Chaqaloqlar sariqligi fiziologik hisoblanib, yangi tug`ilgan bolalarda bilirubinni bog`lovchi glyukuronoziltransferaza fermenti yetishmasligidan kelib chiqadi. Bunga sabab eritrotsitlarni ortiqcha parchalanishi hisobiga qonda bog`lanmagan – erkin bilirubin miqdorining ortishidir. Fiziologik sariqlik chaqaloqlar jigarida glyukuronoziltransferaza sintezini boshlanishi bilan 2 hafta davomida o`tib ketadi. Qonda erkin bilirubin miqdorining uzoq vaqt yuqori darajada bo`lishi rivojlanayotgan miyaga zaharli ta`sir ko`rsatishi mumkin. Ba`zida bolalarda shaytonlash yoki nerv sistemasini qaytmas qo`zg`alishi kuzatiladi.
Ichak mikroflorasi faoliyati pasayishidan yuzaga kelgan disbakteriozda (masalan, tetrasiklin qatoridagi antibiotiklar bilan davolanganda) ham pigment almashinuvining buzilishi kuzatiladi.
12.31. Oqsil, lipid va uglevodlarni o`zaro bog`liqligi
Organizmda har xil moddalarning almashinuv jarayonlari bir – biri bilan o`zaro bog`langan. Ularni turli o`zgarish bosqichlarida ko`rish mumkin. Organik moddalar parchalanishidan kimyoviy tarkibi bir xil bo`lgan oraliq mahsulotlar hosil bo`lish manbaiga bog`liq bo`lmagan holda, mazkur to`qimaga xos bo`lgan oqsil, yog` va uglevodlar sintezida ishlatiladi. Bunga CH3-CO~ SKoA eng xarakterli misol bo`lib, glyukoza, yog` kislotalari va ayrim aminokislotalaridan hosil bo`ladi. Ikkinchi tomondan atsetil-KoA o`z navbatida yog` kislotalari, uglevodlar, xolesterin va steroid gormonlari, o`t kislotalari va vitamin D3 sintezi uchun zarur. Atsetil–KoA ning energiya almashinuvidagi ahamiyati shundaki, agar u oziqa tarkibidagi lipidlarda yetishmasa uning tanqisligi uglevod va oqsillarning ko`proq p archalanishi hisobiga qoplanadi. Atsetil–KoA ni hosil bo`lishiga olib keluvchi
barcha jarayonni buzilishi modda almashinuvi dinamikasiga yoki butun organizmga tasir qiladi. Shunday ekan, atsetil–KoA organizmdagi uchala turdagi – oqsil, lipid va uglevodlar modda almashinuvining umumiy bog`liqligini xarakterlaydi. lipid va uglevodlarni o`zaro bog`liqligiga misol qilib, uglevodlar parchalanishidan lipidlarning asosiy komponentlari-glidserin va yog` kislorodlari sintezi uchun manba bo`la oladigan oraliq mahsulotlar: 3-fosfoglitseralaldegid va atsetil-KoA ko`rsatsa bo`ladi. Bundan tashqari, uglevodlar almashinuvining mahsuloti hisoblangan atsetil-KoA lipidsimon moddalar sinfining vakili bo`lgan xolesterin sintezi uchun ishlatiladi. Lipidlarni uglevodlarga aylanishi-qaytar jarayon borishi mumkinligini ko`rsatadi. Glitsirin 3-fosfoglitserat aldegid orqali glyukoza sinteziga qo`shilishi mumkin. Atsetil–KoA yog` kislotalarining betta oksidlanish mahsuloti sifatida bir qancha o`zgarishlardan so`ng piruvat, glikogen hosil bo`lishiga olib keladi.
Uglevod–oqsil almashinuvini o`zaro bog`liqlik mexanizmi quyidagicha: oqsillar parchalanganda hosil bo`lgan aminokislotalarning katta qismini glikogenli deb yuritiladi va uglevodlar sintezida manba hisoblanadi. Dezaminlanishga uchragan aminokislotalarni azotsiz birikmalari turli o`zgarishlar davomida glyukoza sintezi uchun ishlatiladi.
Tirik sistemalarning muhim struktura monomerlari – aminokislotalar, monosaxaridlar, yog` kislotalari, mononukleotidlar o`zaro uzviy bog`langan. Bu bog`liqlik monomerlarning parchalanish va sintezlanish yo`llari umumiy bo`g`in vazifasini bajaradigan asosiy metabolitlar orqali amalga oshadi. Bunday metabolitlarga piruvat, atsetil-KoA, α-glitserolfosfat va Krebs siklining oraliq mahsulotlari (oksaloatsetat, malat, fumarat, suktsinil-KoA, 2-oksoglutarat, izositrat va sitrat) kiradi. Piruvat glyukoza va boshqa monosaxaridlar hamda ayrim aminokislotalar parchalanishi va sintezining kesishish nuqtasi hisoblanadi. Atsetil-KoA ning esa metabolik bog`lari ko`proq tarmoqlangan. U orqali monosaxaridlar va aminokislotalardan lipidlarga ko`prik quriladi, ya`ni aminokislotalar (oqsillar) va glyukoza (umuman uglevodlar) ning lipidlarga almashinuv yo`llari ochiladi. Uglevodlar va lipidlar orasida yordamchi bog`lovchi bo`g`in vazifasini α-glitserolfosfat bajaradi. U orqali uglevodlarning ayrim lipidlarga (triatsilglitserinlar, fosfoglitseridlar) va aksincha, glitserin saqlovchi lipidlarning uglevodlarga o`tishi amalga oshadi.
Bir monomerning ikkinchisiga aylanishida Krebs siklining oraliq mahsulotlari keng imkoniyatlarga ega. Krebs sikli orqali moddalar parchalanishi va sintezlanishining barcha asosiy yo`llari tutashadi. Shu sababli atsetil-KoA manbai hisoblangan yog` kislotalari uglevodlarga (Krebs sikli oksaloatsetati orqali glyukozani yangidan hosil bo`lishi), aminokislotalarga (oksaloatsetat va 2-oksoglutarat orqali aspartat va glutamat kislotasiga o`tishi), porfirinlarga (suktsinil-KoA orqali) aylanadi.
Monomerlar biopolimerlarning struktura bo`g`inlari hisoblanadi, shu sababli oqsillar, uglevodlar, lipidlar ovqatning asosiy komponenti sifatida o`zaro nisbiy almashinuvi bo`lishi mumkin. O`zaro almashinuv faqatgina bir tarkibli ovqatlanishda modda almashinuvining buzilishini emas, balki ochlikda moddalar almashinuvi o`rnini to`ldirish mexanizmi, ya`ni bir moddani yetishmovchiligi boshqa endogen modda hisobiga hosil bo`lishini tushunish imkoniyatini beradi. Bu ramkani avvalo aminokislotalar chegaralaydi. Sakkizta almashinmaydigan aminokislota organizmda sintezlanmaydi, yarim almashinadigan aminokislotalar biosintezi ham chegaralangan. Bunday aminokislotalarsiz organizm oqsil sintezlay olmaydi. Shu sababli aminokislotalar boshqa biomolekulalarga nisbatan kelib chiqishiga ko`ra birlamchi.
Moddalar almashinuv yo`llarining o`zaro bog`liqlik sxemasidan kelib chiqib, agar aminokislotalar va uglevodlar to`liq assortimentda va yetarli miqdorda iste`mol qilinsa, organizm uzoq vaqt lipidlarsiz (yarim to`yingan lipidlardan tashqari) yashay oladi. Aminokislota va uglevodlar atsetil-KoA ning, uglevodlar buning ustiga NADF∙H2 ning manbai bo`lib, lipidlarni yetarli miqdorda sintezlash imkonini beradi.
Shuningdek, odam organizmi uchun ovqat bilan birga purin va pirimidin nukleotidlari talab etilmasligini sababi, ovqat tarkibida oqsil va uglevodlar bo`lganda ular yetarli miqdorda sintezlanadi. Demak oqsil va uglevodlar organizm to`qimalarining hayotiy muhim komponentlarini va uning normal faoliyatini uzoq vaqt davomida ta`minlash imkonini beradi. Albatta, bu holatni imkoni oqsil va uglevodlar bilan birga vitaminlar, suv va anorganik ionlar kirgan sharoitda bo`ladi. Odam yetarli miqdorda boshqa ovqat komponentlari qabul qilgan taqdirda uzoq vaqt uglevodlarsiz ham yashashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |