Albuminlar va globulinlar barcha hayvon va o`simlik to`qimalarida uchraydi. Ular qon plazmasi, hujayra va biologik suyuqliklardagi oqsillarning asosiy qismini tashkil etadi. Albuminlar va globulinlar neytral tuzlar – ammoniy yoki natriy sulfatning har xil miqdorida cho`kmaga tushuvchi (tuzlanuvchi) oqsillar guruhiga kirib, 50% to`yingan tuzli eritmada – globulinlar; to`la – 100% to`yintirilganda esa albuminlar cho`kmaga tushadi.
Albuminlar – molekula og`irligi uncha katta bo`lmagan (15 – 70 ming) oqsillar. Ularning tarkibidagi katta miqdordagi glutamin kislotasi hisobiga manfiy zaryadli, kislotalik xossasiga ega (izoelektrik nuqtasi 4,7). Ular kuchli gidratlangan oqsillar bo`lganligi sababli, suv tortib oluvchi moddalar bo`lgandagina cho`kmaga tushadi. Yuqori darajada adsorbtsiya qilish albuminlarga xos xususiyat bo`lib, ular qutbli va qutbsiz molekulalarni adsorbtsiyalaydi. Qon plazmasi albuminlari turli moddalarni nospetsifik adsorbtsiyalashi tufayli muhim fiziologik funksiya – tashish vazifasini bajaradi.
Albuminlarning asosiy vakillari: sut albumini, tuxum albumini, zardob albumini, leykozin (bug`doy donidan olingan albumin)dir.
Kimyoviy tarkibiga ko`ra albuminlar leytsinni miqdorini ko`p bo`lishi (15%) bilan tavsiflanadi. Albuminlarning asosiy vazifasi – osmotik jarayonlarni boshqarish va tashish. Albuminlar miqdorini kamayishi lipidlar tashilishini buzilishiga sabab bo`ladi. Ular shuningdek qon plazmasi tarkibidagi Ca2+ ionlari, steroid gormonlar, ayrim dori preparatlari -dikumarin, penitsillin, aspirin bilan kompleks hosil qilib, ular miqdorini boshqarishda ishtirok etadi.
Globulinlarning molekula og`irligi albuminlarga qaraganda kattaroq (100000 dan yuqori). Albuminlardan farqi toza suvda erimaydi; kuchsiz (suyultirilgan) tuzli eritmalarda eriydi. Globulinlar kuchsiz kislotali yoki neytral (izoelektrik nuqtasi pH 6-7,3 oralig`ida) va kuchli gidratlangan oqsillar bo`lganligi sababli ammoniy sulfatning kam kontsentratsiyali eritmalarida cho`kadi.
Asosiy vakillari: mushak miozinogeni, kanop urug`i - edestin, no`xatdan olingan- legulin oqsili, tuxum sarig`i globulini, qon zardobi globulini va boshqalar.
Globilinlar kimyoviy tarkibini ko`prog`ini glitsin (5% atrofida) tashkil etadi. Qon zardobi oqsilini elektroforez usulida taqsimlaganda quyidagicha fraktsiyalarga ajraladi: albiminlar 54-58%, globilinlar fraktsiyasi esa bir necha fraktsiyalarga ajralgan: α1-globulinlar (6-7%), α2-globulinlar (8-9%), β-globilinlar (13-14%), γ-
globulinlar (11-12%).
Do'stlaringiz bilan baham: |