislotalar, masalan, lizinni metillash bilan bog`liq. Bu shakldagi modifikatsiyalar ko`pincha oqsil zarrachasi zaryadini o`zgartiradi, boshqa komponentlar bilan o`zaro ta’sirini kuchaytiradi, oqsil molekulasiga xos spetsifik sifatni belgilaydi. Glikoproteidlar tuzilishida polipeptid zanjirining ma’lum qismlariga aspartat kislota yoki serin va treonin qoldiqlariga uglevod zanjirlari fermentlar yordamida birikadi. Ko`p oqsillarda sistein qoldiqlari orasida disulfid bog`lar tuzilib, polipeptid zanjiri oxirida yoki zanjirlar orasida ko`ndalang bog`larning paydo bo`lishi ham translyatsiya tugagandan keyingi o`zgarishlar oqibatidir.
Mana shu shaklda yetilgan ba’zi oqsillar hujayra sitozoliga o`tib, o`z joylarini oladilar, boshqalari hujayraning turli organellalariga tashiladi va ularning strukturasiga kiradilar, uchinchilari hujayradan ajralib (sekretsiya), boshqa joylarga transport qilinadi, masalan, gormonlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |